Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 09:54

Sudsiz va tergovsiz qatllar. Sobiq chechen politsiyachisi Qodirov rejimining jinoyatlari haqida so‘zlab berdi


Checheniston poytaxti Grozniy shahri.
Checheniston poytaxti Grozniy shahri.

Chechenistonda mashhur Ahmad Qodirov nomidagi polkning sobiq katta serjanti Sulaymon Gezmaxmayev “Novaya gazeta” nashriga polk hududidagi yerto‘lalarda odamlar qiynoqqa solinishi, hatto sudsiz-tergovsiz qatl qilinishi haqida so‘zlab berdi.

“Novaya gazeta” 2017 - yil yanvarida Chechenistonda ko‘plab kishilarning sudsiz jazolangani yuzasidan bir necha yildan beri surishtiruv olib bormoqda. Nashrga ko‘ra, o‘shanda chechen hukumati kamida 27 kishini o‘ldirtirgan. Gezmaxmayev ana shu voqealar haqida matbuotga gapirib bergan birinchi guvohdir.

“8” raqamli binoda nimalar bo‘lgandi?

2016 - yil, 18 - dekabrga o‘tar kechasi Grozniyda bir necha politsiyachi hujumga uchradi. Otishma bo‘ldi. Hukumatga ko‘ra, hujum qilganlar kuch ishlatar xodimlarning qurol-aslahasini tortib olmoqchi bo‘lishgan. Ertasiga Checheniston rahbari Ramzan Qodirov hujum qilganlar “qo‘lga olindi va zararsizlantirildi”, deb e’lon qildi.

Keyingi bir necha hafta davomida “silovik”lar ana shu hujumlarga aloqadorlikda gumon qilib o‘nlab kishini hibs qildi. Ulardan bir qismi qo‘yib yuborildi, ayrimlari esa sud qilinib, qamoqxonalarga jo‘natildi. Yana 27 kishi qoldi. “Novaya gazeta” ilk bor 2017 - yil yozda ularning qo‘lga olinganlaridan so‘ng qatl etilgan bo‘lishlari mumkinligi to‘g‘risida maqola chop etdi va Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasiga murojaat qilib, ma’lumotni o‘rganishni talab qildi. Biroq mazkur holat yuzasidan biron jinoyat ishi ochilgani yo‘q.

Ehtimoliy qatllardan bir necha oy o‘tib, Qodirov nomidagi polkning katta serjanti, o‘sha voqealarda bevosita ishtirok etgan Sulaymon Gezmaxmayev xizmatdan bo‘shadi. Va u yerto‘lalarda tutqunlar qanday azoblarga giriftor qilingani haqida so‘zlab berdi.

Tok bilan qiynaganda ko‘pincha mexanik yo‘l bilan elektr hosil qiluvchi dastakchali, kichkina maxsus qurilmadan foydalanishadi.

“Tok bilan qiynaganda ko‘pincha mexanik yo‘l bilan elektr hosil qiluvchi dastakchali, kichkina maxsus qurilmadan foydalanishadi. Bir necha soat uzluksiz qiynashadi, so‘ngra “dam” berishadi, — deya hikoya qiladi “Novaya gazeta” suhbatdoshi. — Agar mahbus iqror bo‘lmasa, bir-ikki soat o‘tgach qiynoqlar qaytadan boshlanadi va u to aybiga iqror bo‘lgunicha yoki o‘lgunicha davom etadi”.

Bu voqealar Grozniy shahri chekkasida, Qodirov nomidagi 2-patrul-post xizmati polki hududida yuz bergan. “Novaya gazeta” so‘roviga binoan Tergov qo‘mitasi kelib, bu yerni tekshirgan. Nashr tekshiruv natijalari aks etgan rejani qo‘lga kiritib, tergovchilar negadir “8” raqami bilan belgilangan binoni ko‘zdan kechirishmaganini aniqlaydi. Gezmaxmayevning so‘zlariga ko‘ra, bu sport zali bo‘lib, tutqunlar xuddi o‘sha yerga keltirilgan.

