Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:08

Suriya o‘rniga Afg‘oniston? Tolibonning postsovet mamlakatlariga ta’siri


Tolibon harakatining Afg‘onistonda hokimiyatga qaytishi xalqni qashshoqlashtirgan oligarxlar va korrupsionerlarga qarshi muvaffaqiyatli kurash haqidagi afsona darajasiga chiqishi mumkin.

Afg‘onistonga chegaradosh Markaziy Osiyoning sobiq sovet mamlakatlari, shuningdek, Rossiyaning o‘zida vaziyat taranglashgani sayin musulmon yoshlarning aksar qismi Tolibonni “muzaffar jihod” namunasi o‘laroq tasavvur qila boshlaydi, deya urg‘ulashmoqda ekspertlar.

“Islom davlati” va “Imarat Kavkaz” (“Kavkaz amirligi”)dan farqli o‘laroq, Tolibon oddiy qo‘zg‘olonchi otryadlardan shunday kuchga aylandiki, uni hali g‘alaba qozonmasidan Moskvada rasmiy darajada qabul qilishdi va u bilan muzokara olib borishga hozirlik bildirishdi.

“Toliblar AQShni sharmanda qilganidan xursand propaganda Rossiya teleekranlarida harchand tantana qilmasin, ovozi Amerikaga yetib bormaydi. Rossiyalik “patriot”lar fikrining amerikaliklarga issig‘i ham yo‘q, sovug‘i ham. Ammo rossiyalik musulmonlar – Kavkazda, Volgabo‘yida bularning barini aniq-tiniq ko‘rib, eshitib turishibdi. Va tabiiyki, ularning nazarida radikal islomning nufuzi oshmoqda”, deydi siyosatshunos Abbos Gallyamov.

Mafkuraviy inqiroz sharoitida, ya’ni Putinning yo‘li o‘zini oqlamagan, Shimoliy Kavkaz respublikalari esa turg‘unlik davriga kirgan ayni pallada islomchi yoshlar Tolibonga yuz burishi mumkin.

Propagandachilar effekti

Toliblar haqidagi afsona bir necha yil muqaddam “Islom davlati” haqidagi afsona singari rivojlanishi mumkin, deb hisoblaydi Tolibon harakati bo‘yicha rossiyalik yetakchi ekspertlardan biri, siyosatshunos Andrey Serenko.

“Toliblarning g‘alabasi Rossiyada, undan ham avval O‘rta Osiyoda islomiy yoshlarning bir qismi radikallashishiga, yoshlar orasida aynan jihodchilar axloq modeli ommalashishiga olib keladi. Afg‘onistondagi Tolibon brendi boshqa masalayu boshqa mamlakatlardagi Tolibon brendi va u haqidagi afsonalar – butkul boshqa masala. Bu brend global tus olish, virus kabi tarqalish uchun barcha imkoniyatlarga ega”, ta’kidlaydi Serenko.

Suhbatdoshimiz urg‘ulashicha, Tolibon haqidagi afsonaning konkret siyosiy guruh bo‘lmish toliblarga hech bir daxli bo‘lmaydi, u mustaqil hodisa o‘laroq bo‘y ko‘rsatadi. Burun IShIDga xayrixoh bo‘lgan radikal yoshlar Tolibonning real g‘alabasini ko‘rib, endi unga shaydo bo‘ladilar.

“Bejizga bundan bir yarim yilcha muqaddam “al‑Qoida” shayxlari Tolibonni jihodning g‘alabaga eltuvchi modeli, deb atashmagandi. Uzoq kurashish, ammo g‘alaba qozonmaslik mumkin, ular esa g‘alaba qilishdi. Binobarin, Tolibon haqidagi afsonalarni nafaqat harakatning o‘zi, balki “al‑Qoida” propagandachilari ham tarqatishyapti, ular orasida rusiyzabon auditoriya bilan ishlaydiganlar bor”, qo‘shimcha qiladi Serenko.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, ayni sharoitda Tolibon g‘alabasi propagandasidan eng kuchli ta’sirlanish Markaziy Osiyodagi postsovet mamlakatlarda ro‘y beradi: bu davlatlardagi vaziyat Afg‘onistondagiga juda o‘xshash – aholi orasida kambag‘al va qashshoqlar bisyor, “tuvagigacha tilla”dan bo‘lib ketgan mahalliy oligarxlar xalqni har tomondan ezib tashlagan.

“Marshal Do‘stum va prezident Ashraf G‘anilarning hashamatli saroylarida olingan videotasvirlar tufayli toliblar nafaqat jihodchilik, balki ijtimoiy adolatning siyosiy prinsiplari targ‘ibotchilariga aylanishdi. Chiroyli kartina yaratildi – toliblar oligarxlarni jazolashdi, korrupsionerlarni quvib soldi. Ularning g‘alabasi esa go‘yo o‘z xalqini talab, qashshoqlikka mubtalo qilgan poraxo‘r va o‘g‘rilar ustidan qozonilgan g‘alaba kabi taqdim etilmoqda”, davom etadi siyosatshunos.

Shimoliy Kavkaz va umuman Rossiyada ham ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat qaltisroq, biroq Rossiya siyosiy tizimi Markaziy Osiyo postsovet davlatlarinikiga nisbatan birmuncha pishiqroq, qo‘shimcha qiladi ekspert.

“Rossiya kuchishlatar idoralarining xatti-harakatlari, bunda jumladan, Qodirovning Chechenistondagi tutumini ham nazarda tutyapman, radikal tuzilmalarga qarshi kurashda yetarli darajada samarador.

Binobarin, Tolibon ommalashuvi ayni paytda real oqibatlarga olib kelishi mahol, garchi hademay tolib bo‘lish musulmon yoshlari orasida modaga aylanishi mumkin bo‘lsa-da.

Biroq mazkur jarayon Rossiyada ishlab yurgan minglab migrantlarga ta’sir etmay qolmaydi, zero ular Rossiyada politsiya tazyiqiga, amaldorlarning korrupsion talablariga va umuman har qadamda jamiyatning salbiy munosabatiga to‘qnash keladi”, xulosalaydi Andrey Serenko.

Suriya o‘rniga Afg‘oniston?

Kremlparast “Sputnik” yangiliklar agentligi bir necha kun oldin ham IShID, ham “Imarat Kavkaz”dan ulgi oluvchi bo‘lginchi kuchlar bilan toliblar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa bog‘lanayotgani haqida xabar qildi. Qorachoy-Cherkasiya, Ingushetiya, Checheniston, Dog‘iston, Adigey, Volgabo‘yi va Rossiya bosib olgan Qrimdan talay odamlar ijtimoiy tarmoqlarda toliblarni g‘alaba bilan rus tilida tabrikladi.

Bunaqa qutlovlar qariyb rasmiy darajada ham yangramoqda: chunonchi, Checheniston rahbarining diniy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Adam Shahidov dastlab toliblarni “azamatlar” deb atadi, keyin esa bu so‘ziga izoh berayotib, “moturudiylar va xanafiylar”ni (toliblar ushbu islomiy oqimlarga mansub) qo‘llab-quvvatlashini, Rossiyada ularni “xatarli” deb hisoblashmasligini va mo‘’tabar mehmon kabi mamnuniyat bilan qabul qilishlarini aytdi.

Hamma ekspertlar ham Tolibonning mazkur g‘alabasi muqarrar ravishda Rossiyada islomiy yoshlarning radikallashuviga olib keladi, deb o‘ylamaydi. Xususan, Shimoliy Kavkaz Islom tadqiqotlari markazi direktori Ruslan Gereev toliblarning Afg‘onistondagi yutuqlari Shimoliy Kavkazdagi vaziyatga ta’sir etmaydi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, ehtimoliy ta’sir oldini olish uchun yoshlar siyosatini kuchaytirish, diniy ta’limni va davlat-din munosabatlarini rivojlantirish lozim. Shu jumladan, Rossiyaga ishlash uchun keluvchi yosh migrantlar bilan ham ish olib borish darkor.

Толибон билан бизнес: Халқ қўрқуви ва ҳукумат манфаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:20 0:00

“Rossiya istalgan mintaqada o‘z manfaatlari haqida baralla gapirishga tayyor. Bu Afg‘oniston bilan chegaralardagi vaziyatga ham taalluqli, – deydi Gereyev. – Tolibon harakati Rossiya Oliy sudi tomonidan taqiqlangan bo‘lsa-da, u bilan aloqa o‘rnatish zarur, chunki hozir Afg‘onistonda boshqa hukumat yo‘q. Bu avvalo xavfsizlik masalasidir”.

Biroq vaziyat buning tamom aksi ham bo‘lishi, ya’ni Tolibon g‘alabalari manzarasida jihodchilik g‘oyalari kuchayishi bilan birga, Afg‘onistonga chegaradosh va boshqa postsovet davlatlardagi radikallarning “toliblar yurti”ga intilishi ham kuzatilishi ehtimoli katta.

1990-yillar oxirida Tolibon ilk daf’a Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganida “chinakam islomiy tuzum” o‘rnatilganini va “milliy vazifa” bajarilganini e’lon qilgan, “butun islom olamidagi musulmon birodarlarga g‘amxo‘rlik qilish”ga tayyorligini bildirgan edi.

Radikallar rossiyalik musulmonlarni Afg‘onistonga “hijrat qilish”ga da’vat etganida haqiqiy islomiy davlatda yashash ishtiyoqida bola-chaqasi bilan ko‘chib ketganlar ham ko‘p bo‘lgan.

1999 - yilda Volgabo‘yi hududlaridan borgan mujohidlardan Tolibonning “Jamoati Bulg‘or” nomli jangovar bo‘linmasi tuzilib, uning tarkibiga tatar va boshqirdlardan tashqari, dog‘istonliklar, qabardinlar va ruslar kirgan edi. Jamoatning amirlaridan biri – Dog‘istonda tug‘ilgan O‘gney Iso ad-Dog‘istoniy 2009 - yilda harbiy harakatlar chog‘ida o‘ldirilgan. Afg‘onistonda Amerika va NATO maxsus amaliyoti boshlanganidan so‘ng jamoatning ayrim yetakchilari qo‘lga olinib, Guantanamo qamoqxonasiga jo‘natilgan.

XS
SM
MD
LG