Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:51

Surishtiruv: Sanksiyaga tushmagan "Gazprombank" Ukrainadagi urushni moliyalashtirmoqda


Ozodlik radiosi ukrain xizmati rus harbiylari haligacha G‘arbning sanksiyalariga uchramagan, mamlakatning eng yirik banklaridan biri orqali maosh olayotganiga oid dalillarni qo‘lga kiritgan.
Ozodlik radiosi ukrain xizmati rus harbiylari haligacha G‘arbning sanksiyalariga uchramagan, mamlakatning eng yirik banklaridan biri orqali maosh olayotganiga oid dalillarni qo‘lga kiritgan.

10-iyun kuni Albina Abayeva VKontakte ijtimoiy tarmog‘ida “Gazpromdan oylik keldi”, deya rus tilida qisqa post qoldirdi.

Kontekstdan ma’no aniq: Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashayotgan eri, ish haqini olgan va "Gazprombank" orqali jo‘natgan.

Davlat tomonidan nazorat qilinadigan tabiiy gaz monopoliyasi “Gazprom”ga tegishli bank Rossiyada Sberbank va VTBdan keyin uchinchi o‘rinda turadi. "Gazprombank" Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlarning qattiq sanksiyalariga uchramagan yagona bank sanaladi

Ozodlik radiosi Ukraina xizmati va "Sxemalar" loyihasining yangi surishtiruvida Ukrainaga yuborilgan rossiyalik askar va xavfsizlik kuchlarining katta qismi "Gazprombank" orqali muntazam maosh va mukofot olganini ko‘rsatuvchi ko‘plab dalillarni taqdim etdi.

Abayeva telefon suhbatida erining ish haqi va harbiy to‘lovlarni Gazprombank orqali olganini tasdiqladi. Keyinchalik u ijtimoiy tarmoqdagi ismini o‘zgartirdi.

Yana bir askarning rafiqasi Lyudmila Reshetnikova ham “VKontakte”da to‘lov "Gazprombank" orqali kelganini xabar qilgan. O‘z sahifasida u erini Aleksandr Reshetnikov deb ko‘rsatib, u urushda ekanligini aytgan. 2020-yildan boshlab uning eri Rossiya armiyasida radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya brigadasida xizmat qilib kelmoqda.

"Gazprombank"ning Qozondagi filiali. 30-may, 2022
"Gazprombank"ning Qozondagi filiali. 30-may, 2022

Rossiya harbiy xizmatchilari yoki rossiyalik askarlarning qancha qismi "Gazprombank" orqali to‘lov olayotgani aniq emas. Sberbank va VTB bilan birga yana bir qancha banklarga harbiy to‘lovlar bilan ishlashga ruxsat berilgan.

Agar Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi "Gazprombank"ka nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘llasa, bu to‘lovlar uzilib qoladimi yoki yo‘q, aniq aytish qiyin. VTB va Sberbank kabi sanksiyaga uchragan banklarning dollar va yevrodagi operatsiyalari muzlatib qo‘yilgan va SWIFT global tizimidan uzilgan bo‘lsa-da, Rossiya o‘z tizimiga ega va ichki rubl operatsiyalariga G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalar umuman ta’sir qilmaydi.

Sanksiyalar "rubldagi ichki to‘lovlarga ta’sir qilishi dargumon. Bunday to‘lovlar, odatda, AQSh sanksiyalari doirasidan tashqarida bo‘ladi", deydi Brayan O'tul, AQSh G‘aznachilik departamentining sobiq katta maslahatchisi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa Ittifoqini istisnolarsiz barcha Rossiya banklariga nisbatan eng qattiq sanksiyalarni qo‘llashga chaqirdi.

“Bu birinchi navbatda Rossiya Federatsiyasining Yevropaga qarshi siyosatini moliyalashtiruvchi asosiy hamyonlaridan biri bo‘lgan "Gazprombank"ka taalluqlidir. Albatta, o‘z manfaati uchun Yevropa Ittifoqi tezroq ishlashi kerak. Rossiya energiya resurslaridan butunlay voz kechish kerak”, dedi Zelenskiy 11-iyun kuni.

"Sxemalar" loyihasining "Gazprombank"ka Rossiya Mudofaa vazirligi bilan hamkorligi bo‘yicha izoh berish so‘rovi javobsiz qoldi.

Belgiyada joylashgan Bruegel tahlil markazining katta ilmiy xodimi Simone Tagliapietra iyun oyi boshida NBC News telekanaliga bergan intervyusida "Gazprombank"ka nisbatan sanksiyalar Rossiya gaziga nisbatan embargoga teng bo‘ladi, biroq bu hozir muhokamada emas", degan edi.

Yevropa Ittifoqida bo‘lmagan va boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda Rossiyaning energiyasiga kamroq bog‘langan Britaniya "Gazprombank"ka nisbatan qattiq sanksiyalar kiritdi.

Rossiyaning boshqa banklari ham Ukrainada jang qilayotgan askarlarga maosh to‘lashda foydalanilayotgan bo‘lsa-da, Kiyev "Gazprombank"ning sanksiyalardan qochishi uni yanada kuchliroq va moliyaviy jihatdan mustahkam qilib qo‘yayotganidan xavotirda.

May oyida Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi Rossiya kosmik agentligi Roskosmos "Gazprombank" orqali xalqaro hisob-kitoblarni faollashtirganini ma’lum qilgandi.

Ayni paytda, surishtiruv doirasida to‘plangan dalillar shuni ko‘rsatadiki, 2016-yilda yulduzli va "Rossiya armiyasi" so‘zlari tushirilgan kartalar chiqargan "Gazprombank" harbiylar bilan ish haqi va bonuslarni to‘lashdan tashqari chuqur aloqaga ega.

"Gazprombank" Rossiya kuchlari tomonidan Ukrainaga hujum qilishda foydalanilgan harbiy texnika uchun to‘lovlar kanali sifatida ham foydalanilish ehtimoli yo‘q emas.

Ukraina harbiy razvedka boshqarmasi aprel oyida Rossiyaning janglarda qatnashayotgan 47‑gvardiya tank diviziyasi uchun sotib olingan harbiy texnika uchun to‘lovlar ikkita bank orqali amalga oshirilganini, ulardan biri "Gazprombank" ekanini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG