Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:38

Tog‘ etagidagi koshona. Nazarboyev oilasining Olmaotadagi "maxfiy" saroylari


Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev oilasi a’zolari hamon mamlakatning eng badavlat kishilari sirasiga kiradi. Qozog‘istonning o‘zida va xorijda ularning katta bizneslari va shohona mol-mulklari bor. Ozodlik radiosi qozoq xizmati Nazarboyev oilasining Olmaotadagi ko‘chmas mulklarini surishtirish asnosida Bostandiq tumanida talay saroylarni topdi – ular Al-Forobiy shohko‘chasidan yuqoriroqda, tog‘ etagida joylashgan bo‘lib, 135 gektar maydonni egallagan. Bu koshonalar Nursulton Nazarboyevning o‘ziga, uch qiziga va jiyaniga tegishli.

2001 - yilda Qozog‘iston hukumati Olmaota shahrida, tog‘ etagida bog‘ barpo etishga qaror qiladi. Xushmanzara joy tanlanadi: Alma-Arasan darasiga eltuvchi yo‘lning o‘ng tarafidan 61 gektar yer ajratiladi. Yangi bog‘ «XXI asr» deb nomlanishi kerak edi.

Bog‘ bunyod etish rosa o‘n yilga cho‘zilib ketib, nihoyat, 2011 - yilning yozidagina u ishga tushirildi va o‘shanda olmaotaliklar va shaharga tashrif buyurgan mehmonlar hordiq chiqarishi uchun mo‘ljallangan yangi maskanga yangi nom qo‘yildi – Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti Bog‘i. Bog‘ nomidagi har bir so‘z bosh harflarda yoziladi.

Darvoza oldida, o‘ng tomonda boqqa nomi berilgan zotning haykali qad rostladi. Haykalning o‘zini 2011 - yilning noyabrida tantanali ochishdi, o‘sha yili dekabrda esa Qozog‘iston hukumati yangi bayram – Birinchi prezident kunini belgiladi, bu bayram o‘shandan beri har yili 1 - dekabrda nishonlanmoqda.

Shu tariqa, Nursulton Nazarboyev nomidagi bog‘da unga atab haykal o‘rnatdilar. Biroq bog‘dan yuqoridagi 135 gektar yer sobiq prezident va uning yaqinlari mulkiga aylanganini birov bilib, birov bilmaydi.

Boqqa yuqori tarafdan kirmoqchi bo‘lgan olmaotaliklar baland devorlarni ko‘rishgandir, hoynahoy. Ammo u tomonda darvoza yo‘q, boqqa faqat old va yon tomonlardan kiriladi. Buning sababi bor.

Ushbu yer uchastkasi va unda qurilgan koshonalarga doir ma’lumotlar muqaddam hech qayerda e’lon qilinmagan. Holbuki mazkur hudud bog‘ maydonidan ikki baravar katta bo‘lib, bir necha qismga bo‘lingan.

Hamma yaxshi narsalar – bolalarga

Dinara Kulibayeva ko‘chmas mulki
Dinara Kulibayeva ko‘chmas mulki

Birinchi yer uchastkasi va undagi saroylar Nursulton Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinara Qulibayevaga qaraydi. 74 149 kvadrat metr yoki qariyb 7,5 gektarli ushbu maydon «Jaylau» golf-klubi hamda prezident ishlari boshqarmasi balansida turadigan «Oqjetpes» oromgohiga chegaradosh.

O‘zaro simmetrik holatda joylashgan ikki uyning biri kichikroq, ikkinchisi yirikroq. O‘rtadagi uy esa (suratga qarang) – eng kattasi bo‘lib, qo‘shqavat qilib qurilgan. Saroylar yo‘lak bilan bir-biriga bog‘langan bo‘lib, bular barchasi bitta oilaning mulki ekanligi bir qarashdayoq seziladi. Google Earth tasvirlari bilan solishtirilganda yangi binolar ikki eski uy o‘rnida qurilgani ma’lum bo‘ldi. 2015 - yilgacha bu yerda sun’iy ko‘l, yozgi chodir va, xizmatchilar uchun kichikroq uy paydo bo‘lgan.

Uy va yer Dinara Qulibayevaga tegishli, ushbu manzilda esa uning eri Timur Qulibayev ham rasmiy ro‘yxatda turadi. Obyekt manzili – Jaylau kichik tumani, 1-uy. Bir rasmiy hujjatda Timur Qulibayev nomi ushbu manzil bilan birga ko‘rsatilgan. Biroq «2Gis» yoki «Yandeks Karta» mobil ilovalari manzilni ko‘rsatmaydi.

Sobiq prezidentning qizi Dinara Qulibayeva va kuyovi Timur Qulibayev Qozog‘istonning eng badavlat kishilari to‘rtligiga kiradi. Forbes jurnali ma’lumotiga ko‘ra, er-xotinning jami mol-davlati (5,8 milliard dollar) ularni mamlakatdagi eng boy oilaga aylantirgan.

Rasmiy manzili «Jaylau kichik tumani, 2-uy» bo‘lmish 2,8 gektarli keyingi uchastka sobiq prezidentning kenja qizi Aliya Nazarboyeva hamda kuyovi Dimash Dosanovga tegishli. Aftidan, bu joy hali o‘zlashtirilmagan. Ilgari uchastkada qizil tomli bir uy bo‘lgan. Uni 2019 - yilda buzib tashlashgan, lekin o‘rniga hech nima qurilganicha yo‘q.

Darig‘a Nazarboyeva ko‘chmas mulki
Darig‘a Nazarboyeva ko‘chmas mulki

Dinara va Aliyaning qo‘shnisi Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a ekanligini anglash qiyin emas. Aliyaning uchastkasi tevaragidagi to‘rta uchastka aynan unga – Qozog‘iston parlamenti Majilisi deputati Darig‘a Nazarboyevaga qaraydi. Aniqrog‘i, to‘rt uchastkadan uchtasi uning nomiga rasmiylashtirilgan. Yana qariyb 2,4 gektar yer DLS Group shirkatiga tegishli. Bir necha yil oldin uning yagona ta’sischisi Darig‘a Nazarboyeva edi. Biroq o‘sha paytlar direktor bo‘lgan Sergey Richkov hanuz lavozimida qolayotganiga qaraganda shirkat ta’sischisi o‘zgarganga o‘xshamaydi.

Avvalroq Ozodlik, Darig‘a Nazarboyeva hamda uning muhtamal eri Qayrat Sharipboyev «Qazmunaygaz»dan «Duman» mehmonxonasini arzon bahoda sotib olganiga oid hujjatlarda DLS Group nomi ham qayd etilgani haqida xabar qilgan edi.

Dastlabki uchta yer uchastkasining umumiy maydoni olti yarim gektarga yaqin. Darig‘a nomiga rasmiylashtirilgan eng katta saroy (46 ming kvadrat metr) 4,6 gektarlik uchastkada bunyod etilmoqda. Bu qurilish 2018 - yilda boshlangan bo‘lib, hozirda faqat pardoz ishlari qolgan. Uy maydoni qariyb 2350 kvadrat metrga teng.

Otaning katta uyi

Xaritada Aliya, Dinara va Darig‘aning uylari bilan yonma-yon yana bir katta uchastkani ko‘rish mumkin. Uning maydoni salkam 13 gektar, lekin kadastr hujjatlarida faqat yarmi qayd qilingan. Sababi – uchastka Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevga tegishli. Uy atrofi qalin yashil devor bilan o‘ralgan. Uchastkada sun’iy ko‘l va tennis korti mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu uyda ilgari Qozog‘iston Kommunistik partiyasi birinchi kotibi Dinmuhammad Kunayev va uning vorisi Gennadiy Kolbin yashaganlar. Uy hukumat balansida bo‘lgan, Nursulton Nazarboyev 1989 - yilda Qozog‘iston Kommunistik partiyasining birinchi kotibi etib tayinlanganidan so‘ng bu yerga ko‘chib kelgan. Bir necha yildan keyin esa uy sirli bir tarzda Nazarboyev mulkiga aylangan.

Nursulton Nazarboyev saroyi
Nursulton Nazarboyev saroyi

Uyning janub tomonida, toqqa qarab ketgan yo‘l bo‘yida yana bir ulkan koshona qad rostlagan. Yakka qavatli bu saroy hududi juda katta – salkam 2350 kvadrat metr. Qiyoslash uchun, bu har biri 50 kvadrat metrdan bo‘lgan 47 ta kvartira maydoniga teng keladi. Saroy qurilishi 2016 - yil yozda boshlanib, 2018 - yilda yakunlangan. 8,5 gektarli maydon va uy «Ko‘chmas mulklarni boshqarish direksiyasi» MChSh balansida turadi, direksiya muassisi – «Elboshi fondi», fond eesa, o‘z navbatida Nursulton Nazarboyevga tegishli. Direksiyaning yuridik manzili quyidagicha: Nur-Sulton shahri, Kunayev ko‘chasi 12/1-uy. «Nur Otan» partiyasi bosh ofisi ham ayni manzilda joylashgan.

Suratlarda Nazarboyevning saroyi yaqinda qurilgani seziladi. Unga tutash hududda sun’iy ko‘l yaratilgan. Ko‘l yoqasida cho‘pkori uycha ham bor. Uchastkada ikkita vertolyot maydonchasi mavjud. Ilgari bitta edi. Saroylar soni oshgani sayin istiqomat qiluvchilar ham ko‘payib, bitta vertolyot maydonchasi kamlik qilib qolganga o‘xshaydi.

“Almali” korporatsiyasi va uning ortidagilar

Ozodlik surishtiruvi 135 gektarning qolgan qismi “Almali” korporatsiyasiga qarashli ekanligini ko‘rsatdi. Hudud bir necha uchastkaga bo‘lingan, jami maydon qariyb 85 gektarni tashkil etadi.

Almali korporatsiyasi yeri
Almali korporatsiyasi yeri

Korporatsiyaning paydo bo‘lishi tarixi davlat mulki yoppasiga xususiylashtirilgan davrda bino bo‘lgan boshqa shirkatlar tarixidan aytarli farq qilmaydi. 1998 - yilda prezident va hukumatning xo‘jalik ishlari boshqarmasi «XOZU» yopiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilib, ko‘plab inshootlar, restoranlar, mehmonxonalar va bolalar bog‘chalari, xususan, Olmaotadagi mashhur “Alatau” sovxozi uning balansiga o‘tkazib berilgan. 100 foiz davlat tasarrufidagi aksiyadorlik jamiyati keyinchalik “Xozu” korporatsiyasi” nomi bilan mas’uliyati cheklangan xususiy shirkatga aylantirilgan. Shu tariqa o‘nlab gektar yer va son-sanoqsiz ko‘chmas mulklar xususiylashtirilgan. Korporatsiyaga 1985 - yildan Nazarboyevning yordamchisi bo‘lib ishlagan Vladimir Ni rahbar bo‘lgan. 2010 - yilda Ni vafot etganidan so‘ng korporatsiya “Almali” nomini olgan.

To‘lagan soliqlariga qaraganda, korporatsiyaning yillik daromadi qariyb 16 milliard tangani tashkil qiladi. «Almali» korporatsiyasini «Nauriz» korporatsiyasi orqali boshqaruvchi ikki ta’sischidan birining nomi Noord holland trading company B.V. bo‘lib, u Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan ofshor shirkatdir. Shu o‘rinda Nazarboyevning «Mablag‘ingizni chet ellarda yashirmang», degan so‘zlarini eslamaslikning iloji yo‘q.

“Omadni begona o‘lkalardan izlamaslik kerak, pullarni chet ellarga yashirishning keragi yo‘q. Sarmoyangizni shu yerda saqlang, chet elda saqlaydiganlar, qarang – bugungi kunda barcha ofshorlar sekin-asta ochilyapti, hali hammani sharmanda qilishadi, dahshatga solishadi. Shunday ekan, topgan pulingizni Qozog‘istonga tiking, aslo qo‘rqmang”, degan edi sobiq prezident 2013 - yildagi bir nutqida.

