Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:09

“Svetsiz yashash – dahshat”. Xarkovlik ta’mirchilar o‘q yomg‘irlariga qaramay, elektr ta’minotini tikladilar


Ukrainaning Xarkov viloyati elektriklari janglarda vayron bo‘lgan elektr uzatish liniyalari va tarmoqlarni qariyb butkul tikladilar. Rossiya hududidan muttasil otilayotgan o‘q yomg‘iri ostida va minalangan dalalarda ishlashga to‘g‘ri kelsa-da, vazifani oxiriga yetkazishdi – 10 oydan ziyod elektrsiz yashagan qishloq va kentlar aholisi bundan juda xursand.

Nikolay Milashenko – uyida yana elektr chirog‘i yongan baxtiyor insonlardan biri. U oilasi bilan chegara yaqinidagi Makarovo qishlog‘ida yashaydi. Rossiya harbiylari qishloqni mart oyi boshlarida bosib olishgan edi, ukrain armiyasi ularni sentabrdagina u yerdan haydab chiqardi. Biroq elektr ta’minotini tiklashga bir necha oy ketdi. Nikolay va qishloqdoshlari 10 oydan ziyod vaqt mobaynida chiroqsiz, gazsiz yashaganlarini, issiq ovqatdan qiynalganlarini aytishadi.

“Juda og‘ir kunlarni kechirdik. Bari orqada qoldi, Xudoga shukr! – deydi svet yonganidan boshi osmonga etgan Nikolay. – Batareykali fonusimiz bor edi, shag‘am ham olib qo‘ygan edik, lekin elektrga nima etsin”.

“Nihoyatda xursandmiz. Elektr chiroqsiz yashash dahshatning o‘zi! Ancha yengil tortdik!” – deydi Makarovo turg‘unlaridan yana biri, Anatoliy Zamleliy.

Nikolayning nabirasi (u bobosi bilan adash) rus okkupatsiyasi chog‘ida butun oila deyarli hammavaqt yerto‘lada yashaganini, hovliga snaryadlar kelib tushganida xuddi shu narsa jonlarini saqlab qolganini eslaydi. Keyinchalik, otishmalar bosilgach, tomorqadan bir talay snaryad parchalarini terib olishibdi.

Bosqinchilar qishloqdan quvib chiqarilgach, bobo uyda qoladi, yigitcha esa onasi Nataliya bilan birga Makarovodan jo‘nab ketadi. Urush tufayli ayol ishsiz qolgan, o‘g‘il esa o‘qishini davom ettirishi kerak edi. Boz ustiga qishloqda u paytda na elektr va na mobil aloqa bor edi.

“Bahorgacha sabr qilaylik-chi, keyin ko‘rarmiz. Balki qaytarman, chunki ekin-tikinga unnash kerak, – hikoya qiladi Nataliya Milashenko. – O‘g‘lim o‘qishi kerak. Lekin uyni qo‘msaymiz! O‘lan to‘shaging o‘rnini hech nima bosa olmaydi. Begona joylarda yashash qandayligini bilasizmi?”

Sentabrda Makarovo ozod etildi, ertasigayoq qishloqqa ta’mirchilar yetib kelib, gazni ulashdi. Ammo svetni yoqish qiyin bo‘ldi: energetiklar o‘sha kezlar muzofotdagi barcha uzatish liniyalari uzilib, simlar yerda yotganini aytadilar. Oddiy maishiy qulayliklarni sog‘ingan qishloqliklar qo‘l qovushtirib turishmadi, ta’mirchilarga ko‘maklashishdi.

“Hamma joyda mahalliy aholi bizga yordam beryapti. Qayerda liniya uzilganini aytishadi, qidirib ovora bo‘lmaymiz. Ayrimlar o‘g‘irlab ketishmasin deb, uzilgan simlarni yig‘ishtirib olishgan ekan. Uylaridan olib chiqib, bizga berishyapti”, deydi elektromontyor Aleksandr Manyakov.

Energetiklar “ta’mirlash ishlarini tezroq bitirishimiz mumkin edi, lekin, afsuski, biz ishlayotgan hudud Rossiya chegarasiga tutash bo‘lgani uchun u tomondan tinimsiz o‘qqa tutishadi”, deyishadi. Ammo bu ishchilarni to‘xtata olmayapti: ular otishma tugagunicha o‘zlarini panaga olib, so‘ngra yana davom etishmoqda. Urushning eng qaynoq dastlabki oylarida ham elektr tarmoqlarini tiklash bilan shug‘ullanishganini, ayrim qishloqlarni yigirma martagacha ulashga to‘g‘ri kelganini eslab, bu qiyinchiliklarni pisand qilishmaydi.

Rossiya tomonidan bo‘layotgan otishmalarga qaramay, ta’mirchilar Xarkov viloyati elektr tarmog‘ini 85 foizga tiklab bo‘lishdi. Ular ko‘pincha sapyorlar bilan baqamti ishlashadi:

“Qishloqlarda ishlash hech narsa emas, dalada ishlash qo‘rqinchli, chunki minalar ko‘p, ayniqsa metall izlovchi qurilmalar topa olmaydigan plastik minalar yomon. Shu bois juda ehtiyot bo‘lamiz”, izoh beradi Manyakov.

Urush boshlanganidan beri Ukrainada ikki nafar energetik ta’mirlash ishlari chog‘ida halok bo‘ldi, yana olti kishi yaralanib, kasalxonaga tushdi. Ta’mirchilar hanuzgacha har smenada necha bor o‘lim bilan yuzma-yuz bo‘layotganlarini aytishadi.

XS
SM
MD
LG