AQSHning kuchli sanksiyasi qarshisida qolgan Rossiyaning "Yunistrim" ("Unistream") to‘lov tizimi UzCard va HUMO kartalari orqali pul o‘tkazishni davom ettirmoqda.
AQSH Moliya vazirligi 20-iyul kuni Moskvada joylashgan "Yunistrim"ga sanksiya kiritgan edi.
Buning ortidan Markaziy Osiyo va Kavkazdagi bir qancha bank, jumladan O‘zbekistondagi kamida beshta bank u bilan ishlashni to‘xtatganini ma’lum qildi.
Ammo, “Yunistrim” matbuot xizmati 26-iyul kungi bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonga UzCard hamda HUMO kartalari orqali pul o‘tkazish to‘xtamagan.
“Yunistrim” O‘zbekistonda odatdagidek ishlamoqda", deyiladi shirkat matbuot xizmati bayonotida.
Xabarda aytilishicha, “Yunistrim” iyul oyidan boshlab UzCard va HUMO kartalariga bir martalik tranzaksiya miqdorini oshirib, bir kishi uchun 16 499 988 so‘m qilib belgilagan. Mazkur kartalarga bir oyda bir kishi o‘tkazish mumkin bo‘lgan pul miqdori 164 999 999 so‘m darajasiga yetkazilgan.
“Yunistrim” bundan buyon jo‘natmalar faqat rublda o‘tkazilishini va O‘zbekistonda u milliy valyuta – so‘mda berilishini bildirdi.
“Faqat Rossiyadan pulni dollarda jo‘natish to‘xtagan. O‘zbekistonga rubl-so‘m transferi davom etyapti”, - dedi Ozodlik suhbatlashgan “Yunistrim” xodimi.
“Yunistrim” saytida Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari tanlansa, rubl jo‘natganda dollar olish opsiyasi hozirda o‘chirilgan.
Rossiyadagi “Migrant” loyihasi rahbari Botirjon Shermuhammadning aytishicha, “Yunistrim” mobil dasturida Rossiya bank kartasidan rublni O‘zbekistondagi UzCard, HUMO bank kartalariga so‘m ko‘rinishida tushirish davom etayotganini aytadi.
“Pul yuborishni bir qancha turlari bor. Bittasi naqd pulni O‘zbekistonga yuborish. Dollar bersangiz, ular O‘zbekistonga jo‘natadi va dollarda oladi.Hozir shu narsa ishlamayapti. Bundan tashqari “Yunistrim”ni mobil dasturi orqali Rossiyaning bank kartalaridan rublni O‘zbekistonga naqd dollarda yuborish ham mumkin edi. Shu narsa ham hozir ishlamayapti va pul yuborishni uchinchi shakli bor, bu ishlayapti. “Yunistrim” mobil dasturida Rossiya bank kartasidan rublni O‘zbekistondagi UzCard, HUMO bank kartalariga so‘m ko‘rinishida tushirish. Bu ishlayapti”, - deydi Botirjon Shermuhammad.
“Yunistrim” to‘lov tizimiga 20-iyulda AQSH sanksiyalari kiritilgach, O‘zbekistondagi kamida beshta bank u bilan ishlashni to‘xtatgani ma’lum qilingan edi.
21- iyul kuni “Ipoteka-bank”, 24-iyul kuni “Xalq banki”, “Trastbank”, 25-iyul kuni “Turonbank” va “Hamkorbank” “Yunistrim” bilan ishlashni vaqtincha to‘xtatganini bildirgan.
O‘zbekiston Markaziy banki matbuot xizmati mulozimi Ozodlikka shu beshta bank “Yunistrim” bilan ishlashni to‘xtatganini tasdiqladi.
“Hozircha, bu banklar, mana shu beshta bank, shuningdek Orient Finance Bank ham to‘xtatgan, shu aytgan gapida turibdi”, - dedi Markaziy bank mulozimi.
Ammo, UzCard, HUMO bank kartalariga “Yunistrim”dan pul o‘tkazmalari davom etayotgani sababini Markaziy bank mulozimi izohlamadi.
2022-yil 25-iyuldan boshlab “Kapitalbank” “shubhali tranzaksiyalar” tufayli “Kontakt”, “Zolotaya Korona” va “Yunistrim” orqali pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgandi. Bundan oldinroq, o‘tgan yilning fevral oyidan boshlab, “Ipak yo‘li” banki tomonidan “texnik sabablarga ko‘ra” “Yunistrim” orqali to‘lovlar to‘xtatilgan edi. Qaror “texnik sabablarga ko‘ra” deb aytilgan edi.
UzCard sanksiya rejimini buzyaptimi?
UzCard O‘zbekistondagi deyarli barcha plastik karta egalariga xizmat ko‘rsatishi bilan ma’lum.
"Yagona umumrespublika protsessing markazi" MCHJ (UzCard brendi) 75 foiz ulushi prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov biznes tuzilmalariga kirgan.
“Gazeta. uz” 2020-yil may oyida kompaniya ustav fondidagi 75 foiz ulush egasi Oybek Tursunov bo‘lganini yozgandi.
Biroq o‘sha yilning avgust oyidayoq o‘ntasi UzCard ta’sischilari ro‘yxatiga kiritilmagan va 75% ulushi beshta davlat bankiga – O‘zmilliybank (51%), “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asaka” banklariga o‘tkazilgan, “Ipoteka bank” va “Aloqabank” (6 foizdan keyin), 2022-yil mart oyida iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirishni jadallashtirish dasturi doirasida bank ulushining 75 foizi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgani xabar qilindi.
O‘tgan yili esa beshta bankka tegishli bo‘lgan UzCard ulushining 75 foizi kompaniyaning to‘rt nafar ta’sischisiga o‘tkazildi. Hozircha bitim tafsilotlari e’lon qilingani yo‘q.
“Tushunishimcha, Rossiya va O‘zbekiston banklari orasida o‘zaro aloqalar bor. Rossiya o‘z rublini O‘zbekistonga so‘m qilib uzatish imkoniga ega. Shuning uchun hozir pul o‘tkazishni bu shakli to‘xtamagan. Lekin, bu qachongacha davom etadi, bilmaymiz. Sababi, “Yunistrim” sanksiyaga tushgan, u bilan hamkorlik qilgan banklar ikkilamchi sanksiyaga tushishi mumkin”, - deydi Botirjon Shermuhammad.
O‘zbekistonga pul oqimi bo‘yicha hamon Rossiya yetakchilik qilmoqda. O‘tgan yil davomida. O‘zbekiston Markaziy bankiga ko‘ra, pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yili 2,1 barobar oshib, 16,9 milliard AQSH dollariga yetgan.
Transferning 14,5 milliard dollari (85%) Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ayni paytda Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlari G‘arb Rossiyaga kiritgan sanksiyalarni o‘z badanida his qilayotganliklarini aytishadi.
“Albatta zarari bor. Juda ko‘p muohjirlar bundan tashvishda. Qiyinchilik bilan topayotgan pulini jo‘natishda qiyinchilik tug‘ilyapti.Dollar jo‘nata olmasligi hisobiga foizdan yutqazyapti”, - deydi Moskvada ishlovchi Bahtiyor Asqarov.-“O‘tgan oyni oyligini oldik, uni jo‘natolmayapmiz-da. Dollarda olmayapti. Dollar oshganiga rublda juda past bo‘lib barakasi qochib ketyapti, shunga jo‘natolmayapmiz. “Yunistrim”, “Zolonaya Korona” orqali o‘tkazardik. ”
Rossiyadagi “Migrant” loyihasi rahbari Botirjon Shermuhammadning aytishicha, muhojirlar uchun oilasiga pul jo‘natish hayot-mamot masalasi.
“Baribir millionlab muhojir O‘zbekistonga pul yuborishi kerak. Hozir boshqa yo‘llarini qidirishmoqda. "Zolotaya Korona" orqali. Shuningdek, “Yunistrim” ham O‘zbekistonga xalqaro SWIFT orqali emas, o‘zlarini kanallari orqali yuborishni yo‘lga qo‘yishini aytgan. Lekin, bu yerda u bilan ishlovchi banklar ikkilamchi sanksiyaga tushib qolishi xavfi bor albatta.
Boshqa tizimlar bor. Hozir “Yunistrim” to‘xtagan, lekin “Zolotaya Korona” bor, “Kontakt” bor. Eng katta pul o‘tkazish tizimidan biri “Yunistrim” edi. Qolganlarini ham to‘xtash xavfi bor. Hozircha pul jo‘natishda muqobillari bor ”, - deydi Botirjon Shermuhammad.
Banklar moliyaviy xizmatlarini taqdim etish orqali butun iqtisodiyotda ko‘prik rolini o‘ynaydi. Shu jihatdan, birinchi navbatda O‘zbekistondagi tijorat banklarining sanksiyalarga uchragan Rossiya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish jarayonida ikkilamchi sanksiyalarga tushib qolish ehtimoli hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Londonda yashovchi tahlilchi Alisher Ilhomovning aytishicha, “UzCard moliya sohasida deyarli monopol mavqega ega shirkatdir.
"Qonuniy jihatdan ular, ehtimol, “Yunistrim” yoki sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan boshqa tuzilmalar bilan bevosita aloqaga kirishgan bo‘lishlari mumkin.
Hozir “Yunistrim” aylanma yo‘llar bilan sanksiyalarni chetlab o‘tib O‘zbekistondagi hamkorlari bilan ishni davom ettirishga harakat qilyapti. Agar de-yure bo‘lmasa, de-fakto UzCard sanksiyalar rejimini buzyapti”, - deydi Alisher Ilhomov.
Ikkilamchi sanksiyalarga tutilish xavfi
AQSH Ukrainadagi urush tufayli G‘arb tomonidan joriy etilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradigan Rossiyadan tashqaridagi jismoniy shaxslar va kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilib kelmoqda.
Xususan, AQSN Moliya vazirligi O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa qator davlatlarni Rossiya va Belarusga sanksiyalar bilan cheklangan tovarlar yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgan.
Shu yil 3-martida O‘zbekistonning UzCard tizimi "Mir" to‘lov tizimi kartalarining qabuli vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi.
Shu yil iyunida O‘zbekistondagi Promcomplektlogistic xususiy kompaniyasi AQSH sanksiyasiga tushdi.
Bunga Promcomplektlogistic shirkatining Rossiyadagi Amerika sanksiya ro‘yxatiga kirgan "Radioavtomatika" korxonasi bilan hamkorligi sabab bo‘lgan.
Amerika mulozimlariga ko‘ra, Promcomplektlogistic "Radioavtomatikaning "AQSH sanksiyalarini chetlab o‘tish borasidagi sa’y-harakatlarida "faol qo‘llab-quvvatlagan".
Xabarlarga ko‘ra, Promcomplektlogistic "Radioavtomatika" uchun mikrosxema kabi elektron komponentlar yetkazib bergan, "Radioavtomatika" esa Rossiya Mudofaa vazirligini jihozlar bilan ta’minlaydigan korxona.
Markaziy Osiyo va Kavkazdagi bir qancha banklar AQSHdan sanksiyalari ortidan Rossiyaning “Yunistrim” pul o‘tkazma kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
Qozog‘istonning “Kazpochta” (Qozoq pochtasi) va “Nurbank” 24-iyul kuni sanksiyalar tufayli “Yunistrim” bilan barcha operatsiyalarni noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘yganini ma’lum qildi. Ushbu harakat “Yunistrim” orqali Rossiyadan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, shuningdek, Janubiy Kavkaz mamlakatlari Armaniston va Gruziyaga pul oqimi keskin oshgan bir paytda ro‘y berdi.
Tojikistonda “Oriyonbank” va “Humo bank” ham “Yunistrim” bilan hamkorlikni to‘xtatdi.
O‘tgan yili Rossiyadan Gruziyaga 2 milliard dollardan ko‘proq pul o‘tkazildi, bu 2021-yilga nisbatan 403 foizga ko‘p. 2022-yilda Rossiyadan Qozog‘istonga qariyb 775 million dollar o‘tkazildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 579 foizga ko‘pdir.
O‘tgan yili rossiyaliklar Armanistonga o‘tkazgan naqd pul miqdori 3, 1 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2021-yilga nisbatan 306 foizga ko‘pdir.
O‘tgan yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin sentabr oyida Ukrainadagi urushga qisman safarbarlik e’lon qilganidan so‘ng, yuz minglab rossiyaliklar Rossiyadan Markaziy Osiyo, Kavkaz va boshqa mamlakatlardagi sobiq Sovet respublikalarida panoh topishgandi.