Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2021, Тошкент вақти: 06:33

Rossiya: Koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi donor qoni tanqisligiga olib keldi


Xavfsizlik xodimlari koronavirusga qarshi "Sputnik layt" vaksinasini olish uchun kelgan migrantlarni yo‘naltirmoqda.

Rossiyaga donor qoni tanqisligi xavf solmoqda. Bu COVID-19 ga qarshi yalpi emlash bilan bog‘liq. Bu haqda tibbiyot xodimlari va Federal tibbiyot-biologiya agentligi (FTBA) statistikasiga tayangan holda “Kommersant’” xabar qilmoqda.

Donor qoni yetishmovchiligi haqida “Kommersant’”ga Sankt-Peterburg, Tomsk va Ulyanovsk viloyatlari, Stavropol o‘lkasi va boshqa mintaqalar tibbiyot xodimlari so‘zlab bergan. Qator viloyatlarda esa tanqislik borligi inkor qilinmoqda, holbuki FTBA statistikasi ularda vaziyat “tanglik minimumi”da ekanini ko‘rsatib turibdi.

Avgust oyi boshida agentlik ijtimoiy tarmoqlarda xabar yoyinlab, unda Rossiya FTBA Qon markazining qon komponentlari tanqisligini ko‘rsatuvchi donorlik svetofori “haddan tashqari qizarib ketgan”ini ma’lum qilgandi.

Bunaqa “svetofor”lar har bir mintaqaviy qon quyish xizmatida mavjud bo‘lib, vaqti-vaqti bilan lipillab o‘chib-yonish orqali ayni damda qaysi guruhga mansub va qaysi rezus-faktorli qon yetishmayotgani haqida donorlarga signal beradi.

Yoz faslida odatda “donorlik sukunati” qayd etiladi, chunki aksari odamlar mehnat ta’tiliga chiqadilar. Ammo bu yil yangi omil – ommaviy emlash kampaniyasi qo‘shildi. “Emlov bizning barcha rejalarimizni chalkashtirib yubordi”, deydi FTBA vakili.

Gap shundaki, potensial donorga koronavirus infeksiyasining yangi turiga qarshi birinchi va ikkinchi emlov oralig‘ida, shuningdek, vaksinaning ikkinchi komponentini olgandan so‘ng bir oy davomida qon topshirish taqiqlanadi.

Rossiya faxriy donori Tigran Muradyan avvalo donorlar tanqislashib qolganini urg‘ulaydi. Chunki hozirgi paytda, uning so‘zlariga ko‘ra, ishlaydigan o‘rta yashar fuqarolar yoppasiga emlanmoqda va aynan ular faol qon donorlari hisoblanadi.

Rogachyov nomidagi markazning Transfuziologiya va hujayra texnologiyalari xizmati rahbari Pavel Traxtman “Takiye dela” portaliga bergan intervyusida uning klinikasi kuniga 45 dan 60 nafargacha donorni qabul qilishi kerakligini, iyul oyi boshlarida esa kuniga atigi 20-25 kishi qon topshirishga kelganini aytgan.

Pandemiya manzarasida Moskvada tarkibida koronavirusga qarshi antitanachalar mavjud qon plazmasi donorlariga haq to‘lash tartibi joriy etildi. 150 ml shunday plazma uchun 1250 rubl, 600 ml uchun esa 5 ming rubl to‘lanadi.

Koronavirus infeksiyasidan tuzalib, COVID-19 ga qarshi immunitet hosil qilgan odamlar plazma donori bo‘lishi mumkin. Pandemiya boshlanganidan beri 24 ming nafar moskvalik tarkibida koronavirusga qarshi antitanachalar mavjud qon komponenti — plazma topshirishgan.

XS
SM
MD
LG