Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:51

“Sen bilan ajrashgandan seni o‘ldirganim afzal”. Rossiyadagi maishiy zo‘ravonlik


Maishiy zo‘ravonlik – Rossiya jamiyatida ham og‘riqli muammolardan biridir. Bunday zo‘ravonlikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni yoqlab qariyb bir million odam petitsiyaga imzo chekkan bo‘lsa-da, u hanuz qabul qilingani yo‘q. Toki jabrdiydalarda qo‘riqlash orderiga o‘xshash himoya vositasi bo‘lmas ekan, zo‘ravonlar qo‘liga erk beraveradi. Chunki politsiya “oilaviy janjal” er-xotindan birining o‘limi bilan tugagan hollardagina jinoyat ishi ochishga haqli. Tizim buzuqligi sababli tajovuzkor erni tashlab ketishga va javobgarlikka tortishga harakat qiluvchi ayollar anqoning urug‘i. “Sever.Realii” muxbiri shunday ayollardan biri bilan suhbatlashdi. Shuningdek, ayollar huquqlarini himoya qiluvchi jamoat tashkilotlarining muammo yuzasidan fikrlarini o‘rgandi.

Tatyana Mityushkina yaqindagina miya chayqalishi va ko‘plab tan jarohatlaridan davolanib chiqqan. Eri do‘pposlagani ortidan bir hafta kasalxonada yotgan.

“Oxirgi marta urganida qo‘limdagi uch litrli banka yerga tushib sindi. Shunda u meni poldagi shisha siniqlari ustiga bosib uraketdi. Tomog‘imdan bo‘g‘arkan: “O‘ldiraman seni!” deb baqirardi. Oson qutuldim, tasodifan omon qoldim”, deydi ayol.

Tatyana Mityushkina
Tatyana Mityushkina

Qo‘shnilar chaqirig‘i bilan yetib kelgan politsiya Pavelni “loaqal ikki soatga” olib ketish uchun ham asos topa olmagan.

“Politsiya bilan izma-iz kelgan tibbiy tez yordam shifokori yara-jarohatlarga malham qo‘ydi. Ular ketgach hammasi qayta boshlandi”, davom etadi Tatyana.

Er-xotin 27 yildan beri birga. Ikki qizlari bor. Tatyana erining zug‘umlariga juda uzoq toqat qilgani uchun o‘zini aybdor sanaydi. Ayni chog‘da o‘rtada yosh farzandlari borligi hamisha oyog‘iga tushov bo‘lganini aytadi. Ammo so‘nggi yillarda sabr kosasi to‘lib, ajrashishga qat’iy qaror qilgan va muddaosini Pavelga ochiq so‘zlagan.

“Sen bilan ajrashguncha, o‘ldirib qo‘yaqolganim yaxshi”, der edi har safar u. Hozir ham, meni uydan ketishga majbur qiladi‑yu, lekin ajrashishga tish-tirnog‘i bilan qarshi – o‘rtada mol-mulk bor-da axir, bo‘linadigan narsalarimiz oz emas”, deydi ayol.

Tatyananing aytishicha, u yillar bo‘yi eridan shafqatsiz muomala ko‘radi. Faqat oxirgi olti oy davomida u politsiyaga kamida o‘n marta arz qilgan, lekin hech qachon ulardan yetarlicha e’tibor ko‘rmagan. Ba’zi hollarda hatto uning o‘zini aybdor qilishga urinishgan, go‘yoki kaltak yegani haqida yolg‘on xabar bergani uchun poligrafda tekshirish bilan dag‘dag‘a qilishgan!

“Politsiyamizning maishiy zo‘ravonlik profilaktikasi jabrdiyda bilan zo‘ravondan tushuntirish olishdan iborat xolos, – deydi Tatyana kuyunib. – Har hafta borib yalinaman: Chora ko‘ringlar, axir!.. Kelishadi, erimdan tushuntirish xati olishadi. Tamom! Zo‘ravonga chora ko‘rish yo‘q, shuning uchun ham u battar tajovuzkor bo‘lib boryapti. Fevralda ham urib, butun a’zoi badanimni momataloq qilib tashlagandi. Politsiya erimga qarshi ma’muriy ish ochishga va’da berdi, lekin so‘zida turmadi. Xususiy-ommaviy tartibda jinoiy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ariza yozib, sud orqali ish ochdirishga erishdim, ammo hali erim javobgarlikka tortilgani yo‘q. Politsiya hatto zarur hujjatlarni hanuz sudga yubormagan!”

Xususiy-ommaviy ayblovda maishiy zo‘ravonlik jabrdiydasi davlatning yordamiga umid qila olmaydi: sud-tibbiy tekshiruvi, sudga ariza tayyorlash kabi protsessual ishlarni bajarish uchun advokatlar va boshqa mutaxassislarga u o‘z yonidan haq to‘lashi lozim.

Tatyana ayniqsa farzandlaridan xavotirda ekanini, chunonchi, 12 yoshli qizining ruhiy muvozanati buzilganini aytadi. Unga ko‘ra, qizaloq ota-onasining mojarosida otasi tarafini olib, so‘nggi paytlarda Tatyanaga qo‘pollik qila boshlagan, hatto qo‘l ko‘tarishgacha borgan!

“Hozir bor fikr‑xayolim qizim bilan munosabatimizni yo‘lga solish, axir u jigarimning bir parchasi-ku, – deydi ayol. – Uyimda telba yashayapti. Men uni jinoiy javobgarlikka tortib, otalik huquqini cheklatmoqchiman. U ham yotib qolguncha otib qolmoqchi: meni jinniga chiqarishga harakat qilyapti. Bizda maishiy zo‘ravonlikni o‘z vaqtida bartaraf etadigan tizim yo‘q. Politsiyaning loqaydligi, kerak bo‘lsa, arz-dod kamaysin uchun sening o‘zingdan kir qidirishi asablarimni junbushga keltiradi. Ularning reaksiyasi erimning qo‘l-oyog‘iga kuch bermoqda. Jazolanmasligini ko‘rib-bilib turgan zo‘ravon aslo tiyilmaydi. Bizning davlat maishiy muammoga qarshi kurashmoqchi emas. Aksincha, tupurgani bor! Zo‘ravonlik bizning milliy g‘oyamizga aylangan!”

Tatyana ajrashishga va mol-mulkni bo‘lishga ariza bergach, sud qaror chiqargan va bu qaror 1 - iyundan kuchga kirishi kerak. Pavel esa o‘z navbatida, yarashish uchun muhlat so‘rab iltimosnoma yozibdi.

“U shunchaki vaqtni cho‘zyapti. Niyati – meni ruhiy xastalar kasalxonasiga yotqizish. Sudning ajrim qarori ustidan yuqori mahkamaga shikoyat yozsa ham ajablanmayman”, deydi Tatyana.

“Hammasi davriy”

2017 - yilda Rossiyada oiladagi kaltaklash holatlari jinoyat tasnifidan chiqarilgan edi. O‘shandan beri maishiy zo‘ravonlik sezilarli darajada o‘sdi. Har yili juftining jismoniy tazyiqidan 16.5 million nafardan ortiq ayol aziyat chekadi.

Ayollarning “Sen yolg‘iz emassan” o‘zaro yordam tarmog‘iga ko‘ra, bugungi kunda davlat qurbondan ko‘ra zo‘ravonni ko‘proq muhofaza qiladi, chunonchi, ularga bepul advokat beradi, jabrdiydalar esa avvalo zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganini isbotlab berishlari lozim.

Jabrdiydalarning hammasi ham o‘z ahvoli haqida ochiq gapira olmaydi. Tatyana kabi, tajovuzkorni qamashga jazm qila oladigan jasur ayollar juda kam.

Afsuski, erining “endi o‘zgardim, endi urmayman” degan gapiga uchib, uning yoniga qaytadiganlar ko‘p uchraydi. “Biz oiladagi zo‘ravonlikka qarshimiz” jamoat tashkiloti rahbari Yelena Zeleninaga ko‘ra, 80 foiz holatlarda ayol zo‘ravon eri yoniga qaytadi.

“Shunaqa paytlarda xafa bo‘lib ketaman. Ayolni, bolalarini o‘ylab katta ishni bajaramiz. Ba’zan og‘ir ahvoldagi ayollar uchun xayriya aksiyalari uyushtiramiz. So‘ng qayerga eltib beraylik deb so‘rash uchun qo‘ng‘iroq qilsak, “Uyga keltirib bera qolinglar, men erimnikidaman. Yarashdik, unga imkoniyat berdim”, degan javob bo‘ladi. E’tiroz bildirmoqchi bo‘lsam, og‘zimga urishadi: “Siz nimani ham tushunardingiz, biz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz. Ishingiz tufayli bizga boshqa ko‘z bilan qaray olmaysiz, xuddi robotga o‘xshab qolgansiz!” Bo‘shashib, go‘shakni qo‘yaman. Ammo bilamanki, bir oy, ikki oy o‘tib u qo‘ng‘iroq qiladi. Bu aniq. Hammasi qayta boshdan takrorlanadi. Vaqti kelib, menga politsiyadan xabar qilishadi: “Eridan kaltak yegan bir xonim sizni so‘rayapti...” Borsam, ko‘karib ketgan tanish angorni ko‘raman. “Aytganingiz bo‘ldi, yana urdi. Kelib, ariza berdim”, deydi yer suzib...”, hikoya qiladi Zelenina.

Yelena Zelenina
Yelena Zelenina

U jamoatchilik ishini tashlab ketishga uch marta urinib ko‘rganini va, garchi butun jismoniy va ruhiy quvvatini “so‘rib olayotganiga” qaramay, har gal qaroridan qaytganini aytadi. O‘z ta’biricha, “zolim eri yoniga qaytib bormaydigan 20 foiz unga umid beradi”.

“Ishim og‘ir. Goho menga ham bo‘ladi tahdidlar. “Nima balo, joningdan to‘yganmisan”, deyishadi. Ammo biz nima uchun kurashayotganimizni yaxshi bilamiz. Zo‘ravondan xalos bo‘lib, yangi turmushida baxtini topgan ayollarni ko‘rsam, barcha dilxiraliklarni unutaman”, deydi mazlumalar himoyachisi.

“Jarima to‘lab, yana kelaman”

Jabrdiyda zo‘ravon yoniga qaytishga majbur bo‘lishining o‘rtadagi umumiy rishtalardan boshqa sababi ham bor. Erni butkul tashlab ketish ba’zan ayol uchun o‘lim hukmi bo‘lishi mumkin...

O‘tgan yili noyabrda Neman tumanida (Kaliningrad) bir erkak birga yashaydigan ayolini do‘konda so‘yib tashladi. 13 yeridan pichoq yegan ayol o‘sha yerning o‘zida o‘lgan. Erkak muttasil do‘pposlasa-da, u bir marta ham politsiyaga arz qilmagan ekan. Marhuma atigi 21 yoshda bo‘lgan.

Yana bir erkak kuppa-kunduzi, ko‘chada avval sobiq xotinini, keyin o‘zini otib o‘ldirgan. Ular ajrashishganiga qaramay erkak zug‘umini davom ettirgan, bir necha marta tahdid qilgan. Ayol ariza ustiga ariza yozsa-da, politsiya chora ko‘rmagan.

Bunaqa holatlar har qadamda uchraydi.

Yana bir ayolni sobiq eri uch yildan buyon ta’qib qiladi. Uyiga kelib pichoq o‘qtalar, urar, dag‘dag‘a qilar va eshik-derazalarini sindirib ketarkan.

Kunlarning birida qahvaxonada bolalari va dugonasi bilan o‘tirganida ko‘rib qolib, o‘lasi qilib kaltaklagan. Ayol bir talay jarohat va miya chayqalishi bilan kasalxonada yotqizilgan. Uning politsiyaga bergan o‘nlab arizasi natijasiz qolmoqda. O‘sha voqeadan keyin ham qahvaxonaga politsiya kelgan, lekin jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan bosh tortgan ekan.

Hozirgi sharoitda politsiya nari borsa RF JKning 119-moddasi (“O‘ldirish bilan tahdid qilish”) bo‘yicha ish ochishi mumkin, lekin bunaqasi kam uchraydi.

“Qo‘llaridan nimayam kelardi, juda bo‘lmasa 500 rubl jarima solishar. To‘layman‑u yoningga qaytaman”, der ekan yuqorida eslaganimiz zo‘ravon erkak.

Change.org saytidagi petitsiyada 920 ming kishi ma’qullagan, maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun loyihasida zo‘ravonlik qurbonlarini himoyaga olish, jumladan, ularga qo‘riqlash orderlari berish nazarda tutilgan. Zo‘ravon GPS-treker taqib yurishga majbur qilinadi va, agar u qonun belgilagan chegaradan o‘tsa, qurilma politsiyaga xabar jo‘natadi.

“Maishiy zo‘ravonlik haqida qonun 156 mamlakatda allaqachon qabul qilingan. Umid qilardikki, Rossiya amaldorlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralari ham bu muammoga tuzukroq e’tibor bersalar. Shunda qurbonlar, shu jumladan, jabrdiyda bolalar ancha kamaygan bo‘lur edi”, deya orzu qiladi Zelenina.

XS
SM
MD
LG