Линклар

Шошилинч хабар
29 сентябр 2021, Тошкент вақти: 06:55

Tolibon Afg‘oniston «Oliy rahbari» deb e’lon qilgan Haybatullo Oxundzoda kim?


55 yoshli Mavlaviy Haybatullo Oxundzoda Tolibon radikal guruhiga 2016 -yilning may oyidan beri rahbarlik qilib keladi.

Tolibon murosasiz sunniy ruhoniyni "Oliy rahbar" etib tayinladi. Jangarilar o‘tgan oy G‘arb mamlakatlari tan olgan hukumatni ag‘darib, hokimiyatni bosib olgan edi.

Tolibon yangi hukumat tuzdi, lekin u hali xorijiy mamlakatlar tomonidan tan olingani yo‘q.

55 yoshli Mavlaviy Haybatullo Oxundzoda Tolibon radikal guruhiga 2016 - yilning may oyidan beri rahbarlik qilib keladi. Guruhning avvalgi yetakchisi mulla Axtar Muhammad Mansur Pokiston janubi-g‘arbida AQSh amalga oshirgan dron zarbasi natijasida o‘ldirilgandi.

7 - sentabr kuni Tolibon vakili Ahmadullo Vosiq Bi‑bi‑siga Oxundzoda rasman «amir al-mo‘minin» deb atalishini tasdiqladi.

«[Oxundzoda] – diniy arbob, u diniy faoliyati tufayli katta hurmatga sazovor bo‘lgan», dedi afg‘onistonlik jurnalist Sami Yusufzay Ozodlik radiosining «Gandhara» nashriga.

«U Tolibon qozisi bo‘lgan, harakat asoschisi mulla Muhammad Umarning ishonchli odami bo‘lgan».

Oxundzoda Muhammad payg‘ambarning hayoti va ta’limoti haqida chuqur bilimga ega bo‘lgani uchun uni ko‘pincha Shayxul Hadis deb atashadi. Shuningdek, u deobandiy, ya’ni sunniy Islomni «qayta tiklash» tarafdoridir.

«U islomshunos va [diniy mavzularda] bir qancha kitoblar muallifi», dedi Yusufzay.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2001 - yil oxirida AQSh boshchiligidagi koalitsiya Afg‘onistonga bostirib kirib, Tolibonni ag‘darganidan keyin, Oxundzoda boshqa Tolibon rahbarlari kabi Pokistonning janubi-g‘arbiy Baluchiston viloyatidan boshpana topgan.

«U Kvetta yaqinida madrasa imomi bo‘lgan», dedi Yusufzay.

Kvetta shahri Baluchiston viloyati poytaxtidir.

«U “Oxundzoda Kuchlak” nomi bilan tanilgan va mintaqadagi turli madrasalarda bitiruv marosimlarida qatnashgan».

Kuchlak Kvetta yaqinidagi kichik shaharcha bo‘lib, so‘nggi yigirma yil ichida Tolibonning ko‘plab yuqori martabali rahbarlari aynan o‘sha yerda boshpana topgani aytiladi.

Tolibonning so‘nggi bayonotlari shuni ko‘rsatadiki, Oxundzoda, Tolibon hukumatning strategik yo‘nalishini belgilaydi.

«Islomiy Amirlik rahbari keng ko‘lamli ko‘rsatma berdi va barchaga o‘z majburiyatlarini tushuntirdi», deb tvit yozdi Tolibon matbuot kotibi Zabihulla Mujohid.

Joriy haftada Qandahor shahrida Tolibon yetakchilari uch kun maslahatlashdi.

Tolibon Oxundzodani uzoqni ko‘ra oluvchi rahbar sifatida ko‘rsatishga urinmoqda.

Tolibon matbuotiga ko‘ra, iyul oyida Oxundzoda:

«Hamma xorijiy kuchlar mamlakatimizdan chiqarilganidan so‘ng, dunyo bilan, jumladan, AQSh bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishni istaymiz», degan.

«Bunday munosabatlar diplomatik, siyosiy va iqtisodiy jihatlarga ega bo‘lishi kerak», degan u.

Tolibon harakati asoschisi Mulla Umar singari, Oxundzoda Afg‘oniston janubidagi Qandahor viloyatidan. Aynan shu viloyatda 1994 - yilda toliblar harakati paydo bo‘lgan. Oxunzdoda tobora yuqori lavozimlarni egallagan va 1990-yillar oxiriga kelib Tolibon harbiy sudlari bosh sudyasi etib tayinlangan.

2015 - yilda Mansur Tolibonning norasmiy rahbari bo‘lib yetishganidan keyin, Oxundzoda uning o‘rinbosari etib tayinlangan. Bunda Oxundzodaning qabilaviy aloqalari, Mansur bilan yaxshi munosabatda bo‘lgani va diniy ulamo o‘laroq shuhrat qozongani muhim rol o‘ynagan.

Murakkab kurashdan so‘ng, Mansur 2015 - yilda rasman Tolibon rahbari etib tayinlangan. Aslida u ikki yil davomida Umarning o‘limini yashirib, guruhning de facto rahbar o‘laroq faoliyat yuritib kelgan. Umar 2013 - yil aprel oyida vafot etgani taxmin qilinadi.

Tolibon pozitsiyasini tushuntirishga urinib turadigan sobiq Tolibon rasmiysi – kobullik Nazar Muhammad Mutma’in Oxundzodani uzoq diniy ma’ruza qilishga moyil, sipo diniy ulamo o‘laroq ta’rifladi.

«U his-tuyg‘ularini boshqara oladi va Tolibon endi unga guruh saflarini birlashtira oladigan odam sifatida qaramoqda», dedi u.

Oxundzoda boshchiligida Tolibon diplomatik va harbiy g‘alabalarga erishgan. Shuningdek, Oxundzoda hamda uning siyosiy o‘rinbosari Mulla Abdul G‘ani Barodar rahbarligi ostida guruh AQSh bilan muhim kelishuv imzolagan. 2020 - yil fevral oyida Dohada imzolangan kelishuv AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistondan to‘liq chiqib ketishiga yo‘l ochdi.

Oxundzoda Umarning to‘ng‘ich o‘g‘li Mulla Yoqubni o‘z o‘rinbosari etib tayinlagan, shuningdek, «Haqqoniy» tarmog‘i rahbari Sirojiddin Haqqoniy bilan bir qatorda unga harbiy qo‘mondon rolini bergan. Bu esa Tolibon parchalanib ketishining oldini olgan.

Ayni damda Oxundzoda oldida ko‘plab qiyinchiliklar bor.

U boshchiligida Tolibon xalqaro legitimlikni qo‘lga kiritish uchun kurashishga majbur bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, uning oldida o‘sib borayotgan ichki iqtisodiy inqiroz muammosi turibdi. Qolaversa, Afg‘onistonning 38 millionga yaqin aholisi undan xavfsizlikdan tashqari farovonlik va shaxsiy erkinliklarni talab qilishini kutish mumkin.

Tolibon jahon hamjamiyati nazarida islohotlarni amalga oshirish to‘g‘risida ko‘plab va’dalarni bergan bo‘lsa-da, jangari guruhning oshib borayotgan talablari va umidlarini qondirish Oxundzoda uchun bundan ham qiyinroq masalaga aylanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG