Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 10:09

Tixanovskaya: Lukashenko jurnalistlarga “Yo biz bilan bo‘l, yo qamoqda o‘l!” demoqda


Svetlana Tixanovskaya

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Lukashenko ma’muriyati jurnalistlarni ta’qib qilish bilan “Kim biz bilan bo‘lmas ekan, demak, bizga qarshidir” degan mujda yo‘llamoqda deb hisoblaydi.

Tixanovskaya “Nastoyashchee vremya” telekanali muxbiriga 18 - fevralda bergan suhbatida aksilhukumat namoyishlarni jonli efirda yoritgan jurnalistlar mahkamaga tortilganini oqlab bo‘lmas hol o‘laroq baholadi.

“Belsat” sun’iy yo‘ldosh telekanalining ikki jurnalisti Katerina Andreyeva va Darya Chulsova 2020 - yil 15 - noyabr kuni Minskda Roman Bondarenko xotirasiga bag‘ishlangan tadbirni yoritayotganda hibsga olingan edi. 18 - fevral kuni Minsk shahri Frunze tumani sudi jurnalistlarni “jamoat tartibini buzishga qaratilgan ommaviy tadbirlarni uyushtirish”da aybdor deb topdi va ularni ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Ayblov siyosiy ruhda bo‘lganini aytgan Andreyeva va Chulsova mahkama hukmini tan olmagan.

Katerina Andreyeva (Baxvalova) va Darya Chulsova
Katerina Andreyeva (Baxvalova) va Darya Chulsova

“Buni na odil tergov, na odil sudlov deb bo‘ladi. Nafaqat Darya va Katerinaga, umuman, barcha siyosiy mahbuslarga keskin jazolar tayinlanayotgani afsuslanarli holatdir. Bunday choralar bilan hukumat jurnalistlarga “Yo biz bilan bo‘l, yo qamoqda o‘tir!” deya po‘pisa qilmoqda”, – deydi Tixanovskaya.

Yevropa Ittifoqi va inson huquqlari tashkilotlari ham Andreyeva va Chulsovalarga berilgan jazoni mustaqil matbuotga qarshi davom etayotgan tazyiqlarning bir qismi deb baholadi.

Ta’qibu tazyiqlar o‘tgan yili prezidentlik saylovi kampaniyasi davridan boshlangan, o‘n minglab kishi norozilik bildirib ko‘chaga chiqqach esa yanada kuchaygan edi.

Jurnalistlar, inson huquqlari faollari, prezidentning muxoliflari hamda minglab namoyishchilarning kaltaklanib hibsga olinishi ham hurriyat tarafdorlari ruhini buka olmadi. Lukashenkodan iste’fo talab etilayotgan namoyishlar hamon davom etmoqda.

Svetlana Tixanovskaya
Svetlana Tixanovskaya

“Katta ko‘lamdagi davlat qatag‘onlariga guvoh bo‘lganimizdan so‘ng “och qornim – tinch qulog‘im” deb yashab ketish imkonsizligini barchamiz yaxshi tushunib turibmiz. Lukashenkoni bunday jinoyatlari uchun hech kim kechirmaydi. Xalq uni ortiq prezident deb tan olmaydi, odamlar unga ishonmay qo‘ydi”, – deydi Tixanovskaya.

Suhbat davomida sobiq bankir Viktor Babariko ustidan bo‘lib o‘tayotgan mahkama mavzusi ham muhokama etilgan.

Viktor Babariko
Viktor Babariko

Lukashenkoga muqobil eng kuchli nomzod hisoblangan Viktor Babariko 2020 - yil iyul oyida hibsga olingan va uydirma ayblovlar bilan saylovga qo‘yilmagan edi. Katta mablag‘ o‘zlashtirilishi borasidagi da’vo Babariko “Belgazprombank”ni boshqargan o‘n yil oldingi davrga borib taqaladi. Ayblovlarni “uydirma” va “siyosiy buyurtma” deb atagan Tixanovskaya jinoyat ishi Babariko prezidentlikka saylanish niyatini oshkor qilgandan keyin, 2020 - yilda qo‘zg‘atilganiga e’tibor qaratgan.

Muxolif siyosatchiga ko‘ra, Lukashenkoning raqiblariga bo‘lgan g‘irrom munosabati hamda g‘ayriqonuniy hibslarni ko‘proq yoritish orqali bedodlikka barham berish mumkin.

“Belaruslarga muammolarni hal qilishda yordam yo‘li bu – butun dunyoning daldasi va xalqaro hamjamiyatning rejimga bosimi o‘tkazishidir”, – deydi u.

O‘z hasbi holini ham bayon etgan Tixanovskayaga turmush o‘rtog‘i Sergey bilan 2020 - yil oktabr – Lukashenko tergov izolyatorida raqiblari bilan ko‘rishgandan beri gaplashmaganini ma’lum qilgan.

Sergey Tixanovskiy so‘nggi yillarda Aleksandr Lukashenkoga muxolifatda bo‘lgan YouTube bloger sifatida shuhrat qozondi. U Belarus prezidenti lavozimiga nomzodini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan, biroq ma’muriyat uni ro‘yxatga olishdan bosh tortgan edi.

“Sergey 9 oydan beri qamoqda. Ammo aminmanki, u taslim bo‘lmaydi, e’tiqodidan aslo voz kechmaydi”, – deya ishonch bildiradi Tixanovskaya.

Vatanini tark etishga majbur bo‘lgan siyosatchining aytishicha, o‘g‘li otasi hibsda ekanini tushunadigan yoshda bo‘lib, bundan o‘ksinadi. Qizi esa otasi xizmat safariga ketgan deb o‘ylaydi.

“Koronavirus pandemiyasi vajidan Belarusga qayta olmayapmiz! Hozircha murg‘ak yoshdagi qizim ushbu bahonamizga ishonmoqda. Otasini esdan chiqarib yubormasligi uchun u bilan Sergeyning videolavhalarini tez-tez tomosha qilib turamiz”, – deydi Belarus muxolifati ramziga aylanib ulgurgan siyosatchi ayol.

XS
SM
MD
LG