Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:57

Tojikistonda eng baland bayroq o‘rnatildi


Tojikistonning uzunligi 60 metr, eni 30 metrli bayrog‘i 25 may kuni 165 metr balandlikdagi ustunga tikildi.

Dushanbe shahrining qoq o‘rtasida hilpirayotgan milliy bayroq shaharning har burchagidan ko‘zga tashlanadi.

Tojik rasmiylari mamlakat mustaqilligining yigirma yilligi munosabati bilan prezident saroylaridan biriga yaqin joyda o‘rnatilgan ustun dunyoda yagona ekanini fahrlanib aytmoqdalar.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, yana shunday baland ustun Ozarbayjonda bo‘lib, uning balandligi 162 metrni tashkil qiladi.

Ayrim tojikistonliklar bunday bayroq ustuni faqat ularning diyorida borligidan faxrlanib gapirmoqdalar.

- Qarab tursang, ko‘z quvonadi, xuddi bayrog‘imizni dunyo tomosha qilayotgandek. Bu ustun Dushanbe shahrining husniga husn qo‘shgandek nazarimda, - deydi dushanbelik suhbatdoshimiz Marg‘ubaxon.

Bayroq ustunini qurishga 2010 yil noyabrida kirishilgan edi. Uni qurgan “Alyuminbinokor” va “Trident Support” xorijiy shirkati mas‘ullari bu ustunga sarflangan mablag‘ miqdorini e‘lon qilishdan tiyilmoqda.

Ammo Eurasianet.org saytining o‘z manbasiga tayanib yozishicha, bu loyiha uchun 32 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflangan.


Tojikiston parlamenti yuqori palatasida Kommunistik partiyadan vakil Ismoil Talbakov bayroq kengligi va uzunligi bilan odamlar qalbida milliy qadriyatlardan faxrlanish hissini kuchaytiradi, degan fikrda.

- Har holda tojikistonliklar amerikalik va germaniyaliklar singari milliy bayroqni hurmat qilishga odatlanmagan bo‘lsalar-da, bunday katta bayroq ko‘ruvchini befarq qoldirmaydi. Amerikaliklar har tongda uyidan chiqishdan avval milliy bayrog‘iga ta‘zim bajo keltirishini ko‘pchilik biladi. Biz esa boshqa yo‘lni tutdik. Har ertalab o‘z ishi va tashvishi bilan ko‘chaga chiqqan yurtdoshlarimizning ko‘zi dunyodagi eng baland bayroq ustuniga tushgach, bayrog‘imizga bo‘lgan muhabbati oshadi, - deydi deputat Talbakov.

Asnoda mamlakatda narx-navoning uch, ba‘zi hududlarida esa to‘rt baravargacha qimmatlashib, jamiyatda ijtimoiy portlash tahdidlarini kuchayayotgani bir paytda poytaxt Dushanbeda osmono‘par bayroq ustuni o‘rnatilgani ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, mustaqil tahlilchi Nurali Davlatov Tojikistonda bayroq o‘rnatishdan ko‘ra muhimroq ishlar to‘lib yotibdi, degan mulohazada.

- Menimcha, bu bir manmanlik. Oziq-ovqat mahsulotlarining 60 foizdan ko‘prog‘i tashqaridan import qilinadi. Fuqarolar ijtimoiy ahvoli juda achinarli holatga kelib qolgan. Buncha katta sarfu harajat bilan ustun o‘rnatish o‘rniga davlat shu pulni fuqarolar ijtimoiy sharoitini yaxshilashga sarflashi zarur edi, - deydi Nurali Davlatov.

Ikki yildan buyon tojikistonliklarga oziq-ovqat zahira qilish zarurligini ta‘kidlab kelayotgan mamlakat prezidenti Imomali Rahmon vatandoshlariga milliy qadriyatlarni e‘zozlash, milliy bayroq va davlat nishonini hurmat qilishni ham tavsiya qilib keladi.

Tojikiston milliy bayrog‘i 1992 yil 24 noyabrida Tojikiston Oliy kengashi tomonidan qabul qilingan bo‘lib, u qizil, oq va yashil ranglar hamda toj va yetti yulduzdan iborat. Bu ranglar ozodlik uchun kurash, mustaqillik, baxtu iqbol, tinchlik va barqarorlik hamda mamlakat obodonchiligi uchun sa‘y-harakat ma‘nosini anglatishi aytiladi.

Tojikistonliklar 2009 yildan buyon har yili 24 noyabr kuni Milliy bayroq kunini nishonlaydi. Lekin Ozarbayjondan farqli o‘laroq o‘sha kun tojikistonliklar uchun dam olish kuni, deb e‘lon qilinmagan.
XS
SM
MD
LG