Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:23

Toliboncha shariat: "Islomiy harakat" islom huquqini nega o‘zicha talqin qiladi?


Tolibon a’zosi Kobuldagi maktab tashqarisida norozilik namoyishi o‘tkazayotgan ayollar bilan gaplashmoqda - Kobul, Afg‘oniston - 30 - sentabr, 2021
Tolibon a’zosi Kobuldagi maktab tashqarisida norozilik namoyishi o‘tkazayotgan ayollar bilan gaplashmoqda - Kobul, Afg‘oniston - 30 - sentabr, 2021

Tolibon hukmron Afg‘onistonda talqin va tatbiq etilayotgan islom huquqi aksar aholisi musulmon bo‘lgan boshqa mamlakatlardagi shariatdan farq qiladi.

Tolibon harakati tuzgan hukumat Afg‘oniston islom qonunlari asosida idora qilinishini ma’lum qilarkan, bunda shariatning o‘z talqinidagi qat’iy sunniy modelini nazarda tutadi.

Islom huquqi universal emas – besh asosiy maktab borligining o‘ziyoq shariat turli talqinlar uchun ochiqligini anglatadi. Bu maktablardan to‘rttasi – sunniy va biri shia mazhabiga mansub.

Toliblar boshliq hukumat tasavvuridagi islom huquqi bilan, asosan musulmon aholi yashaydigan, jumladan sunniylar ko‘pchilikni tashkil qiladigan mamlakatlarda o‘rnatilgan shariat qonunlari orasida tafovut mavjud.

Ko‘plab olimlar G‘arb ommaviy axborot vositalari shariatni “islom huquqi” o‘laroq nihoyatda tor tushunadi, degan fikrda.

– Shariat ko‘p jamiyatlarda odatan huquqiy normalar bilan tartibga solinmaydigan keng shaxsiy axloq-odob sohalarini o‘z ichiga oladi. Uni “islomiy xatti-harakatlar tarzi” deb tarjima qiladigan bo‘lsak, birmuncha aniqroq bo‘lur edi, – deydi Jorj Vashington universitetining siyosatshunoslik professori Natan Braun.

Toliblar dastur qilib olgan va to‘g‘ri deb iddao qilayotgan qattiqqo‘l islomiy tizim 19-asrda Britaniya mustamlakasi ostidagi Hindistonda paydo bo‘lgan “Deobandiy” harakatiga borib taqaladi va hozirgi Pokiston hamda Afg‘oniston islomchilari orasida yurisprudensiyaning sunniy hanafiylar maktabiga asoslangan nufuzli yo‘nalish sanaladi.

Ixtiyoriy quvg‘inda yurgan Kobuldagi Amerika universiteti huquq professori Horun Rahimiyning urg‘ulashicha, Tolibon shariatiga Afg‘oniston va Pokistonning qabilaviy urf-odatlari ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.

– Toliblar mahalliy qabila-urug‘larga qarshi urushgandan ko‘ra, ularga moslashishga urindi. Binobarin, ular tatbiq etayotgan jinoyat qonunlari va xususiy da’volar echimlari bu hanafiya huquq maktabi bilan qabilaviy qonunlar omixtasidir. Ular Pokistondagi deobandiy madrasasi o‘quv dasturi doirasida ishlab chiqilgan hanafiy huquq maktabi konsepsiyasini asos qilib olganlar. Tolibonning ko‘p qozilari o‘sha madrasada tayyorgarlikdan o‘tishgan, ya’ni o‘zlarining hozirgi saviyalari qadar. Ba’zan tayyorgarlik darajasi juda past bo‘lgan, – deya izoh beradi Rahimiy Ozodlikning tojik xizmatiga.

Rahimiyning qayd etishicha, Tolibon sudlari, musulmon aholi ko‘pchilikni tashkil etadigan aksar mamlakatlar odil sudlov tizimidan farqli o‘laroq, xaloyiq ko‘z oldida qatl qilish, qo‘lni chopish va darralash haqida qaror chiqarishda anchayin tiyiqsizligini ko‘rsatgan.

– Bunga misol sifatida islomdagi insonga qarshi jinoyat uchun belgilangan “qasos”, ya’ni “qonga – qon, jonga – jon” amalini keltirish mumkin, – deydi professor.

Qasos odatiga ko‘ra, qo‘lga olinib, sud qilingan qotil maqtul yoki o‘ldirilgan shaxsning qarindoshlari talabiga binoan olomonning ko‘z o‘ngida qatl etiladi. Ammo o‘ldirilgan odamning yaqinlari buning o‘rniga qotildan “xun” – moddiy to‘lov evaziga jazodan ozod qilish chorasini tanlash imkoniga ega.

Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar hamda Nigeriyaning ayrim hududlarida mavjud huquq tizimlarida belgilangan qasos jazolari ijrosida turlicha namoyishkorlik darajalari nazarda tutilgan.

Biroq toliblar boshqaruvi davrida, 1990-yillar o‘rtalaridan boshlab namoyishkorona qatl qilishlar keng tarqaldi va aksar hollarda tantanavor suratda o‘tkazildi.

Rahimiy “toliblar islom manbalarini chuqurroq o‘rganish va tahlil qilishga no‘noq”ligini hisobga olib, Tolibon qozilari Qur’ondagi qasos haqidagi oyatlarning nozik ma’nolarini boshqa musulmon mamlakatlardagi hakamlar darajasida ilg‘ay olishiga shubha bilan qarashini aytadi.

Yana bir misol – “hudud” jazosi bo‘lib, u “Allohga qarshi jinoyatlar” sanaluvchi qilmishlar uchun tayinlanadi. Chunonchi, xiyonat yoki xamr (mast qiluvchi ichimlik) ichganlik uchun omma oldida darralash, yo‘lto‘sarlik va ayrim turdagi o‘g‘riliklar uchun qo‘l kesish jazolari shular jumlasidandir.

Mazkur jazolar Qur’on oyatlari bilan amr qilingan va joriy etilgan.

Biroq Rahimiyga ko‘ra, hududga doir ishlarda dalillarga nisbatan qo‘yilgan yuksak talablar aksar musulmon mamlakatlarida bunaqa jazolar kamdan-kam tayinlanishini bildiradi.

– Ushbu mamlakatlarda sudlar, ishda sal shubha-gumon yoki dudmollik bo‘lgan taqdirda ham hudud jazolarini belgilashdan o‘zlarini tiyishga kelishib olishgan, – deydi Rahimiy.

Qiyoslash uchun: Tolibon sudlari sud muhokamasiga yo‘l qo‘ymaydi va o‘tmishda namoyishkorona qatl etish, qo‘lini chopish va darra urish jazolarini sport stadionlarida ijro etish haqida juda ko‘p martalab qaror chiqargan, deya ta’kidlaydi professor.

Толибон бошқаларга “сабоқ” бўлиши учун тўрт жасадни дорга осди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:59 0:00

Tolibon talqinidagi shariatning ayollarning ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga munosabati ham aholisining asosiy qismi musulmonlardan iborat mamlakatlardagi umumqabul qilingan qoidalar bilan taqqoslaganda ancha farqlidir.

Tolibon ilk daf’a iqtidorga kelgan 1996–2001 - yillarda Afg‘onistonda ayollarning ta’lim olishini man etib, ulardan ko‘chaga faqat erkak qarindosh hamrohligida chiqishni talab qilgan.

Yana qiyoslaymiz: so‘nggi davrda ayollar Pokiston, Indoneziya, Turkiya, Bangladesh, Qirg‘iziston, Kosovo, Tunis, Tanzaniya va Malida davlat rahbari lavozimini egalladi.

Britaniyaning Bi-bi-si radioeshittirish korporatsiyasi fors xizmati sobiq boshlig‘i va Jadid Online jurnalistlar sayti asoschisi Bog‘ir Mu’in Tolibonning ayollar bilan muomalasi “ko‘pchilik musulmon olimlar tasavvuridagi shariat qonunlari”ga mos emasligini ta’kidlaydi.

– Toliblarning ular shariat qonunlariga ko‘ra ish tutishayotgani haqidagi iddaolari, bu rostdan ham shariat qonunlari ekanini anglatmaydi. Aslida bu shariat qonunlarining qabilaviy talqinidir, shunday desak to‘g‘ri bo‘ladi, – deydi Mu’in.

Uning fikricha, Tolibon afg‘on ayollariga maktabga borishni taqiqlab qo‘yish bilan “ayollarning ilm olishiga oid Muhammad payg‘ambar o‘gitlari”ga rioya qilmagan.

– Ayollarni ta’lim olishdan to‘sishning biz islom an’analari deb tushunadigan qonun-qoidalarga sira aloqasi yo‘q. Barcha musulmon ulamolari payg‘ambar “ilm olmoq – barcha muslim va muslimaga farzdir”, deganini tan oladilar, – uqtiradi Mu’in.

Hindiston shimolidagi, “Deobandiy” harakati beshigi bo‘lmish islom maktabining 82 yoshli rahbari Mavlon Said Arshod Madaniy aytishicha, u Tolibonning erkak va ayollarni “yo‘ldan ozishdan saqlash maqsadida” alohida-alohida o‘qitishga urinayotganini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ammo u mudirlik qilayotgan maktab ayni paytda Tolibon bilan hech bir tarzda aloqa qilmasligini da’vo qilayotgan Madaniy yaqinda Ozodlik radiosi bilan muloqotda toliblar ayollarning ta’lim olishini taqiqlamasligi lozimligini aytdi.

– Toliblar boshchiligidagi afg‘on hukumati ayri-ayri ta’lim olishni ta’minlay olsa, maktablarning eshiklari qizlar uchun ham ochiladi, – dedi Madaniy.

Tolibon boshqaruvidagi Afg‘onistondan tashqari, aksar aholisi sunniy mazhabiga e’tiqod qiluvchi Saudiya Arabistoni hamda asosan shialar yashaydigan Eron – islom huquqi asosida idora qilinadigan eng muhim mamlakatlar hisoblanadi.

Shariatga tayanuvchi ushbu rejimlar, eng avvalo jinoyat huquqi va jinoyat ishlarini sudda ko‘rish, shuningdek ayollarning huquqiy maqomiga doir normalar va rejimlarning “diniy ko‘rsatmalarga muvofiq xususiy va ijtimoiy hayotning barcha sohalari”ga aralashuv usullari bilan bog‘liq masalalarda Inson huquqlari bo‘yicha Evropa sudini tashvishga solmoqda.

Islom davlat dini bo‘lgan Pokiston va Misr singari mamlakatlar yoki aholisi musulmon bo‘lgan dunyoviy davlatlar, masalan, Turkiyada islom huquqi bilan an’anaviy huquq va huquqiy kodekslar o‘rtasida murakkab o‘zaro aloqa mavjud.

Islom huquqining manbalari

Shariat qonunlarining to‘rt asosiy manbai bor.

Barcha islom huquq maktablari uchun eng ustun manba, bu -barcha musulmonlar “Alloh tomonidan Muhammad payg‘ambarga yuborilgan vahiylar jamlanmasi” deb biluvchi muqaddas kitob – Qur’ondir.

Islom huquqining ikkinchi muqaddas manbai Sunna nomi bilan mashhur bo‘lib, u Muhammad payg‘ambarning hadislar matnida bayon qilingan o‘gitlari va amallarini o‘z ichiga oladi.

Bu ikkisidan tashqari, Alloh va uning payg‘ambari tarafidan “yuborilmagan” va inson tafakkuriga asoslangan manbalar ham mavjudki, islom huquq maktablarining har biri ularga o‘zicha qiymat beradi.

Shunday manbalardan biri musulmon huquqshunoslari tomonidan ishlab chiqilib, Qur’on va hadislarni chuqur tushunishga asoslanadigan hukm chiqarish tamoyillari mustaqil sharhi – “qiyos”dir.

Shuningdek, islom huquqida “ijmo” nomli manba ham bo‘lib, uni islom ulamolari yoki musulmonlar hamjamiyatining muayyan masalada o‘zaro murosa qilishi, deya ta’riflash mumkin.

Huquq maktablari

Islom huquqchiligining asosiy maktablari Muhammad payg‘ambar vafotidan keyin asrlar davomida Qur’on va hadislarga nisbatan shakllangan turlicha “insoniy tasavvurlar”ga (arabchada “fiqh”) tayanadi.

Huquq maktablarining hech biri muayyan mintaqa uchun betakror va yagona emas. Ayni chog‘da ularning har biri dunyoning turli qismlarida ustun mavqega ega.

