Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:58

"Tarbiyaviy ta’sir". IIV o‘z vakolatida yo‘q uzr so‘rattirish chorasini himoya qilmoqda


Aziz Rametov va Ahad Qayum - Toshkent shahar IIBB tayyorlagan videosyujet skrinshoti
Aziz Rametov va Ahad Qayum - Toshkent shahar IIBB tayyorlagan videosyujet skrinshoti

Ikki fuqaro ijtimoiy tarmoqlardagi aytishuvi uchun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga chaqirtirilib, jamoatchilikdan uzr so‘rattirildi.

Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakilining aytishicha, bu ikki fuqaro “san’atkor degan nomga nomunosib xatti-harakatlari bilan yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan”.

Ichki ishlar idorasi o‘zaro mojaroga kirishgan fuqarolarning uzrini yozib olib, bu haqdagi videoni ijtimoiy tarmoqda tarqatishi bu idora o‘z vakolatlari doirasidan tashqariga chiqmadimi, degan savolni paydo qildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati tayyorlagan video 4 - fevral kuni YouTube tarmog‘iga joylashtirildi.

IIBB videosi

1.36 minutlik qisqa video ichki ishlar idorasi formasidagi ayolning monologi bilan boshlanadi. U “so‘nggi kunlarda Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan Ahad Qayum va Aziz Rametovlar o‘rtasidagi tortishuvlar ko‘plab fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. San’at namoyandalari bo‘lgan ushbu fuqarolar san’atkor degan nomga nomunosib hatti-harakatlari bilan, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deydi.

Toshkent shahar IIBB rasmiy vakilining video davomida aytishicha, Ahad Qayum va Aziz Rametov bilan ichki ishlar organlari xodimlari profilaktik suhbat o‘tkazgan.

Shundan keyin avval Ahad Qayum, keyin Aziz Rametov “xatti-harakatlari uchun” uzr so‘raydi. Navbatdagi kadrda ikkala fuqaro bir-biriga qo‘l beradi va bundan tomonlar yarashib olgani tushuniladi. Keyin kadrda yana IIBB vakilasi paydo bo‘ladi. U profilaktik suhbatlar davomida “ushbu shaxslar kelgusida yana fuqarolarning shaxsi va qadr-qimmatini beodoblik bilan kamsitish, OAV va Internet tarmoqlari orqali tahqirlash, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish kabi harakatlarni sodir etsa, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida rasman ogohlantirilgani”ni aytadi.

Ozodlik muxbiri Ahad Qayum va Aziz Rametovlarning o‘zaro aytishuvlari aks etgan videolarning bir nechtasini ko‘rdi. Ularning mazmuni, asosan, “sen u deding, men bu dedim”dan iborat.

Xo‘sh, bu ikki fuqaroning harakatlarida jinoyat alomatlari bormidi? Agar bo‘lsa, ular nega javobgarlikka tortilmadi? Yo‘q bo‘lsa, nega ichki ishlar idorasi ular o‘rtasidagi mojaroga aralashdi?

Ozodlikning bu savollariga javob bergan Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov IIVda uzr so‘rattirish vakolati yo‘qligini e’tirof etdi.

"Bular Internet orqali bir-birini haqorat qilgan va bu holat jamoatchilikda salbiy fikr uyg‘otgan. Shuning uchun bizning xodimlar ular bilan profilaktik suhbat o‘tkazib, qilayotgan harakatlari nomaqbul harakat ekanligi tushuntirilgan. Shundan so‘ng ular o‘z muxlislaridan uzr so‘ragan".

Shohruh G‘iyosovning aytishicha, Ichki ishlar organi bu ishga o‘z munosabatini bildirganinini jamoatchilikka yetkazib qo‘ymoqchi bo‘lgan, xolos.

IIV rasmiy vakilining aytishicha, Ahad Qayum va Aziz Rametovlar o‘z ixtiyori bilan uzr so‘ragan. IIVda uzr so‘rattirish degan huquqiy ta’sir chorasi yo‘q, lekin jamoatchilikka tarbiyaviy ta’sirini kuchaytirish maqsadida shunday ish qilindi”, dedi Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov.

Huquqshunos: Ariza bo‘lmasa, ichki ishlar aralashishi to‘g‘ri emas

Huquqshunos Ruhiddin Komilov Ozodlikning vaziyatni sharhlab berishni so‘rab qilgan murojaatiga savol bilan javob qaytardi: “ular (Ahad Qayum va Aziz Rametov) yoki ulardan biri ichki ishlarga ariza bilan murojaat qilgan ekanmi?”

Hozircha Ahad Qayum ham, Aziz Rametov ham Ozodlik yo‘llagan savollarga javob bergani yo‘q. IIBB tayyorlagan video mazmunidan esa, ular ariza yozgani anglashilmaydi.

“U holda jinoyat yoki huquqbuzarlik holati yo‘q. Binobarin, ichki ishlar organi aralashishi to‘g‘ri emas”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Ayni paytda huquqshunosning aytishicha, yarashtirishning qonuniy mexanizmi bor va u 2018 - yilning 3 - iyulida O‘zbekiston prezidenti imzolagan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan. Biroq bu qonunda ham “Mediatsiya taraflarning xohish-istagi asosida qo‘llaniladi”, deb belgilab qo‘yilgan.

Avlodlar bahsi: bir tomonda savob masalasi, ikkinchi tomonda - qonun

Taniqli telesharhlovchi Tursun Qoratoyev Ozodlik so‘roviga javoban vaziyatni sharhlar ekan, ikki fuqaro o‘rtasidagi interaktiv janjalga ichki ishlar idorasining aralashishida hech qanday g‘ayritabiiylik ko‘rmaganini aytdi.

“Agar ikki odam o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan bo‘lsa, ularni yarashtirib qo‘yish savob ishdir. Bu ishni ichki ishlar xodimlari qiladimi, mahalla qiladimi – farqi yo‘q. Eng muhimi mana shu ikki kishi o‘rtasidagi nizoga barham beriladi. Huquqiy asos bormi-yo‘qmi, bundan qat’inazar ikki kishining yarashgani yaxshi”,- dedi nafaqadagi telesharhlovchi Tursun Qoratoyev.

Farg‘onalik bloger Bahodir Eliboyev Tursun Qoratoyevdan farqli o‘laroq, masalaning diniy-falsafiy, ma’naviy jihatlaridan ko‘ra, yuridik hamda siyosiy jihatlariga e’tibor qaratdi. Muhokama obyekti bo‘lgan videodagi IIBB vakili so‘zlarini nazarda tutib, Bahodir Eliboyev bunday dedi:

“To‘g‘ri aytyapti, haqorat va inson qadr-qimmatini oyoq osti qilish uchun javobgarlik nazarda tutilgan tegishli moddalar bor. Lekin buni IIB hal qilmaydiku?! O‘zini haqoratlangan yoki shaxsi kamsitilgan deb bilgan tomon sudga murojaat qilishi va sud orqali o‘zining huquqlarini tiklashi kerak”.

Bahodir Eliboyevning fikricha, ichki ishlar organlari ikki fuqaroning dahanaki jangiga bu qadar katta e’tibor qaratganidan hayratga tushganini aytdi:

“Ikki san’atkor gap talashib qolibdi va bunga ijtioiy tarmoqda e’tirozlar tug‘ilibdiymish. Meni o‘ylantirgani shundaki, ijtimoiy tarmoqlar necha kunlar va oylardan beri, hatto yillardir, gaz-svet taqchilligiga e’tiroz bildirishadi. Lekin bironta davlat tashkiloti munosabat bildirmaydi yoki aralashmaydi. Ikkita shoumen mojarosiga e’tirozni esa darrov inobatga olib bir nimalar qilgisi keladi. IIB qaysi moddaga ko‘ra ularning ikkisini ham kechirim so‘rattirdiykan?”

Huquq-tartibot organlari yoshlar tarbiyachisi?

Toshkent shahar IIBBning ikki san’at xodimi o‘rtasidagi aytishuv “yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga” urg‘u berilgan videoxabari prezident Mirziyoyev yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan 27 - yanvarda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi ortidan paydo bo‘ldi.

Yig‘ilishda prezident uyushmagan yoshlar bilan ishlash, jinoyatchilikni jilovlash, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish mas’uliyatini tuman prokurorlari, ichki ishlar va mudofaa bo‘limi boshliqlariga topshirgan edi.

Uzriston?

Keyingi yillarda uzrxohlik jamoat tartibi hamda qonun buzilishlari bilan bog‘liq jarayonlarning muhim bir qismiga aylanib borayotganini kuzatish mumkin. Qonunbuzarliklar, ayniqsa, mansabdor yoki ko‘zga ko‘ringan shaxslar aralashgan bo‘lsa, sud idoralarida javob berish emas, balki uzr so‘rashlar bilan yakun topayotgani kuzatiladi.

Jumladan:

  • 2 - fevral kuni Tashqi ishlar vazirligi vazirlik xodimini o‘ziga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilish hamda ijobiy maqolalar yozishni so‘rab bosim o‘tkazishda ayblagan polьshalik jurnalistdan uzr so‘radi.
  • Ozodlikning 2020 - yil, 19 - noyabr kuni e’lon qilgan maqolasidan bir kun o‘tib, Xiva tumani hokimi "quyushqondan chiqib, fermerlarni so‘kib qo‘ygani uchun" uzr so‘radi.
  • 2020 - yilning sentabrida Namanganlik dizayner Shavkat Egamberdiyev Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va unga mansub bo‘lgan Akfa, Artel shirkatlari haqidagi hajviy videoni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgani uchun uzr so‘rashga majbur bo‘lgan edi.
  • Uzrni Ichki ishlar vazirligi ham so‘raydi. Vazirlik uzrni Alijon Abdukarimovning Andijon shahar IIB 4-bo‘limida qiynoqqa solingani oqibatida hayotdan ko‘z yumgani munosabati bilan 2020 - yilning yozida so‘ragan edi.
  • Ichki ishlar vazirligi boshqa artistlarni ham uzr so‘rattirgan. 2020 - yilning iyunida ijtimoiy tarmoqarda IIV YHXBB Axborot xizmati tomonidan "Hazilning tagi "zil" bo‘lmasin" deb nomlangan video tarqalgan, unda "Sho‘rdanak" va “Qalpoq” hajviy guruhlarining IIV xodimlari haqida qilingan yumoristik roliklar uchun uzr so‘ragani aks etgan edi.
  • Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyati hokimlari esa, 2019 - yilning avgustida prezident Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan xalq, prezident, xalqaro jamoatchilik, blogerlardan uzr so‘ragan edi.
  • Uzrlar so‘ralaveradiyu so‘raganlar yana xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilaveradi. Maslan, 2019 - yilning sentabrida Senatning Reglament va odob komissiyasi majlisida Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqida o‘ta qo‘pol gapirgan va jamoatchilikda norozilik uyg‘otgan, deb tanqid qilingan, G‘aniyev o‘z aybini tan olgan, uzr so‘ragan va tegishli xulosani chiqarishni va’da qilgan. O‘shanda hokimga qat’iy ogohlantirish va 3 oylik sinov muddati berilgan.
  • Biroq oradan bir yil o‘tib, 2020 - yilning sentabrida Shuhrat G‘aniyev Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi
XS
SM
MD
LG