Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:08

"Sizga mumkin, bizga mumkin emasmi?" Japarov AQSHni Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirdi


AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov. Kollaj
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov. Kollaj

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenni Qirg‘izistonning ichki ishlariga aralashishdan tiyilishga chaqirdi. Bu haqda Japarovning Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat mahkamasi rahbariga yo‘llagan javob xatida so‘z boradi.

Blinken oldinroq Qirg‘iziston rahbariga yo‘llagan maktubida Rossiyadagi qonun andozasi bo‘yicha hozirlangan va Qirg‘iziston parlamenti tomonidan ko‘rib chiqilayotgan “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan xavotir izhor qilgan.

AQSH Davlat kotibiga ko‘ra, mazkur hujjat Qirg‘izstondagi notijorat tashkilotlari, xususan siyosiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan jurnalistlar va NHTlar ishini keskin murakkablashtirib yuborishi mumkin.

Japarov o‘z javobida Blinkenning maktubida Qirg‘izistonning “ichki ishlariga aralashish alomatlari borligi"ni aytgan.

Hujjat uning matbuot kotibi Askat Alagozov tomonidan yoyinlangan.

Japarov o‘z xatida, jumladan Qirg‘izistoning “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi kontseptsiyasi AQSHda FARA qonuni o‘laroq bilingan va 1938-yilda qabul qilingan xorijiy agentlarni ro‘yxatga olishga oid amaldagi qonun konsepsiyasiga yaqin ekanini qayd etgan. Kreml ham Rossiyada xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish chog‘ida xuddi shu qonunni misol o‘laroq keltirgandi - vaholanki, Rossiya qonuni FARA qonunidan tubdan farq qiladi.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, FARA qonunida xorijiy agent maqomi faqat OAV uchungina emas, balki boshqa yuridik va jismoniy shaxslar uchun ham ko‘zda tutilgan. Bu qonunning buzilishi - ro‘yxatdan o‘tishdan kechikkanlik yoki undan bosh tortganlik uchun faqat ma’muriygina emas, jinoiy javobgarlikka ham tortilish mumkin. Shu o‘rinda shunday savol yuzaga kelmay qolmaydi: nima uchun sizga mumkin-u, bizga mumkin emas?” deyilgan Japarovning xatida.

Qirg‘iziston prezidenti mamlakat rasmiylari NHT va OAVlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlayotgani, “shu jumladan xorijiy hamkorlardan moliya olib, ular bilan uzoq yillardan buyon birga ishlayotganlarni ham” dastaklayotganini urg‘ulagan. U bu kabi tashkilotlardan asosiy talab qonunga rioya qilish va o‘z faoliyati shaffofligini ta’minlash ekanini qo‘shimcha qilgan.

“Қандай ҳукуматга эга бўлиш-ўзбек халқининг иши”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:47 0:00

Ayni paytda Qirg‘iziston prezidenti “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishdan maqsad siyosiy ekanini yashirgan emas.

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Qirg‘iziston prezidentiga 2024-yil 17-yanvar sanasi bilan xat yo‘llagani haqida 7-fevralga kelib ma’lum bo‘lgan edi.

Blinkengacha “xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan boshqa xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT, Yevropa Ittifoqi va Human Rights Watch inson huquqlari xalqaro tashkiloti ham xavotir izhor qilishgan. Bu qonun loyihasini qabul qilmaslik chaqirig‘i bilan qirg‘iz rasmiylariga murojaat qilganlar orasida BMTning uch nafar maxsus ma’ruzachisi va BMTning inson huquqlari boshqarmasining rasmiysi ham bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG