Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:32

"So‘z erkinligi ustidan o‘qilgan hukm" – tarmoqlar bloger Olimjon Haydarovning sudi haqida


Sud Olimjon Haydarovning (o‘ngda) ijtimoiy tarmoqlardagi barcha kanal va sahifalarini yopish haqida ajrim chiqargan.
Sud Olimjon Haydarovning (o‘ngda) ijtimoiy tarmoqlardagi barcha kanal va sahifalarini yopish haqida ajrim chiqargan.

So‘nggi kunlarda jamoat faollari sudni Olimjon Haydarovga nisbatan odil hukm chiqarishga undab kelayotgan edi. Xususan, virtual olamda #FreeOlimjonHaydarov heshtegi ostida blogerni zudlik bilan ozodlikka chiqarish talab ilgari surildi.

Shunga ko‘ra blogerning uzoq muddatga “kesilishi” mamlakatda so‘z erkinligidan keskin ortga chekinish sifatida baholanmoqda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Farg‘onada o‘qilgan hukm “O‘zbekistonda so‘z erkinligi va davlat institutlarining tanqidga toqatliligi ustidan ham hukm” ekanini urg‘ulagan.

“Ramziy voqea. Abdulla Qodiriy O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan bugun rasman oqlanibdi. Olimjon Haydarov esa 8 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu – 2031- yilning oxiri ozodlikka chiqadi degani. Qo‘rqinchli hukm! Demak, sudning maqsadi jamoatchilikni qo‘rqitish bo‘lgan va bunga erishildi”, deb yozdi Rabbimov.

“3 oy hibs, 1 oy sud va 8 yil qamoq = Yangi O‘zbekiston zulmi”, deya munosabat bildirgan ushbu hukmga bloger Musannif Adham.

“Masalan, men bitta material uchun tahririyat bo‘yniga salkam 4 milliard so‘m ilishdan uyalmaydigan vijdonsiz sudyalardan adolat kutmayman. Sharafsizlar! Dunyo dunyo bo‘lib bunaqa ahmoqgarchilikni ko‘rmagan!” deya e’tirozini bayon qilgan jurnalist Muslim Mirzajonov.

Siyosatshunos Hamid Sodiq fikricha, Olimjon va u singari faollar ishonch deb nomlangan murakkab qadriyatni tamsil etadi.

“Unga adolatsizlik qilinishi bugun davlat uchun o‘ta muhim bo‘lgan ishonchdan mahrum etadi. Ishonchning o‘rni esa kuch ishlatar tizimlar tarmog‘ini kengaytirish orqali qoplanadi. Bu esa vaziyatni yanada chigallashtiradi”, – deydi Hamid Sodiq.

“Ziyouz” portali asoschisi Davronbek Tojialiyev hukmga atoqli shoir Omon Matjonning ushbu satrlari orqali munosabat bildirgan:

Har yerda hokim haq, arboblar g‘olib,
Qonun shularniki, shularda qolip,
Eng katta aybdor bir yoqda qolib,
Jazoni boshqalar o‘tashga tushdi...

Bloger Asliddin Kamol esa Olimjon Haydarov keysini mamlakatda katta shov-shuv va kuchli e’tiroz uyg‘otgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining adliya mulozimlari tomonidan zo‘rlanishi hodisasi bilan muqoyasa qildi.

“Ehh, Olimjon! Xalqning dardini ko‘targuncha, yetim qizlarni zo‘rlasang bo‘lmasmidi! Mirziyoyevning ODOLATLI sudi senga rahm qilardi shunda. Zo‘r bo‘lsa uy qamog‘i bilan qutularding. Haqni gapirganing uchun, garchi sudda hech bir ayblovlar isbotlanmagan bo‘lsa-da, Mirziyoyevning odolatli sudi 8 yilga qamavordi ana. Bu Mirziyoyev qurgan Yangi O‘zbekistonda bloger, jurnalist bo‘lguncha, pedofil bo‘lgan afzalroq!” deya kinoyali post qoldirdi u.

Tarmoq faollaridan Hojiakbar Rajab ta’kidicha, garchi O.Haydarovga sud adolatli hukm chiqarmasligi avvaldan aniq bo‘lsa-da, jamoatchilikning qonun ustuvorligini talab qilgani bekor ketmadi.

“Qamalishi aniq edi-ku, jamoatchilik nimani qoyillatdi deyishlari mumkin? 1. Jamoatchilikning sa’y-harakatlari bilan aybning “xaltaligi” ko‘rsatib berildi. 2. Qamatganlar bari tarixda qoldi. Vaqt o‘tib, kuchdan qolib, munkillab qolganda, “Ha, boboy esingdami?!” deyish uchun fakt bo‘lib qoldi”, deydi Hojiakbar Rajab.

Fazliddin Sodiqovning fikricha, blogerni uzoq muddatga qamash orqali rasmiylar “Chegaralar chizildi, uni bosib o‘tganlar mana shunday muddatlar bilan jazolanadi” deya mujda bermoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan 34 yoshli bloger Olimjon Haydarov 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumani sudi raisi Avazbek Ergashev 1-dekabr kuni chiqargan hukmga ko‘ra, blogerning tarmoqlardagi kanal, sahifa va guruhlari ham o‘chiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139- (tuhmat), 140-moddasi (haqorat) va 165-moddalarida (tovlamachilik) nazarda tutilgan jinoyatlarda aybdor deb topilgan sudlanuvchi jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

27-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan tomonlar muzokarasida prokuror Mirzohid Ermatov O.Haydarovni 9 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish va undan “jabrlanuvchilar” foydasiga 50 million so‘m miqdorida moddiy zarar undirishni so‘ragan edi.

XS
SM
MD
LG