Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:18

Tahlil: Xitoy Tolibon qo‘liga o‘tgan Afg‘onistonda qanday manfaatlarni ko‘zlamoqda?


Tolibon asoschilaridan Mulla Abdul G‘ani Barodar va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I. Tyanszin , Xitoy - 28 -iyul, 2021
Tolibon asoschilaridan Mulla Abdul G‘ani Barodar va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I. Tyanszin , Xitoy - 28 -iyul, 2021

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan butunlay olib chiqib ketilishidan oldin Tolibon mamlakatni to‘satdan egallashi ortidan Xitoy Kobuldagi yangi hukumat bilan qanday ish tutish haqida bosh qotirmoqda. Ekstremistik guruh hokimiyatni qo‘lga olgani Xitoy uchun ham imkoniyat, ham xatar tug‘diradi.

Tolibon Afg‘oniston poytaxtini qo‘lga olganidan keyin bir necha soat o‘tgach, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekin Afg‘oniston bilan «do‘stona hamkorlikka» tayyor ekani va mamlakatni qayta tiklashda «konstruktiv rolь» o‘ynashni niyat qilayotganini bildirdi.

«Afg‘oniston suvereniteti va mamlakatdagi barcha guruhlarning xohish-irodasini to‘liq hurmat qilgan holda, Xitoy afg‘on toliblari bilan aloqa va muloqotni davom ettirib, afg‘on muammosini siyosiy yo‘l bilan hal qilishda konstruktiv rol o‘ynab keladi», dedi vazirlik vakili Xua Chunin 16 - avgust kuni.

G‘arb kuchlari Kobuldan sarosimaga tushgan fuqarolarini to‘s-to‘polon sharoitida evakuatsiya qilayotgani xitoylik targ‘ibotchilar uchun qo‘l keldi. Davlat ommaviy axborot vositalari bu tasvirlardan foydalanib, mahalliy va xalqaro auditoriyaga Amerika zaiflashib borayotgani va Vashington ishonchsiz hamkor ekani to‘g‘risida bong urdi.

Ammo Pekin AQShning xaotik chekinishi va evakuatsiyasini mazax qilayotgan bo‘lsa-da, Xitoy aslida mintaqada yirik noaniqlikka duchor bo‘lib turibdi. Pekin hozir Tolibon harbiy g‘alabasi ortidan yangi geosiyosiy xaritaga hamda Janubiy va Markaziy Osiyoda tahdidlarning yangi davriga hozirlik ko‘rmoqda.

Pekin uchun ustuvor vazifa

Xitoy Afg‘oniston bilan 76 kilometrga cho‘zilgan qisqa chegaraga ega bo‘lib, Pekin qo‘shnisiga uncha katta e’tibor qaratmay kelayotgandi. AQSh qo‘shinlarining olib chiqib ketilgani va Afg‘onistonda saylangan hukumat qulagani bu holatni o‘zgartiradi

Pekin Afg‘onistonda iqtisodiy manfaatlarni ko‘zlaydi. Ayniqsa, Pekin uchun mamlakatning yirik mineral boyliklari qiziq. Bunga qaramasdan, Xitoy uchun ustuvor masala Afg‘onistondagi mojaro mamlakat tashqarisiga tarqalishi oldini olishdir.

Xususan, mintaqada beqarorlikni cheklash hamda Afg‘oniston terrorchi guruhlar, ayniqsa, uyg‘ur jangarilar uchun boshpanaga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik Xitoyni tashvishlantirayotgan asosiy masaladir. Tolibon «Sharqiy Turkiston islomiy harakati» Afg‘oniston hududida faoliyat yuritishini taqiqlashi yoki yo‘qligi Tolibonning Xitoy bilan munosabatlari uchun dastlabki sinov bo‘ladi. Pekin uyg‘urlarning «Sharqiy Turkiston islomiy harakati»ni Shinjondagi tartibsizliklar uchun ayblab keladi.

Ko‘plab tahlilchilar uyg‘ur guruhlar Xitoyga jiddiy tahdid solishiga shubha bilan qarasa-da, Pekin harakatni yirik tahdid o‘laroq ko‘radi. Xitoy Shinjondagi repressiyalar terrorizmga qarshi kurash ekanini aytib, o‘zini oqlab keladi. Xitoy Kommunistik partiyasi Shinjonda bir milliondan ortiq uyg‘ur, qozoq va boshqa musulmon ozchiliklarni konsentratsiya lagerlari va qamoqlarda saqlamoqda.

Tolibon uyg‘ur guruhlaridan masofa saqlab keladi. Hindiston, Rossiya va AQSh kabi boshqa mamlakatlar endi Tolibon terror guruhlari Afg‘oniston hududidan baza o‘laroq foydalanishiga izn berish-bermasligini kuzatib boradi.

Yuqorida tilga olingan maqsadlardan tashqari, Pekin Afg‘onistonga aralashishga ko‘p oshiqmayapti. Xitoylik siyosatchilar Afg‘onistonni o‘ta xavfli joy deb biladi va xavf-xatar ehtimolini cheklashga ko‘proq e’tibor qaratishadi.

Xitoy – Tolibon munosabatlari

Pekin allaqachon Tolibon bilan aloqa o‘rnatishga zamin yaratgan. Tashqi ishlar vaziri Van I - iyul oxirida Tolibon rahbariyatini qabul qilgandi.

Xitoy – Tolibon munosabatlari murakkab bo‘lib, bir necha yillik tarixga ega. Ikkala tomon ham bir-biriga ishonmasa-da, Pekin 2014 - yilda jangarilar bilan aloqalarini kuchaytirdi. Bunga Tolibonning asosiy hamkori Pokiston Xitoy ittifoqchisiga aylangani qisman sabab bo‘ldi.

Xitoy Afg‘onistondagi hech bir siyosiy guruhni ustun ko‘rmaydi. Kobuldagi hukumat qulashidan oldin Pekin u bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatgan edi. Afg‘oniston hukumat kuchlari esa Xitoyning talabiga binoan uyg‘ur jangari guruhlarini kuzatib, nishonga olishga harakat qilib kelayotgan edi.

Tolibon Xitoyning Afg‘onistondagi manfaatlarini himoya qila olar ekan, Pekin bilan pragmatik hamkorlikdan foyda ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Agar Tolibon Xitoyning xavfsizlik bo‘yicha xavotirlarini bartaraf etishda G‘arb dastaklagan Afg‘oniston hukumatiga qaraganda ishonchliroq hamkor ekanini ko‘rsata olsa, Pekin guruhga siyosiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatib, unga Afg‘onistonning yangi hukumati sifatida xalqaro miqyosda legitimlik qozonishiga yordam berishi mumkin.

Afg‘onistondagi boyliklar-chi?

Afg‘oniston elektronikadan tortib elektromobillar, sun’iy yo‘ldoshlar va samolyotlar ishlab chiqarishda ishlatiladigan trillionlab dollar qiymatga ega nodir metallarga boy ekani aytiladi.

2008 - yilda Xitoyning “Metallurgical Group Corporation” davlat korporatsiyasi Kobul janubidagi ulkan «Mis Oynak» konini ishlatish uchun 30 yilga 3 milliard dollarlik kontsessiyani qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Xitoy milliy neft korporatsiyasi Afg‘oniston shimolidagi neft konlaridan foydalanish bo‘yicha tenderga ega.

Ammo bu loyihalar mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati tufayli to‘xtab qolgan. Bu xavotirlar bundan nari yanada kuchayishini kutish mumkin.

Xitoy Afg‘onistonning daromadli tabiiy boyliklaridan foydalanishni, shuningdek, o‘zining «Bir makon, va bir yo‘l» tashabbusi orqali iqtisodiy ta’sirini kuchaytirishni xohlasa-da, mamlakatdagi murakkab xavfsizlik muhiti tufayli Pekinning ushbu rejalari yaqin orada amalga oshmaydi.

Толибон билан бизнес: Халқ қўрқуви ва ҳукумат манфаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:20 0:00

Tolibon hokimiyatni qo‘lga olgani Pekin uchun qo‘l keladimi?

Bu savolga oddiy javob yo‘q.

Tolibon Xitoy bilan hamkorlik qilib, uning xavotirlarini ozaytirishga tayyor ekanligini bildirgan bo‘lsa-da, ularning g‘alabasi ortidan Afg‘onistonda va butun mintaqada beqarorlik kuchayishini kutish mumkin. Xususan, mamlakatda janglar davom etishi, qo‘shni mamlakatlarga qochqinlar oqimi kuchayishi, Markaziy va Janubiy Osiyoda terrorchilar faoliyati avj olishi mumkin.

Pekin «Bir makon, va bir yo‘l» tashabbusini Afg‘onistonga kengaytirishga oshiqmayapti, lekin Xitoyning ulkan infratuzilma loyihasi allaqachon Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston va Tojikistonda chuqur ildiz otgan. Xitoy ushbu mamlakatlarga yotqizgan sarmoyalari va boshlagan infratuzilma loyihalari orqali ta’sirini kuchaytirishni ko‘zlamoqda. Pekin Afg‘onistondagi vaziyatga aralashish o‘zining boshqa, muhim maqsadlariga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.

Yaqinda «Bir makon, va bir yo‘l» loyihasidagi muhim tugunlardan biriga aylangan Pokistonda Xitoy manfaatlari va ishchilari hujumga uchradi.

14 - iyul kuni Pokistonda xitoylik ishchilarni olib ketayotgan avtobus portlatildi, natijada 13 kishi halok bo‘ldi. Ularning to‘qqiz nafari xitoylik edi. Hujumni Afg‘oniston ichidagi guruhlar amalga oshirgani aytildi.

28 - iyul kuni esa Karachida xitoylik ishchilarga navbatdagi hujum uyushtirildi.

Hozircha Xitoy Afg‘onistonda qanday hukumat yuzaga kelishi va Tolibon butun mamlakat bo‘ylab o‘z hokimiyatini qanday mustahkamlashini kuzatib boradi.

Bugunga qadar Pekin o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun zamin yaratishga muvaffaq bo‘lib kelmoqda, ammo Afg‘onistondagi vaziyat beqaror bo‘lib qolar ekan, Xitoy vaqtincha kutish rejimida bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG