Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:45

“5600 so‘mlik g‘avg‘o” va yo‘qolib qolgan iste’mol savatchasi


Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov 5 noyabr kuni Toshkentda maxsus matbuot anjumani o‘tkazib, mahalliy matbuotga bergan videointervyusida nega "2020 -yilda O‘zbekistonda kuniga 5,600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas”, deganini izohlashga urindi.

Davlat mulozimi anjumanda “global kambag‘allik o‘lchovlari va milliy kambag‘allik o‘lchovlari” haqida gapirdi.

Tahlilchilar prezident iqtisodchisining bayonoti munosabati bilan O‘zbekistonda hanuz "iste’mol savatchasi" me’yori joriy etilmaganiga e’tibor qaratishmoqda.

Qariyb uch yil avval prezident Mirziyoyev “aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan” daromadlarni aniqlash uchun “iste’mol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash zarurligi haqida gapirgandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov 5 - noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) o‘tkazilgan matbuot anjumanida o‘zining ikki kun oldingi "2020 - yilda O‘zbekistonda kuniga 5,600 so‘m ishlab topgan odam kambag‘al emas”, degan bayonotini izohlar ekan, kambag‘allikning o‘lchovlari haqida gapirdi.

Kambag‘allikning ikki turi?

Obid Hakimovning aytishicha, “global kambag‘allik o‘lchovlari va milliy kambag‘allik o‘lchovlari (bor). Global kambag‘allik o‘lchovlarini o‘z mandatiga ko‘ra, Jahon Banki belgilaydi. Jahon Banki past o‘rta daromadli mamlakatlar daromadi o‘sishidan kelib chiqqan holda, global kambag‘allik chegarasini 3,2 AQSh dollari miqdorida belgilagan. Agar mamlakat yuqori o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kiradigan bo‘lsa, u mamlakat kambag‘allik chegarasini 5,5 AQSh dollari miqdorida belgilagan”.

Mulozim kalkulyatori

Prezident ma’muriyati mulozimi Jahon banki belgilagan 3,2 AQSh dollarini qanday qilib 5600 so‘mga o‘girganini mana bunday izohladi:

“3,2 dollar qanday qilib 5600 so‘mga o‘tkazildi, degan gapga keladigan bo‘lsak, o‘sha yerda to‘lov qobiliyati pariteti bo‘yicha deb aniq qilib aytdik. To‘lov qobiliyati pariteti bo‘yicha 3,2 dollar qiymatdagi mahsulotlar, masalan AQShda bu qiymatga nima mahsulotlar ola olasiz, shu pulning qancha kuchi bor? Shu mahsulotlarni O‘zbekistonda qanchaga olsa bo‘ladi? Mana shu paritet koeffitsienti bo‘yicha hisoblanadi. U nominal bo‘yicha hisoblanmaydi”.

Obid Hakimov o‘z fikriga argument sifatida Amerikada bir dona non 2 dollar turishini, O‘zbekistonda esa, bir dona non 20 sent turishini aytadi.

Nonushtaga bitta non, tushlikka bitta non, kechkiga - yo‘q

O‘zbekistonlik iqtisodchi, “Savdo birlashmasi markazi” MChJ bosh direktori Kushodbek Usmonov Ozodlik bilan suhbatda Obid Hakimovning 5 - noyabr kuni aytganlarining ba’zi nuqtalarini sharhladi.

Сервер хатоси

Бу ердаги файл (ҳужжат)ни ҳозирча фақат сайтимизда кўришингиз мумкин.

Бошқа жойдан топишга уриниб кўриш учун юқоридаги Search (Қидириш) тугмасини босинг

Mustaqil iqtisodchi davlat mulozimining O‘zbekistondagi narxlarni AQShdagi narxlarga qiyoslaganiga e’tibor qaratar ekan, nega u ayni paytda Amerikadagi o‘rtacha ish haqini O‘zbekistondagi ish haqiga qiyoslamaydi, deydi.

Usmonov mulozim tilga olgan non masalasida davlat rasmiysi bilan g‘oyibona bahsga kirishib, bunday dedi:

Hurmatli direktor Obid Hakimov! Tassavur etamiz: kuniga 5600 so‘mgina topaman. Oddiy non bozorda yoki novvoyda 2500 so‘m, 2 ta non oldim, qolgan 600 so‘mga hech nima bermaydi! 600 so‘m Sizga sovg‘a! Men kuniga 3 ta non yeyman! Bir mahalimga non yo‘q-ku?! Fikringizcha, men kambag‘al emasman. Kechki ovqatga boshqa yegulik u yoqda tursin, nonim ham yo‘q-ku?! Xotinim, bolalarim-chi? Ular ochdan o‘lib ketaversinmi?!

Tuxumning shakli Shvetsiyada ham, O‘zbekistonda ham bir xil. Narxi ham

Obid Hakimovning bayonotlarini chet elda yashayotgan o‘zbekistonliklar ham ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilmoqda. Ular o‘zlari yashab turgan mamlakatdagi narxlarni O‘zbekistondagi narxlarga qiyoslashni taklif qilishadi.

Сервер хатоси

Бу ердаги файл (ҳужжат)ни ҳозирча фақат сайтимизда кўришингиз мумкин.

Бошқа жойдан топишга уриниб кўриш учун юқоридаги Search (Қидириш) тугмасини босинг

Bir necha yildan beri oilasi bilan Shvetsiyada yashayotgan buxorolik 42 yashar Sh.R. 5 - noyabrda Ozodlik bilan mana bu ma’lumotni o‘rtoqlashdi:

“Shvetsiyada 1 kg go‘sht 50 kron, ya‘ni 5 yevro; non 0.80 yevrotsent; tuxum 10 donasi 1 yevro; bir oyda 2600 yevro oylik olaman 100 yevroni oziq- ovqatu internetimga ishlataman. O‘zbekistonga, ota-onamga har oy 1000 dollar jo‘nataman.

Bu ma’lumotlarni O‘zbekiston Davlat ctatistikasi qo‘mitasining 3 - noyabr kuni qayd etgan narxlarga qiyoslashingiz mumkin:

suyakli mol go‘shti 45 000 so‘mdan 60 000 so‘mgacha (kg);

qo‘y go‘shti 48 000 so‘mdan 75 000 so‘mgacha (kg);

tuxum 7 000 so‘mdan 15 000 so‘mgacha (10 dona).

Markaziy bank 27 oktyabrda 1 AQSh dollarini 10 ming 366 so‘m 86 tiyin qilib belgilagan.

Kambag‘allik chegarasi izlanmoqda yoki "yo‘qolib qolgan" savatcha

Obid Hakimovning 5 - noyabrdagi matbuot anjumanida aytishicha, Prezident Administratsiyasi huzuridagi u boshqarayotgan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining“ asosiy maqsadi – O‘zbekistondagi milliy kambag‘allik chegarasini ishlab chiqish”dir. Obidovga ko‘ra, bu chegarani ishlab chiqish uchun hozir tadqiqotlar olib borilmoqda.

Vaholanki, mamlakat prezidenti “kambag‘allik chegarasini ishlab chiqish”ning boshqa mexanizmi – “iste’mol savatchasi” tushunchasini kiritishni taklif qilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 - yilning dekabrida Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida bunday degan:

“Biz ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha “iste’mol savatchasi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta’minlash mexanizmlarini yaratishimiz lozim”.

Shundan so‘ng O‘zbekistonda «iste’mol savatchasi» va «yashash minimumi» tushunchasi joriy etiladigan, shuningdek, ularni hisoblash mezonlari aniqlashtiriladigan bo‘lgan, bu choralar 2018 - yilgi Davlat dasturida nazarda tutilib, bu tashabbusni 1 - iyulga qadar amalga oshirish rejalashtirilgan edi.

Iqtisodiyot vazirligi tomonidan O‘zbekistonda iste’mol savatchasining minimal miqdori va yashash minimumini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi loyiha qilingan. Biroq 5 - noyabr holatiga Me’yoriy-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalining o‘sha loyiha e’lon qilingan sahifasida hech narsa yo‘q.

Iste’mol savatchasi masalasi oradan qariyb 3 yil o‘tib, joriy yilning 3 - iyunida prezident Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida yana ko‘tarildi. Yig‘ilishda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1 - oktabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste’mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Natija nima bo‘lgani Ozodlikka ma’lum emas.

Сервер хатоси

Бу ердаги файл (ҳужжат)ни ҳозирча фақат сайтимизда кўришингиз мумкин.

Бошқа жойдан топишга уриниб кўриш учун юқоридаги Search (Қидириш) тугмасини босинг

Nima uchun iste’mol savatchasi masalasi bu qadar cho‘zilmoqda?

“Savdo birlashmasi markazi” MChJ bosh direktori Kushodbek Usmonovning bu borada o‘z fikri bor.

“Iste’mol savatchasi haqida qonun qabul qilsa, davlat aholining ijtimoiy himoyasi uchun katta mablag‘ ajratishiga to‘g‘ri keladi. Pandemiya davrida aholiga pul ajratmagan davlat, bunday katta mablag‘ni ajratadimi?...”

Kushodbek Usmonovning fikricha, kambag‘allik va unga qarshi kurash haqidagi gaplar shunchaki, "populistik bayonotlar".

"Obid Hakimovning aytganlari ham o‘sha bayonotlar qatoridagi gap – issig‘i ham, sovug‘i ham yo‘q", - deydi mustaqil iqtisodchi va tadbirkor.

XS
SM
MD
LG