Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:18

Taqchillik iqtisodiyoti. Putinning Ukrainadagi urushi Rossiyaga qanchaga tushyapti?


Prezident Vladimir Putin "Uralvagonzavod"da. 15-fevral, 2024.
Prezident Vladimir Putin "Uralvagonzavod"da. 15-fevral, 2024.

Rossiya iqtisodiyoti Ukrainaga bosqinning birinchi yilida shok va qulashni boshidan kechirgan bo‘lsa, ikkinchi yilda o‘zini tiklab, hatto urushdan oldingi 2021-yilga qiyosan birmuncha “semirdi” ham. Biroq bunga rubl devalvatsiyasi, qolaversa saraton misol o‘sib, iqtisodiyotning fuqaroviy tarmoqlarini tobora domiga tortayotgan harbiy-sanoat kompleksini byudjet pullariga “ko‘mib tashlash” hisobiga erishildi.

Rasmiy talqin

"Rosstat" ma’lumotiga ko‘ra, 2023- yilda Rossiya iqtisodiyoti 3,6 foizga o‘sib, nafaqat 2022-yilgi (o‘shanda YIM 1,2 foizga kamaygan edi) yo‘qotishlarni to‘ldirgan, balki dunyo bo‘yicha o‘rtacha o‘sish sur’atidan ham ortiq natija qayd etgan. Vladimir Putin 12-fevral kuni iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu haqda maqtanib gapirgan edi.

Rasmiy talqinga ishonilsa, ushbu kutilmagan muvaffaqiyatning ikki omili bor: iqtisodiy blok (avvalo – Moliya vazirligi va Markaziy bank) mulozimlarining oqilona xatti-harakatlari va... xalqaro sanksiyalar. Mulozimlar rag‘bat va cheklovlardan zargarona foydalangan, sanksiyalar esa importni qisqartirib, Rossiya ishlab chiqaruvchilarining bo‘sh qolgan bozorni egallashiga imkon bergan emish.

Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina muomalaga kiritgan “Rossiya iqtisodiyotining tuzilmaviy evrilishi” degan ibora bor: u import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni, importga qaramlikni kamaytirishni va xomashyo modelidan sekin-asta chekinishni nazarda tutadi. Raqamlarga qaraganda ishlov berish sanoati jadallab, iqtisodiyotni hatto “ortiqcha qizdirib yuborgandek” va bir qarashda rasmiylarning kerilishlari bejiz emasdek.

Украинадаги уруш: Ғалабалар, мағлубиятлар ва бетарафлик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:25:46 0:00

"Rosstat" nimalarni hisobga oladi?

Sanoat ishlab chiqarishidagi umumiy o‘sish 3,5 foiz bo‘lsa, qayta ishlovning o‘zi naqd 7,5 foizga kattalashgani aytilmoqda. Ayrim yo‘nalishlar esa hatto ikki xonali raqamda o‘sish qayd etganki, Putin hukumat mashvaratida bunga to‘xtalmay o‘tolmadi: Kompyuterlar, aviatsiya texnikasi, kemalar, mebel, elektr jihozlari va avtotransport vositalari ishlab chiqarishda ikki xonali o‘sish sur’ati kuzatildi. Ma’lumot uchun: kompyuterlar va tashqi jihozlar – plyus 32,8 foiz, transport vositalari, avvalo aviatsiya texnikasi, kemasozlik – plyus 25,5 foiz, mebel – plyus 20,7 foiz”.

Biroq voqelik u aytganchalik ajoyib emas. Bosibroq qaralsa, umuman iqtisodiyotda va xususan sanoatda o‘sish qurol-yarog‘, o‘q-dori, anjomlar va Mudofaa vazirligi harbiy buyurtma sifatida sotib oladigan boshqa narsalarni ishlab chiqarish bir necha baravar oshirilgani hisobiga ta’minlangani ayon bo‘ladi.

Masalan, Rossiya rasmiy statistikasi “kompyuterlar” deganda aynan nimalarni tushunishiga e’tibor qilsangiz, ajablanmay qolmaysiz. Rosstat “Kompyuterlar, elektron va optik buyumlar” toifasiga, chunonchi, “lampalar va elektron-vakuumli yoki gaz to‘ldirilgan trubkalar, jumladan elektron-nurli trubkalar”ni qo‘shadi. Bu XX asr o‘rtalariga mansub texnologiya bo‘lib, lampali radiopriyomniklar va kineskopli televizorlar, shuningdek lampali “elektron hisoblash mashinalari” ishlab chiqarishda qo‘llangan. Ular sovet davrining “eng ilg‘or” qurollariga ham o‘rnatilardi. Shunaqa lampalar va elektron-nurli trubkalar ishlab chiqarish salkam 45 foizga oshibdi.

“Kompyuter” toifasiga oid yana bir tovarlar guruhi “Radiolokatsiya, radionavigatsiya apparatlari va masofadan boshqarish apparatlari” deb ataladi. Ularni ishlab chiqarish taxminan 30 foizga oshgan. Mazkur toifada eng ko‘p o‘sish “durbinlar, monokulyar va boshqa optik teleskoplar” hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiya sanoati shunaqa “kompyuterlar”dan 2023-yilga qiyosan 71,6 foizga ko‘p ishlab chiqaribdi.

U yoki bu buyum misolida ishlab chiqarish hajmi qanchalik ortganini baholash imkoni yo‘q, ayniqsa, harbiy korxonalar mahsulotlari haqida gap ketganda. Chunki ko‘p hollarda ma’lumotlar ishlab chiqarilgan mahsulot miqdorini emas, million va milliard rubllarni aks ettiradi. Har bir bandda “O‘sish (pasayish) sur’ati tegishli davrdagi faktik narxlarga ko‘ra hisoblangan”, deya izoh berilgan. Boshqacha aytganda, rasmiy statistikadan iqtisodiy samaradorlik emas, balki harbiy xarajatlar oshgani anglashiladi.

O‘sish manbalari

Rasmiy statistikaga shu ko‘z bilan qaralsa, hammasi joy-joyiga tushadi. Moliya vazirligining nihoyatda nekbin hisobotdagi hissasini bilib olish uchun Davlat Dumasi 2021-yilda qabul qilgan 2022-2024-yillar byudjetini urushning ikki yilidagi real xarajatlar bilan taqqoslasangiz kifoya. 2021-yilgi byudjet to‘g‘risidagi qonunda hukumat xarajatlari 2022-yilda – 23,7 trn rublni, 2023-yilda esa 25,2 trln rublni tashkil etishi nazarda tutilgandi. Amalda esa 2022-yilda – 31,1 trln, 2023-yilda esa 32,4 trln rubl sarflandi. Urushdan oldin 2024-yilda 26,3 trln xarjlash ko‘zda tutilgan bo‘lsa, byudjet to‘g‘risidagi qonunning hozirgi versiyasida 36,7 trln rubl ko‘rsatilgan.

Qo‘shimcha trillionlarning kattagina qismi harbiy sanoatga va urushga ishlayotgan fuqaroviy korxonalarga berilyapti. Qo‘shimcha byudjet xarajatlarining ikkinchi muhim yo‘nalishi – urushayotgan armiyani pul bilan ta’minlash, yaradorlarga va halok bo‘lganlarning oilalariga ijtimoiy nafaqalar to‘lash. Bu ham bir dunyo pul bo‘ladi. Byudjet kollapsi ro‘y berishidan Rossiyani bir necha omil qutqarib qoldi.

Eng avvalo, urush boshlanganidan so‘ng neft-gaz daromadlarining bir qismini Milliy farovonlik fondiga o‘tkazish to‘xtatildi. Fondga yangi mablag‘lar kelishi u yoqda tursin, qaytaga, undan pul ola boshladilar. Ikkinchidan, “Gazprom” sharofati bilan 2021-yil oxirida Yevropada boshlangan energetika inqirozi Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng badtar avj oldi.

Neft va gaz narxining osmonga sapchishi 2022-yil byudjetidagi “tuynuk”ni qisman yopdi. 2023- yilda esa rubl devalvatsiyasi hisobiga byudjetni “chidasa bo‘ladigan” defitsit bilan ijro qilishdi. Xalqaro sanksiyalarning neft-gaz daromadlariga zarbasi qisman Rossiya valyutasi kuchsizlanishi hisobiga kompensatsiya qilindi. Bular bari jamiki statistik ko‘rsatkichlarga ta’sir qildi, ko‘rsatkichlar esa, ma’lumingizkim, rublda hisoblanadi.

“Ҳар иккинчи реклама уруш ҳақида”. Россияда муҳожирлар Украинадаги урушга яна ҳам фаол жалб қилинмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:23 0:00

Saraton o‘smasi

Harbiy sanoat kompleksini byudjetdan mo‘l-ko‘l oziqlantirish Rossiya iqtisodiyotidagi keyingi voqealarni belgilab berdi. Harbiy buyurtmalar nasib qilgan zavodlar va korxonalarning beli baquvvatlashib, nafaqat mehnat bozoridagi bo‘sh ishchi kuchini, balki fuqaroviy sohalarda ishlab turganlarni ham o‘ziga torta boshladi. Mazkur hodisa ko‘lamini Putinning o‘zi tasvirlab berdi: fevral boshida u saylovchilar bilan uchrashish uchun Tulaga borganida mudofaa sanoati bir yarim yilda 520 mingta yangi ish o‘rni yaratganini aytdi.

Federal byudjetdan ajratilgan qo‘shimcha mablag‘ning kattagina qismi tez orada iste’mol bozoriga kirdi. Tank yoki aviatsiya zavodi ishchisi oylik olganidan so‘ng uni sarflashga kirishadi. Biroq uning mehnati mahsuli iste’mol bozoriga tushmaydi. Eksportga ham ketmaydi, ketganida – o‘rniga valyuta kelib, unga iste’mol mollarini sotib olish mumkin bo‘lardi.

Bundan ham yomoni shuki, mudofaa korxonalari davlat pulini qanchalik muvaffaqiyatli “o‘zlashtirsa”, iqtisodiyotga shuncha muammo tug‘diradi. Axir, harbiy zavodlar mahsulotlari vayron qilgan narsalarni ertami kechmi tiklash kerak bo‘ladi-da. Ukrainaning bosib olingan hududlarini tiklashga Rossiya federal byudjeti va regional byudjetlardan allaqachon yuzlab milliard rubl sarflanmoqda.

Boz ustiga G‘arb muzlatilgan Rossiya zaxiralaridan Ukrainani tiklash uchun foydalanish yo‘lidagi so‘nggi yuridik to‘siqlarni bartaraf etish arafasida. Rossiya regionlari o‘z xo‘jaliklari zarariga “yangi regionlar”ga yordam bermoqda. Natijada bu yil qishda mamlakat bo‘ylab ketma-ket avariyalar yuz berib, -30 daraja ayozda odamlar issiqliksiz qolib ketishdi.

Mudofaa sanoatining iqtisodiyotga ta’siriga qaytadigan bo‘lsak, Rossiya shunday vaziyatdaki, iste’mol mollari ishlab chiqarishni oshiradigan hech kim qolmagan: ishchi-xodimlarni harbiy korxonalar “sotib olib bo‘ldi”. Oshib borayotgan xarid qobiliyatini tezda qondirishning yagona chorasi – iste’mol mahsulotlarini ko‘proq import qilish. Biroq bunaqa importga valyutada haq to‘lash kerak. Ishchi kuchi tanqisligiga valyuta tanqisligi qo‘shilib, rubl zaiflashishiga olib keldi.

2023-yilning aprelidayoq dollar kursi 80 rubldan oshgan edi, may oyida bir muddat tartibga solinganidan so‘ng Rossiya valyutasi yanada tez qadrsizlana boshladi. Iyulda Rossiya banki stavkalarni ko‘tarib, qaytaga badtar qildi. Importga talab yaratgan (yaratayotgan) va inflyatsiyani kuchaytirayotgan qo‘shimcha pullar, ya’ni harbiy-sanoat sektori xodimlarining oyliklari, shuningdek harbiy va ijtimoiy to‘lovlarning stavkalarga bog‘liqligi minimal. Chunki mudofaa buyurtmalarini bajaradiganlar to‘lovni oldindan olish sharti bilan ishlaydi.

Fuqaroviy sanoat korxonalarini rivojlantirish shart-sharoiti esa keskin yomonlashdi. Yarim yildan kamroq vaqt ichida Rossiya bankining asosiy stavkasi yiliga 7,5 foizdan 16 foizga chiqdi. Shunga yarasha kreditlar ham qimmatlashdi, jumladan iste’mol va korporativ kreditlari ham. Bunaqa vaziyatda ishlab chiqaruvchilar oyliklarni oshirish va modernizatsiya uchun bankdan qarz olishga jur’at qila olmaydilar. Binobarin, mudofaa sanoati fuqaroviy ishlab chiqarish zarariga o‘z ekspansiyasini muvaffaqiyat bilan davom ettiradi.

Eksportga zarba

Hukumat dollar kursini “xunuk ko‘rinib turgan” 100 rubllik nuqtadan pastga tushirish qasdida eksportchilar uchun og‘riqli bo‘lgan chora-tadbirlarga qo‘l urdi. 1-oktabrdan e’tiboran eksport bojlari miqdori dollar kursiga bog‘lab qo‘yildi, oktabrning o‘rtalarida esa Putin hanuz maxfiy qolayotgan 43 importchi shirkatdan iborat ro‘yxatga kirmaydigan barchaga valyuta tushumini sotish majburiyatini yuklovchi qonunga imzo chekdi. Bularning bari qisqa muddatli effekt berib, dollar kursini uch xonalik raqamdan pastga tushirishga imkon berdi.

Biroq inflyatsiya bosimi pasaymadi, boz ustiga eksport kamaya boshladi. 2024-yil 19- yanvarda Rossiya banki 2023- yilning dekabridagi to‘lov balansiga doir dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi. Noyabr oyidayoq eksport hajmi oktabrga qiyosan 3 foizga kamayibdi. Dekabrda u o‘sgan, lekin bu mavsumiylik bilan izohlanadi. 2023-yilning noyabr va dekabri 2022-yilning shu oylari bilan solishtirilsa, eksport qisqarishi mos ravishda chorak va uchdan bir hissaga kamayganligi ayon bo‘ladi.

Taqchillik iqtisodiyoti

O‘gan yilning o‘rtalaridan dam u, dam bu yerda tanqislik vujudga kelib, narx-navo keskin ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Benzin va dizel yo‘qolib qolganida hukumat ahvolni bir oy deganda epaqaga keltirgan edi. So‘ngra birdan tovuq go‘shti bahosi osmonga chiqib ketdi. Undan keyin tuxumga navbat keldi. Mulozimlar iqtisodiyotdagi teshiklarni jon-jahdi bilan yopib, darhol tepaga axborot berayotgan bo‘lsa-da, yangi muammolarning paydo bo‘lish chastotasi juda xavotirli. Qolaversa, hukumatning shoshilinch qarorlari ko‘pincha ishlab chiqaruvchilar zarariga bo‘lyapti.

Bu harbiy sanoat kompleksi resurslar, birinchi galda mehnat resurslari uchun raqobatda qo‘shimcha ustunlikka ega bo‘lyapti, deganidir. Harbiy ishlab chiqarishning Rossiya iqtisodiyotidagi ulushi borgan sari ortmoqda. Buni transformatsiya deb atash ham mumkin, lekin yuz berayotgan voqealarga “deformatsiya” so‘zi ko‘proq mos tushadi. Mazkur jarayonning mantiqiy davomi iste’mol bozorining alohida segmentlarini hukumatga yaqin shirkatlar monopoliyasiga aylantirish bo‘ladi. Qolgan ehtiyojlar Xitoydan import qilish orqali qondiriladi, lekin shunda ham Rossiya xomashyosi narxlari import uchun haq to‘lashga yetadigan darajada yuqori bo‘lishi sharti bilan.

Urushayotgan armiya va shishirilgan harbiy sanoat sektori mehnat bozoridagi ishchi qo‘llarini yutishda davom etayotir. Vladimir Putin fevral oyi boshlarida o‘tkazilgan “Birinchilar harakati” syezdida ushbu “urush changyutari”ning ko‘lami haqida faxrlanib gapirdi.

Butun 2023-yil mobaynida Rossiya iqtisodiyoti sifat o‘zgarishlarini boshidan kechirdi. Ushbu o‘zgarishlarni bir tarafdan – urush va urushayotgan armiya ehtiyojlari, boshqa tomondan esa xalqaro sanksiyalar shart-sharoitiga moslashishga urinishlar belgilab berdi. Shakllanishi oxiriga yetmagan mazkur modelni “taqchillik iqtisodiyoti” deb atash mumkin. U raqobatni xushlamaydi va tinchlikdan ko‘ra urushni afzal ko‘radi.

XS
SM
MD
LG