Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:07

"Sputnik V": Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi tarixi


2021 - yil 10 - fevralda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning 1,5 foizi kamida bir doza "Sputnik V" vaksinasi bilan emlangan.
2021 - yil 10 - fevralda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning 1,5 foizi kamida bir doza "Sputnik V" vaksinasi bilan emlangan.

Bugungi kunda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasini qo‘llashga ruxsat berilgan.

Dastlab qator ekspertlar tanqid qilganiga qaramay, vaksina sinovlarning uchinchi bosqichi boshlanmasdan ro‘yxatga olingan edi.

Keyinroq, Rossiyada va boshqa bir qancha davlatlarda qo‘llanishi uning COVID‑19 kasalligiga qarshi yetarlicha em bo‘la olishini ko‘rsatdi.

Quyidagi maqolamiz "Sputnik V" vaksinasiga bag‘ishlanadi.

"Sputnik V" qanday ta’sir qiladi?

"Sputnik V" — qurama, vektorli vaktsina. Ya’ni unda boshqa virusning inson hujayrasiga irsiy materialni tashuvchi modifikatsiyalangan talqini qo‘llanilgan. Bu vazifani, odatiy sharoitda O‘RVI, kon’yunktivit va hatto gastroenterit kasalliklarini qo‘zg‘atuvchi adenovirus bajaradi. (Zotiljam va qizamiq chaqiruvchi virus qo‘llangan vaksinalar ham bor).

Vektor sifatida qo‘llangan virus o‘zgartirilgan tur bo‘lib, kasallanish xavfini tug‘dirmaydi. Biroq u, ziddiga ushbu vaksina ishlab chiqilgan virusga xos bo‘lgan genni tashiydi o‘zi bilan. COVID‑19 ga qarshi barcha vaksinalarda mazkur gen hujayraga koronavirus sirtidagiga o‘xshash tikansimon oqsil ishlab chiqarish to‘g‘risida signal yuboradi.

Odam emlanganida vektor hujayraga kirib, uni tikansimon oqsil ishlab chiqarishga majbur qiladi. Immuna tizimi bu oqsilni payqagani zahoti antitanachalarni ajratib chiqara boshlaydi va organizmning o‘zga javob reaksiyalarini faollashtiradi. Shu tariqa organizm koronavirusni yengishni o‘rganadi va alaloqibat u bilan to‘qnash kelganida nima qilishni biladi.

"Sputnik V" qanday yaratildi?

Rossiya COVID‑19 ga qarshi vaksinaning klinik sinovini 2020 - yil iyunda boshladi.

Ikki oy o‘tar-o‘tmas prezident Putin N. F. Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy markazi dunyoda birinchi COVID‑19 ga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazganini e’lon qildi.

Bu paytda sinovning odatda minglab kishi ishtirok etadigan eng muhim — uchinchi bosqichi boshlanmagan ham edi. Aynan shu sababdan sog‘liqni saqlash sohasidagi qator ekspertlar mazkur vaksinaning samaradorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq emasligini aytib, ogohlantirishdi. 2020 - yilning 11 - avgustiga qadar o‘tkazilgan tadqiqotlarga qaraganda vaksinaning inson uchun beziyonligi borasida ham talay ochiq savollar mavjud edi.

Ko‘p o‘tmay, Rossiyada sinovlarning uchinchi bosqichi boshlanishi, unda 40 ming nafar ko‘ngilli qatnashajagi to‘g‘risida ma’lum qilindi. Uchinchi bosqich 2020 - yil sentabrda, ya’ni vaksina ro‘yxatga olinganidan so‘ng boshlandi.

2020 - yilning dekabrida, vaksina Rossiya tibbiyot xodimlari qo‘liga yetib borganidan keyin aholini yalpi emlash haqida bayonot berildi. Ikki hafta so‘ngra Belarus xorijiy davlatlardan birinchi bo‘lib "Sputnik V"ni ro‘yxatdan o‘tkazdi.

2021 - yil fevralda The Lancet tibbiy jurnali "Sputnik V" tadqiqotlarda 91,6 foiz samaradorlik qayd etgani to‘g‘risida yozdi. Maqolada mutaxassislar vaksinaning xavfsizligini, og‘ir asoratlardan hamda ushbu virus tufayli vafot etishdan saqlanishda yordam berishini tasdiqlovchi ma’lumotlarni keltirishgandi.

Jahonning 40 dan zid mamlakatida u yoki bu darajada qo‘llashga ruxsat etilganiga qaramay, Dori vositalari bo‘yicha Yevropa agentligi (EMA) "Sputnik V" vaksinasini hanuz tan olgani yo‘q.

21 - yanvar kuni Vengriya — Rossiya vaksinasini ro‘yxatga olgan Yevropa Ittifoqidagi ilk mamlakat bo‘ldi. Mart oyining boshlarida esa YeIga a’zo yana bir davlat, Slovakiya 2 million dozaga buyurtma berdi.

4 - mart kuni EMA Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasini ro‘yxatga olish so‘ralgan arizasini ko‘rib chiqishga kirishilgani haqida bayonot berdi.

"Sputnik V"ning boshqa vaksinalardan qanday ortiq yoki kam joyi bor?

Rossiya COVID‑19 ga qarshi vaksinani ro‘yxatga olgan birinchi davlat bo‘lib tanildi, ammo u vaksina ishlab chiqishni oxiriga yetkazgan ilk mamlakat emas. Barcha qoidalarga muvofiq tayyorlangan birinchi vaksina bu Pfizer/BioNTech. "Sputnika V"ning o‘ziga yarasha afzalliklari bor. Masalan, uni saqlash uchun Selsiy bo‘yicha +2-8 daraja standart harorat bo‘lsa, Pfizer/BioNTech — minus 70, Moderna vaksinasi esa minus 20 daraja sovuqni talab qiladi.

The Lancet nashriga ko‘ra, Rossiya vaksinasining mahsuldorlik ko‘rsatkichi 91,6 foizga teng bo‘lib, bu Pfizer/BioNTech va Moderna’nikidan bir oz past, ammo AstraZeneca hamda Johnson & Johnson vaksinalarinikiga nisbatan yuqoriroq. Ayrim olimlar esa, hozirda vaksinalar samaradorligini qiyosiy baholash juda qiyin masala, chunki ularning sinovlari pandemiya rivojlanishining turli bosqichlarida olib borildi, vaksinalarning o‘zaro sinov testlari ham o‘tkazilgani yo‘q, deb hisoblashadi.

Boshqa vaksinalardan farqli ravishda, "Sputnik V"ning ikki dozasi bir xil emas. Ular virus vektorlari bo‘yicha farqlanadi. Birinchi dozada Ad26, ikkinchisida esa Ad5 adenovirusi qo‘llanadi. Gamaleya markazi olimlarining fikricha, bunday yondashuv organizmning immuna reaksiyasini oshiradi.

Vaksinalarning xalqaro bozorlardagi narxlarini ham taqqoslash mushkulroq, zero bu importchi mamlakatga bog‘liq. Chunonchi, Yevroittifoq AstraZeneca vaksinasining har bir dozasini 2,16 dollardan sotib olishga kelishgan bo‘lsa, xabarlarga qaraganda, Janubiy Afrika bundan ikki baravar ko‘p to‘laydi.

Umuman olganda eng qimmat vaksinalar Pfizer/BioNTech va Moderna bo‘lsa, eng arzoni — Johnson & Johnson, chunki u bitta in’eksiya bilan tanaga kiritiladi. "Sputnik V" bahosi esa 10 dollar atrofida, ya’ni o‘rtacha qimmat.

Qaysi mamlakatlar "Sputnik V" sotib olishni xohlaydi?

2021 - yil 9 - mart kuniga qadar "Sputnik V" 40 dan ortiq mamlakatda ro‘yxatga olingan yoki favqulodda holatlarda qo‘llash uchun ma’qullangan. Ushbu vaksinani birinchi bo‘lib Lotin Amerikasi mamlakatlari, shuningdek Osiyo va Afrikadagi ayrim davlatlari ma’qulladi. Yevropa davlatlaridan esa Belarus, Bosniya va Gersegovinadagi Serb Respublikasi, Vengriya, Moldova, San-Marino, Serbiya, Slovakiya hamda Chernogoriyada tibbiyot amaliyotida qo‘llashga tavsiya etilgan.

YeIning aksari a’zolari hamon Dori vositalari bo‘yicha Yevropa agentligi xulosasini kutishmoqda, lekin Yevroittifoqdagi ayrim mamlakatlar shusiz ham vaktsinani xarid qilishga tayyorligini bildirishgan. Jmladan, Vengriya bilan Slovakiya dastlabki partiyalarni olib bo‘ldi. Ukraina hukumati esa, aksincha, “bosqinchi davlat”ning vaksinasini ro‘yxatga olishni taqiqlashini e’lon qildi.

Hozirgacha Rossiya 1,2 milliard dozaga buyurtmalar olgan. "Sputnik V"ni sotib olishga tayyor davlatlar soni ortgani sayin “Rossiya barcha talabgorlarni ta’minlay oladimi?” degan savol o‘rtacha chiqmoqda. Bir nechta ishlab chiqaruvchi, Gamaleya markazi ham shu qatorda — buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazib berishda jiddiy muammolarga duch keldi. Yanvar oyida Rossiya Lotin Amerikasidagi ayrim davlatlar, xususan Meksika hamda Argentina vaksinani muddatidan kechroq qabul qilib olishini bildirgandi.

Olti mamlakat, jumladan Hindiston, Janubiy Koreya va Braziliya "Sputnik V"ni o‘z hududida ishlab chiqarishni rejalamoqda.

Rossiyaliklar "Sputnik V" haqida qanday fikrda?

Rossiyada o‘zi umuman vaksinalarga shubha bilan qarashadi. 2020 - yil o‘rtalarida The Lancet jurnali o‘z tadqiqotini e’lon qilgan edi: unga ko‘ra rossiyaliklarning atigi 21 foizi vaksinalarni bezarar deb hisoblar, bor-yo‘g‘i 35 foizi ularning samarasiga ishonar ekan. Mazkur tadqiqotga tayanilsa, Rossiya — aholisi vaksinalarga eng oz ishonadigan mamlakatlardan biridir.

Xullas, rossiyaliklarning COVID‑19 vaksinasiga munosabati qariyb bir xilligiga ajablanmasa ham bo‘ladi. 2020 - yil avgustida o‘tkazilgan so‘rovda rossiyalik tibbiyot xodimlarining chorakdan sal ko‘proq qismigina, mamlakatda vaktsina ishlab chiqarish boshlangan taqdirda o‘zini emlatishga tayyorligini bildirgan edi.

2021 - yilning yanvar oyi oxirlarida rossiyaliklardan “koronavirus vaksinasi ommalashsa, o‘zingizni emlatasizmi?” deb so‘rashganida 42 foizi ijobiy javob berdi. Bu Ipsos xizmati tadqiqot o‘tkazgan barcha mamlakatlar orasida eng quyi ko‘rsatkichdir.

2021 - yil fevralda “Levada-Sentr” o‘tkazgan so‘rovda rossiyaliklarning atigi 30 foizi "Sputnik V" vaksinasi bilan emlanishni xohlaysizmi?” degan savolga “Ha” deb javob berdi. Emlatish istagi yo‘qligining asosiy sabablari — tadqiqotlarning yetarli emasligi va ehtimoliy nojo‘ya ta’sirlardir.

2021 - yil yanvarda YouGov 17 mamlakatda so‘rov o‘tkazib, aholining COVID‑19 vaksinasi muayyan mamlakatda ishlab chiqilgan taqdirda emlatishga munosabati qanday bo‘lishi bilan qiziqdi.

Natijalar ko‘rsatdiki, gipotetik vaksina Germaniyada yaratilgan taqdirda, odamlar eng ko‘p o‘shanga ishonch bildirar ekan. Undan keyin Kanada va Buyuk Britaniya ishonchli deb topilgan. Rossiya, Hindiston, Xitoy va Eron esa salbiy baho olgan. Ya’ni odamlar, ushbu mamlakatlarda yaratilgan vaksinaga xavotir bilan qarashlarini bildirganlar.

Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinadan eng ko‘p hadiksiraydiganlar Daniya va Buyuk Britaniyada istiqomat qilishar ekan. Rossiya vaksinasiga nisbatan eng iliq munosabat esa Hindiston va Meksika fuqarolarida qayd etilibdi.

Rossiyada vaksinatsiya jarayoni qanday kechmoqda?

Rossiyada aholini emlash darajasiga doir statistika vaqtida yangilanmaydi. 2021 - yil 10 - fevralda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyaliklarning 1,5 foizi kamida bir doza "Sputnik V" vaktsinasi bilan emlangan.

Rossiya emlash kampaniyasini hammadan avval boshlagan bo‘lsa-da, bir oy burun, yalpi vaksinatsiyaga kechroq kirishgan ko‘p mamlakatlar undan o‘zib ketishdi.

Matbuot kotibi Dmitriy Peskov lafzi bilan aytilgan Rossiya hukumatining rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra mamlakatda emlash jarayoni “normal” kechmoqda. Shu bilan birga, hukumat o‘tgan oyda vaksinatsiya anchayin sust, masalan, AQShdagidan to‘rt karra sekin ketayotganini tan olgandi.

"Sputnik V" vaksinasiga xaridor davlatlar soni ortgani sari Yevropada Rossiyaning bu boradagi strategiyasi bilan bog‘liq savollar paydo bo‘layotir. “Biz hamon tushuna olmayapmiz: nega Rossiya boshqalarga million-million dozalarni taklif qiladiyu mamlakatning o‘zida aholini emlash bo‘yicha sezilarli o‘sish yo‘q?” — degan edi Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen 17 - fevraldagi matbuot anjumanida.

Rossiyada joriy yil yakunigacha 68 million kishini emlash ko‘zda tutilgan. Ammo vaktsinaga ishonchsizlik kayfiyati hamda dozalarni yetkazib berishdagi kutilayotgan uzilishlar ishni og‘irlashtiradi. Qolaversa, prezident Putinning o‘zi hali emlangani yo‘qki, bu ham Rossiya vaksinasiga nisbatan ishonchning ortishiga xizmat qilmasligi aniq.

Vaksina diplomatiya vositasi sifatida

Vaksina, uning bexatarligi va samaradorligi hali tekshirilmasdan shosha-pisha ro‘yxatga olinganidayoq G‘arbda ko‘pchilik Kreml odamlarning sog‘lig‘idan ko‘ra, milliy g‘ururini tiklashni afzal ko‘rgani to‘g‘risida gapira boshlagandi. Shuningdek, ba’zilar Rossiya vaksinasini o‘ziga do‘st rejimlarga yetkazib berish va bu bilan geosiyosiy ta’sir doirasini kengaytirish uchun diplomatiya quroli sifatida qo‘llashi mumkinligidan xavotir izhor qilishdi.

EMA "Sputnik V"ni hali rasman ro‘yxatga olmasidan Vengriya tomonidan sotib olinganidayoq Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida ushbu vaksina tufayli tarang vaziyat vujudga kelgandi. Rossiya, shuningdek, Kiyevning rasmiy taqiqiga qaramay, Ukraina sharqidagi ayirmachi hududlarni ham vaktsina bilan ta’minladi. Qolaversa, kuzatuvlarga ko‘ra Rossiya Lotin Amerikasida dezinformatsiya kampaniyasini olib bormoqda. Maqsad —Rossiya vaksinasi AQShnikidan yaxshiroqligiga ispan tilli xalqlarni ishontirish.

"Sputnik V"ning kelajagi

Rossiyaliklarning o‘z hukumatlari olib borayotgan vaksina siyosatiga munosabati ham yaxshi emas. Yalpi emlash boshlanar-boshlanmas "Sputnik V"ni chet elga yetkazib berishga kirishib ketishganida aholi buni qabul qila olmadi. Chunki vaksina provinsiyalarga hali etib bormagandi.

Biroq, aholining vaksinalarga inonuvchi ozgina qismi emlangani sayin rossiyaliklarning munosabati o‘zgarib boraveradi. Rossiyaliklar, garchi o‘zlari emlanishni unchalik xohlashmasa-da, vaktsinalariga hatto Yevropa Ittifoqi mamlakatlari xaridor bo‘layotganidan juda faxrlanishadi.

XS
SM
MD
LG