Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:54

Tojik-afg‘on chegarasi: Dushanbe va Tolibon o‘rtasidagi taranglik kuchaymoqda


Tojik-afg‘on chegarasi.
Tojik-afg‘on chegarasi.

Afg‘onistonda iqtidorga kelgan toliblar bilan qo‘shni Tojikistonning o‘zaro munosabatlari so‘nggi haftalarda yanada keskinlashdi. Oxirgi mojarodan so‘ng toliblar Tojikiston bilan chegarani yopib, Afg‘onistonga mol tashuvchi o‘nlab tojik furalarini tortib olishdi.

Dilshod bir haftadan buyon Afg‘onistonning Tojikiston bilan shimoli-sharqiy chegarasidagi Sherxon-Bandar daryo portidan chiqib keta olmaydi.

U va boshqa bir qancha haydovchilar oy boshida Tojikistondan Afg‘onistonga ko‘mir olib borgandi. Biroq toliblar 10-mayda chegarani yopib, haydovchilarning qaytishiga yo‘l berishmadi.

“Hech qayoqqa keta olmaymiz. Bizga hatto mashinalarimizni tark etishni ham taqiqlab qo‘yishgan”, dedi u Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda. Dilshodning aytishicha, ushbu olis chegara maskanida yuztacha tojik yuk avtomobillari qolmoqda.

Ismini ochiqlashni istamagan boshqa haydovchi Ozodlik muxbiriga toliblar ayrimlarga chegaradan o‘tishga ruxsat berganini, ammo furalarini tortib olishganini aytdi. “Bizga mashinalarni shu yerda qoldirishni buyurishdi, so‘ngra uyga qaytishimizga izn berishdi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Chegara yopilib, tojik yuk mashinalarining tortib olinishi – Markaziy Osiyo davlati bilan radikal kayfiyatli afg‘on hukumatining o‘zaro munosabatlarida adovat yanada ortayotgani belgisidir.

Tojikiston – Afg‘oniston qo‘shnilari orasida Tolibonning hokimiyatga qaytishiga ochiqcha qarshi chiqqan yagona mamlakat. Emomali Rahmon hukumati jangarilarni mintaqaviy barqarorlikka tahdid, deb biladi. Qolaversa, Dushanbe asosan afg‘onistonlik etnik tojiklardan tashkil topgan Milliy qarshilik fronti (MQF) aksiltolib harakatini dastaklayotgani haqida xabarlar bor. Ammo Tojikistonning o‘zi bu ma’lumotni rad etib kelmoqda.

Toliblar iqtidorga qaytganidan so‘ng Tojikiston Kollektiv xavfsizlik tashkiloti (KXShT) kuchlari bilan birga janubiy chegaralarida harbiy mashqlar o‘tkazdi.

Tolibon o‘zining Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegarasi bo‘ylab uch mingga yaqin jangarini joylashtirgan. Radikal harakat vakillari ushbu qadam mintaqada barqarorlik ta’minlashga yordam berishini iddao qilishadi. Biroq Afg‘onistonning shimoliy qo‘shnilari bunga shubha bilan qaramoqda.

Boz ustiga toliblarning shimoli-sharqdagi Badaxshon va Tohar viloyatlariga “Lashkari Mansuriy” nomi bilan mashhur hudkush terrorchilar batalyonini joylashtirishi Tojikistonda bezovtalikni kuchaytirdi.

Mazkur ikki viloyatda Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan yuzlab jangarilar istiqomat qiladi. Ular ko‘p yillar Tolibon tarafida jang qilishgan.

Bir necha yildirki, toliblar rasmiy Dushanbening xavfli muxoliflari – tojiklarning “Jamoati Ansorulloh” radikal islomiy guruhi jangarilariga boshpana berishmoqda, hatto ularni o‘z saflariga qabul qilishmoqda. Kobulda hokimiyatni bosib olishganidan so‘ng bir necha hafta o‘tib, toliblar ushbu guruhni Tojikiston bilan chegaraga tashlagan edi.

Afg‘onistonda yashayotgan ayrim tojik jangarilari Tolibon bilan raqobatlashayotgan “Xuroson Islom davlati” ekstremistik guruhi a’zolaridir. Yaqinda mazkur tashkilot vakillari Tojikistonga raketa zarbasi berishganini aytishgandi.

Markaziy Osiyo respublikalari jangarilar ularning hududiga o‘tib olishidan xavfsiraydi.

Yanvar oyida Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Afg‘onistonning shimoli-sharqida 40 dan ziyod lagerda jami 6 minggacha jangari mavjudligini aytib, KXShTni mamlakat girdida “xavfsizlik kamari”ni tashkil qilishga chaqirdi. Toliblar uning bayonotiga qat’iyan raddiya berishdi.

“Toki Afg‘onistonni toliblar idora qilarkan, Tojikiston Markaziy Osiyodagi qo‘shnilar orasida eng qaltis mamlakat bo‘lib qoladi, chamasi”, deydi Vashingtondagi Atlantic Council tahlil markazining Afg‘oniston bo‘yicha eksperti Hamid Hakimiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda tojik jangarilari mavjudligi Dushanbe uchun yanada xatarli vaziyat yaratadi.

“Toliblarning chegaralarni boshqarish yoki qo‘riqlashga layoqatsizligi so‘nggi 20 yil mobaynida afg‘on chegara xizmati bilan yaqin hamkorlik qilib kelgan Tojikiston hukumatiga favqulodda muammo tug‘diradi”, deya qayd etadi Hakimiy.

Dushanbe hech bir mamlakat tan olmagan Tolibon hukumati bilan aloqa o‘rnatgan emas. Prezident Rahmon bir necha bor toliblarni Afg‘onistonda barcha etnik qatlamlar, jumladan tojiklarni ham o‘z ichiga olgan inklyuziv hukumat tuzishga chaqirgan edi.

Tolibon harakati o‘zini barcha afg‘onlar manfaatlarini ifodalovchi guruh o‘laroq ko‘rsatishga tirishadi. Biroq toliblar hukumati asosan pashtun millatiga mansub mullalardan tashkil topgan.

Tolibon oliy rahbariyati Dushanbe bilan aloqalarni ochiqcha uzib tashlashga shoshilmayapti. Biroq Tolibonga xayrixoh sobiq dala qo‘mondoni Gulbiddin Hikmatyor yaqinda Tojikistonni aksiltolib kuchlarga boshpana berishda ayblab chiqdi.

“Qo‘shni mamlakatning qurolli dushmanlariga panoh berar ekansiz, bu faqat bir narsani – unga qarshi urush e’lon qilganingizni anglatadi”, dedi u shu hafta bergan bayonotida.

Hikmatyor bunga javoban Tolibon Dushanbening qurolli muxoliflariga quchoq ochishi haqida ogohlantirdi.

“Agar biz bu ishni qilsak, zaif, kichik va tarqoq Tojikistonning taqdiri qanday bo‘ladi?” deya pisanda qildi u.

Ayni chog‘da Tolibon rasmiy vakili Zabihulloh Mujohidga ko‘ra, guruh Tojikiston bilan munosabatlarini normallashtirmoqda va tomonlar qator masalalar bo‘yicha rasman o‘zaro til topishgani hamon chegaralar ochiladi.

Hakimiy Dushanbening yaqin ittifoqchisi bo‘lmish Rossiya tomonlarni yarashtirishga urinayotganini aytadi. O‘tgan haftada Rahmon Afg‘oniston bilan chegaradagi “tahlikali vaziyat”ni Rossiya prezidenti Putin bilan muhokama qildi.

“Toliblar transchegaraviy to‘qnashuvlar bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni ko‘tara oladigan ahvolda emas va bu Moskvani Tojikistonga yordam berishga majbur etadi”, deydi Hakimiy.

XS
SM
MD
LG