Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 22:23

Tahlil: "Eski O‘zbekiston"ga xos avtoritarizm Mirziyoyev islohotlarini xavf ostiga qo‘ymoqda


Mirziyoyev prezidentligining ilk oylarida hukumatni butkul yangilash va davlat boshqaruvini shaffoflashtirishga va’da bergan edi

Bahorgi teng kunlik - 21 - martda nishonlanadigan Navro‘z bayramidan yangilanish, yasharish fasli boshlanadi. Pandemiya va gaz, elektr tanqisligi sababli yuzaga kelayotgan noroziliklar hamda “eski O‘zbekistonga” xos bo‘lgan avtoritar an’analardan zarar ko‘rayotgan inson huquqlari sohasida ham o‘z Navro‘zi, yangilanish fasli boshlanishi zarur, deb yozmoqda Hyuman Rayts Uotchning O‘zbekiston bo‘yicha sobiq tadqiqotchisi, huquqshunos professor Stiv Sverdlou.

Uning The Diplomat nashrida 1 - mart kuni chop etilgan maqolasida ta’kidlashicha, kelayotgan prezident saylovlari arafasida Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari lisonidan bot-bot foydalanmoqda. Masalan, 22 - fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev yaqinda O‘zbekistonda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilinishini, qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligini, O‘zbekiston bu borada maxsus ma’ruzachini taklif etishini va’da bergan.

Lekin bundan ham muhimrog‘i, Shavkat Mirziyoyevning Namanganga safari chog‘ida jurnalistlar savollariga javob qaytargani bo‘ldi. Prezidentning jurnalistlar bilan bu jonli muloqoti qariyb 20 yilda ilk bor kuzatildi.

Saylovlar yilida Mirziyoyev oddiy odamlar bilan ko‘proq muloqot qilishni boshlagan - Farg‘ona, Rishton, 4 - fevral, 2021
Saylovlar yilida Mirziyoyev oddiy odamlar bilan ko‘proq muloqot qilishni boshlagan - Farg‘ona, Rishton, 4 - fevral, 2021

Bular maqtovga arzigulik jarayonlardir. Lekin shu bilan birga, rasmiylarning pandemiya davrida inson huquqlari borasidagi majburiyatlariga amal qilmasligi hamda qattiqqo‘l choralari avvalgi islohotlarni chippakka chiqarishi xavfi mavjud. O‘tgan bir necha oy davomida rasmiylar matbuot erkinligini keskin chekladi, nohukumat tashkilotlarni davlat ro‘yxatiga olishdan bosh tortish an’anasini davom ettirdi. Siyosiy va diniy mahbuslar hamon qamoqda qolmoqda, yangi Jinoyat kodeksi loyihasi hamda din, uyushish, “axborotlashtirish” sohasidagi qonun loyihalarida ham eski avtokratik tendensiyalar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Hukumat “organ”larning ta’sirini kesishga, o‘tmishdagi adolatsizliklarni tan olishga hamda nohaq qamalganlarning haq-huquqlarini tiklashga shoshilmayotgani odamlar orasida elitalar avvalgi davrga qaytish arafasida turgani haqidagi ishonchga zamin yaratmoqda.

“Qo‘rqmanglar … Prezident sizlar bilan”

Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar bilan suhbatda “adolatni yetkazishdan to‘xtamaslik” lozimligini aytdi.

“Sizlar menga yelkadoshsiz, yordamingizga tayanaman. Adolatni yetkazishdan to‘xtamanglar, qo‘rqmanglar. Ortingizda Prezident turibdi. Adolat, adolat, adolat! Yana bir marta adolat. Bu yo‘ldan ortga qaytmaymiz. Sizlar adolat tarafdori bo‘lsangiz, haqiqatni yozsangiz, rahbarlar hozir sizlarni yomon ko‘rishi mumkin, ammo oxiri ishlashga tushadi. Tizim ishlashiga olib keladi bu. Men sizlarga ishlaringizda omad tilayman”, degan prezident.

O‘zbekistonda ildiz otgan senzura va jurnalistlarni qamash an’anasini hisobga olsak, Mirziyoyevning mujdasi iliq kutib olindi. Lekin bu mujdadan ikki kungina avval, 30 - yanvar kuni surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy tovlamachilikda gumon qilinib hibsga olingan. Keyinroq unga nisbatan tuhmat hamda haqorat qilish kabi yangi jinoiy ayblovlar ham e’lon qilingan. U jami 15 yilga qamalishi mumkin.

Ushbu ayblarni bevosita uning blogerlik faoliyati bilan bog‘layotgan blogerning yaqinlari Otabek Sattoriyning bir oydan buyon o‘zlariga ko‘rsatilmayotganini aytishmoqda.

Hukumat tuhmat kabi qilmishlarni jinoyatlar sirasidan chiqarishni va’da berib kelayotgan bir paytda Sattoriyga nisbatan ma’muriy emas, aynan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani jamiyatda hamda diplomatik doiralarda xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Tovlamachilik va tuhmat kabi ayblovlar Islom Karimov davrida ham huquqbon va jurnalistlarga qarshi ishlatilgan asosiy ayblovlar bo‘lgan.

Sattoriy hibsga olinishidan bir necha oy avval AOKA qator mustaqil nashrlarga xat yuborib, ularni aholining gaz va elektr muammosi, shuningdek, koronavirus statistikasiga rasmiylar bergandan farqli yondashgani bois "jiddiy oqibatlar"dan ogohlantirgan edi.

Boz ustiga, “Al‑Jazeera” telekanalining O‘zbekistondagi muxbiri sifatida Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tishga hujjat topshirgan polshalik jurnalist Agnieshka Pikulitska-Vilchevska o‘ziga jinsiy tegajog‘lik qilingani va O‘zbekiston haqida ijobiy maqolalar yozishi kerakligini aytib bosim o‘tkazilganini oshkor qilgan edi.

Bu ham etmaganidek, Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalarining fraksiyalari ommaviy tartibsizlik va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga chaqirganlik uchun jazo choralarini belgilash taklifi bilan chiqdi. Mavhum tilda yozilgan loyihaga ko‘ra, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslikka, ommaviy tartibsizlikka va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga ommaviy da’vat qilish kabi huquqbuzarlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda. Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger ham “ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlikka, belgilangan tartibni buzgan holda o‘tkaziladigan yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarda ishtirok etishga da’vat qilishi, yolg‘on axborot tarqatishi” uchun jinoiy javobgar bo‘ladi. Deputatlarning ushbu loyihasi keng tanqid qilindi. Masalan, “Legalmax” yuridik firmasining yuristi Muhammadali Mahmudov qonunchilikda “bloger” atamasi noaniq va eskirib qolganini, ushbu qonunni tatbiq etish muammolarga olib kelishini ta’kidlaydi.

Qonun loyihasi mualliflaridan biri Alisher Qodirov “qonun loyihasi O‘zbekistonda tinch-xotirjam, emin-erkin va demokratik rivojlanishga xizmat qilishini” aytgan. Islom Karimov davrini eslatib yuboradigan nutqida u ushbu qonun “boshqariladigan beboshlikni maqsad qilgan, xalq xotirjamligi, manfaatlari va erkin so‘zning qadriga tupurib, ularni g‘arazli o‘yinlarida o‘yinchoq qilib olgan buzg‘unchilarning qo‘lini bog‘lashini” aytgan.

Jamoatchilik tanqidi AOKA mustaqil nashrlarga o‘z bosimini yumshatishiga, Agneshka Pikulitska-Vilchevskaga akkreditatsiya berilishiga olib keldi. Prezident va’dalari hamda O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga hamohang bo‘lishi uchun parlament ushbu qonun loyihasini qabul qilmasligi yoki jiddiy qayta ko‘rib chiqishi lozim.

2021 - yil 18 - fevralda O‘zbekiston Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur Qonun bilan himoyachi ishtirok etishi shart holatlar, shuningdek, ushlab turish muddati uzog‘i bilan 48 soat etib belgilandi. Avvalroq Mirziyoyev 20ga yaqin manzilli koloniyalarni yopish niyatini bildirgan edi. Shu bilan birga, ko‘plab odamlar, asosan mo‘’tadil dindorlar, qamoqxonalarda soxta ayblovlar bilan saqlanmoqda. Mamlakat qamoqxonalarida mahkumlarga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlik qo‘llanganiga oid holatlar qayd etilmoqda. Bu 2017 - yilda qabul qilingan qiynoqlarga qarshi qonun bajarilmayotganidan dalolatdir. BMT minbaridan Shavkat Mirziyoyev qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachini mamlakatga taklif etishga va’da bergan edi, bu va’dani tezroq amalga oshirishi lozim. Shunindek, prezident huzuridagi Afv komissiyasi qamoqlarda qolayotgan diniy va siyosiy tutqunlarni darhol ozod etishi lozim.

Inson huquqlari “g‘ildiragini qayta kashf qilmang”

Inson huquqlari borasidagi muammolarni bir maqolada qamrab olish qiyin vazifadir. Lekin Mirziyoyevning to‘rt yillik hokimiyatida bir saboq yaqqol ko‘zga tashlanmoqda: inson huquqlari borasida hukumat g‘ildirakni qayta kashf etishi shart emas. Uning o‘rniga tobora faollashayotgan jamoatchilik bilan bamaslahat ish tutgan ma’qulroqdir.

O‘zbekistonning Inson huquqlari milliy strategiyasida nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini yengillashtirish ko‘zda tutilgan edi. Bunga javoban faollar Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risidagi kodeks ishlab chiqqan ham. Lekin barcha muddatlar o‘tib ketganiga qaramay, Adliya vazirligi bu loyihani faollar bilan hatto muhokama qilishga ham vaqt topmagan. Adliya vazirligi A’zam Turg‘unovning “Inson huquqlari uyi”, “Chiroq”, “Oltin qanot” kabi mustaqil NNTlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni cho‘zishda davom etmoqda.

Advokatura sohasida ham xuddi shunday ahvol. BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi 2019 - yilda rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lgan. U advokatlar palatasi ijroiya hokimiyatdan mustaqil bo‘lishi kerakligini tavsiya etgan. Shundan so‘ng mustaqil huquqshunoslardan iborat ishchi guruh bu borada o‘z takliflarini Adliya vazirligiga taqdim etgan. Bir yarim yil o‘tib ketgan bo‘lsa-da, Adliya vazirligi ham, parlament ham bu masalada hamon sukut saqlamoqda.

Postsovet o‘lkalar orasida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.​ 2018 - yilda bir guruh o‘zbekistonlik LGBT vakillari prezident Shavkat Mirziyoyev va parlamentga murojaat qilib, vatandagi geylarga teng huquq va erkinlik berishni so‘rashgan. O‘zbekistonda gomoseksualizmni jinoyatlar ro‘yxatidan chiqarish talabi BMT inson huquqlari mexanizmlarida urg‘ulangan.

O‘zbekistonda inson huquqlari borasidagi vaziyat o‘ta muhim pallaga kirgan. Ma’nili islohotlarni amalga oshirish murakkab jarayondir. Islohotlarning muvaffaqiyatli bo‘lishi hukumat Karimov davriga xos harakatlardan voz kechishini, fuqarolik jamiyati bilan bamaslahat ish tutishini taqozo etadi, deya yakunlaydi The Diplomat nashridagi maqolasini Stiv Sverdlou.

XS
SM
MD
LG