Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:10

Tog‘li Qorabog‘ Boku nazoratida. Ozarbayjon nega aynan hozir hujum qildi?


Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev.

Ozarbayjonning 19-sentabr kuni Tog‘li Qoraboqqa yangi hujumi ortidan Boku va mahalliy etnik arman hokimiyati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Aslida olganda, tan olinmagan respublika Ilhom Aliyev qo‘shinlariga taslim bo‘ldi. Lekin nima uchun Ozarbayjon aynan hozir hujum qildi?

Bir necha oy davomida Tog‘li Qorabog‘ taqdiri bo‘yicha muzokaralar Ozarbayjon foydasiga ketayotgandek edi. Armaniston hukumati ikki davlat o‘rtasidagi o‘nlab yillar davom etgan mojarolar markazida bo‘lgan bo‘lginchi hududni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishini ochiq va aniq ta’kidladi. Tafsilotlarni kelishib olish qolgan edi, xolos. Xo‘sh, nega urush yana boshlandi?

Tog‘li Qorabog‘ Ozarbayjondagi tog‘li anklav bo‘lib, bu yerda tarixan armanlar ham, ozarbayjonlar ham yashab kelgan. Sovet Ittifoqi parchalanishi arafasida o‘sha paytdagi Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati aholisining taxminan 75% etnik armanlar edi. 1980-yillarda millatchilar bu hududni Ozarbayjondan ajratib, Armanistonga qo‘shishga harakat qildi. 1990-yillar avvalida boshlangan urush natijasida Armaniston qo‘llab-quvvatlagan bo‘lginchilar hududni egallab, Ozarbayjondan ajratishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu mojaro paytida 30 mingga yaqin odam halok bo‘ldi.

Тоғли Қорабоғ: Арманлар ҳудудни тарк этишдан олдин уйларини барбод қилар экан, озарбайжонлар ватанларига қайтишга ҳозирланмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:12 0:00

Mojaroni batamom hal qilish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Navbatdagi urush boshlandi. 2020-yilda olti hafta davom etgan janglardan so‘ng Rossiya vositachiligida sulh tuzildi. Bu safar armanlar mintaqaning bir qismi va uning atrofidagi yettita hudud ustidan nazoratni yo‘qotdi va buni amalda tan oldi.

2022-yilda Boku va Yerevan mojaroni yakuniy tartibga solishga qaratilgan muzokaralarni boshladi. Ozarbayjon Qorabog‘ning qolgan qismi ustidan to‘liq nazoratni tiklamoqchiligini bildirgan va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham bunga tayyor ekanligini aytgan edi. Biroq Qorabog‘ning arman rahbariyati Ozarbayjon etnik armanlarni tinch yo‘l bilan «reintegratsiya» qilish haqidagi va’dalar orqali ularni hududdan nihoyat siqib chiqarmoqchiligidan qo‘rqib, bu talabni bajarishdan bosh tortdi. Xalqaro vositachilar murosa yo‘lini topishga harakat qilishdi, ammo behuda.

NEGA OZARBAYJON HOZIR HUJUM QILDI?

19-sentabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va uning qurolli kuchlari qoldiqlariga qarshi keng ko‘lamli hujum boshladi, buning natijasida aklav poytaxti Stepanakert (Ozarbayjonda Xonkendi) aholisi bombapanohlarga yashirinishga va chekka aholi punktlari odamlarni markazga evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi. Kun bo‘yi davom etgan hujumlardan so‘ng, Boku ko‘zlagan maqsadiga erishdi: Qorabog‘ning amalda etnik arman hokimiyati o‘z qurolli kuchlarini tarqatib yuborish va qurolsizlantirishga rozi bo‘ldi.

Ozarbayjon va Armaniston tomonlari zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi bilan zo‘ravonlik kuchayib ketishi mumkinligi haqidagi eng dahshatli qo‘rquvlar ham barham topdi. Biroq hujum mojaro dinamikasi to‘liq Ozarbayjon tomonida ekanini ko‘rsatdi, shu darajadaki, Boku xalqaro qoralovlar va odamlar hayotiga xavf tug‘dirishiga qaramay, kuch bilan ishni hal qilishni istadi.

Ozarbayjon muzokaralar sur’atidan norozi bo‘lib, Qorabog‘dagi arman rahbariyat yon bermayotganidan va tobora murosasiz pozitsiyani egallab borayotganidan shikoyat qilgandi. Qolaversa, Boku Armanistonning xavfsizlik kafolati bo‘lib kelgan Rossiya Armaniston hukumati va uning rahbari, Bosh vazir Nikol Pashinyandan noroziligini ko‘rganda fursatni g‘animat bilgan bo‘lishi mumkin. Nihoyat, Ozarbayjon kuch ishlatsa, ko‘p narsa yo‘qotmasligini tushunib qoldi.

OZARBAYJONNING HUJUMI KUTILMAGAN EDIMI?

Amaliyotga sabab sifatida 19-sentabr kuni erta tongda Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostidagi va 2020-yilgi urush paytida Ozarbayjon kuchlari tomonidan qaytarib olingan kattaroq hududning bir qismi Xo‘javend viloyatida mina portlashi oqibatida olti nafar ozarbayjonlik halok bo‘lgani keltirildi. Ozarbayjon tomoni minani portlatishda Qorabog‘dan kelgan arman diversantlarini aybladi.

Biroq, hujumga bir necha hafta davomida tayyorgarlik ko‘rilgan edi. Ozarbayjon qo‘shinlari Ozarbayjon nazoratidagi hududni 2020-yilgi urushdan keyin qolgan Qorabog‘ parchalaridan ajratib turuvchi to‘qnashuv chizig‘ida to‘plangan edi. Shuningdek, Ozarbayjon va Isroil o‘rtasida harbiy yuk parvozlari bo‘lgani haqida xabarlar chiqdi. Ozarbayjon yangi jangovar harakatlar arafasida qayta qurollanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar ko‘paydi.

Oxirgi haftalarda Bokuning gap-so‘zlari ham sezilarli keskinlashdi. Avgust oyi oxirida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning yordamchisi Hikmet Hajiyev “Ozarbayjon o‘z hududida hech qanday mavhum zona mavjud bo‘lishiga toqat qilmasligini” aytdi. Bu Qorabog‘ning Ozarbayjon hali nazorat qilmagan qismiga ishora edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Ozarbayjon ancha oldin diplomatik jarayonni tezlashtirish uchun harbiy eskalatsiyadan foydalangan. Boku markaziy hukumati va Qorabog‘ armanlari o‘rtasidagi muzokaralar boshi berk ko‘cha kirib qoldi, ozarbayjonlar o‘z raqiblarining murosasizligidan shikoyat qilayotgandi.

“Qorabog‘ armanlari mustaqillikdan boshqa narsa haqida gapirishni istashmaydi”, deydi Bokudagi Xalqaro munosabatlar tahlil markazi rahbari Farid Shafiyev. Uning ta’kidlashicha, etnik armanlarning amaldagi hukumati 2022- yil sentabr boshida yangi prezident saylovlarini o‘tkazgan va bu ozarbayjonlar nazarida ularning hukmronligini tan olishni istamasligini ko‘rsatgan.

Biroq, Qorabog‘dagi arman hukumati pozitsiyasi «o‘zgaryapti» va ular Ozarbayjon talablariga ko‘nishga tobora tayyor bo‘lmoqda, deydi Xalqaro inqiroz guruhining (XIG) Janubiy Kavkaz bo‘yicha katta tadqiqotchisi Olesya Vartanyan. "Ular Ozarbayjonda uchrashishga va integratsiya jarayonini muhokama qilishga tayyor edilar – bu Boku talab qilgan narsa".

Тоғли Қорабоғ: Ўзбекистон можаронинг қайси томонида?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:38 0:00

Qarama-qarshilik davom etar ekan, Ozarbayjonning yangi hujumi xavfi ortdi.

“Siyosiy jarayon yo‘qligi, to‘g‘rirog‘i, turg‘unlik bu xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda”, dedi XIGning Bokudagi tahlilchisi Zaur Shiriyev hujum boshlanishidan bir necha kun oldin, 15- sentabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn muloqotda. “Agar yaqin kunlar yoki haftalar ichida Qorabog‘ning armanlar yashaydigan hududlarida harbiy harakatlar kuzatilsa, hech ajablanmayman”.

ROSSIYA OMILI

Bu jarayon tezlashishiga Armaniston va uning an’anaviy homiysi Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar tez yomonlashuvi ham yordam berdi. 2020-yilgi sulh bitimi doirasida 2000 nafar rossiyalik tinchlikparvarlar kontingenti Qorabog‘ning etnik armanlar nazorati ostidagi qismlariga joylashtirildi. Biroq ular Ozarbayjonning bu hududdagi doimiy bosimi oldida o‘z ojizliklarini yoki istamasliklarini ko‘rsatdilar. Rossiyaning o‘zi Armanistonni tashqi hujum sodir bo‘lgan taqdirda himoya qilish bo‘yicha majburiyatlariga qaramay – har ikki davlat Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (ODKB) a’zo bo‘lganligi sababli – chegaradan ozarbayjonlarning Armanistonga bir necha bor bostirib kirishiga qaramay, aralashmagan.

Bu Yerevan va Moskva o‘rtasidagi kelishmovchilik kuchayishiga sabab bo‘ldi. Bu oy Armaniston hukumati Rossiyadan noroziligini bildirish uchun bir qator qadamlar qo‘ydi. Masalan, Pashinyanning rafiqasi Anna Akopyan Kiyevga bordi. Mamlakat hukumati Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga majburlovchi Xalqaro jinoyat sudini tashkil etish to‘g‘risidagi Rim statutini ratifikatsiya qilish niyatini e’lon qildi va Armaniston vakilini KXSHTdan chaqirib oldi.

"Ular bir vaqtning o‘zida Rossiyaning uchta qizil chizig‘ini kesib o‘tishdi", - deydi Tomas de Vaal, Yevropadagi Karnegi tahlil markazi tahlilchisi.

Bokuda joylashgan Topchubashev nomli xalqaro aloqalar va xavfsizlik tadqiqot markazi tadqiqotchisi Shujaat Ahmadzodaga ko‘ra, Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi kelishmovchilik Bokuni yanada dadillashtirgan ko‘rinadi.

"Rossiya bu yerda boshqa omillarga qaraganda ko‘proq rol o‘ynaydi, – deydi u. – [Ozarbayjonni] u yoki bu darajada muammolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yagona o‘yinchi Rossiya edi va Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar buzilganini hisobga olsak, menimcha, ular fursat kelganiga ishonishadi.

DUNYO QANDAY REAKTSIYA QILDI?

Armanistonning Ozarbayjonga nisbatan mavqei zaiflashib, Rossiya bilan munosabatlari yomonlashar ekan, Yerevan xalqaro yordamga muhtoj bo‘lib qolgan. U Yevropa Ittifoqidan chegara kuzatuvchilarini qabul qildi, Hindistondan qurol sotib oldi va muntazam ravishda BMT Xavfsizlik Kengashida mojaro masalasini ko‘tarishga harakat qilmoqda.

Biroq, hozircha hech bir xalqaro o‘yinchi Ozarbayjonni voqealar rivojini sekinlashtirishga ko‘ndirish uchun biror muhim chora ko‘ra olmadi, bu ham Bokuning foydasiga ishlagan bo‘lsa kerak, deydi Ahmadzoda.

"Agar men armanlar o‘rnida bo‘lganimda, G‘arbdan Ozarbayjonga qarshi jiddiy harakatlarni kutmagan bo‘lardim", deydi u.

Darhaqiqat, Ozarbayjonning 19-sentabrdagi hujumlariga chet elliklarning munosabati tezkor va tanqidiy bo‘lsa ham, ular faqat tashvish bildirish bilan cheklandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Aliyevni “Ozarbayjonni Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy amaliyotlarni zudlik bilan to‘xtatishga” chaqirdi. Yevropa Ittifoqi "harbiy harakatlar kuchayishini qoraladi" va "zo‘ravonlik to‘xtatilishi kerak" dedi.

“Xalqaro hamjamiyat shunchaki bayonotlar bilan chiqmoqda. Bular shunchaki bayonotlar, – deydi Edmon Marukyan, Armaniston elchisi. – Bilasizmi, bayonotlar sizga kimdir hujum qilganda va o‘ldirmoqchi bo‘lganida yordam bermaydi."

XO‘SH, ENDI NIMA BO‘LADI?

Hujum orqali Ozarbayjon talab qilgan va Qorabog‘ning Armaniston rahbariyati oylar davomida qattiq qarshilik ko‘rsatgan imtiyozlarga erishish mumkin edi, ya’ni Qorabog‘ hukumati qurolli kuchlarini tarqatib yuborish va qurolsizlantirish. 21-sentabr kuni Ozarbayjonning Yevlax shahrida Qorabog‘ armanlari vakillarining Boku markaziy hukumati vakillari bilan uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qorabog‘ning amaldagi prezidentining ushbu uchrashuv oldidan qilgan bayonotida aytilishicha, muzokaralarda mintaqaning Ozarbayjonga ehtimoliy «reintegratsiyasi», shuningdek, Qorabog‘ armanlarining huquqlari va xavfsizligi "Ozarbayjon Konstitutsiyasi doirasida" muhokama qilinadi. Qorabog‘ armanlari avvallari bu shartlarni nomaqbul deb hisoblagan, ammo Ozarbayjon hujumidan so‘ng ularning bunga rozi bo‘lishdan boshqa chorasi qolmadi.

Hujumdan bir hafta oldin arman tarixchisi va diplomati Jerar Libaridyan Qo‘shma Shtatlarda o‘zining "Beqaror Armaniston" nomli yangi kitobi haqida ma’ruza qildi. U muzokaralar borishini muhokama qildi va vaqt o‘tishi bilan armanlarning muzokaralardagi pozitsiyasi tobora zaiflashib borishini ta’kidladi.

“Qanchalik uzoq kutsak, bizda shunchalik dastak kam bo‘ladi... Bugun biz o‘tgan yili olgan narsamizga erisha olmayapmiz. O‘tgan yili to‘rt-besh yil oldin olganimizni ololmadik, – dedi u. – Qanchalik uzoq kutsak, Aliyev shunchalik qattiqroq bo‘ladi.”

XS
SM
MD
LG