Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:50

“Strategik tuzoq”. Janubiy Osiyoda yangi davrga hozirlanayotgan Xitoyning muammo va hadiklari


Tolibon asoschilaridan Mulla Abdul G‘ani Barodar va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I. Tyanszin , Xitoy - 28 - iyul, 2021
Tolibon asoschilaridan Mulla Abdul G‘ani Barodar va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I. Tyanszin , Xitoy - 28 - iyul, 2021

Pekinning Janubiy Osiyoga ta’siri ortib boryapti, ayni chog‘da Xitoy manfaatlari yangi qarshilik to‘lqini bilan to‘qnashmoqda.

Toliblar Kobulni bosib olib, Afg‘oniston hukumatini ag‘darganidan so‘ng bir hafta o‘tmasdan Pokistonning Gvadar port shahrida hudkush terrorchi Xitoy shirkatiga qarashli transportga hujum qildi.

Bu ikki voqeani 1600 chaqirimdan ortiq masofa ajratib tursa-da, ular ko‘plab tahlilchilar tomonidan “butun mintaqada Xitoy xavfsizligiga tahdidlarning yangi davri” deb atalayotgan hodisadan dalolat beradi. Va bu tahdidlar Afg‘onistonda vaziyat beqarorlashishi munosabati bilan yanada kuchayishi mumkin.

20 - avgust kuni Gvadarda amalga oshirilgan hujum uchun javobgarlikni “Belujistonni ozod qilish armiyasi” (BOA) o‘z bo‘yniga oldi. Bu Pokistonda ikki oy ichida xitoyliklarga qarshi sodir etilgan uchinchi hujumdir.

Hujum ko‘lamiga oid xabarlarda farq bor: BOA olti nafar xitoylik ishchi va uch qo‘riqchi o‘ldirilganini iddao qilgan bo‘lsa, Xitoy va Pokiston rasmiylar bir nafar Xitoy fuqarosi hamda ikki bola nobud bo‘lganini, lekin, umuman olganda, mazkur hujum vaziyat eskalatsiyasini – xitoylik ishchilar Pokiston jangarilariga tobora ko‘proq nishon bo‘layotganini anglatadi.

Toliblar 15 - avgust kuni Kobulda markaziy hokimiyatni zabt etganidan so‘ng Xitoy davlat OAVlari va rasmiy shaxslari AQShning sarosima ichida odamlarni evakuatsiya qilishga tushib ketishi va G‘arb qo‘llovidagi hukumatning bu qadar oson qulashi Vashingtonning xalqaro obro‘-e’tiboriga jiddiy zarba berganidan xursand bo‘lib, bayram qilishdi.

Xitoy Tolibon bilan pragmatik ish aloqalarini yo‘lga qo‘ygan, shu bilan birga, Pekin o‘z xavfsizligiga daxldor ayrim masalalarga diqqat qaratish, jumladan, uyg‘ur jangarilarining har qanday guruhiga Afg‘onistondan boshpana bermaslik sharti bilan radikal tashkilotni iqtisodiy va boshqa taraflama dastaklashni va’da qilgan.

“Pekin Tolibon bilan yanada mustahkam aloqalarni o‘rnatish zarurligiga shubha qilmaydi va hozirda Qo‘shma Shtatlar o‘z holiga tashlab qo‘ygan Afg‘onistonda o‘zini eng nufuzli tashqi o‘yinchi o‘laroq e’lon qilishga tayyor”, degan edi 20 - avgust kuni “New York Times” nashriga Xitoy Xalq-ozodlik armiyasining sobiq katta polkovnigi Chjou Bo.

Pekin o‘ziga nisbatan yuksak ishonchini harchand ko‘z-ko‘z qilmasin, qator tahlilchilar mintaqani qamrab olgan mavhumlik to‘lqini – terrorizm kuchayishidan tortib Xitoy loyihalariga qarshi norozilikkacha – xavotirlarni zo‘raytirganini ilg‘amoqdalar. Zero bu xavf-xatar potensial jihatdan Xitoyning Pokistondagi strategik manfaatlariga, xususan, katta mablag‘ va kuch sarflab amalga oshirilayotgan ulkan infratuzilmaviy va investitsion loyiha bo‘lmish “Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi”ga jiddiy shikast yetkazishi mumkin.

“Endilikda Xitoy bularning barini o‘zaro bog‘liqlikda va Pokiston bilan Afg‘oniston yaqinlashuvi ko‘ngilsiz oqibatlarining bir qismi sifatida ko‘radi”, deb hisobladi Germaniyaning Marshall fondi xodimi va “Xitoy – Pokiston o‘qi” kitobi muallifi Endryu Smoll.

Yangi tendensiya

Bu xavotirlar markazida – so‘nggi paytlarda Pokistonda muntazam tus olayotgan xitoylarga qarshi hujumlar yotadi.

14 - iyul kuni Pokiston shimolida xitoylik ishchilarni olib ketayotgan avtobus portlatilib, 13 kishi, shu jumladan to‘qqiz nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘ldi. Pokiston hukumati javobgarlikni “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) guruhi zimmasiga yuklab, hujum Afg‘oniston ichkarisida rejalanganini iddao qildi.

Buning ortidan 28 - iyul kuni Karachida xitoylik ishchilarga yana bir hujum uyushtirildi, aprel oyida esa Xitoyning Pokistondagi elchisi Kvette shahridagi mehmonxonada yuz bergan teraktdan mo‘’jiza tufayli omon qolgan edi.

Xitoy aval ham pokistonlik jangarilar hujumlariga nishon bo‘lgan: 2018 - yilda BOA Xitoyning Karachidagi konsulligiga katta kuch bilan hujum qilgan edi. Biroq so‘nggi hodisalar to‘lqini yangi tendensiyadan darak bermoqda, deydi Singapurdagi Nanyan texnologiya universitetining Janubiy Osiyodagi isyonchi guruhlar bo‘yicha eksperti Abdul Bosit.

“Xitoyning kelajagi Janubiy Osiyoga bog‘liq, ammo u yerda ayni paytda keng ko‘lamli beqarorlik hukm surmoqda. Xitoyliklar nishonga olinayotganining asosiy sababi – bu Pokiston uchun muammo tug‘dirishning samarali vositasi ekanligidir, hujumlar tez-te kuzatilayotgani u yerda guruhlarning bemalol harakat qilishi uchun qulay muhit mavjudligini ham ko‘rsatadi”, mulohaza qiladi ekspert.

Pekinning asosiy diqqat-e’tibori hanuz uyg‘urlarning “Turkiston islomiy partiyasi, (TIP)”ga qaratib (Xitoy hukumati uni Shinjon viloyatida tartibsizliklar chiqarganlikda ayblaydi), boshqa radikal tashkilotlarni nazardan qochirayotgandek. Holbuki “Al Qoida” va “Xuroson Islom davlati” (XID) ham kelgusida Xitoyni tahlikaga solishi mumkin.

“Hujumlar – muammo, lekin umumiy manzaraga qaraydigan bo‘lsak, ular miqyosiga ko‘ra juda mayda. Eng asosiy savol Xitoyning bu barcha voqealarga qanday munosabat bildirishga qaror qilishidir”, deydi Bosit.

Xitoy ketma-ket hujumlardan so‘ng Pokistondagi xavfsizlik darajasi juda pastligidan yozg‘irib, mamlakat rasmiylaridan xitoylik fuqarolar himoyasini kuchaytirishni talab qildi.

Xitoyning Tolibon bilan hamkorlik qilishga undayotgan omillardan biri ham aynan – istiqbolda Afg‘onistonda shunga o‘xshash tahdidlar yuzaga kelishining oldini olish istagidir. Garchi Tolibonning bunaqa xatti-harakatlarga ra’yi va salohiyati bor yoki yo‘qligi hozircha ma’lum emas.

