Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 22:17

Rossiya Jamoatchilik nazorati komissiyasi Navalniy bilan qamoqxonada uchrashdi


Aleksey Navalniy Moskvadagi mahkamada - 2 - fevral, 2021
Aleksey Navalniy Moskvadagi mahkamada - 2 - fevral, 2021

Rossiyaning Vladimir viloyatidagi Jamoatchilik nazorati komissiyasi a’zolari qamoqdagi muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning 2‑Axloq tuzatish koloniyasida sog‘ligi yomonlashgani, tibbiy yordam qoniqarli emasligi haqidagi shikoyatidan so‘ng u bilan ko‘rishdi.

Komissiya raisi Vyacheslav Kulikovning 28 - mart kungi bayonotida aytishicha, guruh “koloniyaga borib, Aleksey Navalniy bilan uning sog‘ligi va davolash sharoitini o‘rganish maqsadida" uchrashgan.

“Uchrashuv chog‘ida Navalniy oyoq og‘rig‘idan shikoyat qildi va buni davolash uchun ukol olishga yordam berishni so‘radi”, deydi Kulikov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniy o‘rnidan turib yura oladi va shundan boshqa shikoyat qilmagan.


“Biz shifokorlardan bunga e’tibor qaratish va kerak bo‘lsa qo‘shimcha tibbiy tekshiruv o‘tkazishni so‘radik”, deydi Kulikov.

Navalniyning qattiq bel og‘rig‘idan aziyat chekayotgani va qamoqxona ma’murlari yordam uchun “hech narsa” qilmayotgani haqidagi shikoyati ortidan AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiyani zudlik bilan muxolifat yetakchisini ozod etishga chaqirdi.

2‑Axloq tuzatish koloniyasi Moskvadan 100 km masofada joylashgan bo‘lib, juda qattiq rejimli jazo muassasasi sifatida tanilgan.

Navalniyning jamoasi 24 - mart kuni uning sog‘lig‘i yomonlashgani va bu borada qamoqxona rasmiylari ahvolni o‘rganishi kerakligi haqida ma’lum qilgandan so‘ng bu masala kun tartibiga chiqqan edi.

25 - mart kuni Navalniyning rafiqasi Kremlga murojaat qilib, erini “u o‘zi ishongan” shifokorlar davolashi uchun ozod qilishni so‘radi va uning qamalishini Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “shaxsiy qasosi” deb atadi.

O‘sha kunning o‘zida Navalniy advokatlari u bilan uchrashgach, muxolifat yetakchisining sharoiti “o‘ta qoniqarsiz” ekani, bel og‘rig‘idan azob chekayotgani, o‘ng oyog‘i yaxshi ishlamayotganini ma’lum qilgan edi.

Putinning so‘zchisi bunday murojaatlar ko‘rib chiqilmasligi, chunki Kreml “bunday masalalarga aralashmasligini” aytdi.

Ijtimoiy tarmoq sahifalaridagi bayonotida Navalniy o‘zini qasddan uxlashga qo‘ymay qiynayotganliklarini bildirgan. O‘tgan yil avgustida zaharlangan Navalniy shu yil yanvarida Berlindan davolanib qaytgach, Moskva aeroportida qo‘lga olingan edi.

Moskva sudi avval chiqarilgan shartli jazo tartibini buzgani haqidagi mahkama da’vosi yuzasidan uni 2 yilu 8 oylik qamoq jazosiga mahkum etgan. Navalniy va tarafdorlari sud hukmi ortida siyosiy sabablar turganini aytishadi. Muxolifat yetakchisi o‘zining zaharlanishida shaxsan prezident Putinni ayblagan. Kreml bu da’volarni rad etadi. AQSh, Yevropa Ittifoqi va Britaniya Navalniyning qamoqqa tashlanishi sabab Moskvaga qarshi jazo choralarini kiritgan.

XS
SM
MD
LG