Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:51

Tadqiqot: Rossiya internet-trollari G‘arb matbuotiga hujum qilmoqda


Tadqiqotda aytilishicha, trollar faoliyati g‘arbliklar Rossiya va prezident Putin siyosatini go‘yo keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashini namoyish etishga qaratilgan.
Tadqiqotda aytilishicha, trollar faoliyati g‘arbliklar Rossiya va prezident Putin siyosatini go‘yo keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashini namoyish etishga qaratilgan.

Kardiff universitetining Jinoyatchilik va xavfsizlik tadqiqotlari instituti (Buyuk Britaniya) ekspertlari jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan yirik amaliyotni fosh qildi. Buning ortida Rossiya internet-trollari turganligi aytilmoqda.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, dunyoning 16 mamlakatiga oid 32 mashhur media, jumladan, “Mail Online”, “Express”, “Times”, “Fox News”, “Le Figaro”, “Der Spiegel”, “Die Welt” va “La Stampa” trollarga nishon bo‘lgan.

Xorijiy OAVlarda chiqqan turli maqolalar ostiga trollar tomonidan yozilgan izohlardan keyinchalik Rossiya nashrlarida maqolalar uchun asos sifatida foydalanilgan.

Buyuk Britaniyadagi universitet ekspertlari ushbu taktikani shu yili payqashganini ta’kidlaganlar. Biroq ushbu amaliyot, kamida 2018 - yildan beri o‘tkazilmoqda. So‘nggi paytlarda trollar e’tibori G‘arb koalitsiyasi qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi mavzusiga qaratilgan.

Tadqiqotchilar misol sifatida Kobulning toliblar tarafidan bosib olinishi haqida AQSh va Rossiyada chiqqan maqolalar ostiga qoldirilgan izohlarga tayangan holda yozilgan rus tilidagi 18 ta maqolani keltiradi.

Xususan, “Mail Online” nashridan olingan ayrim izohlar asosida Rossiyaning “RIA Novosti” xabar agentligi jurnalisti yozgan maqola “Britaniyaliklar toliblarning iqtidorga kelishini G‘arb tamadduni xotimasi o‘laroq baholadi” deb nomlanadi.

Ushbu maqolalar go‘yo liberal demokratiyaning halokati va NATO inqirozi haqidagi iddaolarni dastaklash maqsadida tayyorlangan yoki Ukrainadagi voqealar bilan bog‘liq havolalar bilan birga e’lon qilingan.

Shuningdek, Bi-bi-si yozishicha, britaniyalik ekspertlar Rossiyaga daxldor maqolalarga javoban provokatsiya tusidagi kremlparast yoki aksil‑G‘arb bayonotlar joylangan taxminan 240 ta materialni aniqlagan. Urg‘ulanishicha, bu ishlar G‘arb mamlakatlari fuqarolari Rossiyani va prezident Putin siyosatini go‘yo keng ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashini namoyish etish maqsadida amalga oshirilgan.

Maqolalar Rossiyada va ayrim Yevropa mamlakatlarida, xususan, Bolgariyada e’lon qilinib, so‘ng ijtimoiy tarmoqlarga ko‘chirilgan va shu tariqa ko‘proq o‘quvchilarni jalb etishga harakat qilingan.

Professor Martin Innes ijtimoiy tarmoqlar bu kabi jamoatchilik fikrini o‘zgartirish kampaniyalarini fosh qilishga katta mablag‘ sarflayotgan paytda media-tashkilotlarning an’anaviy saytlarida trollarning ko‘payishiga to‘siq qo‘yish imkoniyatlari cheklanganiga diqqatni tortadi.

Uning aytishicha, o‘tgan yili iyun oyida ochilgan shunday akkauntlardan biri o‘tgan vaqt mobaynida lokatsiyasini 69 marta, ismini esa 549 marta o‘zgartirgan.

Rossiya hukumati o‘zining propaganda va yolg‘on ma’lumotlarni yoyishga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni hamisha rad etib kelgan.

XS
SM
MD
LG