Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 13:57

Rossiyadagi o‘rmonda o‘ligi topilgan o‘zbek qizning oilasi Oliy Majlis nazoratida bo‘lgan(VIDEO)


Shahzodaning Ozodlikka bergan intervyusi 2021 - yilning aprelida yozib olingan.
Shahzodaning Ozodlikka bergan intervyusi 2021 - yilning aprelida yozib olingan.

Rossiya Tergov Qo‘mitasi 11 - iyul kuni Leningrad viloyatidagi o‘rmonda jasadi topilgan o‘zbekistonlik 15 yashar qiz va 20 yashar tojikistonlik yigitning o‘limi yuzasidan jinoyat ishi ochdi.

Daraxtga osilgan holatda topilgan Shahzodaning oilasi to‘g‘risida Ozodlik shu yilning aprel oyida videolavha e’lon qilgan edi. Ozodlik bilan suhbatda Shahzodaning onasi Nigora uy-joy masalasida yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

O‘zbekiston hukumatidan ko‘mak so‘ragan nochor oilaning murojaati Oliy Majlis Senati tomonidan maxsus nazoratga olingani aytilgan edi.

“Yigit va qiz murdasi bitta arqonga osilgan”

11 - iyul kuni Leningrad viloyatining Kolpino tumani Pontonniy qo‘rg‘oni yaqinidagi o‘rmonda mahalliy aholi vakillari daraxtga osilgan ikki kishining jasadini topishdi.

Ozodlik o‘lganlardan biri Toshkent viloyatilik 15 yoshli Shokirova Shahzoda Qudratillo qizi ekanini aniqladi.

Nobud bo‘lgan qizning onasi Nigora Ozodlik bilan suhbatda hodisa tafsilotlari haqida gapirib berdi:

Shahzoda Shokirova
Shahzoda Shokirova

- 9 - iyul kuni kechqurun u mendan 100 rubl pul so‘radi, chunki ertalab magazinga borib kelardi odatda. Ertalab tursam qizim yo‘q. Avvaliga magazinga ketibdi, deb o‘yladim. Keyin izlashga tushdim, bormagan joyim qolmadi. Oxiri politsiyaga borsam, “Qizingni rasmini ko‘rsat”, deyishdi. Ko‘rsatsam, “chatoq bo‘libdi, qizingni o‘ligi Zagorodniy tarafdan chiqibdi!”, dedi, - deya yig‘ladi Nigora.

Muhojir ayol oxirgi bir necha oy davomida Kiselnya qishlog‘ida o‘g‘li va qizi bilan yashab kelgan, turli yumushlarni bajarib kun kechirgan.

Ikkinchi jasad 20 yashar tojikistonlik mehnat muhojiriga tegishli ekani aniqlandi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, yigitning ismi Jahon, u Tojikistonning Regar tumanidan. Hodisadan bir kun o‘tib, Jahonning yaqinlari ham topilgani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya Federatsiya Tergov Qo‘mitasining Leningrad viloyati bo‘yicha boshqarmasi vakili Ozodlik so‘roviga javoban Jinoyat Kodeksining 109 - moddasi (ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sababchi bo‘lish) asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Tergovni olib borayotgan xodim bir qancha farazlar, jumladan yigit va qiz o‘z jonlariga kelishgan holda qasd qilgan bo‘lishlari mumkinligi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

O‘lganlarning yaqinlari Jahon va Shahzoda o‘rtasida yaqin munosabatlar bo‘lganini inkor etmasa-da, nima sababdan ular o‘z jonlariga qasd qilgan bo‘lishlari mumkinligini hatto taxmin ham qila olmayotganliklarini aytishmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Nigora qizining o‘z joniga qasd qilmagani – uni o‘ldirib ketishgan, deb ishonishini aytdi:

- Ular avvaliga o‘zlari mendan “Kimni gumon qilyapsan?”, deb so‘radi. “O‘zini o‘ldirgan desak, oyog‘i ostida hech qanday narsa yo‘q edi. Daraxtga osib ketishibdi ularni. Ikki yil oldin sen qizing bilan zo‘rlangan ekansizlar, arizangni ko‘rdik”, dedi. “Ha, shunday bo‘lgan. Ariza berganimga qaramay, jinoyatchi ochiqda yuribdi”, dedim. Men qizimni kim o‘ldirganini topib berishlarini so‘radim. Politsiyachilar tergov yana ikki oy bo‘ladi, lekin jasadni olib ketishimiz mumkinligini aytdi.

O‘limidan 4 oy oldin Shahzoda Ozodlikka intervyu bergan

Shu yilning aprel oyida Ozodlik Shahzoda, uning onasi Nigora va voyaga yetmagan ukasi taqdiri to‘g‘risida “Meni va qizimni zo‘rlaganlar ozodlikda yuribdi” sarlavhasi ostida videolavhani e’lon qilgan edi.

Unda Toshkentning O‘rtachirchiq tumanidan bo‘lgan bu oila a’zolari shaxsan O‘zbekiston prezidentidan o‘zlaridan "aldov yo‘li bilan tortib olingan" uyni qaytarib berishni so‘rashgan. Bir o‘g‘il va bir qizni yolg‘iz o‘zi voyaga yetkazayotgan muhojir ayol boshpanasiz va mablag‘siz o‘z yurtiga qayta olmayotganini aytgan edi.

Maktab o‘qituvchisi bo‘lgan Nigora O‘zbekistonda yolg‘iz o‘zi ikki bolani boqolmasdan qiynalib ketgani bois 2018 - yilda farzandlari bilan Rossiyaga kelgan. Peterburgda Nigora Tojikiston vatandoshlari bo‘lgan ikki shaxs tomonidan qattiq kaltaklangani va qizi bilan birga kichik o‘g‘lining ko‘zi oldida zo‘rlangani haqida hikoya qiladi.