«Almali» korporatsiyasining ikkinchi muassisisi Vertex Holding deb ataladi. U «Qazaqmis» direktorlari kengashi a’zosi, milliarder Vladimir Jumanboyevga tegishli. «Qazaqmis» direktorlari kengashiga to o‘limiga qadar Vladimir Ni raislik qilgan. Binobarin, zanjirning uchi baribir Nazarboyevning tevaragidagi odamlarga olib keladi.

Vladimir Ni
Vladimir Ni

Hududdagi yana bir uchastkani Darig‘a Nazarboyevaning eri deb taxmin qilinadigan Qayrat Sharipboyevning qizi 37 yoshli Korlan Sharipboyeva sotib olgan. Qayrat Sharipboyev “QazTransGaz” milliy shirkati boshqarvi raisi edi, 2022 - yil yanvar voqealaridan so‘ng lavozimdan bo‘shatildi.

Maydoni uch gektarga teng qo‘shni uchastkada qurilish ketmoqda. Obyekt pasporti yo‘q, ma’lum bo‘lishicha, bu yerda navbatdagi qarorgoh bunyod etilayotgan ekan. 2019 - yilda mazkur uchastka, sud qaroriga ko‘ra Olmaota akimi apparatiga berilgandi, keyinroq esa 2023 - yil oxirigacha muddatga foydalanish uchun Qozog‘iston prezidenti ishlari boshqarmasiga topshirilgan.

Rezidensiya qurilayotgan maydon
Rezidensiya qurilayotgan maydon

Foydalanish huquqi prezident ishlari boshqarmasida bo‘lgani bois qurilish buyurtmachisini aniqlash qiyin kechmadi. Ayon bo‘ldiki, obyekt pudratchisi Shveysariyaning B&A Contractors shirkati ekan. U Qozog‘iston muhim davlat buyurtmalarini bajargan, xususan, Oqo‘rda, Parlament uyi, poytaxt aeroporti, opera va balet teatri va boshqa qator binolarni qurgan Mabetex Group shirkatlar guruhi tarkibiga kiradi.

Qozog‘iston prezidentining ishlar boshqarmasi Ozodlik so‘roviga javoban uchastkada «davlat ehtiyojlari uchun zarur loyiha amalga oshirilayotganini» bildirdi.

Nariroqda «Almali» korporatsiyasiga tegishli boshqa yerlar ham bor. Undan 46 gektarga teng ziroat yerini meva-cheva, yong‘oq yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi Citic orchards shirkati ijaraga olgan. Uning ortida – Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan CITIC AGRICULTURE shirkati hamda Qozog‘istonning Agriland shirkati turadi. Agriland’ni esa sobiq prezidentning kuyovi Timur Qulibayevning uch nafar ish hamkori hamda uning o‘ziga tegishli shirkat ta’sis etgan. Darvoqe, yerdan 43 gektari RBK bankda garovga qo‘yilgan.

Qayrat Sotiboldining “xotini”ga tegishli saroy

Nazarboyev oilasi a’zolarining yerlari hududning yuqori qismida ham bor – ular birinchi prezident nomidagibog‘dan ikki chaqirim tepada. Devor bilan ihotalangan hududda 5 ta katta kottej, 1 ta bir qavatli uy va hashamatli imorat joylashgan. Yana 15 ta yer uchastkasi qurilishga tayyorlangan. Har bir uchastka kadastr tizimida alohida qayd etilishiga qaramay, butun hududning sohibi bir kishi ekanligi sezilib turadi.

Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldining uyi xotinining nomida ekanligi taxmin qilinadi
Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldining uyi xotinining nomida ekanligi taxmin qilinadi

Umumiy maydon (125 698), jumladan devor tegrasidagi 25 ta yer uchastkasining barchasi birga 12,5 gektarni tashkil etadi.

Markazdagi katta saroy boshqa imoratlardan yaqqol ajralib turadi. U baland qurilgan bo‘lib, uch qismdan iborat. O‘rta qismi ikki qavatli. U umumiy devor ichida alohida devor bilan to‘silgan. Ozodlik maxsus ilova yordamida uyning bo‘yi 90, eni 20 metrligini aniqladi. Birinchi qavatning o‘zi qariyb ikki ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Ikkinchi etaj bilan birga hisoblaganda – salkam 2500 kvadrat metr. Bu yerga avtomobillar maxsus yerosti yo‘lidan kirishi mumkin.

