Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:29

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi: Ozarbayjon «g‘alabani» nishonlamoqda. Armanistonda esa siyosiy bo‘hron


Ozarbayjon bayrog‘i va Aliyevlar portretini ko‘targan bokuliklar bayram qilishmoqda - Boku, 10 -noyabr, 2020
Ozarbayjon bayrog‘i va Aliyevlar portretini ko‘targan bokuliklar bayram qilishmoqda - Boku, 10 -noyabr, 2020

Tog‘li Qorabog‘dagi muhim shaharning Ozarbayjonga o‘tgani hamda 9 - noyabr kuni mintaqada o‘t ochishni to‘xtatish bitimi imzolangani haqidagi xabarni bokuliklar bayram kayfiyati bilan kutib olishdi.

Armaniston poytaxti Yerevanda esa, kelishuv imzolangani siyosiy bo‘hronni keltirib chiqardi.

Bosh vazir Nikol Pashinyan kelishuv imzolangani haqida e’lon qilishi ortidan Yerevanda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi va norozilar hukumat uyiga hamda bosh vazir qarorgohiga bostirib kirdi.

Pashinyan tinchlik bitimini imzolash «ifodalab bo‘lmaydigan darajada mushkul» bo‘lganini aytdi.

Bosh vazir Ozarbayjon qo‘shinlari Shusha (armancha Shushi) shahrini bosib olganidan keyin, «harbiy vaziyatni chuqur tahlil qilib», kelishuvni imzolaganini aytdi.

Shusha Tog‘li Qorabog‘ poytaxti Stepanakert ustidagi tog‘da joylashgan bo‘lib, shaharni qo‘lga olgan Ozarbayjon qo‘shinlariga Stepanakertga hujum qilishni osonlashtiradi.

Imzolangan bitimga ko‘ra, Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofidagi tumanlarni bo‘shatishi kerak.

27 - sentabr kuni harbiy to‘qnashuvlar boshlanganidan beri Ozarbayjon qo‘shinlari qo‘lga kiritgan barcha hududlar, jumladan, Shusha shahri Boku nazoratida qoladi.

Boku mintaqaga Rossiya tinchlikparvar qo‘shinlari kiritilishiga rozi bo‘ldi. Rossiya qo‘shinlari Ozarbayjonning Lachin tumanida quriladigan yangi koridorni nazorat qiladi.

«Yangi Lachin koridori» nomi berilgan yo‘l Shushani chetlab o‘tadi va Armaniston bilan Stepanakertni tutashtiradi.

10 - noyabr kuni Rossiya harbiylari mintaqaga yo‘l oldi.

Ayni damda Pashinyan Armaniston hududi orqali Ozarbayjonni Naxichevan eksklavi bilan bog‘lovchi yangi yo‘l ochilishiga rozi bo‘ldi. Ushbu koridorni ham Rossiya tinchlikparvarlari nazorat qiladi.

Imzolangan kelishuvda Turkiya «otashkesimni nazorat qiluvchi qo‘shma markaz» a’zosi ekanligi aytildi. Bu esa mintaqada Turkiya tinchlikparvarlari roli haqida tushunmovchiliklar keltirib chiqardi.

Bokuda joylashgan Strategik kommunikatsiyalar markazi tahlilchisi Fuad Shaxbazov Ozodlik bilan suhbatda shartnomada Turkiyaning tilga olinishi Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiya tinchlikparvar kuchlari Ozarbayjon tuprog‘iga kiritilishga rozilik berishi uchun muhim bo‘lganini aytdi.

«Ozarbayjon hududga rossiyalik tinchlikparvar kuchlari kiritilishiga turk askarlarini ham u yerga kiritish sharti bilan rozi bo‘ldi», - dedi u.

«Mintaqada ko‘p sonli turk qo‘shinlari bo‘ladimi-yo‘qmi, bilmayman. Ko‘p sonli turk qo‘shinlarining kiritilishi Rossiyaga aniq yoqmaydi».

Seshanba kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov turkiyalik tinchlikparvar kuchlar Rossiya bilan birga Qoraboqqa joylashtirilishi to‘g‘risidagi savolga salbiy javob berdi.

Ozarbayjon muxolifati imzolangan tinchlik kelishuviga turlicha munosabat bildirmoqda. «Musavat» partiyasi Aliyev kelishuvni imzolashdan oldin partiyalar, parlament deputatlari yoki Ozarbayjon fuqarolari bilan maslahatlashmaganini aytdi.

Boshqalar mintaqaga Rossiya tinchlikparvarlari kiritilayotgani Ozarbayjon mustaqilligiga tahdid solishini aytmoqda.

Yerevanda esa muxolifat parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishini o‘tkazish talabi bilan imzo to‘play boshladi. Partiya parlament kun tartibiga Tog‘li Qorabog‘da urushni to‘xtatish bitimini bekor qilish masalasini kiritmoqchi.

Armaniston Mudofaa vazirligi va Bosh shtabi urushni to‘xtatish bitimini qo‘llab-quvvatladi.

Tog‘li Qorabog‘da urushni to‘xtatish bitimini Armaniston bosh vaziri hamda Ozarbayjon va Rossiya prezidentlari imzolagani 10 - noyabrda ma’lum qilingan edi.

XS
SM
MD
LG