Линклар

Шошилинч хабар
30 май 2024, Тошкент вақти: 21:40

Rossiyada rus askari tomonidan zo‘rlangan ukrain ayoliga qarshi jinoyat ishi ochildi


Иллюстратив сурат
Иллюстратив сурат

Qochqin ayolga nisbatan jinoyat ishi “yosh bolani o‘ldirishga qasd qilish” (Rossiya JKning 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi “v” bandi) moddasi asosida ochilgan. Bu haqda “Novaya gazeta. Baltiya” nashri ayolning advokatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2023-yil mart oyida Rossiyaning “janubiy shaharlaridan biri”da chiqindi qutisi ichidan choyshabga o‘rog‘liq chaqaloq topib olingan. Politsiya bolani kim tashlab ketganini kameralar orqali aniqlagan. Go‘dak o‘z onasi – ukrainalik qochqin ayol tomonidan tashlab ketilgani ayon bo‘lgan. Ilgari Ukrainada yashagan bu ayol tug‘ilgan shahrini Rossiya armiyasi bosib olgach, 2022-yil avgustida Rossiyaga kelgani aytilgan.

Tergov hibsxonasiga joylashtirilgan ayolga davlat tomonidan advokat tayinlangan. Advokatning aytishicha, himoyasidagi ayol rossiyalik askar tomonidan zo‘rlanishi oqibatida homilador bo‘lgan.

Ayol advokatga homilani abort qildirishga uzoq vaqt jazm eta olmagani, bir qarorga kelganida esa kech bo‘lganini aytib bergan.

“Shundan so‘ng ayol chaqaloqqa mehr qo‘yishiga umid qilgan, biroq aksincha, qattiq jazavaga tushgan va tuqqanidan bir kun o‘tib, uni chiqindixonada qoldirib ketgan”, degan advokat gazeta bilan suhbatda.

Advokat jinsiy zo‘rlanishga doir ma’lumotdan himoyada foydalanmoqchi bo‘lgan, ammo ayblanuvchi buning ovoza bo‘lishidan qo‘rqib, “bu gapni hech kimga aytmang”, deb iltimos qilgan.

“Jinsiy zo‘rlangani haqida sudda aytishga uni ko‘ndirish yo‘llarini izladim, ammo hamkasblarimning gapidan so‘ng hushyor tortdim. Ular: “Atrofdagi rasvogarchilikni hisobga oladigan bo‘lsak, bu ma’lumot uning o‘ziga qarshi qo‘llanishi mumkin”, deyishdi. Ayol hozir sud hukmini kutmoqda. Chorasizlikdan dod degim kelyapti”, degan advokat.

“Novaya gazeta. Baltiya” nashri voqea ishtirokchilari ismlari va voqea sodir bo‘lgan shahar nomini ochiqlagan emas.

XS
SM
MD
LG