Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:40

“Rustamjon domla” va Muftiy “saylovi”. Diniy idora andijonlik imomning ishdan olinishini izohlamayapti


Rustamjon Hamidov (Surat imomning Feysbuk sahifasidan olindi)
Rustamjon Hamidov (Surat imomning Feysbuk sahifasidan olindi)

Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi "Oqqo‘rg‘on" jome’ masjidida 20 yildan ortiq imomlik qilgan Rustamjon Hamidov ishdan olindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 15 - sentabr kuni tarqalgan videoda, imomning Diniy idora qarori bilan ishdan olingani va unga yangi vazifa berilgani aytilgan. Ammo tarmoqlarda uning muxlislari kutilmagan qarordan so‘ng imom jamoatchilikka ko‘rinmayotganidan xavotir bildirishmoqda.

“Rustamjon domla” nomi bilan tanilgan va xayriya aksiyalari bilan nom chiqargan andijonlik imomning vazifasidan chetlatilishi Adliya vazirligining tarmoqlarda faol ulamolarni rasman ogohlantirishidan bir necha kun o‘tib yuz bermoqda.

Ozodlik bilan suhbatda, bu imomning andijonlik muxlislari vodiyda shuhrat qozongan imomga nisbatan bosim boshlangan bo‘lishi mumkin, degan xavotirni bildirdi.

Diniy idoradan bu haqda izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo, idoraga yaqin Ozodlik manbasiga ko‘ra, Rustamjon domla o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shagan va ayni paytda Toshkentda. Ozodlik domlaning o‘zi bilan bog‘lana olmadi.


“Boshqa vazifa berilgan”

2020 - yilda O‘zbekistonda “Yil imomi” deb topilgan andijonlik Rustamjon domla Hamidovning imomlikdan ketgani haqidagi ilk xabar 15 - sentabr kuni qator Telegram-kanallarda paydo bo‘ldi.

Xabarlarga ilova qilingan videoda viloyatning Baliqchi tumanidagi “Oqqo‘rg‘on” tumani masjidi ahliga yangi imomni taqdim qilish jarayoni aks etgan.

Unda Diniy idora nomidan gapirgan shaxs Rustamjon domlaning imomlikdan ketishini unga “boshqa vazifa berilgani” bilan tushuntirgan.

Namozxonlar jamoasining imomning o‘zi qayerda ekaniga oid savollariga javoban vakil, Rustamjon domlaga yangi vazifa “kutilmaganda berilgani”ni aytgan:

“Bizning diniy idoramizning tizmidagi boshqa topshiriq bilan ishga ketganlar hozir”.

Rustamjon domlaning Ozodlik bilan shaxsini sir saqlab gaplashgan andijonlikka ko‘ra, o‘shandan buyon domla jamoatga ko‘rinish bermagan va uning nega imomlikdan ketgani haqida ularda hech qanday ma’lumot yo‘q:

“Odatda, imom domla boshqa ishga o‘tadigan bo‘lsalar, avvaldan ma’lum bo‘ladiku?! Hech bo‘lmasa, domlaning o‘zi bilishi kerakku?! Hech gap yo‘q edi ishdan ketishi haqida”.

Ozodlik yaqinlari bergan telefon raqamlar orqali Rustamjon Hamidovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi. Andijon viloyat Bosh imom-xatibligi va O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasidan bu borada hozircha biror ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Yarim milliondan ortiq obunachi

43 yashar Rustamjon domla Hamidov so‘nggi ikki yilda ijtimoiy tarmoqlarda katta shuhrat qozondi. Uning nomiga Telegram tarmog‘ida ochilgan kanalda 570 mingdan ortiq obunachi bor. Feysbuk tarmog‘idagi sahifada ham 70 mingga yaqin folloverga ega.

Yaqinlariga ko‘ra, imom Andijondagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtini bitirgan. 20 yilga yaqin Baliqchidagi masjidda imomlik qilib kelayotgan edi.

Tarmoqlarda imomning diniy mavzular bilan bir qatorda, asosan ijtimoiy va maishiy masalalardagi chiqishlari keng tarqalgan.

Bundan tashqari, bu imom "Haqiqat, Taraqqiyot va Birdamlik" demokratik partiyasi yetakchisi, professor Xidirnazar Allaqulov va “Erk” demokratik partiyasidan nomzod ko‘rsatilgan Jahongir Otajonov haqidagi ziddiyatli chiqishlari bilan ham shov-shuv bo‘lgandi.

O‘shanda imom, muxolifat yetakchilarini "prezidentni haqorat qildi" deb qoralagan va bu chiqishi bilan tarmoqlarda muxolifat tarafdorlarining keskin noroziligiga ham sabab bo‘lgandi.

Toshkentdagi diniy nashrlardan birida ishlaydigan jurnalistga ko‘ra, imomning chiqishlarida hukumatning diniy siyosatiga zid keladigan katta masalalar kuzatilmaydi.

“Namoz o‘qing, ro‘za tuting, xayr qiling - shunaqa masalalar, asosan. Unaqa siyosatga zid gapirmaydi u kishi. U kishini tarmoqlarda mashhur qilgan narsa - xayriya ishlari. Bu imom xayriya yo‘li bilan 400 ga yaqin ehtiyojmand, qaramog‘ida yetim bolalari bo‘lgan oilani kafillikka olgan edi. Atrofida o‘nlab odam bor. Telegram-kanaliniyam o‘sha guruhi yurgizadi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, kanalida reklama ko‘p: soch o‘stirish, ayollarning yuziga tabiiy niqoblar, ozdiradian maykalar, degan. Domlaning o‘zi oddiygina sharoitlarda yashaydi. Endi O‘zbekistonda bilasiz-ku, ortiqcha mashhur bo‘lib ketish zararli. Nazarimda sekingina imomlikdan olib, chetga surib turishmoqchi shekilli. Bo‘lmasa, aytishardi-ku falon masjidga imom bo‘ldi yoki Toshkentga, Diniy idoraga o‘tdi, deb”, deydi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan toshkentlik jurnalist.

Rasmiy ogohlantirish

Tarmoqlarda “Rustamjon domla” nomi bilan tanilgan va xayriya aksiyalari bilan nom chiqargan andijonlik imomning vazifasidan chetlatilishi Adliya vazirligining tarmoqlarda faol ulamolarni rasman ogohlantirishidan bir necha kun o‘tib yuz bermoqda.

7 - sentabr kuni vazirlik mamlakatdagi dindorlar va din peshvolari chiqishlarida “shaxsiy huquqlarini toptovchi va cheklovchi axborot tashviqotlari” aniqlanganini xabar qildi.

Vazirlik bayonotida bunday tashviqotlarni kimlar yuritgani ochiqlanmadi, ammo javobgarlik mavjudligi eslatildi:

“Diniy mavzuda chiqishlar qiladigan va shu sohada faoliyat yuritadigan ayrim shaxslar tomonidan ayollarning mashina haydashiga subyektiv baho berish, ularning mashg‘ulot turini erkin tanlash huquqini cheklash, ayrim turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini to‘xtatish, ayrim jahon durdonalari sanaladigan san’at asarlarini sotish (foydalanish)ni cheklash, boshqa diniy qarashlarga ishonchsizlik uyg‘otish, hech qaysi dinga e’tiqod qilmaydiganlarga nisbatan nafrat uyg‘otish, O‘zbekistondagi dunyoviylik prinsipiga monand qonunlar bilan o‘rnatilgan qoidalarni shubha ostiga olish va boshqa shu kabilarni targ‘ib qilish holatlari ham uchramoqda”.

Rasmiy bayonotda mamlakat Konstitutsiyasining 31-moddasiga ko‘ra, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga egaligini, 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangani urg‘ulanadi.

Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva Ozodlik so‘roviga javoban Rustamjon Hamidovning ishdan olingani haqida vazirlikda ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

U imomning ishdan olinishini Adliya vazirligi yaqinda tarqatgan ogohlantirishga aloqador ekaniga oid taxminlarni ham inkor qildi.

O‘rinboyeva vazirlik tarqatgan bayonotda tilga olingan konkret holatlar va bunday holatlarga nisbatan jazo choralari IIV yoki Bosh prokuratura organlari tomonidan mavjud qonunchilikka asosan belgilanishini ta’kidladi.

Adliya vazirligining ogohlantirishi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim din peshvolarining chiqishlari yuzasidan bahs va e’tirozlar kuchaygan pallada yangradi.

Joriy yilning 27 - iyunida Toshkentning Chilonzor tumanidagi binolardan birining devoriga Leonardo da Vinchining strit-art uslubida ishlangan “Mona Liza” asari o‘chirib tashlangani to‘g‘risida xabar qilingan.

Mustaqil AsiaTerra nashri shu yil iyunda bir guruh dindorlarning poytaxtdagi kitob do‘konlari bo‘ylab "reyd" uyushtirib, Leonardo da Vinchi va Rembrand kabi g‘arb rassomlari ishlagan jahon san’ati durdonalari "o‘zbek xalqi uchun yot", deb qoralaganini xabar qilgandi.

Muftiylikka yopiq tanlov jarayoni

Rustamjon Hamidovning imomlikdan ketishi mamlakat musulmonlarining yangi rahbari - muftiyning tayinlanishi kutilayotgan pallada yuz bermoqda.

Ayni jarayon azaldan an’anador va eng dindor aholi yashaydigan Farg‘ona vodiysida nom qozongan ulamoning iste’fosi muftiylik tanlovi bilan bog‘li bo‘lishi mumkin, degan farazlarni ham o‘rtaga chiqargan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov o‘tgan oy vafot etganidan buyon mamlakatda ayni lavozimi bo‘sh qolmoqda.

Ozodlikning Musumlonlar idorasidagi manbasiga ko‘ra, hozircha yangi muftiyning kim bo‘lishi borasida nihoiy qaror olinmagan:

“Hozircha, ikki nomzod tilga olinyapti - biri Toshkent bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov. Yana biri Homidbek Ishmatbekov, marhum muftiyni o‘rinbosari. Ikkisi ham juda ilmli va obro‘li domlalar. Lekin boshqa ma’lumot yo‘q, mutlaq sukunat bu masalada”.

Bu ikki kishining nomzodi muftiylikka ko‘rilayotganini toshkentlik jurnalist ham tasdiqladi:

“Muftiy tanlovi judayam yopiq eshiklar ostida o‘tyapti. Asosan Nuriddin Xoliqnazarov, Andijonning sobiq bosh imomi, hozir Toshkent shahar bosh imom-xatibi, shu kishi haqida ko‘p bo‘ldi. Keyin, Homidjon Ishmatbekov bo‘lishi mumkin, degan gapni ham eshitdim. Endi tepaga kim ma’qul bo‘lsa, shuni tanlab, xalqqa e’lon qilishadi-da”.

Diniy idora 6 - sentabr kuni Nuriddin Xoliqnazarovning mamlakat muftiysi lavozimiga tayinlanganiga oid tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga rasmiy raddiya bergan.

Toshkentlik jurnalist Rustamjon Hamidovga berilgani aytilayotgan va hozircha rasman ochiqlanmagan yangi vazifa muftiy saylash-tayinlash jarayoni bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

O‘tgan oy 71 yoshida vafot etgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin ulamo bo‘lgani aytiladi. Mirziyoyev Samarqandda hokimlik qilgan yillar Alimov Samarqand viloyatining bosh imom-xatibi bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG