Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:46

Sanksiyalar: YI Toshkentni Rossiyaga yordam berishning oqibatlaridan ogohlantirmoqda


Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Vladimir Putin va Qasim-Jomart Toqayev Moskvadagi g‘alaba kuni tadbirida. 9- may, 2023-yil.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Vladimir Putin va Qasim-Jomart Toqayev Moskvadagi g‘alaba kuni tadbirida. 9- may, 2023-yil.

O‘zbekiston Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy tajovuziga javoban Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda platforma sifatida foydalanilishi xavfi mavjud. Bu haqda YIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan “Gazeta.uz” nashriga bergan intervyusida gapirdi.

Devid O’Sallivan joriy yil 29-30-noyabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston hukumati mulozimlari bilan sanksiyalarga rioya qilish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu yevropalik yuqori martabali diplomatning mintaqaga 8 oy ichidagi ikkinchi tashrifidir. U joriy yil aprel oyida ham mintaqa bo‘ylab safar qilgandi.

Tahlillarga qaraganda, so‘nggi vaqtlarda YIdan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport sezilarli darajada oshgan. O‘z navbatida, mintaqa davlatlaridan Rossiyaga mahsulot yetkazish hajmi keskin ko‘paygan.

Мирзиёев Германияга нима учун борди? - Берлиндан махсус репортаж
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:40 0:00

“Biz Rossiya bilan savdo aloqalarining o‘zani o‘zgarib, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Armaniston, Serbiya, Turkiya va BAA tomon yo‘nalganini kuzatmoqdamiz. Albatta, mazkur davlatlar orqali (sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan) ayrim tovarlarning Rossiyaga yetib borayotgani bizni tashvishga solmay qo‘ymaydi”, deydi Devid O’Sallivan.

Yevroittifoq, xususan, Rossiyaga harbiy sohada istifoda etish mumkin bo‘lgan tovarlar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinmoqda. O‘zbekistondan ham birinchi navbatda Moskvaning harbiy salohiyatini o‘stirishga yordam beradigan tovarlar oldi-sotdisiga aralashmaslik talab qilinmoqda.

“Biz O‘zbekistondan barcha yo‘nalishdagi sanksiyalarga to‘la-to‘kis rioya qilishni talab etayotganimiz yo‘q. Bu juda murakkab vazifa bo‘lur edi. Biz sanoqli – taxminan 45 nomdagi mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirganmiz. Ular Rossiyaning harbiy sa’y-harakatlarida o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ayni shu tovarlarni O‘zbekiston kabi uchinchi mamlakatlar orqali qayta eksport qilinishining oldini olish harakatidamiz”, deydi maxsus vakil.

Devid O’Sallivan Toshkentga aprel oyidagi tashrifi chog‘i YI hududida ishlab chiqarilgan tovarlarning O‘zbekiston orqali reeksporti 126 foizga o‘sganini qayd etgan edi.

Bryussel bu holat sanksiyalarni chetlab o‘tishda Kremlga ko‘rsatilayotgan yordam bo‘lishi mumkinligidan tashvishda.

YI maxsus vakili Devid O’Sallivan “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda ushbu xavotirli tendensiyaga yana bir karra e’tibor qaratgan.

Бирламчи капитал ва иккиламчи санкциялар. Россия бизнеси Ўзбекистонда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:20:57 0:00

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston rasmiylari so‘nggi muzokaralarda YI tomonini sanksiyalarni chetlab o‘tishda vositachi bo‘lmaslikka ishontirgan, shuningdek, reeksport bilan bog‘liq holat yaxshilanganini tasdiqlovchi statistik xulosalarni taqdim etishga va’da bergan.

“Biz O‘zbekiston suverenitetini hurmat qilamiz. O‘zbekiston ushbu ziddiyatda (Rossiya–Ukraina ixtilofi nazarda tutilmoqda – tahr.) betaraf qolmoqchi ekani, xalqaro koalitsiya qabul qilgan sanksiyalarni qo‘llamoqchi emasligini to‘la-to‘kis tushunamiz. Ammo O‘zbekiston sanksiyalarimizga chap berish yoki bo‘yin tovlashda platforma sifatida foydalanilishi mumkinligi borasida xavotirlarimiz mavjud. O‘zbekiston hukumati buni xohlamasligini ochiq bayon qildi”, deydi diplomat.

Ukrainaga tajovuz ortidan misli ko‘rilmagan sanksiyalarga duchor bo‘lgan Rossiya O‘zbekistonning ikki asosiy savdo hamkoridan biri ekani sir emas. Qayd etilishicha, Bryussel Toshkentga Moskva bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni qisqartirish shartini qo‘yayotgani yo‘q.

“Takror bo‘lsa-da ta’kidlamoqchiman, biz O‘zbekistondan 45 nomdagi mahsulot oldi-sotdisiga ehtiyot bo‘lishni so‘rayapmiz, xolos. Bu mamlakat umumiy savdosining 1 foizdan ham kamrog‘ini tashkil etadi. Biz O‘zbekistonning Rossiya bilan an’anaviy, qonuniy savdosiga ziyon yetkazish fikridan yiroqmiz”, deydi suhbatdosh.

Yuqori martabali diplomat O‘zbekiston mavjud vaziyatdan foydalanib, iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishi, Yevropa , AQSH , Janubiy Amerika va Osiyo bilan robitalarini kengaytirishi, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi muhimligini ham urg‘ulagan.

Joriy yil iyun oyida YIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari 11-paketiga O‘zbekistonning “Alfa Beta Creative” va “GFK Logistic Asia” shirkatlari kiritilgan edi. Yevrokomissiya saytida e’lon qilingan hisobotda mazkur shirkatlar Rossiya mudofaa sanoati uchun G‘arbdan tovar sotib olishga uringani bayon qilingan.

Bryussel joriy yil 14-15-dekabrda o‘tadigan sammitda yangi sanksiyalarni tasdiqlashi kutilmoqda.

Ozod Yevropa /Ozodlik radiosi ixtiyoridagi mavjud hujjatga qaraganda, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda ko‘maklashganlikda gumonlangan O‘zbekistonning yana bir shirkati (“Mvizion” MCHJ) YIning “qora ro‘yxati”ga kiritilishi rejalashtirilgan.

Devid O’Sallivan moliyaviy cheklovlarning 12-paketi haqida hozircha izoh bera olmasligini aytish bilan cheklangan.

Diplomat YI va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni ijobiy baholagani holda, sanksiyalarga chap berish o‘zaro aloqalarga soya solishi mumkinligidan ogohlantirgan.

XS
SM
MD
LG