Respublika shoshilinch tibbiy ilmiy yordam markazida o‘tkazilgan operatsiya mobaynida farg‘onalik 2 yoshli Samira Toirjonovaning qornidan 135 ta magnit sharcha chiqarib olindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, qizaloq magnit sharchalarni o‘ynash jarayonida ulardan ancha-munchasini ichiga yutib yuborgan. Vaqt o‘tishi bilan sharchalar qornida yig‘ilib qolgan va go‘dakning hayotiga jiddiy xavf solgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyati filiali shifokorlar avvaliga bemorni konservativ usulda davolagan. Qizchani qayt qildirish orqali sharchalardan 14 donasi chiqarib olingan.
Shundan so‘ng bemor Toshkentga – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan. Bu yerda go‘dak yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazilgan va jarrohlik stoliga yotqizilgan.
To‘rt yarim soat davom etgan operatsiyani tibbiyot fanlari doktori, professor Habibulla Oqilov hamda markazning Nozim O‘rmonov, Dilmurod Sabirov kabi tajribali mutaxassislari amalga oshirgan.
SSV qizcha shifokorlar nazoratida o‘zini yaxshi his etayotganini ma’lum qilarkan, “bolalarni nazoratsiz qoldirish yomon oqibatlarga va hatto ko‘ngilsiz holatlarga olib kelishi”dan ogohlantirgan.
Ozodlik avval xabar qilganidek, 2018-yil boshida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida yashovchi 11 oylik chaqaloq badanida 16 ta po‘lat igna borligi aniqlanib, og‘ir ahvolda Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan va 9 soat davom etgan jarrohlik amaliyoti paytida bola tanasidan ignalar olib tashlangan edi.
Chaqaloq bir necha oy o‘tib sog‘ayib uyiga qaytgan va qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish yoxud boshqa biron-bir jinoyat tarkibi aniqlanmagani ortidan holat yuzasidan ochilgan jinoyat ishi to‘xtatilgandi.