Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:35

Termizning ishdan olingan hokimi qamaldi. U iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda


Isroil Xudayberdiyevning qamoqqa olinishi  10 dan ortiq shahar va tuman hokimlarining lavozimdan chetlatilishi manzarasida yuz bermoqda. Illyustrativ surat.
Isroil Xudayberdiyevning qamoqqa olinishi  10 dan ortiq shahar va tuman hokimlarining lavozimdan chetlatilishi manzarasida yuz bermoqda. Illyustrativ surat.

Termiz shahrining shu yil 21-sentabr kuni ishdan olingan hokimi Isroil Xudayberdiyev davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda gumon qilinib qamoqqa olingan.

Hokimlikka yaqin manbaning Ozodlikka bildirishicha, sobiq hokim va uning muovini G‘ayrat Elamanovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Sobiq mulozimlar ustidan Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi olib borayotgan tergovga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, jinoyat ishi “Yashil dunyo” bozori kompleksi qurilishi bilan bog‘liq.

Termiz markazidagi to‘rtta savdo majmuasi va do‘konlardan iborat “Yashil dunyo” bozori ikki yil avval ochilgan edi.

Ozodlik manbasining bildirishicha, ayblov xulosasida 14 milliard 800 million so‘mlik qurilish obyektiga milliardlab so‘mlik mablag‘lar noqonuniy sarflangani aytilgan.

Termiz hokimligining qurilish va moliya masalalariga mas’ul mulozimlari ham bu ish bo‘yicha olib borilayotgan tergov doirasida so‘roqqa chaqirilayotgani aytilmoqda.

2017-yildan shu yil 21-sentabriga qadar Termiz shahar hokimi lavozimida ishlagan Isroil Xudayberdiyevning advokatlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda sobiq hokimga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanganini da’vo qildi.

Isroil Xudayberdiyev 2017-yildan beri Termiz shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan.
Isroil Xudayberdiyev 2017-yildan beri Termiz shahri hokimi lavozimida ishlab kelgan.

21-sentabr kuni Termiz shahar kengashi sessiyasida Xudayberdiyev ishdan olinib, o‘rniga O‘zbekiston Qurilish vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan O‘ktam To‘rayev Termizga hokim etib tayinlangandi.

Rasmiy xabarda Termiz hokimining lavozimidan olinishi sababi aytilmagan.

Umurzoqovning videoselektoridan keyin...

Isroil Xudayberdiyevning qamoqqa olinishi 10 dan ortiq shahar va tuman hokimlarining lavozimdan chetlatilishi manzarasida yuz bermoqda.

So‘nggi o‘n kunda kamida 14 nafar mahalliy ma’muriyat rahbarlari ishdan olingani e’lon qilindi.

27-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov 5 nafar hokim — Andijon, Asaka, Paxtaobod, Farg‘ona va Nurobod tumanlari hokimlari ishdan olinganini e’lon qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioda Umurzoqov tuman hokimlarini prezident komandasi va davlat tizimini sharmanda qilganlikda ayblagan va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovni ham tanqid qilgan edi.

Avvalroq tarmoqlarda qo‘l ostidagilarni haqoratlagani audiosi tarqalgan Bobolov ish haqining 40 foizi miqdorida jarimaga tortilgan.

7 daqiqali audioyozuvda Umurzoqov O‘zbekiston prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Qahramon Quronboyevga "guruh tuzib, joylarda tartib o‘rnatish" haqida topshiriq bergandi.

“Joylarga borib, tartibga solish, jinoiy javobgarlikka tortish kerak, agar kerak bo‘lsa. Hamma narsani ko‘tarib, oqni oq, qorani qora qilib, tartib o‘rnatib, kim aybdor bo‘lsa hamma aybdorlarni jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Buni bosh prokuratura ta’minlab beradi.O‘zingiz bir haftada shu ishlarni qilib qaytib kelasiz, menga axborot berasiz va uni prezidentga kiritamiz”, - degandi Umurzoqov.

OzodNazar: Мирзиёев маъмурияти янги бошлиғи Сардор Умурзоқов ҳокимларни йиғилишдан ҳайдади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:44:53 0:00

Prezidentning joylardagi vakillari

Isroil Xudayberdiyev 2017-yilda hokimlikka tayinlanganidan ko‘p o‘tmay Termiz shahrida ikki qavatli uylarning tomini egalari ruxsatisiz qo‘porib tashlattirgani bilan tarmoqlar e’tiboriga tushgan edi.

Bu uylarda yashayotganlar Ozodlikka hokim shu usul bilan buzilishga tushgan uylardan odamlarni chiqishga majburlaganini aytishgan.

Uch yil avval esa Termiz hokimi buyrug‘i bilan prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi oldidan, u yurishi mumkin bo‘lgan yo‘l bo‘ylariga byudjet xodimlari hisobidan “bir kunlik gul” ekilgani tarmoqlarda tanqid qilingan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yilda hokimlar "prezidentning joylardagi vakili" ekanini aytib, huquq-tartibot idoralarini ularning faoliyatiga aralashmaslik to‘g‘risida ogohlantirgandi. Tanqidchilarga ko‘ra, prezident bu bilan amalda o‘zini qonundan ustun deb biladigan mahalliy o‘zbek amaldorlarini daxlsiz deb e’lon qilgan.

O‘tgan vaqt mobaynida Mirziyoyevning o‘zi ko‘pgina hokimlarni o‘zboshimchaligi uchun tanqid qilgan, qator mahalliy amaldorlar korrupsiya va boshqa iqtisodiy jinoyatlarda ayblangan. Ammo hokimlarni tayinlashning amaldagi tizimi va ularning vakolatlari o‘zgargani yo‘q.

"Qonun va xalq oldida hisobdorlik yetishmayapti"

Prezident Mirziyoyevning 2017-yilda aytgan hokimlarni saylash tizimiga o‘tish haqidagi so‘zlari hozircha va’daligicha qolmoqda.

Muhokamaga qo‘yilgan konstitutsiyaning yangi tahririda hokimlar bir vaqtning o‘zida mahalliy kengashlarga rahbarlik qilishi haqidagi band o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Londonda yashovchi tahlilchi Alisher Ilhomov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati faoliyatida qonun va xalq oldida hisobdorlik kabi tizimli ishlar ko‘rinmayotganini aytadi.

"Janob Umurzoqov bir qancha hokimlar ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Ularga ba’zi qonunbuzarliklar, hatto Jinoyat kodeksi moddalariga tushadigan qonunbuzarliklar uchun tanbeh berdi.

Hokimlarni majburiy mehnatning oldini olish borasida tizimli ishlar olib bormayotganlikda aybladi.

Ayni paytda janob Umurzoqov rahbarligi ostidagi prezident ma’muriyati faoliyatida ham tizimli ishlarni ko‘rmayapmiz.

Qonun va xalq oldida javobgarlik, hisobdorlik tizimi yo‘q. Hisobdorlik faqat yuqori rahbariyatga ishlayapti xolos.

Yaxshiyamki rahbariyat ayrim kamchiliklarni sezyapti, munosabat bildiryapti.

Ammo bu tizimli yondashuv emas. Tizimli yondashuv - bu qonun oldida javobgarlik, xalq oldida hisobdorlik.

Tuman hokimlariga lavozimidan chetlatgani, bir necha haftadan keyin ularning ba’zilariga, balki ish ochilishi mumkinligi haqida aytayapti.

Bu aksincha bo‘lishi kerak. Aslida prokuror o‘z tashabbusi bilan rahbariyat bilan kelishmagan holda bu haqda qaror qabul qilishi va alal oqibat sud hukm chiqarishi kerak. Biz buning aksini ko‘ryapmiz.

Xalq oldidagi javobgarlik saylov orqali amalga oshiriladi. Mirziyoyevning iqtidorga kelganining ilk yillari hokimlarni saylash tizimini joriy etishga va’da berganini eslash kifoya. Lekin, bu amalga oshmadi. Tizim oqsoqlanyapti", - deydi Alisher Ilhomov.

Jahon banki o‘tgan yili e’lon qilgan davlat boshqaruvi sifati indeksida O‘zbekiston o‘z o‘rnini yaxshilagani bildirilgandi.

Indeks hisobdorlik, siyosiy barqarorlik, hukumat samaradorligi, korrupsiyani nazorat qilish va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi.

Shunga qaramasdan, bank indeksida mamlakat hamon o‘rtacha past ko‘rsatkichni qayd etgan.

XS
SM
MD
LG