Линклар

Шошилинч хабар
15 октябр 2024, Тошкент вақти: 01:14

Saylov arafasida o‘zbek OAVlariga bosim kuchaydi - jurnalistlar


YouTube'dagi Vatandosh TV kanalining “Nuqtalar” loyihasi tayyorlagan ko‘rsatuv bir necha soat o‘tib tarmoqlardan olib qo‘yilgan.
YouTube'dagi Vatandosh TV kanalining “Nuqtalar” loyihasi tayyorlagan ko‘rsatuv bir necha soat o‘tib tarmoqlardan olib qo‘yilgan.

27-avgust kuni Qalampir.uz nashrida e’lon qilingan O‘zbekistonning Parij olimpiadasidagi ishtirokiga doir jurnalistik surishtiruv tafsilotlari aks etgan material olib tashlandi.

Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan hukumat qarori, mazkur hujjat orqali davlat byudjeti mablag‘larining sarflanishi, qarori ijrosi doirasidagi korrupsiya va nepotizm ochiqlangan video nashr sayti va uning YouTube'dagi kanalida bir necha soat turdi, xolos.

Mazkur jurnalistik surishtiruvda Parij olimpiadasi bo‘yicha tashkiliy qo‘mita vakillarining budjet mablag‘lari hisobiga Fransiya poytaxtiga safar qilgani, muhtasham mehmonxonalarda yashagani haqida so‘z boradi.

Ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan tahririyat xodimiga ko‘ra, material O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi e’tirozidan so‘ng tarmoqdan olib tashlangan.

Блогерлар “ови” давом этмоқда
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:14 0:00

Qalampir.uz jurnalistining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda mustaqillik bayrami va parlament saylovlariga tayyorgarlik arafasida "ko‘ngilni xira qiluvchi negativ materiallar" e’lon qilmaslik tavsiya etilgan.

Shuningdek, Gazeta.uz sayti ham O‘zbekistonning olimpiadadagi ishtirokiga doir surishtiruvini ham bir necha soatdan so‘ng olib tashlagan.

Chop etilib, ko‘p o‘tmay o‘chirilgan maqolada Parij Olimpiadasidagi har bir medal o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar zimmasiga 4,1 million dollarga tushgani, bu mablag‘ga sovrindorlarga berilgan mukofotlar qiymati ham qo‘shib hisoblansa, yana-da ortib ketishi ta’kidlangan.

Tahririyat xodimiga ko‘ra, bu maqola keyingi bir necha kunda o‘chirtirilgan o‘nlab maqolalardan biri, xolos.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining 2023-yildagi xarajatlariga to‘xtalgan Anhor.uz nashri ham o‘zining saylovoldi jarayonlariga bag‘ishlangan tahliliy maqolasini saytdan o‘chirgan.

Maqolada 2023-yil may oyidagi referendumdan so‘ng “muddatsiz ta’til”ga chiqib ketgan Markaziy saylov komissiyasiga byudjetdan ajratilgan mablag‘lar haqida so‘z boradi.

Jurnalist Ilyos Safarovning “Nuqtalar” loyihasi siyosiy tahlilchilar bilan o‘tkazgan suhbati “O‘ziga ishongan hukumati bor mamlakatdagina kuchli parlament yoqlanadi” deb nomlagan.

Ko‘rsatuv anonsida: “Bugun 26-avgust, dushanba. Yana ikki oydan keyin O‘zbekistonda parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. MSK O‘zbekistondagi 5 ta siyosiy partiyaga saylovlarda qatnashish uchun ruxsat bergan.

Алламжонов пайдо бўлди ва "дезинформация"дан огоҳлантирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:08 0:00

Mahalliy OAVlar kutilayotgan saylov, unda siyosiy partiyalarning ishtiroki, ular ilgari surayotgan g‘oya va tashabbuslarga oid materiallarni e’lon qilishni boshlagan. YouTube'dagi Vatandosh TV kanalining “Nuqtalar” loyihasi mavzuga chuqurroq yondashib, O‘zbekistonda parlamentarizm, uning fundamental muammolari hamda saylovchilarning saylov va parlamentga ishonch, ishonchsizligi masalalarini tahlil qilgan edi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov, sotsiolog Dilsora Fozilova va jurnalist Sardor Salim qatnashgan ko‘rsatuv YouTube kanalida e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib olib tashlandi.

Mazkur hodisani izohlagan jurnalist Ilyos Safarov o‘zining telegram-kanalida “Avvallari tahririyat va jurnalistlar bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlardi. Maqolalar turli organ va shaxslar tomonidan o‘chirtirilganda bu haqda bong urilardi. Afsuski, bugun bu birdamlik to‘liq tugab bitdi. Hech kim bir-biri uchun jon kuydirgisi, uning bo‘g‘ilgan ovozi himoyasi yo‘lida birlashgisi kelmaydi”, degan post qoldirdi.

Ilyos Safarovga ko‘ra, O‘zbekistondagi OAV milliy kontent yaratish, xorijdagi buzg‘unchi va qora kuchlarga javob ko‘rsatuvlar tayyorlash bilan mashg‘ul.

Сайлов-2024: "Янгича", аммо мухолифатсиз сайлов
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:25:45 0:00

“So‘z erkinligi inqirozga yuz tutgan davlat”

Oldinroq Hyuman Rayts Uotch tashkiloti O‘zbekistonda faollar, blogerlar va hukumat tanqidchilarini ta’qib qilish holatlari ko‘payib borayotganiga e’tibor qaratgandi.

HRW'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Rittmanga ko‘ra, 2016-yilda prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin ko‘p o‘tmay siyosiy motivlar sabab qamalgan huquq himoyachilari va jurnalistlar ozodlikka chiqdi. Go‘yo «yangi» O‘zbekiston paydo bo‘layotgandek tasavvur uyg‘ondi. O‘zbekiston Islom Karimov davridagidan ko‘ra hamkorlikka, investitsiyalarga hamda islohotlarga ochiq mamlakatdek ko‘rina boshladi.

Ammo bu qisqa davr ortda qoldi va yana eski odatlar yana bo‘y ko‘rsata boshladi.

2023-yilning mart oyida 40 nafar jurnalist va blogerlar o‘zlari duch kelgan senzura va ta’qiblardan xavotir bildirib Mirziyoyevga maktub yo‘llagan edi. Yana bir qancha jurnalistlar esa faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi. Prezidentni ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilgani uchun qamoqqa olinganlar soni sezilarli darajada oshdi. Bu modda Jinoyat kodeksiga 2020-yilda kiritilgan va besh yillik qamoq jazosini o‘z ichiga oladi.

“Chegara bilmas muxbirlar” (RSF) xalqaro tashkilotining Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan shu yil may oyida e’lon qilingan hisobotida O‘zbekistonda matbuot erkinligi o‘tgan bir yil ichida 11 ta pozitsiyaga yomonlashib, 137-o‘rindan 148-o‘ringa tushib qolgani qayd etilgandi.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan Article 19 huquqbonlik tashkiloti esa O‘zbekistonni jahondagi 161 ta davlat ichida 132-o‘ringa qo‘ygan.

Tashkilotga ko‘ra, O‘zbekiston hali-hamon “so‘z erkinligi inqirozga yuz tutgan” mamlakatlar qatorida turibdi.

XS
SM
MD
LG