Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:06

“Tanazzul sindromi”. Rossiya yoshlari Stalinga mehr qo‘ymoqda


Sotsiologlar Stalinga haykal qo‘yish tarafdorlari so‘nggi 10 yilda deyarli ikki baravarga ko‘payganini qayd etishmoqda.
Sotsiologlar Stalinga haykal qo‘yish tarafdorlari so‘nggi 10 yilda deyarli ikki baravarga ko‘payganini qayd etishmoqda.

“Levada-sentr” so‘rovida qatnashgan rossiyaliklarning qariyb yarmi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning navbatdagi yubileyi munosabati bilan sovet rahbari Iosif Stalinga haykal qo‘yilishni yoqlagan.

Haykal o‘rnatish tarafdorlari so‘ralganlarning 48 foizini tashkil qilgan bo‘lsa, 20 foiz respondent bunga qarshi chiqqan, qolganlar esa g‘oyaga befarqligini bildirgan yoki javob berishga qiynalgan.

Sotsiologlar Stalinga haykal qo‘yish tarafdorlari so‘nggi 10 yilda deyarli ikki baravarga ko‘payganini qayd etishmoqda. 2010 - yilda xuddi shunday so‘rov o‘tkazilganida ishtirokchilarning atigi 25 foizi ijobiy javob bergan, 36 foizi esa qarshi chiqqandi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Stalin haykalini o‘rnatish tarafdorlarining aksari 18—24 yoshlilar va 55 dan kattalar ekan. Holbuki 2010 - yilda 18—24 yoshli respondentlardan atigi 12 foizi Stalin haykali bo‘lsin, deb xohish bildirgan edi. Haykal qo‘yish tarafdorlari soni boshqa yosh guruhlarida ham ortib bormoqda.

Va nihoyat, so‘ralganlarning 60 foizi “Stalin-sentr” muzey majmuasini yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.

“Levada-sentr” direktori Lev Gudkovga ko‘ra, Stalin rolining qayta ko‘rib chiqilishi va uning yoshlar orasida mashhur bo‘lib borayotgani Rossiya propagandasining xizmatidir.

— Bu jarayon 1998 - yildan boshlangan — o‘shanda biz rossiyaliklarning Stalin shaxsiga munosabatini o‘rganishga endigina kirishgan edik. O‘sha kezlar mutlaqo ko‘pchilik sovet tizimining o‘ta yuzaki bo‘lsa-da, beayov tanqidi manzarasida Stalinni faqat jallod o‘laroq tasavvur etardi. Uni millionlab begunoh odamlar o‘limida asosiy aybdor, yalpi terror va qatag‘onlar tashkilotchisi, deb bilishgan. Atigi 10-12 foiz so‘ralganlargina unga ijobiy ko‘z bilan qaragan. Aksari odamlar 20-25 yildan keyin Stalinni hech kim eslamaydi, tarixchilardan boshqa hamma unutib yuboradi, deb o‘ylashardi. Biroq hokimiyat tepasiga Vladimir Putin kelgach vaziyat o‘zgara boshladi, sokin qayta stalinlashtirish boshlandi. Nega “sokin”? Chunki Putinning o‘zi ham, a’yonlari ham hech qachon Stalin haqida yakkash ijobiy fikr bildirishmasdi. Hokimiyatning Stalinga munosabati ikki turli bo‘lib, avvalo uning Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabadagi roli maqtalar edi. Sal keyinroq targ‘ibot mashinasi Stalinni “samarali menejer” va Rossiyaning jadal sanoatlashtirilishi tashkilotchisi o‘laroq gavdalantirishga o‘tdi. Putin mafkurachilariga ko‘ra, aynan u qoloq mamlakatni zamonaviy buyuk davlatga aylantirgan.

– Yoshlar bunga qanday ishonishdi?

– Stalinni imi-jimida oqlash siyosati tarixiy siyosat o‘zgarishi manzarasida yuzaga qalqib chiqib, o‘z navbatida ta’lim tizimi o‘zgarishiga olib keldi. 1990-yillar oxiri – 2000-yillar boshidayoq biz yoshlarning Stalinga salbiy yoki mutlaqo loqayd munosabatini kuzatgan edik. Ular uchun bu uzoq o‘tmishdagi, Ivan Grozniy, Chingizxon va boshqalar bilan bir safda turadigan, ya’ni mutlaqo dolzarb bo‘lmagan personaj edi.

Biroq 2010 - yildan Rossiyada imperiyaga xos qadriyatlar va davlat patriotizmi targ‘iboti kuchaydi. Stalin sekin-asta qaddini rostlab, oldingi planga chiqa boshladi. 2021 - yilda esa rossiyaliklar uni barcha davrlar va xalqlarning eng buyuk kishilari ro‘yxatiga kiritdilar.

– Bugungi kunda haykal yoki yodgorlik o‘rnatish bilan Stalin xotirasini tiklamoqchi bo‘layotgan va dohiyga muhabbatidan bahs etayotgan odamlarning qo‘lida qanday dalillari bor?

– Ko‘pincha u urushda yutib chiqqanini va shunga o‘xshash iddaolarni aytishadi. Ammo bular bari noaniq va siyqa dalillar. Menimcha, asosiy sabab – insonning o‘z ojizligini, bo‘shligi va himoyasizligini har ishga qodir hukmdor siymosi soyasiga olish istagidir. Ushbu mexanizm, ya’ni tartib-intizom va adolat o‘rnata oladigan kuchga ehtiyoj – har qanday avtoritar va totalitar rejimning o‘zagini tashkil qiladi. Bu juda muhim kompensator mexanizm. Boshqa tomondan esa, bu hozirgi zamondan norozlikni bir qadar mavhum ifoda etishdir. “Stalin davrida narx-navo oshib ketmasdi, tartib bor edi” va hokazo nolishlar shundan darak beradi. Stalin afsonaviy, ramziy shaxs bo‘lib, uning nomidan tanqid qilish yoki norozilik bildirish mumkin. Bu zaif, siyosatda ishtirok etmaydigan odamlar uchun muhim mexanizmdir. Xalqqa otalarcha g‘amxo‘rlik qiluvchi mazkur har narsaga qodir hukmdor shaxsi vositasida ular o‘zlarining noqislik kompleksini kompensatsiya qiladilar. Umuman olganda, bu jamiyatning axloqiy tanazzuli sindromi bo‘lib, na o‘tmishni va na hozirgi siyosiy tizimni ratsionallashtirish layoqatidan mosuvolikni anglatadi, — deya mulohaza qiladi sotsiolog, “Levada-sentr” direktori Lev Gudkov.

Tarixchi Nikita Sokolovning tushuntirishicha, Rossiya propagandasi Stalin siymosini ideallashtirayotgani bejiz emas – Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alaba hanuz Rossiya yangi tarixidagi eng katta yutuq bo‘lib qolmoqda. Hozirgi hokimiyatning mamlakatga taklif etadigan arzigulik boshqa hech vaqosi yo‘q:

– So‘nggi 15 yilda G‘alaba kuni uzil-kesil Rossiya millatining tavallud kuniga aylandi. Hozirgi Rossiya hukumati zamonaviy Rossiya 1991 - yil 20 - avgustda dunyoga kelganini hargiz tan ololmaydi. Ular o‘z silsilasini ushbu sanadan boshlashni aslo xohlamayapti, holbuki zamonaviy Rossiyaning ibtidosi o‘sha voqealarga — kommunistik tuzumning qulashi va putch mag‘lubiyatiga borib taqaladi.

Prezident Putin "Yunarmiya" yoshlar tashkiloti a’zolari bilan, 13 - sentabr, 2018
Prezident Putin "Yunarmiya" yoshlar tashkiloti a’zolari bilan, 13 - sentabr, 2018

Shu bois ham bizning go‘yo g‘alabada tug‘ilganimiz va g‘olib millat ekanimiz haqidagi mazkur ideologema o‘ylab topilgan. Bu propaganda 15 yildirki zo‘r berib ishlamoqda va, aftidan, jamiyatda odamlar kayfiyatiga ta’sir etayotir. G‘alabani milliy asliyat poydevoriga tosh qilib olar ekansiz, shu zahoti bu tosh tagidan generalissimusning oq kiteli sirg‘alib chiqajak.

Gap shundaki, hozirgi Rossiya hokimiyati biron jozibali kelajak loyihasini taklif qila olmaydi. Uning bisotida bunaqa narsa yo‘q!

Ular taklif qila oladigan yagona narsa — buyuk o‘tmish, buyuk bugunimizni batamom eb yuboruvchi buyuk o‘tmishdir. Lekin bu boshi berk ko‘cha. Bunaqa mafkura uzoq yashamaydi. Eng iste’dodli yoshlar mamlakatni tark etishadi. Tark etishyapti ham.

Boshqa tarafdan, statistika va ijtimoiy so‘rovlar bir manzarani ko‘rsatadiyu Moskvada — o‘z muhitimda yashaganimda, Yekaterinburgdagi Yelsin-sentrga borganimda tamom boshqa xalqni ko‘raman. Mutlaqo o‘zgacha qarashlarga amal qiladigan odamlarga ko‘zim tushadi. Ishonchim komilki, Rossiya fuqarolari aksariyatan ahmoq odamlar emas. Ular dunyoga ham, Yevropaga ham dushman emas, faqat sotsiologiya buni hargiz “payqay olmayapti”, deydi tarixchi Nikita Sokolov.

Iosif Stalin (1878-1953) SSSRga 1924 - yildan 1953 - yilgacha rahbarlik qilgan, bu davrning katta qismini amalda yakka diktator o‘laroq kechirgan. Rasmiy jihatdan Stalin hech qachon davlat boshlig‘i bo‘lgan emas: 1924-1934 - yillarda u Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi bosh kotibi, keyin esa shunchaki kotibi bo‘lgan, 1941 - yildan 1953 - yilgacha sovet hukumatiga rahbarlik qilgan.

Uning nomi bilan bog‘lanadigan ommaviy qatag‘onlar, jazolar va deportatsiyalardan jabr ko‘rganlar soni o‘nlab million odamlar bilan o‘lchanadi. Stalin tarafdorlari uning davrida SSSR buyuk qudrat kasb etganini iddao qiladilar, Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabani esa Stalinning eng katta xizmati deb atashadi.

So‘nggi yillarda Rossiyaning bir qator shaharlarida, aksariyatan RF Kommunistik partiyasi mahalliy bo‘limlari tashabbusi bilan, sovet dohiysining haykallari o‘rnatildi.

XS
SM
MD
LG