Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:12

Tolibon qanday va’dalar bergan edi va amalda nimalar qildi?


Afg‘onistonning Tolibon hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy Eron rasmiy hay’ati bilan.
Afg‘onistonning Tolibon hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy Eron rasmiy hay’ati bilan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘onistonning yangi hukumati o‘z va’dalari va xalqaro majburiyatlarini bajara olishi, chunki mamlakatni tinchlik va farovonlikka boshlashning boshqa yo‘li yo‘qligini aytdi.

“Afg‘oniston hududidan boshqa davlatlarga zig‘irchalik xavf-xatar bo‘lmasligi kerak. O‘ylaymizki, Afg‘onistonning muvaqqat hukumati ushbu mamlakat yaqin istiqbolda davlatlararo va xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyektiga hamda madaniy dunyoning bir bo‘lagiga aylanishi uchun lozim barcha muhim vazifalarni bajara oladi. Afg‘on xalqini taraqqiyot va farovonlikka, mamlakatni esa orziqib kutilgan tinchlikka eltishning boshqa yo‘li yo‘q”, – dedi 15 - noyabr kuni Bryusselning Euractiv media-portaliga intervyu bergan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Tolibon harakati uch oydan beri Afg‘onistonni to‘liq nazorat qilmoqda, bu vaqt mobaynida toliblar yetakchilari dunyo hamjamiyati nazarida o‘zlarini legitimlashtirishga intilib keldi. Jahon hamjamiyati ular o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishini kutayotganini, busiz legitimlik xususida gap bo‘lishi mumkin emasligini bir necha bor bildirgan.

Hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng jangarilar kamida oltita muhim va’da berishgan edi, lekin bu va’dalar baribir bajarilmadi. Tolibon zimmasidagi o‘sha majburiyatlarni yana bir karra eslatib o‘tamiz.

Eng birinchisi va asosiysi – insonning tamal huquqlariga rioya qilish.

Guruh ushbu va’dasini oxirigacha bajara olgani yo‘q. Toliblar bir tomondan afg‘onlarning fuqarolik huquqlarini kafolatlamoqda. Ammo boshqa tomondan, ommaviy qatag‘onlar uyushtirishni, odamlarni, aksaran etnik ozchil xalqlar vakillarini uylaridan majburan ko‘chirishni, odamlarni sudsiz-tergovsiz jazolash va o‘z muxoliflarini ta’qib etishni kanda qilishmadi. Mamlakatning turli hududlarida fuqarolarning erkinliklari o‘ta shafqatsizlik bilan cheklangan.

Ayollar huquqlari

Tolibonning hozirgi rahbariyati ayollarga nisbatan tutilayotgan siyosat Afg‘onistonda ushbu harakat 90-yillarda yuritgan siyosatdan tubdan farqlanishini ta’kidlab, yangi mamlakatda ayollar huquqlari hurmat qilinishini va ularga davlat ishlarida qatnashishga ruxsat berilganini iddao qiladi.

Biroq amalda bunday emas. Toliblar hokimiyatni bosib olishganidan beri ilgari davlat tuzilmalarida ishlagan afg‘on ayollari go‘yo arosatda qolgan. Ularning ishga qaytishiga ruxsat berishmaydi, ammo rasman xizmatdan bo‘shatishgani ham yo‘q. Ayollar ishlari vazirligi tugatildi, Tolibon tuzgan yangi hukumatda esa bitta ham ayol yo‘q. Harakat vakillari ayol kishining rahbar bo‘lishini qabul qila olmasliklarini ro‘y-rost aytishadi.

Qizlarning ta’lim olishi

Toliblar iqtidorga kelgach, qizlarning maktabda o‘qishiga to‘sqinlik qilmaslikka va’da berishgan edi. Bu va’da ijrosi ham o‘lda-jo‘lda qolib ketdi.

Hozirda faqat quyi sinflarda o‘qiydigan qizaloqlar hamda Balx, Hirot, Qunduz va Juzjon viloyatlarida yuqori sinf qizlari maktabga qatnashyapti.

Qolgan 30 viloyatda katta qizlarni maktabga va tolibalarni OTMlarga qaytarish haqida gap-so‘z yo‘q. Toliblar dastavval ularni xavfsiz transport hamda erkaklarsiz “bexatar muhit” bilan ta’minlash zarurligini aytib o‘zlarini oqlashmoqda.

Terrorizm

O‘tgan uch oy davomida terrorchi tuzilmalarning Afg‘oniston hududidan qo‘shni mamlakatlarga hujum qilishi kuzatilmadi. Biroq toliblar kuch-qudratini ko‘z-ko‘z qilishdan va qo‘shnilariga po‘pisa qilishdan o‘zlarini tiygan emas. Xususan, Tolibonga nisbatan keskin pozitsiya saqlab turgan Tojikistonga nisbatan. Toliblar, jumladan, afg‘on-tojik chegarasini qo‘riqlashni Tojikistonda taqiqlangan “Jamoati Ansorulloh” tashkilotining tojik millatiga mansub jangarilariga topshirishdi.

Bundan tashqari, ko‘pming sonli “Lashkari Mansuriy” hudkushlar guruhi namoyishkorona Tojikistonga chegaradosh viloyatga yo‘llandi. Ayrim tolib qo‘mondonlari hatto Dushanbega urush bilan tahdid qilishgacha bordi.

“Al Qoida” bilan aloqalarni uzish va terrorizmga qarshi kurash

Tolibon yetakchilari “Al Qoida” terrorchilari bilan aloqani uzishgani haqida rasman ma’lum qilishgan edi. Biroq mustaqil OAVlar hamda Pentagon bu bayonotning yolg‘onligini tez orada fosh qilishdi. Xususan, toliblar Kobulni olganidan keyin Usoma bin Lodinning sobiq yordamchisi Amin ul-Haq Afg‘onistonga qaytgani buning isbotidir.

AQSh harbiy qo‘mondonligi Tolibon hatto Qo‘shma Shtatlar bilan sulh tuzganidan so‘ng ham “Al Qoida” bilan munosabatlarini davom ettirgan, deb hisoblaydi. Ammo BMT ma’lumotlariga ko‘ra, toliblar o‘zlarining diplomatik mavqelarini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun “Al Qoida” bilan ochiq aloqalarini minimumga tushirishgan.

Tolibon terrorizmga qarshi kurashda ham biror yutuq qozona olmadi. Qaytaga mamlakatda terrorchilik xurujlari ko‘paydi, “IShID” jangarilari esa Afg‘oniston bo‘ylab emin-erkin harakatlanmoqda va toliblarga hujum qilmoqda.

Inklyuziv hukumat

Nihoyat, Tolibon xalqaro hamjamiyat talablarini ro‘y-rost mensimayotganini ular tuzgan yangi hukumat tarkibida ham ko‘rish mumkin. Bu hukumat nuqul pashtunlardan tashkil topgan: salkam 40 ta eng muhim davlat lavozimlaridan atigi ikkitasi – tojiklarga va bittasi o‘zbeklar vakiliga nasib qildi.

Toliblar Afg‘onistondagi ko‘plab taniqli siyosiy arboblarni uy qamog‘iga olishdi. Garchi Tolibon joriy hukumatni “muvaqqat” deb atayotgan bo‘lsa-da, yaqin orada mamlakatdagi barcha etno-siyosiy kuchlar vakillari ishtirokida yangi hukumat shakllantirilishidan umid qilmasa ham bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG