Линклар

Шошилинч хабар
30 июл 2021, Тошкент вақти: 03:51

Tadqiqotchilar: Musulmon dunyosi Xitoyning uyg‘urlarga qarshi global kampaniyasini «faol qo‘llayapti»


Uyg‘ur ayol bolasini ko‘tarib Xo‘tan shahri bozorida turibdi. Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur mintaqasi. 2015, 15 -aprel

1997 - yilda Pokiston hukumati o‘z hududidan 14 uyg‘urni badarg‘a qilgan edi. Pekin ularni Shinjonni Xitoydan ajratib olishni rejalashtirayotgan terrorchilar deb hisoblagan. Ayblanuvchilar Pokistonning Xitoy bilan chegarasini kesib o‘tishi bilanoq qatl etilgan edi.

Bu uyg‘urlar Xitoy talabi bilan ekstraditsiya qilingani ilk bor qayd etilgan holat hisoblanadi.

Joriy yilning 24 - iyunida e’lon qilingan China's Transnational Repression of Uyghurs («Xitoyning uyg‘urlarga qarshi transmilliy repressiyasi») ma’lumot bazasi va shu nomli hisobotda qayd etilishicha, Pokiston uyg‘urlarni badarg‘a qilgani «Xitoyning transmilliy repressiyasi evolyutsiyasida o‘zgarish nuqtasi» bo‘lgan. Ma’lumot bazasida 1997 - yilgi voqeadan 2021 - yil martigacha 28 mamlakatda qayd etilgan 1546 ta qamoqqa olish va deportatsiya qilish holatlari ko‘rib chiqilgan.

Hisobot «Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati» va «Uyg‘ur inson huquqlari loyihasi»ning qo‘shma tashabbusi bo‘lib, Xitoyning uyg‘urlarga qarshi kampaniyasi global miqyosda rivojlanib, Markaziy va Janubiy Osiyodan tez sur’atda Yevropa, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyoga tarqalayotganini ko‘rsatadi.

Xitoyning xalqaro kampaniyasi eng to‘liq yoritilgani aytilayotgan hisobotda asosan Yaqin Sharq va Osiyoda joylashgan musulmon mamlakatlar hukumatlari Shinjonni tark etgan uyg‘urlarni va boshqa musulmonlarni kuzatib borish, hibsga olish va vataniga qaytarish yo‘lida Pekin bilan hamkorlik qilayotgani hujjatlashtirilgan.

«Aksariyat musulmonlar yashaydigan davlatlar Shinjon va uyg‘urlar repressiyasi bo‘yicha sukut saqlayotgani uchun ko‘p tanqidga uchrab keladi», - dedi «Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Oksus jamiyati»ning tadqiqotlar bo‘yicha direktori va hisobotning yetakchi muallifi Bredli Jardin.

«Ammo ushbu ma’lumotlar bazasi shuni ko‘rsatadiki, Islom olami ikkiyuzlamachilik qilibgina qolmay, Xitoy bilan faol hamkorlik qilmoqda», - deya qo‘shimcha qildi u.

Birlashgan Millatlar tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha rasmiylariga ko‘ra, 1 million yoki undan ham ko‘p uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmon guruh vakillari Xitoyning yirik «qayta tarbiyalash lagerlarida» saqlanmoqda. Lagerlarda saqlangan ko‘plab sobiq mahkumlarning ta’kidlashicha, ular indoktrinatsiya, jismoniy zo‘ravonlik va hatto majburiy sterilizatsiyaga duchor bo‘lishgan.

Qashg‘ar shahri ko‘chasidan Xitoy politsiyasi xodimlari o‘tib bormoqda. 2021 - yil, bahor.
Qashg‘ar shahri ko‘chasidan Xitoy politsiyasi xodimlari o‘tib bormoqda. 2021 - yil, bahor.

AQSh hukumati va qator G‘arb parlamentlari Xitoyning Shinjondagi harakatlarini genotsid deb topgan. Ammo asosan musulmonlar yashaydigan davlatlarning aksariyati sukut saqlamoqda. Musulmon davlatlarning ko‘pi Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» (Belt and Road Initiative) loyihasi doirasida Pekin bilan yaqin moliyaviy va siyosiy aloqa o‘rnatgan.

Hisobotda aytilishicha, uyg‘urlarni nishonga olish va ularni Xitoyga qaytarishga qaratilgan harakatlar 2017 - yildan beri avj olgan. Xitoy Shinjonda ommaviy konsentratsiya lagerlari dasturini aynan shu yilda boshlagani aytiladi.

«Ushbu amaliyotlar orqali Xitoy hukumati uyg‘ur xalqi repressiyasi va uning ustidan nazoratni suveren chegaralar osha kengaytirishga muvaffaq bo‘lyapti», deyiladi hisobotda.

Dunyo bo‘ylab yoyilgan mahalliy kampaniya

Xitoy hukumati dastlab Shinjon lagerlari mavjudligini inkor etdi. Ammo keyingi yillarda Pekin lagerlarni «kasb-hunar va ta’lim markazlari» deb atay boshladi va ular islomiy ekstremizmga qarshi kurashish uchun zarur ekani haqida diplomatik va PR kampaniyani yo‘lga qo‘ydi.

Hisobotda aytilishicha, Xitoy xorijda uyg‘urlarni nishonga olish kampaniyasi terrorizm xavotirlari bilan bog‘liq. Pekin boshqa mamlakatlardagi uyg‘urlarni nishonga olish uchun josuslik va kiberhujumlardan tortib, «Interpol» orqali «Qizil tsirkulyar» e’lon qilishga qadar turli choralarni ko‘rmoqda.

Xitoy rasmiylari azaldan uyg‘urlarga shubha bilan qarab keladi. Bugunga qadar radikal uyg‘ur separatist guruhlari hujumlarni amalga oshirgan. Shunday bo‘lsa-da, hisobotda Shinjon poytaxti Urumchida 2009 - yilda sodir bo‘lgan etnik tartibsizliklar Pekin uchun burilish nuqtasi bo‘lgani ta’kidlanadi.

Tartibsizliklar 200 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Nobud bo‘lganlarning aksari etnik xanlar bo‘lib, xunrezlikdan keyingi yillarda ekstremistik uyg‘ur guruhlari amalga oshirgan hujumlar Shinjonda xavfsizlik vaziyatini yanada keskinlashtirdi.

Pekin esa ekstremizmga qarshi kurashish nomi bilan tezda qasos olishga kirishdi. Jardinning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy o‘ch ola boshlar ekan, ko‘plab uyg‘ur Xitoyni tark etib, dunyoning turli mamlakatlariga qochqin bo‘lib bordi va siyosiy boshpana so‘radi.

«Bu ilgari Markaziy Osiyo va Pokiston kabi qo‘shni hududlarga e’tibor qaratgan Xitoyni masalaga globalroq yondashishga majbur qildi», - dedi u.

Ma’lumotlar to‘plamida Xitoyning chet eldagi uyg‘urlarga qarshi olib borayotgan kampaniyasining uch bosqichi belgilangan.

Urumchi shahridagi bozorda savdo qilayotgan uyg‘ur ayol. 2010, 19 - avgust.
Urumchi shahridagi bozorda savdo qilayotgan uyg‘ur ayol. 2010, 19 - avgust.

Birinchi bosqich asosan uyg‘ur diasporalari mavjud bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyodagi qo‘shni hududlarga qaratilgan bo‘lib, 1997 - yildan 2007 - yilgacha cho‘zilgan. Bu davr mobaynida 89 nafar uyg‘ur hibsga olingan yoki Xitoyga jo‘natilgan. Ikkinchi bosqich esa 2008 – 2013 - yillarga to‘g‘ri keladi va uning davomida Pekin kampaniyasi 15 mamlakatga kengayib, 130 kishini nishonga olgan. Uchinchi bosqich 2014 - yilning mart oyida boshlangan. Bu bosqichda kampaniya avj olgan va 20 mamlakatda 1327 nafar kishi hibsga olingan yoki ekstraditsiya qilingan.

Hisobotda musulmon mamlakatlar roli yaqqol ko‘rsatilgan. Unda qayd etilgan holatlarning 647 tasi Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada, 665 ta hodisa esa Janubiy Osiyoda sodir bo‘lgan. Ro‘yxatga kiritilgan 1151 ta holatda uyg‘urlar o‘z mamlakatlarida hibsga olingan, 395 ta holat esa Xitoyga deportatsiya holatlaridir.

«Bu raqamlar dengizdan bir tomchi», - dedi Jardin.

«Biz qismatini so‘zlab bergan odamlar bilan cheklandik, ammo biz hali bilmaydigan va xabar qilinmagan juda ko‘p holatlar mavjud».

Diqqat markazida musulmon dunyosi

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon yaqinda AQShning Axios axborot agentligiga bergan intervyusida Shinjonda Xitoy hukumati inson huquqlarini oyog‘osti qilayotganini tan olish yoki qoralashdan bosh tortib, shov-shuv keltirib chiqardi.

Islomobod va Pekin yaqin aloqa o‘rnatgan hamda ko‘p milliard dollar qiymatga ega Xitoy – Pokiston iqtisodiy yo‘lagi (CPEC) Xitoyning «Bir kamar, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi muhim loyiha bo‘lib qolmoqda.

Ammo ma’lumotlar bazasi Pokistonning Xitoy bilan uyg‘urlar borasida hamkorligi o‘nlab yillardan beri davom etib kelayotganini ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, bu hamkorlik Pekin Yevrosiyo bo‘ylab sarmoya va iqtisodiy faoliyatini kengaytirishidan ancha oldin boshlangan.

«Uyg‘urlarning faoliyatini kuzatib borish bo‘yicha rasmiy kelishuv imzolaganini ko‘rsatuvchi hech qanday dalil bo‘lmasa-da, Pokistonning 1990 - yillar oxiridagi faoliyati rasmiy yoki boshqa yo‘l bilan kelishuvga erishilganiga ishora qilmoqda», deyiladi hisobotda.

Joriy oyda uyg‘ur guruhlar advokatlari Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) Tojikiston hukumati uyg‘urlarni Xitoyga jo‘natib, Pekin bilan hamkorlik qilayotganini ko‘rsatuvchi yangi dalillarni taqdim etdi.

Turkiya uyg‘urlar uchun muhim boshpana mamlakati bo‘lib qolmoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on uzoq yillar davomida uyg‘urlarni Turkiyaga kiritdi. Ayni damda mamlakatda taxminan 40 ming uyg‘ur borligi aytiladi.

Bundan oldin Erdo‘g‘on Xitoyning Shinjondagi siyosatini tanqid qilgan, ammo so‘nggi paytda Anqara Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytira boshlagani uchun Turkiya prezidenti Pekinni keskin tanqid qilishdan o‘zini tiya boshladi.

XS
SM
MD
LG