Tolibon hukumati qarori bilan 26-iyuldan boshlab Afg‘onistonda go‘zallik salonlari yopildi. Bu Afg‘onistonda ayollar huquq va erkinliklarini cheklovchi navbatdagi taqiqdir.
Afg‘oniston Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligi qarorida vizajist va sartaroshlar 25-iyulgacha o‘z salonlarini yopishlari kerakligi aytilgan.
Bu qaror ko‘plab afg‘on ayollarining e’tiroziga sabab bo‘ldi. Vazirlik farmonga rioya qilmaganlarga nisbatan kuch ishlatiladimi yoki yo‘qligiga oydinlik kiritmadi.
“Nafaqat zarar ko‘rayotganimdan xafaman, balki orzularim ham puchga chiqdi”,- deydi besh yil avval o‘z salonini ochgan poytaxtlik vizajist Nada.
Tolibon o‘z qarorini salonlarda bo‘yanish uchun juda katta miqdorda pul sarflanishi bilan izohladi. Qosh terish va soch ulash kabi ba’zi protseduralar noqonuniy hisoblanadi, demoqda hukumat. Tolibon shuningdek, salonlarni taqiqlashga sabab sifatida to‘y tantanalari kuyov oilasi uchun qimmatga tushayotganini ko‘rsatmoqda.
O‘nlab ayollar norozilik bildirib ko‘chalarga chiqdi. Biroq xavfsizlik kuchlari ularni suv va ogohlantiruvchi o‘q bilan tarqatib yubordi.
"Qanchalik e’tiroz bildirmaylik, bizni hech kim eshitmaydi. Hamma iztirobda va bu yolg‘iz Xudoga ayon. Salonni yig‘lagancha bo‘shatyapman". — deydi yana bir salon egasi Roya.
"Hukumat bizni ish bilan ta’minlashi kerak. Men bilan yigirma kishi o‘z oilasini boqish uchun ishlaydi. Hukumat bizni o‘ylaydimi? Ishsiz qolganimizdan keyin uyda nima qilamiz?" deya ta’kidladi ismi sir qolishini so‘ragan ayol.
Afg‘oniston Savdogarlar uyushmasi ma’lum qilishicha, Tolibon hukumatining buyrug‘i bilan 60 mingga yaqin ayol ishlaydigan 12 mingga yaqin go‘zallik salonlari yopiladi.
Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligi matbuot kotibi Akif Muhojir Tolo News telekanaliga bergan intervyusida salonlar vazirlik tavsiyalariga amal qilmaganini aytdi.
Aytilishicha, bu tavsiyalar kosmetologlar namoz o‘qishi, ayollar bo‘yanishdan oldin tahorat olishlari, har bir go‘zallik salonida tahorat olish uchun joy bo‘lishi, ayollar esa ishxonada hijob yoki ro‘mol o‘rashi kabilardan iborat bo‘lgan.
Go‘zallik salonlari egalari ko‘pchilik bu qoidalarga rioya qilganini aytmoqda. Ularning aytishicha, Tolibon tavsiyalari bajarilishini tekshirishdan ko‘ra barcha salonlarni yopishni afzal ko‘rgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi (UNAMA) rasmiylarni go‘zallik salonlarini yopish farmonini bekor qilishga chaqirdi.
"UNAMA afg‘on rasmiylariga ayollar huquqlarini cheklash iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishini va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qarshi chora ekanligini aytdi. Biz taqiqlarni bekor qilishga intilamiz", - dedi BMT matbuot kotibi o‘rinbosari Farhan Haq.
Human Rights Watch tashkilotining ayollar huquqlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Xizer Barr Afg‘onistondagi vaziyatni ayollar huquqlari borasida “dunyodagi eng jiddiy inqiroz” deya baholadi
"Afg‘onistondagi inqiroz juda katta. Tolibonning taqiqlari mavjud gumanitar inqirozni yanada chuqurlashtirmoqda", - deya qo‘shimcha qildi Barr.