Islom olimi hamda Bi-bi-si sobiq teleboshlovchisi, deobandiy madrasasini tugatgan G‘arbdagi yagona inson bo‘lmish Jon Muhammad Battning aytishicha, to‘rt sunniy maktabi orasidagi tafovutlar “e’tiqod qilishning fundamental jihatlari bilan emas, balki dinning qo‘shimcha jihatlari bilan bog‘liqdir”.

– Ammo bu farqli jihatlarning aytarli hech qanday ahamiyati yo‘q, shu bois to‘rt sunniy maktablarining barchasi teng darajada qonuniy va bir xil maqomga ega. Bu shunchaki, imomlarning turli talqinlari xolos, binobarin mazkur maktablar o‘rtasida biron ixtilof yoki adovat mutlaqo yo‘q, – deydi Batt Ozodlik radiosi bilan muloqotda.

Janubiy va Markaziy Osiyoda hanafiylik maktabi ustuvor sanaladi. Musulmon olamining taxminan uchdan bir qismi hanafiya mazhabiga e’tiqod qilgani bois ushbu maktabning muxlislari hammasidan ko‘p.

Hanafiy fiqhi yuristlarga ixtiyor beradi, shuningdek odatlarga islom huquqining qonuniy asoslari deb qaraydi.

Shunday ekan, Tolibon talqinidagi shariat, unga Afg‘oniston va Pokiston qabilaviy odatlari ta’sir etganini nazarda tutsak, – hanafiya mazhabi variantlaridan biri xolos.

Molikiy fiqhi ko‘proq Shimoliy va G‘arbiy Afrikada yoyilgan.

O‘rta asrlarda molikiylik Yevropaning musulmonlar hukmi ostida bo‘lgan ba’zi qismlarida, masalan, Ispaniya va Portugaliyadagi sobiq islom davlatlari hamda Sitsiliya amirligida ham mavjud edi.

Hanafiy maktabi singari, molikiy maktabi ham huquqchilar ixtiyori va jamoa urf-odatlarini islom huquqi manbai sifatida qabul qilgan.

Boshqa maktablardan farqli ravishda, molikiy fiqhi tarafdorlari Madina ahli konsensusiga islom huquqining haqiqiy manbai deb qaraydi.

Shofe’iy fiqhi Sharqiy Afrika hamda Janubi-Sharqiy Osiyoda, shuningdek Checheniston, Ingushetiya va Kavkazda tarqalgan.

Shofe’iylar maktabi ulamo-yuristlarning sud qarorlarini islom huquqi uchun maqbul manba o‘laroq qabul qilmaydi, ularni “odamzot o‘ylab topgan qonunlar bilan teng” biladi.

Xanbaliylar maktabi – to‘rt sinniy fiqhlar orasida eng kichigidir. Qat’iy an’anachilik xususiyatiga ega ushbu maktab asosan Saudiya Arabistoni va Qatarda uchraydi va ushbu davlatlarda rasmiy fiqh hisoblanadi.

Xanbaliy fiqhi izdoshlarini Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, O‘mon va Yamanda, shuningdek Iroq va Iordaniyaning ko‘chmanchi badaviy qabilalari orasida ham uchratish mumkin.

Salafiy yoki vahhobiy oqimi – 18 asrda xanbaliya maktabining isloh qilinishi o‘laroq vujudga kelgan qat’iy ortodoksal islomiy yo‘nalish bo‘lib, uning muxlislaridan biri “Al Qoida” harakatiga asos solgan Usoma bin Lodindir.

Ja’fariya – shia mazhabidagi asosiy maktab. Bu Eron konstitutsiyasida mustahkamlangan.

Jafariya huquqiy masalaga javob topishda huquqshunoslarning mustaqil dalillashiga tayanishi – ijtihod asosiga qurilganligi bilan to‘rt sunniy maktabdan farq qiladi.

Amaliyotda ja’fariy maktabi – meros, zakot, tijorat, shaxs maqomi, shuningdek islomdan oldin mavjud bo‘lgan va oldindan ikki tomonning majburiyatsiz roziligini bilish sharti bilan ruxsat etilgan muvaqqat nikoh – muta (yoki siyqa) bilan bog‘liq masalalarda ham sunniy maktablardan farqlanadi.

XS
SM
MD
LG