“Ushbu mintaqadan keladigan xavf-xatar ko‘p qirralidir. AQSh chiqib ketganidan so‘ng Afg‘onistonda paydo bo‘lgan xavfsizlik bo‘shlig‘i Xitoyning foydasiga ishlaydi, biroq bu ko‘pga bormasligi mumkin”, deydi Abdul Bosit.

Asosiy muammolar

Pokistonda jangarilar faollashgani muammoning yagona sababi emas. Pekinning “Bir makon, bir yo‘l” nomli global tashabbusining bayroqdori bo‘lmish “Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi” loyihasi ham Pokistonda qator qiyinchiliklar va salbiy munosabatga duch kelmoqda.

Avgust oyi oxirida Gvadar shahrida ichimlik suvi hamda elektr tanqisligiga qarshi norozilik harakati avj oldi, namoyishchilar shahar ko‘chalarini to‘sib, shinalarni yoqishdi. Buning mahalliy baliqchilar ham bosh ko‘tarib chiqishdi – Ozodlikning afg‘on xizmati xabariga ko‘ra, ular yaqin-atrofdagi hududiy suvlarda noqonuniy baliq ovlayotgan Xitoy traulerlari (baliqchi kemalari – Tahr. izohi) mahalliy baliqchilarni yagona tirikchilik manbaidan mahrum qilganidan darg‘azab bo‘lishgan.

Gvadardagi bandargoh “Xitoy-Pokiston iqtisodiy yo‘lagi”ning strategik bo‘lagidir: Islomobod uni Xitoy hukumati dastaklaydigan transmilliy shirkatga 40 yilga ijaraga bergan.

Iyul oyida Pokiston Xitoyga oid beshta traulerni Gvadar porti yaqinida noqonuniy baliq ovlaganlikda gumon qilib, qo‘lga olgan edi. Xitoy hukumati bu kemalar qonunga zid ravishda baliq ovlaganini rad etdi va ular dovuldan saqlanish maqsadida bandargohdan uzoqlasha olmaganini iddao qilib chiqdi.

Iyulning oxirlari – avgust boshlarida Xitoy mansabdor shaxslari 26 konteyner dengiz mahsulotlari va 12 konteyner guruchni “mahsulotlarda koronavirus mavjud”, degan rasmiy vaj bilan Pokistonga qaytarib yubordi. Biroq pokistonlik bir necha eksportchi Ozodlikning afg‘on xizmati bilan suhbatda bu Islomobodning xitoy baliqchi kemalarini hibsga olganiga qarshi javob aksiyasi ekanini aytishdi.

Gvadar shahri joylashgan Belujiston Pokistonning eng qoloq mintaqalaridan biri va BOA rahbarligida ko‘pdan beri Islomobodga qarshi olib borilayotgan qo‘zg‘olonlar markazi hisoblanadi. Gvadar milliy elektr tarmog‘iga ulanmagan, shaharni suv bilan ta’minlovchi to‘g‘onning eskirishi esa yana bir maishiy muammoni keltirib chiqardi.

Garchi Belujistonning suv va elektr tanqisligi muammolarida Xitoy aybdor bo‘lmasa ham ushbu mamlakatning Pokistonda keng faoliyat olib borayotganligi tartibsizliklar chiqishiga va aksilxitoy kayfiyati kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu voqealar joylarda va ayrim viloyatlarda Xitoydan norozilik ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shunga qaramay Pekinning e’tibori hanuz Afg‘onistonga va mintaqada jangarilar faollashgani bilan bog‘liq ehtimoliy xavf-xatarga yo‘naltirilgan.

“Afg‘onistonda va umuman mintaqada muammolarga o‘ralashib qolmasligi uchun ehtiyotkorlik ilan harakat qilishi lozim. Bu mintaqani bekorga “strategik qopqon”, deyishmaydi. Ayni paytda Xitoyning maqsadi — xatarni minimallashtirish bo‘lishi kerak, muammolarga yechim topish emas”, deydi Endryu Smoll.

XS
SM
MD
LG