Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 22:20

Termizdagi qadimiy maqbarani shikastlagan shirkat nazoratga olindi


Davlat muhofazasiga olingan arxeologik hududda qurilish borilmoqda (kollaj)

Surxondaryo viloyatida madaniy obida o‘laroq davlat tarafidan qo‘riqlanadigan Varroq Termiziy maqbarasi joylashgan arxeologik yodgorlik zonasida tuproq qazgan «Complex Technical Services» MChJ ustidan joriy xaftada viloyat prokuraturasi surishtiruv boshladi.

Tuproq qazish oqibatida davlat tomonidan qadimiy obidalar ro‘yxatiga kiritilgan Varroq Termiziy maqbarasiga jiddiy shikast yetganini Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti aniqlagan.

Departament vakilining Ozodlikka aytishicha, joriy yilning 19 mart kuni «Complex Technical Services» shirkatining qonunsiz hatti-harakatlariga qarshi barcha hujjatlar viloyat prokuraturasiga taqdim qilingan.​

Surxondaryo viloyat prokuraturasining Ozodlik suhbatlashgan vakili obidaga zarar yetkazilganiga oid taqdim etilgan hujjatlar yuzasidan tergovgacha surishtiruv boshlanganini aytdi.

Mulozimga ko‘ra¸ taqdim qilingan hujjatlar o‘z tasdig‘ini topsa, shirkat Jinoyat kodeksining 204- moddasini (Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish) buzishda ayblanishi mumkin.

«Complex Technical Services» MChJ shirkati xodimi Ozodlik bilan suhbatda tuproq qazish ishlari maqbaraning yonida emas, balki 100 metrlik himoya xududida olib borilganligini aytib “o‘zini oqladi”. Shirkat vakili hokimiyat qaroriga asosan Termiz tumani «Yangiobod» MFY hududidan 10 gektar yer olganini aytdi.

Madaniy meros departamenti vakiliga ko‘ra, 25 - mart kungi holatda "Eski Termiz" hududidagi qurilish ishlari to‘xtagan.

Maqbara nega buzildi?

Ozodlikda davlat tarafidan qo‘riqlanadigan Varroq Termiziy maqbarasi joylashgan arxeologik yodgorlik zonasida qurilish shirkatining tuproq qazish ishlarini olib boratgani aks etgan suratlar bor.

Eski Termiz arxeologik hududdagi samosvallar
Eski Termiz arxeologik hududdagi samosvallar

Suratlar joriy oy boshida olingan. Suratlardan birida ekskavator qazgan tuproq ichidan chiqqan tarixiy artefaktlar ham o‘rin olgan.

Eski Termizdagi obida qoldiqlari
Eski Termizdagi obida qoldiqlari

Sovet davrida ham, mustaqillik davrida ham davlat tarafidan himoya qilib kelingan xududga ekskavator solishga kim izn berdi? Quruvchiga bu jur’atni kim berdi?

O‘zbekistondagi qadimiy obidalar bo‘yicha mutaxassis, me’mor Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka bildirishicha¸ 2019 - yili bahorida O‘zbekiston prezidenti Surxondaryoga borganida xizmat ko‘rsatish sohasidagi shirkatlarga “bunyodkorlik” uchun barcha imkoniyat yaratishni buyurgan:

“Prezident qo‘ygan talab asosida «Complex Technical Services» MChJ shirkatiga mashina remont qiladigan sex¸ gaz zapravka va savdo markazi qurish uchun 10 gektar yer ajratildi. Bu ajratilgan yer «Eski Termiz» arxeologik hududiga tegib turibdi. Arxeologik hududning yonida yana himoya halqasi bo‘ladi. Bu shirkat vakillari shu ximoya hududiga o‘tib tuproq qazishgan. Hech kim tekshirmaganidan keyin davlat muhofazasidagi xududga o‘tib tuproq qazishgan. 3 gektarga yaqin maydonda 4 metr chuqurlikda kavlanib eski me’moriy obida o‘rni va qabriston butunlay yo‘q qilib tashlandi. Shaxsan men o‘zim borib ularni ogohlantirdim. Birov quloq solmadi. Bu hududning qonuniy egasi bo‘lgan Termiz muzey qo‘riqxonasi xodimlari esa maqbaraga shikast yetgandan keyingina harakat boshlashdi”.

Madaniy meros tashkilotining ismi aytilishini istamagan xodimi bu ayblovni qisman tan oldi:

“Madaniy meros tashkilotida sanksiya qo‘yish vakolati yo‘q. Masalan, pojarniy borib uyni muhrlashi mumkin. Sanepidstansiya ham do‘konlar faoliyatini to‘xtatishi mumkin. Lekin bizda bunday vakolat yo‘q. Biz “maqbarani buzmang iltimos “ deya tavsiya berishimiz mumkin. Buning yoniga oz oylik olishimiz va boshqa tashkiliy maslalarda moddiy zaif ekanligimizni qo‘shsangiz manzara tugal bo‘ladi".

Suhbatdoshga ko‘ra¸ tuproq qazilishi oqibatida obidalar vayron bo‘lgan «Eski Termiz» arxeologik hududiga “Qoratepa”¸”Fayoztepa” kabi O‘zbekiston tarixida muhim bo‘lgan obidalar kiradi.

Eski Termizdagi qazib tashlangan yer
Eski Termizdagi qazib tashlangan yer

“Bu hudud Vazirlar Mahkamasi qarori bilan davlat muhofazasiga olingan. Arxeologik hudud Termiz davlat muzey-qo‘riqxonasiga oid. Xududda qurilish qilish qat’iyan man etilgan.

Yangi qurilishlar bois qadimiy obidalarga zarar yetmoqda
Yangi qurilishlar bois qadimiy obidalarga zarar yetmoqda

Me’mor Turdiyevga ko‘ra¸ qurilish shirkati tuproq qazgan xududda Yaponiya, Fransiya, Germaniyaning mashhur arxeologlari tizimli ish olib borgan:

“Arexeologlar bu hududda miloddan avvalgi V asrda shakllangan shaharning bizgacha yetib kelgan qoldiqlarini topishdi. Eramizdan avvalgi VI asrda Termizga kelgan Ahamoniylar sulolasi bu shaharni “Qadimgi shahar” deb atagan. Sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan bu shahar asrlar davomida ko‘p marotaba vayronaga aylantirilgan va yana qayta tiklangan. Zamonaviy Termiz shahri XIX asrning so‘nggi yillarida Pattakesar qishlog‘i o‘rnida tashkil topgan. Tarixiy obidalar asosan shahar atrofidagi hududda joylashgan. Shu sabab ham “Eski Termiz” nomini olgan.”

Termizda shu kunlarda buzilgan maqbaraga oid 1890 - yilgi ma’lumot
Termizda shu kunlarda buzilgan maqbaraga oid 1890 - yilgi ma’lumot

Me’mor Turdiyev qurilish shirkati qazuvi oqibatida shikast yetgan maqbaraning tarixiy jihatlarini ham tushuntirib berdi:

“IX-X asrlarda yashab, faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ alloma Abu Bakr Varroq Termiziy qabri ham ushbu arxeologiya yodgorligi hududida joylashgan. Maqbara 1890 - yili ilk bora arxeologlar nazariga tushgan. O‘sha davrdagi arxeologlar guruhida bo‘lgan rassom Litvinov bu maqbara suratini chizgan. Bu suratda silindrsimon minora ham ko‘zga tashlanai. Ammo minora bizning kunlargacha yetib kelmagan. O‘sha qurilish shirkati xodimi menga savol beryapti nimasi muhim bu vayronani deb. Bu hudud mamlakat tarixining yer ostidagi o‘ziga xos kutubxonasidir. Qurilish bo‘layotgan joydagi Fayoztepa yodgorligini olsak. 1968 - yilning bahorida Asadbek Beknoyev degan cho‘pon shu yerdan o‘tib ketayotib, oq tosh haykalni ko‘rib qolib va uni Termiz o‘lkashunoslik muzeyiga olib kelgan. Bu haykal arxeologlar uchun bir ip uchi vazifasini bajardi. Keyinchalik O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan bu tarixiy obida to‘liq qazib olindi, ilmiy o‘rganildi. Fayoztepadan topilgan yozuvlar, tangalar, haykallar mamlakatimzning buddaviy o‘tmishidan hikoya qiladi".

Dushanba muzeyida saqlanayotgan 14 metrlik budda haykali
Dushanba muzeyida saqlanayotgan 14 metrlik budda haykali

Yangi O‘zbekiston “bunyodkorligi”dan obidalar zarar ko‘rmoqda

Turdiyevga ko‘ra¸ O‘zbekiston hududida joylashgan va umumbashar madaniyatining bir qismi bo‘lgan qadimiy obidalarning saqlanishi keyingi paytda yomonlashgan.

2020 - yilning 14 - dekabr kuni O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti YuNESKO himoyasidagi tarixiy obida - Xiva Ichan-Qal’a muzey-qo‘riqxonasidagi Tosh hovli saroyining qadimiy devori buzilishi yuzasidan jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar devorning qonunga xilof ravishda olib borilgan ta’mirlash-tiklash ishlari oqibatida buzilganini aytishgan.

2020 - yilning 5 - noyabr kuni Ozodlik Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidagi dunyo arxeologlari tarafidan muntazam o‘rganib kelingan yettita qadimiy tepalik yo‘q bo‘lib ketish arafasida ekanini haqida yozgan edi. Ozodlik surishtiruvi asnosida mahalliy aholi tepaliklarga uy qurib olgani, tadbirkorlar esa tepalik tuproqlarini ekskavatorlar bilan qazib olib, g‘isht quyib sotayotgani ma’lum bo‘lgan.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti Yakkabog‘ ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilib, mamlakat tarixiga oid noyob yodgorlik sifatida qayd qilingan Oqtoshtepa¸ Sandaltepa¸ Xabartepa¸ Dovzatepa va Kindiktepa yodgorliklari g‘isht zavodi uchun xomashyo sifatida vayron qilingan.

XS
SM
MD
LG