Bino yerto‘lasi xonalarga ayrilgan bo‘lib, dushxona va xizmat xonalarida o‘nlab mahbuslar saqlangan, har bir xonada shiftning qoq markaziga temir ilgak qotirilgan. Sobiq politsiyachining aytishicha, ilgakdan zanjir o‘tkazib, mahbusni oyog‘ini osmondan qilib osishar va suv to‘la bochkalarga sho‘ng‘itib, to jon vahmida tipirchilagunicha tutib turishar ekan.

Gezmaxmayev tutqunlar qanday qatl etilgani haqida ham so‘zlab berdi. U “Novaya gazeta” ro‘yxatidagilardan 13 kishining sudsiz o‘ldirilganini tasdiqladi. Ular nomma-nom chaqirilib, “Chiqib ketmaslik to‘g‘risida tilxat”ning bo‘sh blankasini imzolashga majbur qilingan va sportzaldan kazarma binosiga olib borilib, yerto‘lada boshlariga o‘q uzib o‘ldirilgan.

Qatlning tepasida Chechenistonning Shali tumani rahbari Turpal-Ali Ibragimov turgan, mahbuslarni dastlab uning qo‘riqchilari o‘ldirganlar. Gezmaxmayevga ko‘ra, o‘q ovozini eshitib kelgan polk komandiri qon dog‘lari va hidini yuvib ketkazish qiyin bo‘lishini aytgach, qatl taktikasi o‘zgartirilgan.

Arslon Irasxonov jinoyatni yashirish uchun ularni bo‘g‘ishni taklif qildi. Qolgan mahbuslar alpinistlar arqoni bilan bo‘g‘ib o‘ldirildi.

“Arslon Irasxonov jinoyatni yashirish uchun ularni bo‘g‘ishni taklif qildi. Qolgan mahbuslar alpinistlar arqoni bilan bo‘g‘ib o‘ldirildi, — deydi sobiq politsiyachi. — Har birining boshi oldinga qattiq egiltirilib, bir necha kishi oyoq-qo‘llaridan mahkam tutgach, jallod uning bo‘yniga arqonni tashlab, oyoqlarini uning elkasiga tiragan holda ikki qo‘llab bo‘g‘di. 13 kishining barchasi ushbu xonada ayni tarzda o‘ldirildi”.

Gezmaxmayevning o‘zi ham maxsus tadbirlarda yuzlab chechenistonliklarni qo‘lga olishda ishtirok etgan, shuningdek polk yerto‘lasida kamida 56 tutqunga soqchilik qilgan. Unga ko‘ra, Aslan Irasxanov qarorlar qabul qilish zanjirida eng yuqori halqa bo‘lishi mumkin emasdi. O‘sha kunlar polkka hozirda Checheniston bosh vaziri o‘rinbosari, o‘sha kezlar “Terek” maxsus tezkor otryadi komandiri Abuzayd Vismuradov tez-tez kelib turgan. Va Gezmaxmayev, qo‘lga olishdan to qatlgacha — butun jarayonni aynan Vismuradov nazorat qilganini aytadi, biroq u ham, agar Ramzan Qodirovdan “fatvo” bo‘lmasa, o‘lim hukmini chiqarishga jur’at eta olmasdi.

Ahmad Qodirov polki “jangnomasi”

Gezmaxmayev xizmat qilgan Ahmad Qodirov nomidagi polk Rosgvardiya tarkibidagi tuzilma bo‘lib, asosan Checheniston rahbarini qo‘riqlash bilan shug‘ullanadi. Gezmaxmayev mazkur polkda xizmat qanday tashkil qilingani va bunda respublika rahbarining roli haqida hikoya qilib berdi.

Polkning vazifalaridan biri — jangarilar va “Islom davlati” tarafdorlarini tutishga qaratilgan maxsus operatsiyalarni o‘tkazish. Odatda operatsiya tugagach, voqea joyiga Ramzan Qodirov borib, nutq so‘zlardi. Ba’zan maxsus tadbirlarga uning o‘zi rahbarlik qilgan. Ammo Gezmaxmayev bular bari mahalliy televideniyeda ko‘rsatish uchun sahnalashtirilgan tomosha bo‘lganini ta’kidlaydi.

Bir gal Karpinkaga to‘rt nafar qurolsiz mahbusni keltirishib, tog‘lik yonbag‘ri bo‘ylab qochishga buyruq berishdi, kein esa quyonni otganday otib o‘ldirishdi.

“Ularni maxsus operatsiya deb atash qiyin edi. Bir gal Karpinkaga to‘rt nafar qurolsiz mahbusni keltirishib, tog‘lik yonbag‘ri bo‘ylab qochishga buyruq berishdi, kein esa quyonni otganday otib o‘ldirishdi. Lekin Qodirov har safar ularni otib tashlashganidan so‘ng kelardi. Biz, kameralar “ko‘z o‘ngida” zirhli mashinani u yoq bu yoqqa haydab oliftagarchilik qilayotganida uni qo‘riqlab turish uchun kerak edik”, — deydi sobiq politsiyachi.

Jangarilarni tutish — polk ko‘rsatkichlarini oshirish va mukofot puli olish usuli edi. Qo‘lga tushirilgan jangarini “natija” deb atashardi. Biroq, Gezmaxmayevning so‘zlariga qaraganda, ushlab keltirilganlarning hammasi ham chinakam jangari guruhlar a’zosi bo‘lmasdi.

“Natija”ga haqiqiy ATA (aksilterror amaliyoti) chog‘ida erishish mumkin, ammo oson yo‘li ham bor: bironta sho‘rpeshona tutiladi, soch-soqoli o‘ssin uchun podvalda saqlanadi, keyin esa o‘rmonga olib borilib, “jangari” deb otib tashlanadi. Buni “natijaga hozirlik ko‘rish” deydilar. Bunaqa nayranglarni polkka xizmatga kirgan kunimoq eshitganman”.

Sulaymon Gezmaxmayev, (chinakam) jangarilardan musodara qilingan qurollarning bir qismini “silovik”lar o‘zlariga olib qolishlarini, ammo ular qayd etilmasligini, balki ko‘rsatkichlarni yaxshilash va aksilterror rejimini uzaytirishda qo‘llanishini aytadi.

Har bir tuman IIBda, boshliqning iflos ishlarni bajaruvchi shotirlari bo‘ladi.

Har bir tuman IIBda, boshliqning iflos ishlarni bajaruvchi shotirlari bo‘ladi. Ularning qo‘liga jangarilardan olingan qurollarni berishadi, ular esa borib biron nazorat posti yoki harbiy qismni o‘qqa tutadilar. Qarabsizki, respublika kuchaytirilgan rejimga o‘tib turibdi-da. Mabodo otishmada o‘z odamlaridan birontasi o‘lsa, uni o‘tgan sana bilan ishdan bo‘shatishadi va terrorchilarning hamtovog‘i sifatida federal qidiruv e’lon qilishadi”, — deydi u.

Shu o‘rinda “Sever” batalyoni komandirining sobiq o‘rinbosari Zaur Dadayev bilan bog‘liq voqea yodga tushadi. Moskvada muxolif siyosatchi Boris Nemsovni aynan u otib o‘ldirganligi ma’lum bo‘lgach Checheniston IIV uning Nemsov o‘limidan ikki oy muqaddam ta’tilga chiqqanini, keyin esa xizmatdan bo‘shaganini e’lon qilgandi.

Gezmaxmayev qanday qilib Chechenistondan qochdi?

Polk yerto‘lasida mahbuslar sudsiz qatl etilishidan so‘ng ko‘p o‘tmay Gezmaxmayev xizmatdan bo‘shaydi. 2017 - yil bahorda u oilasi bilan avvaliga Chechenistondan, so‘ng Rossiyadan chiqib ketadi.

Germaniya migratsiya idorasi Gezmaxmayevlarga boshpana berishdan bosh tortadi. YeI qonunchiligiga ko‘ra, siz eng birinchi Yevroittifoqning qaysi davlati chegarasini kesib o‘tgan bo‘lsangiz, o‘sha davlat sizga qochoq maqomini berishi kerak. Gezmaxmayevlar dastlab, Belarus orqali Polshaga borishgan, lekin u yerda qolishni xatarli deb topishadi. Chunki Polshada kattagina chechen diasporasi istiqomat qiladi va ular orasida Ramzan Qodirov rejimi bilan hamkorlik qiluvchilar anchagina.

