Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:49

Toqayevning keskin bayonotlaridan so‘ng Qozog‘iston-Rossiya aloqalari qanday bo‘ladi?


Prezidentlar Vladimir Putin va Qasim-Jomart Toqayev Sankt-Peterburgdagi Xalqaro iqtisodiy forumda. 17-iyun, 2022
Prezidentlar Vladimir Putin va Qasim-Jomart Toqayev Sankt-Peterburgdagi Xalqaro iqtisodiy forumda. 17-iyun, 2022

Qozog‘iston prezidentining Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi kutilmagan bayonotlari, xususan, “DXR” va “LXR”ni kvazidavlat qurimlari deb ta’riflagani Ukrainadagi urushdan so‘ng Markaziy Osiyoda vaziyat avvalgidek bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.

Yanvar oyida Toqayev xalq g‘alayonlari va elita o‘rtasidagi nizo manzarasida yordam so‘rab Rossiya boshliq KXShTga murojaat qildi va bu bilan, ko‘plab kuzatuvchilar fikricha, Qozog‘iston mustaqilligini – qurbon va o‘zini Moskvaga mute qilib qo‘ydi.

Biroq Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirganidan to‘rt oy o‘tib Toqayev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi sahnasida Vladimir Putin bilan yonma-yon o‘tirgancha Kremlь uchun o‘ta nozik masalalarda “shakkoklik qilib”, aftidan, o‘sha fikrlarni chippakka chiqarmoqda.

Toqayevning ushbu gaplaridan biroz oldin Rossiya prezidenti butun Sovet Ittifoqi go‘yo “tarixiy Rossiya”ning bir bo‘lagi ekanidan va Moskvaga ters yo‘ldan yurishga jur’at etgan boshqa mamlakatlar boshiga ham Ukrainaning kuni tushajagidan bahs etgandi.

Forum moderatori, RT davlat telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanning Ukrainadagi “maxsus harbiy amaliyot”ga doir savoliga javoban Toqayev o‘zini “DXR” va “LXR” deb atab olgan, Rossiya mustaqil davlatlar o‘laroq e’tirof etgan ayirmachi respublikalar rasmiy Nur-Sulton tarafidan tan olinmasligini aytdi.

“Hisoblab ko‘rilgan: millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi butun yer yuzida ro‘yobga chiqariladigan bo‘lsa, BMT a’zolari bo‘lmish hozirgi 193 davlat o‘rnida 500-600 dan ziyod davlatlar paydo bo‘ladi. Tabiiyki, bu hamma narsani ostin-ustun qiladi”, dedi Toqayev.

Va buning ortidan qo‘shib qo‘ydi: “Xuddi shu vajdan biz na Tayvanni tan oldik, na Kosovo, Janubiy Osetiya va Abxaziyani. Bizning nazdimizda kvazidavlat qurimlari bo‘lmish Lugansk va Donetskka nisbatan ham ayni tutum qo‘llanadi”.

Qozog‘iston yuqori martabali mulozimlari timsolida Rossiyaning Ukrainaga nisbatan bosqinchilik siyosatini yoqlamasligini birinchi marta bildirayotgani yo‘q. Biroq Toqayevning sahnada Putin bilan yonma-yon o‘tirgan ko‘yi ushbu pozitsiyani takrorlagani Rossiyaning Qozog‘iston kabi ko‘pyillik hamkorlari Moskva qo‘zg‘agan urushdan masofalanishga intilayotganidan, aloqalar zaiflashib, o‘zaro ixtiloflar kuchaya boshlaganidan dalolat beradi.

“Toqayevning anchayin dadil gapirdi, – deydi AQShning Qozog‘istondagi birinchi elchisi bo‘lib ishlagan Uilyam Kortni Ozodlikka bergan izohida. – Moskva o‘z qo‘shnilari bilan munosabatda tobora agressivlashmoqda, Ukrainadagi harbiy omadsizliklari Kremlning pozitsiyasiga yanada ko‘proq ta’sir qilsa kerak. Bu Qozog‘iston kelgusida katta bosim ostida qolishi mumkinligini bildiradi”.

Nozik o‘yinlar

Toqayevning Sankt-Peterburgdagi bayonotlaridan oldin bir necha bor rus siyosatchilari va propagandachilari Qozog‘istonning ko‘plab rusiyzabonlar yashaydigan shimoliy hududlariga da’vo qilib, keskin chiqishlar qildi. Qozog‘iston shimoli, Ukraina sharqiy viloyatlari kabi, Sovet Ittifoqi qulaganidan buyon Rossiya anneksiya qilishi mumkin bo‘lgan hududlar sifatida ko‘riladi.

Ammo Ukrainada urush avj olgani sayin Qozog‘iston Moskvadan o‘zini mustaqil tutib, ko‘pchilikni ajablantirmoqda.

Nur-Sulton Ukraina sharqida tashkil topgan Kreml qo‘llovidagi ayirmachilarni tan olmaganidan tashqari, G‘alaba kuni harbiy paradini bekor qildi.

Qozog‘iston G‘arb mamlakatlari Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalarga zid ish qilmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda, ayni chog‘da Moskvaning tashqi siyosatiga nafrat manzarasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlab mitinglar o‘tkazilayotgan mamlakat ichida jamoatchilik fikrini muvozanatga solishga tirishyapti.

