Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev Toshkent va Moskva o‘rtasidagi muzokaralar yakunlansa, 2024-yil kuz-qish mavsumi uchun Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini infratuzilma bilan ta’minlashga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozmoqda The Diplomat nashri.
Bu Rossiyaning Qozog‘iston va O‘zbekistonga gaz eksporti bilan bog‘liq so‘nggi yangilikdir. O‘zbekiston va Qozog‘istonning o‘zi gaz ishlab chiqarib, eksport qiluvchi davlatlar bo‘lsa ham, ichki ehtiyojning ortishi va Xitoy bilan tuzilgan shartnomalar sababli energetika inqiroziga duch kelmoqda va bu eskirgan infratuzilma sababli yanada og‘irlashgan, deydi nashr.
Qozog‘iston va O‘zbekistonning Rossiyadan gaz import qilish g‘oyasida mantiq bor edi. Yanvar oyida «Gazprom» Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari bilan hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritalarini imzolagan edi. “Yo‘l xaritalari” bo‘yicha tafsilotlar oz edi, biroq O‘zbekiston 1-martdan Rossiya gazi importini boshlashini aytdi.
Fevral oyida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va uning qozog‘istonlik hamkasbi Bolat Akchulakov (u aprel oyida prezident maslahatchisi etib tayinlandi) Sankt-Peterburgda «Gazprom» rahbari Aleksey Miller bilan uchrashib, gaz bo‘yicha uch tomonlama kelishuv «imkoniyatlari»ni muhokama qilgan edi.
«Gazeta.uz» nashri bergan xabarga ko‘ra, fevral oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda rasmiylar gazni “Markaziy Osiyo – Markaz” (MOM) gaz quvuri (Turkmanistondan O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tadi) va O‘zbekistondan Qozog‘iston orqali o‘tuvchi «Buxoro-Ural» gaz quvuri orqali yo‘naltirish masalasini ko‘rib chiqqan.
Manbaning nashrga bildirishicha, Rossiyadan Markaziy Osiyo davlatlariga MOM quvuri orqali tabiiy gaz yetkazib berish uchun katta sarmoya va yangi kompressor stansiyalar kerak bo‘ladi. Fevral oyi oxirida esa Qozog‘iston qiymati 95,6 million dollar bo‘lgan Buxoro-Ural quvurining uchinchi liniyasini qurish bo‘yicha ishlarni boshlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
1-mart kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi mamlakat Rossiya gazini import qilishni amalda boshlamaganini, chunki aniq kelishuvlarga erishilmaganini aytdi. Bundan bir necha kun avval Mirzamahmudov buni amalga oshirish “deyarli imkonsiz” ekanini aytgan edi.
Aprel oyiga kelib O‘zbekiston MOM yo‘nalishini ma’qul ko‘rayotgandek edi. Mirzamahmudov “Buxoro-Ural quvuri eskirgani uchun talabga javob bermaydi”, dedi. Qozog‘istonning uchinchi yo‘nalish bo‘yicha rejalari amalga oshsa, uni qayta ishga tushirish mumkin, lekin tez orada emas. Shuningdek, Rossiya uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga eksportdan ko‘ra Xitoyga gaz sotish manfaatliroqligi tobora aniqroq ko‘rinmoqda.
TASS Rossiya Energetikani rivojlantirish markazi tahliliga tayanib xabar berishicha, «Gazprom» O‘zbekiston va Qozog‘istonga 10 milliard kub metrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishib olishi mumkin, shundan 4-6 milliard kub metri Xitoy uchun tranzit gaz bo‘ladi."
May oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi yuzma‑yuz sammitida ishtirok etish uchun Sianga borgan edi. 22-may kuni O‘zbekiston joriy yilning aprelь oyida birinchi marta Xitoyga 40,47 million dollarlik gaz eksportini qayta yo‘lga qo‘yganini ma’lum qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, 30-may kuni Mirzamahmudov Rossiya rejasi haqida tomonlar hali ham imkoniyatlarni o‘rganib, texnik muammolarni hal qilishda davom etayotganini ta’kidladi. “Texnik masalalar hal etilgach, tijorat shartlarini muhokama qilamiz”, dedi u.
O‘tgan bir necha oyda muayyan siljishlar kuzatilgan bo‘lsa ham, texnik va iqtisodiy, ehtimol siyosiy muammolargacha bo‘lgan qiyinchiliklar hamon saqlanib turibdi. O‘zbekiston muzokaralarda o‘ziga qulay pozitsiyada turibdi va Toshkent buni biladi. O‘zbekistonga kerak bo‘lgan narsa – Xitoyga bergan va’dalaridan qaytmasdan, qishki ichki ehtiyojni Rossiya gazi evaziga qondirish. Hozir esa qahraton qish emas va O‘zbekiston bemalol bir necha oy kutib, yaxshiroq kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borishi mumkin. Ayni paytda, Moskva Ukrainadagi urush tufayli zaiflashgan va Xitoyga gaz sotish uchun unga ko‘proq imkoniyat kerak.