Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:46

Sobiq TIV rahbari Komilov mintaqaviy birlikni targ‘ib qilmoqda


O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov (arxiv surati)
O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov (arxiv surati)

"Global ishonch inqirozi chuqurlashgan va qurolli mojarolar keskinlashgan hozirgi pallada Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash mintaqadagi besh davlatning umumiy sa’y-harakatlariga, manfaatlarni birgalikda ilgari surishiga bog‘liq".

Ushbu fikr O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasida 14-avgust kuni yoyinlangan maqolasida qayta-qayta ta’kidlangan.

Maqola muallifi o‘tgan hafta Ostona shahrida tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi maslahat uchrashuvi yakuniga baho berar ekan, mintaqa so‘nggi yillarda integratsiya borasida murakkab yo‘lni bosib o‘tganini qayd etgan.

Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi. Biz chegara hududlaridagi mojarolar va minalangan dalalarga, transport blokadalariga, savdo sohasida baland to‘siqlar o‘rnatilganiga guvoh edik. Suv resurslaridan, yaylovlar va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha tinimsiz tortishuvlarning ochiq qarama-qarshilikka aylanib ketish xavfi bor edi”, deb yozgan Komilov.

Sobiq vazirga ko‘ra, keyingi yillarda Markaziy Osiyoda “jarayonlarni qayta ishga tushirish” jarayoni yuz berdi. Besh davlatning yuqori darajadagi birlashuvi tufayli mintaqada savdo hajmi 4,4 barobar, qo‘shma korxonalar soni 5 barobar, o‘zaro investitsiyalar hajmi qariyb 2 barobar oshdi.

Yangi geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo Buyuk ipak yo‘li davrida mintaqa egallagan o‘rinni – Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi ko‘prik, turli iqtisodiy manfaatlar chorrahasi maqomini yana o‘ziga qaytarmoqda”, deb yozgan muallif.

Tahlilchilar fikricha, dunyo geosiyosatida katta vaznga ega bo‘lgan davlatlar Markaziy Osiyo davlatlariga turli shaklda bosim o‘tkazishga urinadi. Ayniqsa, keyingi yillarda Markaziy Osiyo geosiyosiy raqobat maydoniga aylangani xususida farazlar bor.

Diplomatiya sohasida suyagi qotgan Komilovning maqolasida ushbu hassos masala ko‘tarilgan emas. Ammo muallif “Markaziy Osiyo o‘z subyektligini mustahkamlab, mohiyatan jahon maydonida mustaqil ishtirokchiga aylanib bo‘lgani”ni urg‘ulagan.

Hech kimga sir emaski, yangi Markaziy Osiyo jahondagi qudratli davlatlar va yetakchi davlatlarni o‘ziga tortadigan mintaqaga aylandi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘ndan ziyod “Markaziy Osiyo+” formatlari doirasida qirqqa yaqin davlat va ikkita mintaqaviy tashkilot bilan faol hamkorlik qilmoqda”, deb yozgan u.

O‘zbekiston TIV sobiq rahbari Abdulaziz Komilovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan maqolasidan parcha
O‘zbekiston TIV sobiq rahbari Abdulaziz Komilovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan maqolasidan parcha

Mintaqaga qiziqish ortib borayotganining sof iqtisodiy omillari ham mavjud, albatta.

Markaziy Osiyo hamkorlarimiz uchun 80 milliondan ortiq iste’molchiga ega istiqbolli bozor hisoblanadi. Bu yerda jahon neft va gaz zaxiralarining 7 foizi, raqamli va yashil transformatsiya uchun zarur bo‘lgan o‘ta muhim nodir materiallarning katta zaxiralari to‘plangan. Xususan, mintaqada mavjud 10 turdagi o‘ta muhim materiallar zaxirasi 5,2 foizdan 38,6 foizgacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi”, deya eslatgan diplomat.

Komilov mintaqada muxoliflik, raqobat va tarqoqlik kayfiyatini bartaraf etishda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xizmati katta ekanini ta’kidlab, uni “Yangi Markaziy Osiyoning bosh me’mori” deb atagan. Unga ko‘ra, Mirziyoyev O‘zbekistonning yangi tashqi siyosat doktrinasida “qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo‘lmasligi”ga erishish maqsadini qo‘ydi.

Toshkentning Markaziy Osiyoda siyosiy-diplomatik, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi yondashuvlaridagi o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan davlatlararo munosabatlarini tubdan yaxshilash uchun sharoit yaratdi, balki Markaziy Osiyoning yangi formatda yanada jipslashishi va integratsiyalashuviga zamin bo‘ldi”, deb hisoblaydi muallif.

Maqolada O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani huquqiy rasmiylashtirishni to‘liq yakunlagani, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan chegarani delimitatsiya qilgani muhim yutuqlar sifatida sanalgan.

Muallif mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish uchun siyosiy muloqotni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy yo‘nalishda strategik o‘sish va tub o‘zgarishni amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish, transport-kommunikatsiya salohiyatini ro‘yobga chiqarish, energetika sohasidagi hamkorlik, iqlim o‘zgarishiga moslashish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash kabi yetti vazifaga ham e’tibor qaratgan.

Ma’lumot o‘rnida, 76 yoshli Abdulaziz Komilov tanaffuslar bilan qariyb 20 yil davomida (1994-2003 va 2012-2022-yillar) O‘zbekiston tashqi siyosat mahkamasiga rahbarlik qilgan. 2022-yil 17'mart kuni mamlakat parlamentida rasmiy Toshkent Ukraina hududiy yaxlitligini dastaklashi haqida bergan bayonoti ortidan tashqi ishlar vaziri lavozimidan ozod etilgan. O‘shanda Komilov O‘zbekiston “Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi”, “Donetsk hamda Lugansk xalq respublikalarini tan olmasligi”ni ochiq aytgan edi. Uning vazirlikdan oshig‘ich ravishda bo‘shatilishi sababi rasman ochiqlanmagan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar buni Kremlning Toshkentga bosimi bilan izohlagan edi.

Vazirlikdan ketgan siyosatchi bir muddat Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Abdulaziz Komilov 2022-yil 16- iyunidan O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili vazifasida faoliyat yuritib kelyapti.

XS
SM
MD
LG