Gezmaxmayev polk hududidagi yerto‘lalarda yuz bergan voqealarni hikoya qilib berishga qaror qiladi. Buning uchun “Novaya gazeta” LGBT-tarmog‘i bilan hamkorlikda kichik maxsus operatsiya tashkil qilishiga to‘g‘ri keladi. Oila yashirincha Rossiyaga qaytib, “ixtiyoriy uy qamog‘i”da, ya’ni kvartiradan deyarli chiqmasdan yarim yilcha yashaydi. Bu orada jurnalist va huquqbonlar Gezmaxmayevni Yevropaga qonuniy yo‘llar bilan olib chiqib xavfsizligini ta’minlash ustida bosh qotiradilar.

Rossiya LGBT-tarmog‘i Shimoliy Kavkaz departamenti boshlig‘i Veronika Lapina “Nastoyashchee Vremya”ga sobiq politsiyachining oilasiga qanday yordam berishgani va bu borada qanday qiyinchiliklarga duch kelishgani to‘g‘risida so‘zlab berdi:

— Avvalo, Sulaymon va uning oilasining Yevropaga qaytib kirishiga qo‘yilgan taqiq bekor bo‘lishini uzoq kutishga majbur qoldik, chunki ularni deportatsiya qilishgan bo‘lib, anchaga dovur qayta olishmasdi. Bo‘sh vaqtimizni esa bu voqealar haqida zarur dalil-isbot va hujjatlar to‘plash maqsadida uni so‘roq-savol qilishga sarfladik. Sulaymonni olib chiqib ketish imkoniyati paydo bo‘lishi bilan uni olib ketdik. Qaerga olib borganimizni esa, tabiiyki, aytolmayman.

Uni Rossiyada qanday yashirganimizga kelsak... 2017 - yildan beri bizda shelterlar (boshpanalar) tizimi ishlab turibdi, chunki biz qiynoq va g‘ayriinsoniy munosabatning boshqa ko‘rinishlaridan jabr ko‘rgan kishilarga yordam ko‘rsatishda davom etyapmiz. Sulaymonni ana shunday muassasalardan biriga joylashtirdik. Vaqti-vaqti bilan joyini o‘zgartirdik. Bizning muayyan kuzatuv tizimimiz, xavfsiz aloqa kanallarimiz mavjud — hammasi risoladagidek. U ommaviy chiqish qilgunicha xavfsizligini ta’minlash uchun biron-bir vositani jadallik bilan kuchaytirishga hojat bo‘lmagan.

Ya’ni, bazaviy qoidalar amal qilardi: uning joyini birovga aytishi mumkin bo‘lgan odamlar bilan gaplashmaslik, hech kim bilan aloqa qilmaslik kerak, qarindoshlar bilan ham mumkin qadar kamroq muloqot qilinadi, egasini kuzatish imkonini beruvchi elektron vositalar, masalan bank kartalaridan mutlaqo foydalanilmaydi.

Umuman, Sulaymon bizning tajribamizdagi eng murakkab keyslardan biri bo‘ldi. Chunki bunaqa toifadagi odamlar bilan ilgari sira ishlamaganmiz. Zo‘ravonlikdan, politsiya zug‘umidan, qiynoqlardan aziyat chekkan jabrdiydalar bilan ishladik asosan. Bu esa mutlaqo “begona mijoz”.

Ammo, garchi Sulaymon begunoh insonlarning qo‘lga olinishida rostdan ham qatnashgan bo‘lsa-da, uning ko‘rsatuvlari, ma’lumotlari biz uzoq yillar davomida bartaraf eta olmayotgan muammoni yechishga, loaqal o‘sha yechimni topish yo‘lida bir qadam olg‘a siljishimizga yordam berajak.

Umid qilamanki, Checheniston kuch ishlatar tizimidagi boshqa xodimlar Sulaymon Gezmaxmayevdan o‘rnak olib, kamida u berganchalik ma’lumot beradilar. Zero, yoshlik g‘o‘rligi va romantik xayollar ta’sirida kuch ishlatar organlarga xizmatga kirib, o‘zi istamagan holda zulm mashinasining murvatiga aylanganlar ko‘p deb o‘ylayman. Ayrim hamkasblarim ehtimol fikrimga qo‘shilishmas, ammo, menimcha, Chechenistonda barcha “silovik”lar ham xalqiga zo‘ravonlik qilishga havasmand emas, nazarimda, ular ilojsizlikdan shunga majbur bo‘lishmoqda.

XS
SM
MD
LG