Saroy tevaragi obodonlashtirilgan. Hovliga qordek oppoq o‘tov tikilgan. Bolalar uchun o‘yin va sport maydonchalari bor. Vertolyot maydonchasi ham qurilgan.

Saroydan tashqaridagi uchastkalar o‘rtasida devor va to‘siqlar yo‘q. Katta-kichik 5 kottej va bitta yakkaqavat uy yog‘ochdan qurilgan. Bundan tashqari, bir nechta mashinaga mo‘ljallangan ikkita katta garaj, xizmatchilar uyi va omborxonani eslatuvchi chog‘roq imoratlar ham bor.

Hududdagi bo‘sh yotgan 15 uchastkadan birida qurilish ishlari avjida. Poydevor tashlash uchun hozirlangan joyga qaraganda bu yangi uy ham kichkina bo‘lmaydi.

12,5 gektarli bu hududda ilgari sut fermasi bo‘lardi. Uni Olmaotaning eski xaritalaridan topish mumkin. 2012 - yilda ferma bazasi buzilib, saroy qurilishi boshlangan. Atrofda yashovchi odamlar aytishicha, bu yerdagi uylarni «MXQda ishlaydigan bir katta boyvachcha» qurdiryapti.

Ozodlik yer va ko‘chmas mulklarning rasmiy egasi Asel Baxtiyarqizi ekanligini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Aytishlaricha, bu ayol Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldining «xotini», uning uch farzandining onasidir. «MXQda ishlaydigan katta boyvachcha» Qayrat Sotiboldi bo‘lsa ajab emas, chunki Nazarboyevning jiyani rostdan ham to‘qqiz yilcha MXQda ishlagan.

Qayrat Sotiboldi – Qozog‘istonning eng badavlat kishilaridan biri. 2018 - yilda Forbes uning boyligini 163 million dollarga baholagan edi.

Uch yil muqaddam u Kaspi.kz shirkatidagi ulushini rasman sotgan edi. Biroq Lyuksemburg ofshorida Sotiboldi nomiga rasmiylashtirilgan Skyline Investment Company S.A. shirkatining jami aktivlari 2018 - yilda 266 million dollarni tashkil etgan. Shuningdek, avvalroq Sotiboldi mazkur shirkat orqali «Qazaqtelekom» telekommunikatsiya shirkatida 24 foizlik ulush sotib olgani ham ma’lum.

Tuman turg‘unlarining aytishicha¸ bu hududda Qozog‘iston xavfsizlik xizmatining qandaydir krutoy xodimi saroylar qurmoqda
Tuman turg‘unlarining aytishicha¸ bu hududda Qozog‘iston xavfsizlik xizmatining qandaydir krutoy xodimi saroylar qurmoqda

Nazarboyev oilasiga tegishli bu saroylar, hashamatli uylar va kottejlarning aksariyati Qozog‘iston Davlat qo‘riqlash xizmati tomonidan muhofaza qilinadi. Buning sababi shundaki, «Birinchi prezident – elboshi to‘g‘risida»gi konstitutsion qonun Nazarboyevni hamda uning oila a’zolarini himoya qilishni nazarda tutadi va ularning daxlsizligini kafolatlaydi.

Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, “o‘z vakolat muddatini o‘tab bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti – Elboshiga xizmat kvartirasi va davlat chorbog‘i mulk qilib beriladi va davlat hisobidan xizmat ko‘rsatiladi”. Ammo yuqorida tilga olingan uylar va yer uchastkalari Nazarboyev va qarindoshlariga u prezident lavozimini tark etishidan oldin berilgan. Va bu Olmaotaning faqat bitta tumanida joylashgan yer-mulklardir.

Ozodlik Nursulton Nazarboyevga, uning oila a’zolariga va davlat idoralariga murojaat qilib, sobiq prezidentning oilasi yuqorida sanab o‘tilgan mulklarni qanday qo‘lga kiritgani haqida so‘radi. Hozircha ulardan hech biri javob qaytargani yo‘q.

XS
SM
MD
LG