Линклар

Шошилинч хабар
17 июл 2024, Тошкент вақти: 01:37

Savol o‘rniga duo. Markaziy Osiyo rahbarlari nega katta matbuot anjumanlari o‘tkazmaydi?


Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev.
Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kengaytirilgan matbuot anjumani ko‘rinishida OAVlar vakillari bilan uchrashish qoidaga aylangan. Davlat rahbarining katta matbuot anjumani mamlakat siyosiy yo‘lini, prezidentlarning ochiqligini va ular faoliyatining shaffofligini ko‘rsatuvchi muhim voqea sanaladi. Qolaversa, bu hokimiyat bilan jamiyatning o‘zaro muloqot vositasi hamdir.

AQSHda ushbu an’anani 32-prezident Franklin Ruzvelt 1933-yilda boshlab bergan. Amerika radiokanallari orqali tarqalgan siyosiy va iqtisodiy hayotga doir turli ovozalar bo‘yicha izoh va tushuntirishlar berilgan bunaqa formatdagi uchrashuvlarni Fireside chats (“Kamin yonidagi suhbatlar”) deb ataganlar.

Emmanuel Makronga qadar Fransiya prezidentlari ham har yili 14-iyulda – Bastiliya olingan kuni – kengaytirilgan matbuot anjumani o‘tkazishardi.

Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel ham jurnalistlar bilan uchrashgan. U parlament ta’tilga chiqishi oldidan jurnalistlarning savollariga javob berardi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urush boshlangan 2022- yilda jurnalistlar bilan uchrashishga jazm qila olmadi. O‘tgan yili 14-dekabrda Putin, nihoyat, 17-marta kengaytirilgan matbuot anjumani o‘tkazdi.

2023 якуни: Блогерларни қамаш йили
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:01 0:00

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2019-yilda OAV vakillari uchrashib, 14 soat savollarga javob bergan edi. Bultur u bunaqa formatdagi uchta anjuman uyushtirdi: Rossiya bostirib kirgan 24-fevral kuni, 6-iyun – Jurnalistlar kunida va yil yakunlari bo‘yicha 19-dekabrda.

Matbuot anjumani o‘rniga Murojaatnoma

Markaziy Osiyo yetakchilarining aksari matbuot anjumani o‘tkazishni yoki ommaviy axborot vositalariga katta intervyu berishni xushlamaydi. Ammo tez-tez murojaatnomalar bilan chiqishadi. Bu murojaatlar ham, odatda, farmoyish va topshiriqlar berishu yo‘nalishlarni aniqlab olishga o‘xshaydi, tomoshabinlar – prezident ma’muriyati mulozimlari va deputatlar murojaatni o‘qib eshittirayotgan davlat rahbarini dam-badam tik turgancha olqishlaydilar. Murojaat matbuotda e’lon qilinganidan so‘ng “murojaatni qo‘llab-quvvatlash va unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish” kampaniyasi boshlanadi.

Xususan, prezident Emomali Rahmon o‘tgan yili 28-dekabrda Tojikiston xalqiga murojaat qildi, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa 2022-yil 20- dekabrda xalqqa murojaat bilan chiqdi. 2017-yilda O‘zbekiston rahbari iqtidorga kelganidan beri ilk bor Qozog‘istonning “Qazaqparat” agentligiga intervyu berdi, 2021-yilda esa uning mahalliy OAVlarga bergan birinchi intervyusi “Yangi O‘zbekiston” gazetasida bosilib chiqdi.

(2023-yil so‘nggida prezident Mirziyoyev parlamentga Murojaatnoma ham qilgani yo‘q. O‘tgan yillarda Murojaatnoma yil oxirida ham, yil boshida ham qilingan.

Mirziyoyevning o‘tmishdoshi Islom Karimov o‘z boshqaruvining ilk yillarida katta matbuot anjumanlari o‘tkazgan va 2005-yildagi Andijon voqealariga qadar ham, xususan, Rossiya matbuotiga bot-bot gapirib turgan)

Qozog‘iston prezidenti kengaytirilgan matbuot anjumani o‘tkazishga ikki marta va’da bergan edi, lekin bu va’da 2023-yilda ham bajarilmadi. Qirg‘iziston prezidenti OAVlar vakillari bilan keng formatda uchrashishdan allaqachon voz kechgan.

Qisqa qilib aytganda, jamoatchilik bilan muloqot darajasini belgilab beruvchi kengaytirilgan matbuot anjumanlari Markaziy Osiyoda odatga aylanmadi, aylanishiga umid ham yo‘q. Mintaqa davlatlarida avtoritar boshqaruv tobora mustahkamlanmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari yil yakunida yoki yirik siyosiy voqealar munosabati bilan katta matbuot anjumanlari o‘tkazishmaydi. Qozog‘iston prezidenti 2019-yili jurnalistlar bilan uchrashuvida “bunday uchrashuvlar an’anaga aylanadi”, degan edi, lekin so‘zida turmadi. Qo‘shni Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov esa OAV vakillari bilan uchrashishni vaqtni behuda sarflash, deb hisoblaydi.

“Қандай ҳукуматга эга бўлиш-ўзбек халқининг иши”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:47 0:00

Savol o‘rniga duo

2023-yil 27-dekabrda Qozog‘iston prezidentining maslahatchisi va matbuot kotibi Berik Vali “Qazaqparat” davlat agentligiga intervyu berib, Toqayevning tugagan yildagi faoliyatini sarhisob qildi. Aytishicha, prezident ma’muriyatining murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish shu’basi o‘tgan yili Oqo‘rdaga yo‘llangan 53 237 ta murojaatga javob bergan.

Matbuot kotibi davlat rahbarining “ish jadvali juda tig‘iz”ligini, shunga qaramay 2023-yilda sakkizta brifing o‘tkazganini va xorijiy hamda mahalliy OAVlarga to‘rtta intervyu berganini ta’kidladi.

Berik Valiga ko‘ra, “Qozog‘iston prezidenti kelgusi (2024) yilning yanvar oyi boshlarida respublika nashrlaridan biriga katta intervyu berib, mamlakat ichki va tashqi siyosati haqida batafsil so‘zlab beradi”.

2-yanvar kuni Berik Vali Facebook'dagi sahifasida Qasim-Jomart Toqayev bilan “Qazaq gazetterі” MCHSH bosh direktori Diqan Qamzabekulining Oqo‘rdada olingan fotosuratini joyladi va prezidentning katta intervyusi “Egemen Qazaqstan” gazetasida chop etilishini ma’lum qildi. Suratni ko‘rgan odam jurnalistni intervyu oluvchi emas, prezident qabuliga kelgan arzgo‘y deb o‘ylashi mumkin.

Markaziy Osiyoda rahbarlari kengaytirilgan matbuot anjumanlari o‘tkazib turadigan ikki mamlakat bor edi. Garchi bu anjumanlarda OAVlar vakillari saralab va savollar oldindan kelishib olingan bo‘lsa-da.

Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev tez-tez bo‘lmasa ham, onda-sonda matbuot anjumani o‘tkazardi. U rasmiy telekanallar orqali “jonli yoyin”ga chiqib turar, qandaydir odamlar u bilan bog‘lanib, savol berish o‘rniga prezidentni duo qilishardi. Ba’zan Nazarboyevning matbuot savollariga javoblari bir necha muharrir yoki jurnalist bilan suhbat ko‘rinishida bo‘lardi. OAVlar vakillari bilan uchrashuvlar va “jonli yoyin”larda dolzarb va nozik savollar berilmasdi.

Мирзиёев "матбуот душмани" Путиндан нусха кўчирмоқдами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:53 0:00

Iqtidordagi prezident Qasim-Jomart Toqayev 2019-yil iyundagi saylovdan so‘ng jurnalistlar bilan ilk daf’a uchrashdi. Ayrim OAVlar mazkur uchrashuvni “katta matbuot anjumani” deb atadi. Unda 44 ta mahalliy va 22 xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 107 nafar jurnalisti ishtirok etdi. Uchrashuvda prezidentga 30 ga yaqin savol berildi. Bir soatdan ko‘proq davom etgan matbuot anjumanidan so‘ng prezident Toqayev “bunday uchrashuvlar an’anaga aylanadi” degan edi. O‘shandan beri to‘rt yildan ziyod vaqt o‘tdi, biroq Oqo‘rda matbuot anjumanlarini an’anaga aylantirish uchun biron harakat qilayotgani sezilmayapti.

Qasim-Jomart Toqayev 2022-yil 20-noyabrda muddatidan oldin prezident saylovi o‘tkazdi. O‘shanda u katta matbuot anjumani chaqirishga va’da bergandi. “Agar saylansam, yil adog‘ida yoki kelgusi yil boshida katta matbuot anjumani o‘tkazishim kerak”, degan edi prezident. Jurnalistlar ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutishsa-da, Toqayev 2022-yil tugul, 2023-yilni ham katta matbuot anjumanisiz yakunladi.

"Vaqtni behuda sarflash"

Qirg‘iziston prezidentlari bulturga qadar yil yakunlari bo‘yicha muntazam ravishda matbuot anjumanlari o‘tkazib kelganlar. Biroq oltinchi prezident Sadir Japarovga kelib an’ana buzildi.

O‘tgan yilning 18-dekabr kuni prezident Japarov mahalliy “Kabar” agentligiga bergan intervyusida kengaytirilgan matbuot anjumani o‘tkazilmasligi sababini tushuntirdi. “Matbuot anjumani Xalq qurultoyidan ham kattaroq bo‘la olarmidi?” deya muxbirning savoliga ritorik savol bilan javob berdi u va ketidan, matbuot anjumanlarida “qing‘ir savollar beradigan” jurnalistlardan zorlandi.

“Ular hammasi shunaqa demoqchi emasman. O‘z ishini yaxshi biladigan jurnalistlarimiz ko‘p. Lekin shundaylar borki, matbuot anjumani chog‘ida nuqul biron tor sohaga doir savollar berishadi, davlatimiz kelajagi, uning taraqqiyoti, iqtisodiyot va hududiy muammolar haqida deyarli og‘iz ochishmaydi. Matbuot anjumanlarining yarmi tasdiqlanmagan ma’lumotlarni muhokama qilish bilan o‘tadi. Men o‘zim ham, avvalgi rahbarlar kabi, boshida jurnalistlar bilan matbuot anjumanlari o‘tkazar va tasdiqlanmagan ma’lumotlar ustida soatlab tortishib, vaqtimni behuda ketkazardim”, dedi prezident Japarov.

Qirg‘iziston rahbariga ko‘ra, endi OAVlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘rniga Xalq qurultoyi bo‘ladi. Ammo Xalq qurultoyi mazmunan matbuot anjumanidan farqli. 15-dekabrda bo‘lib o‘tgan so‘nggi qurultoyda prezident xalq oldida hisob bergani yo‘q, balki delegatlar prezidentga iltimos va shikoyatlar bilan murojaat qilishdi.

Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishish mumkin.

XS
SM
MD
LG