Tergovchilar jinoyatda ayblangan shaxslar o‘sha paytda 12 yashar bo‘lgan Shahzodani qo‘rqitib, nomusiga tegib kelganini aniqlagan va ularni qo‘lga olgan.

Sankt-Peterburg shahar Tergov qo‘mitasi 25 - may kuni jinoyatchilardan biriga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 131 (zo‘rlash) va 127 (ozodlikdan noqonuniy tarzda mahrum etish)- moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atganini xabar qilgandi.

Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra, tez orada bu shaxslarga nisbatan tergov ishlari yakunlanib, ular qo‘yib yuborildi.

Nigora bollarini olib, Sankt-Peterburgdan qochishga va Leningrad viloyatining Kolpino tumanida chekka qishloqdagi fermada jon saqlashga majbur bo‘ladi.

Darbadar oila O‘zbekiston Senati nazoratida bo‘lgan

Ozodlikda e’lon qilingan videolavhadan keyin O‘zbekistondagi jamoatchilik bu oila muammolariga e’tibori qaratdi. 19 - aprel kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining rasmiy sahifasida “Chet elda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarosining murojaati nazoratga olindi” sarlavhasi ostida xabar e’lon qilindi.

Uysiz-joysiz bo‘lgan Shokirovlar oilasi ishi O‘zbekiston Senati maxsus nazoratida bo‘lgan
Uysiz-joysiz bo‘lgan Shokirovlar oilasi ishi O‘zbekiston Senati maxsus nazoratida bo‘lgan

Unda Ozodlikning “Muhojir ayol: Meni va qizimni zo‘rlaganlar ozodlikda yuribdi” nomli videomaterialda “Sankt-Peterburg shahrida mehnat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va uning ikki farzandiga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik harakatlari bo‘yicha xabarlar aks ettirilgani” aytilgan.

"Ushbu masala Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi. Hukumatning tegishli vazirlik va idoralariga tezkor so‘rovnomalar yuborildi. O‘rganish natijalari yuzasidan ma’lumot beriladi”, deyilgan rasmiy xabarnomada.

Muxbirlarimiz Peterburgdagi nochor ahvolda qolgan o‘zbekistonliklar masalasida Senatning o‘rgangani natijalari bo‘yicha biror hisobot berilgani-berilmaganini aniqlay olmadi.

Ozodlik surishtiruviga ko‘ra, videomurojaat chiqishi ortidan O‘zbekistondagi Sankt-Peterburg konsulligi vakillari ular bilan aloqaga chiqqan, ishga joylashtirish va yotoq-joy bilan ta’minlashni taklif qilgan.

Biroq vaqt o‘tishi bilan Nigora mutasaddilar uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay qo‘ygani va uning uy-joy masalasida qilgan murojaati yana paysalga solinib, oila Leningrad viloyatida qolib ketganini bildirdi:

- O‘shanda meni uyimni qaytarib berishganda va men O‘zbekistonga ketganimda, bolam o‘lmagan bo‘lardi! Menga Samidullo ismli qanaqadir partiya vakili chiqib, “Bizni sharmanda qilmasdan, qaytib kelaver!” degandi. Men ikkita bolam bilan qayerga qaytib boraman, uyim bo‘lmasa?! Men ularga uyim yo‘q desam, ular menga “Qaytib kelaver!”, deyveradi. Mana, hozir ham tojikistonliklar pul yig‘ib beryapti jasadni morgdan olib chiqishga, - dedi Nigora.

Kolpino tumanida yashovchi bir guruh tojik muhojirlari Shahzodaning jasadini o‘likxonadan olib chiqishga mablag‘ yiqqanlari ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatda Javlon ismli mehnat muhojiri o‘likni olib chiqishga yig‘ib qo‘ygan oxirgi 40 ming rublini sarflaganini bildirdi.

- Men oxirgi 40 mingimni bolani o‘likxonadan olib chiqishga berdim. Lekin menda boshqa pulim yo‘q: jami 61 ming rublcha ketarkan morgga. O‘zbekiston konsulligi faqat mayitni jo‘natishga ko‘maklashamiz, deyapti. Nigora o‘ziga samolyotga biletni o‘zi sotib olishi kerak ekan. Bu qanaqasi, axir – bolani O‘zbekistonda kim ko‘madi, yolg‘iz onasi borolmasa? Shunga sizlardan ham yordam berishingizni so‘rayman, - dedi tojik muhojiri.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi konsulxonasining o‘zini Mansur deb tanishtirgan rasmiysi vaziyatdan xabardor ekanliklari va Shahzoda Shokirova jasadini O‘zbekistonga jo‘natish bo‘yicha barcha zarur hujjatlar hozirlanayotganini ma’lum qildi:

- Bugun menga chiqishdi, ular bilan hozir aloqam bor. Hujjatlarni hammasini Rossiya idoralariga berib keldik. Mayit jo‘natish bitta qog‘oz bilan bitmaydi. Shu, qog‘oz rasmiyatchiligi bor biroz. Xudo xohlasa, jo‘natvoramiz. Hozircha mayit bilan birga onasi jo‘natiladimi, yo‘qmi – xabarim yo‘q.

Hali 16 yoshga kirmagan Shahzoda Shokirovaning jasadi hozircha o‘likxonada qolmoqda. Rossiya Tergov qo‘mitasi ikki yosh muhojir o‘limi yuzasidan tergov-surishtiruv ishlarini davom ettirayotgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG