Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:56

Sardoba: Jabrlanganlarga uy berishda korrupsiyadan shikoyat qilgan yigit 7 sutkaga qamaldi(VIDEO)


Suv toshqinidan jabr ko‘rgan aholi vakillari rasmiylarni tinglamoqda
Suv toshqinidan jabr ko‘rgan aholi vakillari rasmiylarni tinglamoqda

Sirdaryo viloyatida Sardoba toshqinida boshpanasiz qolgani ortidan uy-joy talab qilgan oqoltinlik 34 yashar yigit hibsga olindi.

Hibs arafasida u toshqin jabrdiydalariga atalgan uy-joylar noqonuniy ravishda ayrim shaxslarga berib yuborilayotganiga oid faktlardan iborat shikoyati rad etilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda video tarqatgandi.

Sardoba toshqinidan aziyat chekkanlar keyingi paytlarda, mahalliy rahbarlar moddiy yordam va uy-joy talab qilib borayotganlarga hibsga olish bilan tahdid qilayotganini aytmoqda.

Sirdaryolik faollarga ko‘ra, viloyatdagi huquq-tartibot idoralari shikoyatchilarni “mayda bezorilik” yoki “hokimiyat vakiliga bo‘ysunmaslik”da ayblab 3 – 7 sutkaga hibsga olmoqda, hozirga kelib kamida 3 odam qamalgani qayd etilgan.


Oqoltin tumanida yashashini aytgan va o‘zini Murodjon Mamarayimov, deb tanishtirgan sirdaryolikning videomurojaati tarmoqlarda 7 - yanvar kuni tarqalgandi.

14 - yanvar kuni Ozodlikning aniqlashicha, ana shu videomurojaatdan so‘ng Mamarayimov qo‘lga olingan va o‘sha kuniyoq 7 sutkaga hibs qilingan.

Tarmoqda tarqalgan videoda sirdaryolik yigit, uy-joy talab qilib borganida Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari hamda Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasiga qabul qilinmaganini aytadi.

Shuningdek, u Sardoba toshqinida uyini yo‘qotganlar qolib, zarar ko‘rmagan shaxslarga noqonuniy ravishda uy va pul berilganiga oid faktlarga egaligi, hokimiyat vakillari bu faktlarni inkor qilib, ularning “og‘zini yopishga” uringanini da’vo qiladi.

Сардоба тошқинида уйига зарар етган оқолтинлик йигит мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:58 0:00

Ozodlik Mamarayimovning oilasi bilan bog‘landi, ular Ozodlikka ma’lumot berishdan qat’iyan bosh tortdi.

Bu yigit taqdiri haqida Ozodlikka xabar qilgan oqoltinlik ayolning aytishicha, Mamarayimovning oilasi 7 - yanvardan beri qo‘rquv ichida yashayapti:

“Hozir Murodjon hibsda yotibdi. Eshitishimizga qaraganda, Oqoltin tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Ibodullayev uning ustidan arz qilgan ekan. Oilasi juda qo‘rqib qolgan, men mahallasiga bordim. Onasi ham, opasi ham juda qo‘rqib indamaygina yuribdi, qamatib yuborishmasin, deb”, - dedi ismi sir saqlanishi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan sirdaryolik ayol.

O‘tgan yilning 1 - mayida Sardoba suv omboridagi to‘g‘on o‘pirilishi natijasida kelgan toshqinda bu ayolning uyiga ham jiddiy shikast yetgan. Aytishicha, uning zarari to‘liq qoplangan va hukumatga hech bir e’tirozi yo‘q.

Ozodlik Mamarayimovning hibsga olinishi borasida Oqoltin tuman IIB va Sirdaryo viloyati IIBdan ma’lumot ololmadi. Oqoltin tuman hokimi o‘rinbosari Alisher Ibodullayev ham telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Sirdaryolik bloger Xayrullo Qilichevning aniqlashicha, Mamarayimov uy-joy talab qilib yurgan paytda hibsga olingan ilk sirdaryolik emas. Bloger bunday murojaatchilaridan kamida 2 nafarini bilishini aytdi.

Ozodlik qamalganlardan biri - Toshkentga arz qilib borgan va tinimsiz murojaatlari ortidan 7 sutkalik ma’muriy qamoqqa hukm qilingan sardobalik Ixtiyor Ochildiyev bilan gaplashdi.

Ochildiyevning aytishicha, suv toshqinida uyi oqib ketgan onasi uchun 40 million so‘mlik yordam pulini talab qilib, turli tashkilotlarga yugurib yurgan kezda qamalgan.

"O‘tgan yilning noyabrida meni uchastka noziri chaqirib: "Mahalla kotibasi ustingizdan shikoyat qildi, haqorat qilibsiz", dedi. Keyin tushuntirish xati yozdirib, tezda sud qilib, 7 sutkaga qamashdi. Uyga yoki birorta yordam beradigan tanishimga telefon qilishimga ham ruxsat berishmadi, telefonni olib qo‘yishdi. Uydagilar bir kun meni rosa qidirgan", dedi Ochildiyev.

Aytishicha, u 7 sutka hibsda to‘liq o‘tirgan va chiqqach, hibsga olinganiyu sud qilinganiga oid hech qanday hujjat berilmasdan, uyiga qaytarilgan.

Sardobadagi suv toshqinida uysiz qolgan 50 dan ortiq odam o‘tgan yilning 30 - noyabrida hukumat va’da qilgan uy va yordam pulini so‘rab Toshkentga, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov qabuliga borgandi.

Sardoba tumani, "Do‘stlik" mahallasidan bo‘lgan​ arizachilar talabi qondirilmagach, Do‘rmondagi Prezident qarorgohiga yurish qilgan. I. Ochildiyev ana shu arzchilar safida bo‘lgan.

2020 йилда Ўзбекистонни ларзага солган 5 воқеа
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:12 0:00

Uylari vayron bo‘lgan o‘nlab sardobalik, hukumat ajratgan 40 million so‘mlik yordam puli va yangi uy berilmagani da’vosi bilan bunga qadar Toshkentga 6 marta yurish qilgandi.

Joriy yilning 1 - may kuni Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida ro‘y bergan texnogen falokat oqibatida Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi minglab aholi uylarini suv yuvib ketib, boshpanasiz qolgan edi.​

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jami 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan, 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

28 - dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida "Sardoba ishi" bo‘yicha 17 kishi ustidan yopiq mahkama jarayoni boshlangan.

Ayblov xulosasida o‘tgan yil 1 - may kuni Sardoba suv omborida yuz bergan fojia doirasida jami 45 milliard so‘mlik (taqriban 4 million 280 ming AQSh dollari-tahr.) zarar aniqlangani va buning bir qismi undirilgani aytilgan.

O‘zbekiston Oliy sudi Sardoba fojiasi yuzasidan "jinoyat ishi bevosita davlat sirlari bilan bog‘liqligi" bois yopiq o‘tayotganini bildirgan.

Ammo sudlanuvchilarning yaqinlari tergov va mahkamaga asosan, suv to‘g‘oni qurilishida qatnashgan yordamchi pudratchi shirkatlar rahbarlari tortilgani, asosiy aybdorlar esa daxlsiz qolayotganini aytishgan.

XS
SM
MD
LG