Qolaversa, Nur-Sulton o‘z energoresurslarini Yevropaga Rossiyani chetlab o‘tgan holda yetkazib berish ustida ishlamoqda. Toqayev 15-iyunda “Rossiya 24” telekanaliga intervyu berarkan, Nur-Sulton sanksiyalarni aylanib o‘tishda Moskvaga yordam bermasligini aytdi, shuningdek yanvar voqealaridan so‘ng mamlakat Rossiya oldida qarzdor bo‘lib qolgani xususidagi iddaolarni rad etdi.

“Rossiyada ba’zilar “Rossiya Qozog‘istonni qutqardi, endi Qozog‘iston toabad Rossiyaga xizmat qilishi va uning oyog‘iga bosh urishi kerak”, deyishadi. Men bu gaplarni mutlaqo noo‘rin, reallikdan yiroq iddao deb bilaman”, dedi u intervyu chog‘ida.

Rossiya bu munosabatga zudlikda javob qaytardi: Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulin Qozog‘istonning hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘ydi.

“Shimoldagi asosan ruslar yashaydigan qator viloyatlar, aholi maskanlarining Qozog‘iston deb atalgan mamlakatga juda oz daxli bo‘lganini ular juda yaxshi bilishadi”, dedi deputat.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Moskva nazoratidagi KXShT yanvar voqealarini “tinchitish”da Qozog‘istonga yordam berganiga ishora qilib mamlakat rasmiylarini “noshukurlik”da aybladi, Ukrainaga bosqinni qo‘llab-quvvatlamagani uchun Nur-Sultonni tanqid qildi va hatto “mamlakat suverenitetini boy beryapti”, deya qo‘shib qo‘ydi.

Toqayev Rossiya-Ukraina mojarosi haqida keskinroq so‘zlagan esa-da, nutqining asosiy qismini G‘arbning iqtisodiy ihotalashi manzarasida Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolishga bag‘ishladi. U ko‘p yillar mobaynida Qozog‘iston bilan aloqalarni mustahkamlagani uchun Rossiya prezidentini maqtadi ham.

“Moskvaning bosqinchilik siyosati oqibatlariga qaramay Qozog‘iston baribir Rossiya bilan hamkorlik yo‘llarini izlashda davom etadi. Biroq rus natsionalistlarining Shimoliy Qozog‘istonga doir chaqiriqlari hukumatni sergak torttirishi lozim. Bu xuddi ochiq turgan tomirni bosgandek gap”, ta’kidlaydi Kortni.

Bosqindan keyingi voqe’lik

Rossiya bilan nozik o‘yin qilish Toqayev yoki Nur-Sulton uchun yangilik emas, ammo Kremlning Ukrainaga qarshi agressiyasi, aftidan, “stavka”larni ko‘tarmoqda.

Toqayev – asli diplomat, ilgari bosh vazir, tashqi ishlar vaziri va BMTning Jeneva bo‘limi bosh direktori lavozimlarida ishlagan, Qozog‘iston Senati raisi bo‘lgan. U 1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng Qozog‘iston tashqi siyosatini shakllantirishda muhim rol o‘ynagan.

Qozog‘iston qudratli qo‘shnilari – Rossiya bilan Xitoy o‘rtasida muvozanatni topish, ayni chog‘da AQSh va YeI bilan qalin hamkorlik aloqalarini saqlashga ko‘pdan beri harakat qiladi. Nur-Sulton, shuningdek, Eron va Turkiya singari mintaqaviy liderlar bilan ham munosabatlarini kuchaytirishga urinmoqda.

Rossiya Ukrainada harbiy harakatlarni boshlaganidan so‘ng Qozog‘iston mazkur strategiyasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan sa’y-harakatlarini ikki baravarga oshirdi: mamlakatga Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I taklif etildi, Anqara va Tehron bilan aloqalar kengaytirildi. May oyida Toqayev ilk daf’a davlat tashrifi bilan Turkiyaga bordi va uchrashuvlar chog‘ida savdoni rivojlantirishga, Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” loyihasiga Turkiyani ko‘proq jalb etishga va’da berdi.

Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘z bayonotlarida Toqayevni barcha tashabbuslarida dastaklashini bir necha bor urg‘uladi – go‘yo, bu gaplar Moskvaning qulog‘iga aniq etsin, demoqchi bo‘lgandek taassurot qoldirdi.

19-iyun kuni Toqayev aloqalarni kuchaytirish va ikki tomonlama savdo hajmini oshirish maqsadida Eronga tashrif buyurdi.

Ekspertlar fikricha, Qozog‘iston boshqa qudratlar bilan yanada yaqinlashish orqali Rossiyaga orbitasidan uzoqlashishni ko‘zlagan va ushbu tashriflar Kreml fevral oyida Ukrainaga qarshi chinakam urush boshlaganidan so‘ng pozitsiyani o‘zgartirish strategiyasining bir qismidir.

“Uzoq muddatli istiqbolda ayrim narsalar o‘zgaradiganga o‘xshaydi. Rossiyaga qo‘shni har qanday postsovet respublika Ukrainadagi urushni kuzatarkan, bunaqa voqealar keyingi safar qayerda bo‘larkin, deya o‘ziga savol berayotgani aniq”, deydi Ozodlikka bergan izohida Eurasia Group konsalting shirkati katta tahlilchisi Zakari Uitlin.

XS
SM
MD
LG