Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:38

"Sovuq munosabatlar". Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Turkiya-Isroil aloqalari haqida


Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbuldagi namoyishda.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Istanbuldagi namoyishda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Yaqin Sharqda urush boshlanganidan so‘ng HAMASni (AQSH va YI tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan - tahr.) terrorchilar deb hisoblashdan bosh tortdi, Isroilni “junun holat”dan chiqishga va G‘azoni bombalashni bas qilishga chaqirdi, bir necha kun avval esa Netanyahu bilan hech qanaqa muloqot bo‘lmasligini aytarkan: “Biz uni o‘chirib tashladik”, dedi.

Oktabr oxirida Erdo‘g‘on Falastin tarafdorlarining Anqaradagi ko‘p ming kishilik mitingida nutq irod etdi va Isroilgagina emas, butun G‘arbga katta urush bilan tahdid qildi.

Urushga qadar Erdo‘g‘on va Netanyahu kameralar qarshisida qo‘l siqishishar, ikki mamlakat aloqalari yaxshilangani haqida hazil-mutoyiba qilishardi – oxirgi shunaqa uchrashuv 2023- yilning 20-sentabrida Nyu-Yorkda bo‘lgan.

Endi bo‘lsa Isroil va Turkiya o‘z elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib olgan. Diplomatik munosabatlarni uzish haqida hozircha gap yo‘q, ammo Anqara turk elchisi Tel-Avivda “istalmagan shaxs” deb e’lon qilinishini kutmoqda.

Isroil va Turkiya aloqalarida nimalar bo‘lyapti? Nega Erdo‘g‘on bunaqa keskin ohangga o‘tdi? Ukrainaning Yaqin Sharq tadqiqotlari markazi direktori Igor Semivolos “Nastoyashcheye vremya” yoyinida ana shu savollarga javob berdi.

- Turkiya va Isroil munosabatlarini hozir qanday ta’riflagan bo‘lar edingiz?

Igor Semivolos: Sovuq. Shubhasiz, bu juda sovuq va gohida ayozli aloqalar. Biroq munosabatlarda butkul muzlik davri boshlanishiga shubham bor, chunki Erdo‘g‘onning gap-so‘zlari, har holda, til topishishga imkon qoldiradi. U o‘zini G‘azoga tinchlik olib keluvchi inson sifatida, Turkiyani esa G‘azo xavfsizligini bo‘yniga ola biladigan davlatlardan biri o‘laroq ko‘radi. Janglar tugaganidan so‘ng G‘azoga turk qo‘shinlari joylashtirilishini o‘ylab yurgan bo‘lsa ham ajab emas.

- Ammo u, gap-so‘zlariga qaraganda Isroilga dushmandek tuyuladi, shunday emasmi?

To‘g‘ri. Biroq u bunaqa gaplarni ilgari ham aytardi. Bu yangilik emas. Shunchaki, Yaqin Sharqda urush boshlanganidan keyin bayonotlarida keskinlikni bir parda oshirdi, xolos. Umuman olganda, Erdo‘g‘onning nutqlaridan aksilamerika va aksilg‘arb kayfiyati hamisha ufurib turgan, bu ayniqsa mitinglardagi chiqishlarida yaqqol seziladi. U elektoratga ishlayapti. Hozirda Turkiyada saylovoldi kampaniyasi bo‘layotganini esdan chiqarmaylik. Albatta, Erdo‘g‘on ushbu imkoniyatdan o‘z elektorati ko‘nglini olishda foydalanishni istaydi. Iqtisodiy ahvol chatoq. Lekin unga AK Partisi (Adolat va Taraqqiyot partiyasi)ning turk jamiyatidagi ustunligini ta’minlovchi g‘alaba zarur. Shu bois ham G‘azo mavzusida Isroil sha’niga juda qattiq gapirmoqda.

Уруш анатомияси: Араб-Исроил урушлари, Исроил-Фаластин зиддияти тарихи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:29:23 0:00

- “Sizlar tag‘in yarim Oy va xoch urushini istaysizmi?” deya G‘arbga yuzlanarkan u siz tilga olgan ichki elektoratga ishlayaptimi yoki tashqi iste’molchilargami?

Igor Semivolos: Yo‘q, birinchi galda ichki elektoratga murojaat qilmoqda. G‘arb uchun bu ritorik savol, ya’ni G‘arb hech qanaqa urushni istamaydi, albatta. Erdo‘g‘on aslida bu bilan muzokaralarni taklif qilayotganini hamma juda yaxshi anglab turibdi. Ammo hozir muzokara mavridi emas, hozir mana shunaqa dahanaki janglar fursati. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Blinken bilan xushlamayroq ko‘rishganiga e’tibor qilgandirsiz? Bu ham tomonlar hozirda oraliq masofani uzaytirayotganini bildiradi. Lekin masofa bir maqsadda – G‘azoda nimalar bo‘lajagini, vaziyat qay tarzda rivojlanishini kutib turish uchun uzaytirilmoqda. Isroil uchun imkoniyat eshiklari yopilyapti. Shu bois ham Turkiya uning yonginasida va qulay fursatni kutib turibdi.

- Nima uchun?

Igor Semivolos: Amerikaliklarga o‘z xizmatlarini yanada faol tarzda taklif qilish uchun. Bu qanaqa xizmat bo‘lishi mumkin? G‘azo bo‘lgasini nazoratga olishmi?

Bu ehtimollardan biri, lekin aynan shunaqa bo‘lishi shart emas. Asosiysi – Turkiyaning Yaqin Sharqqa yana kelib, mustahkam o‘rnashib olishi. Bu Usmonli imperiyasi davriga maftun Erdo‘g‘onning gardanidagi vazifalardan biri, erdo‘g‘oncha resentimentning bir qismidir.

- NATOga a’zo mamlakat nega bunaqa keskin bayonotlarni o‘ziga ep ko‘rmoqda? Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchisi bo‘lmish davlatni nega jinoyatchi va dushman deb atayapti?

Igor Semivolos: Gap shundaki, Turkiya ikkisini ayri-ayri ko‘radi. Shtatlar bilan aloqalar – alohida munosabatlar va bu yerda bir talay muayyan muammolar bor. Isroil bilan aloqalar esa boshqa masala. Turkiya bilan AQSH o‘rtasida bir qator ziddiyatlar mavjud, ayniqsa Suriya borasida. Chunki Vashington kurdlar boshchiligidagi Suriya demokratik ittifoqini qo‘llab-quvvatlaydi. Erdo‘g‘on esa ularni Kurdiston ishchi partiyasiga aloqador terrorchilar deb hisoblaydi. Xullas, ixtilof ko‘p va tomonlar ularni bartaraf etish yo‘llarini izlashmoqda, ammo bu juda murakkab jarayon. Biroq ayni chog‘da Turkiya NATO a’zosi va Amerikaning ittifoqchisi bo‘lib qolayotir. Turkiya shundan foydalanib doim savdolashadi.

- O‘z navbatida Turkiya Qo‘shma Shtatlar uchun mintaqadagi o‘ta muhim o‘yinchi sanaladi, chunki u Eron, Iroq va Suriya bilan qo‘shni. Shunday ekan, Vashingtonning xohish-istaklaridan qat’i nazar har qanday holatda harakatlarni o‘zaro muvofiqlashtirish kerak bo‘ladi. Xo‘sh, boshqa yo‘l bormi?

Igor Semivolos: Bor – Yaqin Sharqda kamida Eron va bir necha davlat qo‘shiladigan global mojaro. Buni esa hech kim istamaydi. Shu bois hamma Erdo‘g‘on bilan savdolashadi, albatta.

Erdo‘g‘onda manyovr qilish uchun maydon bor, lekin u unchalik katta emas va hozirda u tilaganiga yetisha olmasligini juda yaxshi tushunib turibdi. Shunga qaramay, qulay fursat kelishini kutib o‘z pozitsiyasida sobit qolmoqda.

OzodNazar: Исроил-Фаластин зиддияти ечими нимада?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:45:43 0:00

- Yaqin Sharqda global mojaro boshlanishi mumkinmi, sizningcha?

Igor Semivolos: Yaqin Sharqda har balo bo‘lishi mumkin. 7- oktabrda shunaqa ishlar bo‘ladi, G‘azoda urush boshlanadi, deb kimning xayoliga kelibdi. Eron bilan urush xavfi hamisha mavjud. Lekin, nazarimda, bu xavf hozirda bir oz bo‘rttirilmoqda, chunki urush boshlashga na eronliklar (kim nima desa desin, ammo mamlakat rahbariyati anchagina hushyor va aqlli), na amerikaliklar tayyor. Faqat Isroilni tiyib turish kerak, toki biron baloni boshlab qo‘yishmasin...

- ...Toki G‘azodan u yog‘iga o‘tishmasin debmi?

Igor Semivolos: Ha. Chunki Isroil siyosatchilari orasida janubiy Livanni to Litaniga qadar tozalash kerak, deb talashayotgan urushqoqlar bor. Agar Isroil bungacha bormasa, ya’ni eskalatsiya qilmasa, global mojaro bo‘lishi ehtimoli juda kam. Biroq mintaqani o‘t ichiga otishdan tap tortmaydigan odam har doim topiladi.

XS
SM
MD
LG