Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:35

RSF “matbuot erkinligi dushmanlari" ro‘yxatini e’lon qildi. Mirziyoyev hozircha ro‘yxatda yo‘q


Qarorgohi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) tashkiloti jahondagi “matbuot erkinligi dushmanlari” ro‘yxatini e’lon qildi. Mazkur ro‘yxatga o‘z mamlakatida senzura o‘rnatgan va jurnalistlarga qarshi zo‘ravonliklarga ko‘z yumayotgan 37 nafar davlat va hukumat rahbarlari kiritilgan.

Ro‘yxatda sobiq sovet hududidan Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Belarusning avtoritar rahbari Aleksandr Lukashenko, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ismlariga duch kelish mumkin.

Bu yilgi “matbuot dushmanlari” ro‘yxatidan Yevropa Ittifoqiga kiruvchi mamlakatlardan birining hukumati rahbari ham o‘rin olgan. Bu yerda gap Vengriya bosh vaziri Viktor Orban haqida bormoqda.

Hujjat mualliflariga ko‘ra, mazkur liderlardan har birining o‘z boshqaruv uslubi va jurnalistlarga bosim o‘tkazish bo‘yicha o‘z yo‘li bor. Deylik, Vladimir Putinning uslubi , “Chegara bilmas muxbirlar”ga ko‘ra, milliy avtoritarizmdir. Bu mamlakatda hukumat 2012 - yildan beri og‘ishmay internet ustidan nazoratni kuchaytirib, kontentning muayyan turlarini taqiqlab, fuqarolar ustidan nazorat o‘rnatib kelmoqda.

Aleksandr Lukashenkoning metodini esa, hisobot mualliflari “davlat terrori” o‘laroq ta’riflaganlar. Uning ustuvor vazifalaridan biri ko‘cha namoyishlarining OAVda yoritilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Buning uchun Lukashenko, hisobot mualliflari iddaosicha, jurnalistlarni yoppasiga hibsga olishni buyuradi, ularga tahdid qiladi va hatto qamoqxonalarda qiynoqqa duchor qiladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” fikricha, Lukashenko jurnalistlarning ovozini o‘chirish uchun hech narsadan tap tortmaydi.

Bu yilgi ro‘yxatga ikki ayol lider – Pekinning qo‘g‘irchog‘i o‘laroq ko‘rilgan Honkong ma’muriy hududi rahbari Kerri Lam hamda Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina ham kiritilgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti “matbuot erkinligi dushmanlari ro‘yxati”ni e’lon qilishni boshlaganidan buyon unda eng uzoq qolgan rahbarlaridan biri O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov bo‘lgan.

2016 - yilda hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyevning nomi hali biror marta mazkur ro‘yxatga kiritilgani yo‘q. Aksincha, Mirziyoyev hukmronligining dastlabki yillarida “Chegara bilmas muxbirlar” doxil qator xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi borasida, asta-sekin bo‘lsa-da, ijobiy qadamlar tashlana boshlanganini e’tirof etganlar. Ammo xalqaro matbuot tashkilotlariga ko‘ra, shu yil oktyabrida qayta saylanishi kutilayotgan prezident Mirziyoyev hukumati saylovlar yilida matbuot, xususan, internet nashrlari ustidan nazoratni kuchaytirganini aytishmoqda.

“Kuzatuv, senzura va o‘z-o‘zini tsenzura qilish hollari mavjud va hukumat hanuz matbuot ustidan sezilarli nazoratni ushlab turibdi. Blogerlar hanuz tahdidga uchramoqda, hibs qilinmoqda. Hukumat xorijiy va quvg‘indagi jurnalistlarga eshigini ochdi, ammo ayrim axborot vositalari, jumladan AQSh moliyalaydigan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi uchun akkreditatsiya olish mushkulligicha qolmoqda”, deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar”ning oldinroq e’lon qilgan bayonotida.

Shu yilning 31 - martida O‘zbekistonda Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlaridagi o‘zgartirishlar kuchga kirdi.

Shavkat Mirziyoyev tasdiqlagan yangi qonunga ko‘ra, prezidentni telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internetda haqoratlash, uni tuhmat qilishda ayblanganlar 5 - yilgacha qamalishi mumkin.

Bundan tashqari, Jinoyat Kodeksiga, axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali ommaviy norozilikka da’vat uchun ham javobgarlik kiritildi.

Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi avvalroq bu o‘zgarishlarni keskin qoralab chiqqan:

“Oktabrga belgilangan prezident saylovi yaqinlasharkan, hukumat, qonunchilikka tuzatishlar kiritish vositasida so‘z erkinligi ustidan nazoratni kuchaytirishga bel bog‘lagan ko‘rinadi. Agar o‘zbek rasmiylari liberal islohotlarga chin dildan harakat qilayotganiga dunyoni ishontirishni istasa, matbuot erkinligini cheklovchi va o‘z tanqidchilariga jarima hamda qamoq xavfini tug‘diruvchi qonunlarni bekor qilishi kerak”, deyilgan qo‘mita bayonotida.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda TikTok, Twitter va VKontakte kabi ijtimoiy tarmoq platformalari faoliyatining cheklana boshlagani ham yana bir xavotirli tendensiya o‘laroq ko‘rilmoqda.

Prezident Mirziyoyev Amir Temur va Alisher Navoiyga qo‘yilgan tarixiy obidalarni haqorat qilgani aytilgan ayrim TikTok foydalanuvchilarini tanqid qilishi ortidan “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi "shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashdagi qonunbuzarliklar" sababli ba’zi ijtimoiy tarmoqlarning ishini cheklab qo‘yganini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG