Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:26

Tolibonning "halokatli kanali". O‘zbekiston nega jim?


  • Tolibon kanali. Afg‘onistonda qariyb 300 kilometrlik Qo‘shtepa kanali qurilmoqda
  • Yangi ekologik fojia? Kanal Amudaryo suvining uchdan birini oladi. O‘zbekiston va Turkmanistonda ko‘plab hududlar suvsiz qoladi.
  • O‘zbekcha diplomatiya. O‘zbekiston hukumati nega “xavfli kanal” qurilishini qo‘llamoqda?

Toshkentdan Samarqandgacha masofadagi uzunlikka teng kanal

2001-yildan beri Afg‘onistonda AQSh qo‘llab-quvvatlagan hukumatga qarshi urushgan Islomiy fundamentalist guruh bo‘lmish Tolibon 2021-yilda hokimiyatga qaytdi.

Ko‘plab G‘arb davlatlari, jumladan AQSh, Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonalarini Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin yopdi. Ular Afg‘oniston Islom Amirligi deb atalmish Tolibon hukumatini tan olish va u bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishdan bosh tortdi.

Dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinmagan Tolibon hukumati 2022-yilning 31-mart kuni o‘zboshimchalik bilan Qo‘shtepa kanalini qazishga kirishdi. Amudaryo suviga qaram bo‘lgan qo‘shnilari O‘zbekiston va Turkmaniston bilan maslahatlashilmadi.

“Tolibon xalqqa yaxshi ko‘rinish uchun ushbu loyihani yo‘lga qo‘ydi", deydi Afg‘onistonning sobiq Mehnat vaziri Bashir Ahmad Tayanch.

Uch bosqichdan iborat bu loyiha 5 yilga mo‘ljallangan.

Qo‘shtepa kanali:

Uzunligi-285 km

Eni -100 m

Chuqurligi-8,5 m

Katta kanal qurilishini Tolibon o‘z propagandasi uchun bayroq qilib oldi. Qiyos uchun, kanal uzunligi qariyb Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan masofaga teng.

Kanal qurib bitkazilgach, Afg‘oniston Amudaryoning 10 kub/ kilometr suvini olish imkoniga ega bo‘ladi. Bu kamida Amudaryo suvining uchdan bir qismi deganidir.

Taqqoslash uchun quyidagi raqamlarga e’tibor qiling:

Amudaryoning o‘rtacha yillik oqimi - 79 kub/km

Suv oz bo‘lgan yillarda:

2000- 41.7 kub/km

2008- 34.9 kub/km

2012- 45.4 kub/km

Qo‘shtepa kanali Amudaryoning Balx viloyati Kaldar tumanidan o‘tgan qismidan boshlanadi. Amudaryoning bu tomonida Surxondaryoning Termiz tumani joylashgan.

Tolibon rejasiga ko‘ra, kanal Afg‘oniston shimolidagi uchta viloyatni suv bilan ta’minlashi lozim, ya’ni kanal Balxda boshlanib, Juzjon orqali Faryob viloyatining Anxo‘y tumaniga qadar qaziladi.

Kanal qurilishi uch bosqichdan iborat. Hozircha deyarli tugagan birinchi bosqichda kanalning 108 kilometri qazib bo‘lindi va uni fazodan ham ko‘rish mumin.

Ikkinchi va uchinchi bosqichda qo‘shimcha 177 kilometr qaziladi va Amudaryoga ulanadi.

Mutaxassislar Afg‘onistonda zamonaviy qurilish texnikalari yo‘qligi va

asosiy mehnat malakasiz ishchilar tomonidan amalga oshirilayotgani sabab bu kabi yirik kanalni qisqa muddatda qurib bitkazish imkonsiz ekanligini taxmin qilishgan. Biroq Afg‘onistondan olingan ma’lumotga qaraganda, kanal qurilishi juda jadallik bilan ketmoqda. Tolibon xabariga ko‘ra, kanal qurilishida qariyb 6000ga yaqin odam kechayu kunduz ishlamoqda, 3300 dan ortiq burg‘ilash texnikasidan foydalanilmoqda, 200 dan ortiq mahalliy kompaniyalar subpudratchi sifatida ishlamoqda.

Qo‘shtepa kanalining birinchi qismi muddatidan avval ishga tushishi kutilmoqda. Kanal qurilishiga oid tafsilotlardan xabardor Kobuldagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, allaqachon kanalning 70 foiz qismi qurib bitkazilgan va 2-3 oydan so‘ng ikkinchi bosqich qurilishi boshlanishi mumkin.

Tolibon tomoni ma’lumoticha, kanal loyihasi avvaldan bo‘lgan, biroq Afg‘onistondagi urush va beqarorlik tufayli uni amalga oshirish kechiktirib kelingan.

Afg‘onistondagi uzoq yillik urushlar sabab suv tizimi ishdan chiqqan. O‘tgan asrning 70-yillarida Afg‘onistonda 3,5 mln gektar yerda dehqonchilik qilingan bo‘lsa, hozirga kelib, bu raqam 1,5 mln gektarga kamaygan. Shu bois sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yib, yaroqsiz yerlarni o‘zlashtirish Afg‘oniston uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Loyiha qiymati 684 million dollar ekani aytilmoqda. Biroq mablag‘ bilan bog‘liq ma’lumotlar shaffof emas.

Tolibon kanal qurilishi davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotganini ta’kidlamoqda. Ammo Tolibon hukumatining moliyaviy salohiyati bunga qodirligiga shubhalar bor.

Tolibon Qo‘shtepa kanali qurilishi natijasida 550 ming gektar cho‘l hududini o‘zlashtirishni rejalagan. Biroq Qo‘shtepa kanalining katta qismi Qoraqum cho‘li hududiga to‘g‘ri keladi. Qumli hududda suvning katta qismi yo‘qolish xavfi mavjud. Mutaxassislar kanal tuprog‘i o‘zanidan ko‘chishi, sho‘rlanish sikliga ta’sir kuchayishi kabi omillaridan tashqari hali sug‘orish tarmoqlari, taqsimlash-o‘lchash inshootlari yo‘qligi sabab kanalning foydalilik koeffitsiyenti past bo‘lishini ta’kidlashmoqda. Shuningdek, kanal qurilishi sifatiga oid xavotirlar ham mavjud.

The Economist maqolasida kanalda suvni tejash uchun izolyatsiya qatlami yo‘qligidan xavotir bildirilgan. Bunday holda suvning katta qismi qumli tuproqqa singib ketishi tufayli yo‘qoladi. Shuningdek, Tolibon murakkab muhandislik ishlarini, jumladan, suv o‘tkazgichlar va ko‘priklar qurilishini uddalay olishiga shubha bildirilmoqda.

Amudaryo Markaziy Osiyodagi eng sersuv daryo bo‘lib, uzunligi 2540 km, maydoni 309 ming km2.

Afg‘oniston hozirgacha Amudaryo havzasidan 7 km³ suv olib kelgan. Kanal qurilgach, Tolibon Amudaryodan 10 km³ suv olishni rejalashtirmoqda. Bundan ko‘rinadiki, O‘zbekistonga boradigan suv hajmi kamida 10 foizdan 15 foizga qisqaradi.


Mutaxassislarga ko‘ra, kanal ishga tushgach Tojikistonga biror salbiy ta’siri sezilmasligi mumkin, boisi kanal Amudaryoning O‘zbekiston hududiga o‘tgan qismida qurilmoqda.

Global village espace nashriga ko‘ra, Qo‘shtepa kanali ishga tushgach, O‘zbekiston suv taqchilligini yaqqol sezadi. Xorazm, Buxoro, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston respublikasida suv taqchilligi kuchayishi mumkin.

“Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonni 15% suv yo‘qotishiga olib keldi, agar Qo‘shtepa kanali qurilsa yana 10%, umumiy hisobda O‘zbekiston 25% suv yo‘qotadi”, deya yozdi Global village espace.

Yashirilayotgan kelishuv

Karimov davrida Afg‘on hukumati uchun amalga oshirish imkonsiz bo‘lgan bu loyihaga Mirziyoyev hukumati jiddiy e’tibor qarata olyaptimi?

Qo‘shtepa kanali bilan bog‘liq masalani O‘zbekiston prezidenti Shavkat

Mirziyoyev 2022-yilning 20-dekabridagi murojaatnomasida ilk bor tilga olgan edi:

“Mamlakatimiz so‘nggi 3 yilda qurg‘oqchilikni boshdan kechirdi. Buning ta’siri, ayniqsa, Amudaryoning quyi havzasidagi hududlarimizda yaqqol sezildi. Shu o‘rinda Amudaryo o‘zanida yangi kanal qurilishi bo‘yicha qo‘shni Afg‘onistonning muvaqqat hukumati hamda jahon hamjamiyati bilan birga xalqaro me’yorlar asosida va mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olish yuzasidan amaliy muloqotlar olib borish lozim, deb hisoblaymiz. Bunday yondashuv qo‘shnilarimiz tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishiga ishonamiz”.

Mirziyoevning bu chiqishidan keyin o‘tgan uch oyda O‘zbekiston rasmiylari Tolibon hukumati vakillari bilan bir necha bor uchrashdi. Biroq rasmiy xabarlarda Qo‘shtepa kanali masalasi bo‘yicha muhokama bo‘lgani tilga olinmadi.

Jumladan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 22-martda Kobul shahrida Tolibon rasmiylari bilan uchrashdi.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida uchrashuv haqida berilgan xabarlarda Qo‘shtepa kanali mavzusi haqida biror ma’lumot berilmadi.

Lekin Tolibon tomoni bu uchrashuvda Qo‘shtepa kanali mavzusi ham muhokama qilinganini xabar qildi. Ayon bo‘lishicha O‘zbekiston tomoni kanal qurilishini to‘xtatishni emas, balki bu borada Tolibonga yordam berishni taklif qilgan.


O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashgan Tolibon hukumati bosh vazirining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar Tvitter sahifasida yozishicha, muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston tomoni “Qo‘shtepa kanalini qurish bo‘yicha texnik hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan”.

Tvit xabardan ma’lum bo‘lishicha, Barodar ham “Afg‘oniston Amudaryodan suv oladigan Qo‘shtepa kanalini O‘zbekiston bilan hamjihat bo‘lib barpo etishga hozirligi”ni aytgan.

Biroq Barodar o‘z xabarida O‘zbekiston tomoni texnik hamkorlik deganda nimani nazarda tutganiga oydinlik kiritmagan.

Ozodlik ushbu uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev bilan bog‘lanishga harakat qildi. Biroq vazirlikdan “Hamroyev bu masalada gapirish huquqiga ega emas” degan javobni oldi.

Tolibon shakllantirgan hukumat shu kungacha xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan emas. O‘zbekiston Tolibon hukumati bilan hamkorlik qilib kelayotgan jahondagi barmoq bilan sanarli davlatlardan biridir.

23-mart kuni Nyu Yorkda o‘tgan BMTning suv resurslari bo‘yicha anjumanida ham Qo‘shtepa kanali mavzusi tilga olinmadi. Tadbirda suv masalasiga umuman aloqasi bo‘lmagan prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonni tamsil qildi. Mirziyoyeva yuksak minbarda irod qilgan nutqida Orol dengizi va Amudaryo taqdiriga bevosita aloqador bo‘lgan Qo‘shtepa kanali haqida lom-lim demadi. Vaholanki, Orol dengizi fojiasiga ham Amudaryo suvidan rejasiz foydalanish sabab bo‘lgan.

"Halokatli kanal"

Tahlilchilarga ko‘ra, shundog‘am kun sayin suv taqchilligi, qurg‘oqchilik va cho‘llanish kabi muammolar girdobiga kirib ketayotgan O‘zbekiston uchun Qo‘shtepa kanali halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Amudaryo suvi pasaygan bir paytda afg‘onlar suvning to‘rtdan bir qismini olib qo‘yyapti. O‘zbekiston hukumati masalani hal qilish o‘rniga Tolibonni Samarqandga olib kelib, to‘n kiydirmoqda, sovg‘a-salom bilan siylamoqda. O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonga qulluq qilib turishibdi. Bu kanal milliy manfaatlarimizga tahdid bo‘lishi mumkin. Suv muammosi sabab nafaqat hozirgi avlod balki kelgusi avlod taqdiri ham xavf ostida qolishi mumkin”, deydi professor Xidirnazar Allaqulov.

Ekspertlarga ko‘ra, Amudaryoning quyi oqimida joylashgan Turkmaniston ham

Qo‘shtepa kanali loyihasining salbiy oqibatlariga duchor bo‘lishi mumkin. Kanal to‘la ishga tushgach, Turkmanistonning ayrim viloyatlarida suv taqchilligi kuchayishi mumkin.

Amudaryo suv taqsimlash tashkiloti hisobotiga ko‘ra, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston 2022-yili jami 44.2 mlrd. kub metr Amudaryo suvidan foydalangan. Suv olishning katta ulushi Turkmanistonga to‘g‘ri kelgan. Amudaryo turkmanlar suv ehtiyojining 90% ini qoplaydi.

Tolibon suvdan siyosiy richag sifatida foydalanilayotgani haqida ham taxminlar yo‘q emas. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston yoki mintaqadagi boshqa biror davlat Qo‘shtepa kanali qurilishiga veto qo‘ya olmaydi. Chunki hech bir davlat Tolibon bilan ziddiyatga borishni istamaydi.

Ayni paytda Tolibon hukumati qo‘shnilarini Qo‘shtepa kanali bo‘yicha xavotirga tushmaslikka chaqirgan.

"Biz boshqa xalqlardan bir tomchi ham suv olmaymiz, chunki bunga muhtoj emasmiz va olishni ham xohlamaymiz. Shunday ekan, hech bir davlat bundan xavotirga tushmasin. O‘zbekiston bilan yaxshi va do‘stona munosabatlarga egamiz. Ular Afg‘onistonning oyoqqa turishi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlamoqda va bu sohada biz bilan hamkorlik qilmoqda”, dedi Tolibon hukumati matbuot kotibi Zabihullo Mujohid.

Afg‘oniston Amudaryoning yuqori oqimida joylashganiga qaramay, mojarolar tufayli suv resurslaridan yillar davomida foydalana olmagan. Qo‘shni davlatlar ham Amudaryoni boshqarishda Afg‘oniston bilan hisoblashmagan.

Transchegaraviy daryolar suvlaridan foydalanishda xalqaro huquqiy normalarga amal qilish, qo‘shni davlatlar manfaatlarini inobatga olgan holda o‘zaro kelishish lozim.

Biroq hozirda Afg‘oniston transchegaraviy daryolar suvidan foydalanish bo‘yicha na mintaqaviy va na halqaro kelishuvlarga qo‘shilgan. Ayrim ekspertlar Tolibon BMTning Transchegaraviy suv oqimlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi lozim deb hisoblamoqda. Ammo Tolibon hukumati bunga harakat qilgani borasida ham birorta ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston ushbu konvensiyaga 2007-yil 9-avgustida qo‘shilgan.

Markaziy Osiyoda suv munosabatlari huquqiy jihatdan 5 ta davlat o‘rtasida

1992-yilda Olmaotada qabul qilingan “Davlatlararo manbalarning suv resurslaridan birgalikda foydalanishni boshqarish va qo‘riqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida”gi kelishuv bilan tartibga solinadi. Afg‘oniston bu kelishuvga ham qo‘shilmagan.

Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiya o‘rnatgan limitga ko‘ra, joriy yilda Amudaryo havzasidan olinadigan suv miqdori 55,4 milliard kub metrni tashkil etadi.

Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi 2023-yil aprel oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu yig‘ilishga Afg‘oniston taklif qilinganmi yoki yo‘q, bunisi hozircha noma’lum.

Markaziy Osiyo davlatlari tinchligining asosiy garovi suv masalasi ekani ma’lum. Suv mojarosi millatlararo nizolarga sabab bo‘lishi mumkin.

2020-yil, 31-may kuni Farg‘ona viloyat So‘x tumanining Botken viloyat, Qadamjoy tumaniga tutash Chashma qishlog‘ida suv ustida janjal chiqqan edi. Janjal oqibatida ikki tomondan 200dan ziyod odam jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan.

Сўх тўқнашувидан 1 йил ўтиб: баҳсли булоқ ва сукутга чўмган сўхликлар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:47 0:00

Suv muammosi nizolarga sabab bo‘lishi mumkin

The Economist prognoziga ko‘ra, agar Qo‘shtepa kanali qurib bizkazilsa, suv borasidagi keskinlik kuchayib shundoq ham murakkab munosabatlar yanada yomonlashishi va mintaqaviy mojarolarga sabab bo‘lishi mumkin.

Tolibon hukumati Qo‘shtepa kanali qurilishi bilan cheklanmoqchi emas. Panj daryosiga GES qurish rejasi ham e’lon qilingan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu harakatlar bilan Tolibon shimoliy transchegaraviy daryolardagi suvning asosiy qismini tortib olishga urinmoqda.

Tolibon qazdirayotgan kanalning bu tomonida joylashgan Surxondaryoda yillardan beri suv taqchilligi kuzatib kelinmoqda. Surxon dehqonlari Tolibon kanali qurilgach, vaziyatlari yanada mushkullashidan xavotirda.

Surxondaryoning Oltinsoy tumani Obshir mahallasida yashovchi 55 yashar Zayniddin Xo‘jayorov 5 yil davomida fermerlik bilan shug‘ullanib, uzum yetishtirib kelgan. Biroq suv tanqisligi sabab u o‘tgan yili bankrot bo‘lgan.

Suv yo‘qligi Xo‘jayorovning 5 gektar yerdagi uzumi qurib qolishiga sabab bo‘lgan. Uning hisob-kitobicha, 2022-yilda 40 million so‘mga yaqin zarar ko‘rgan.

O‘tgan yili fermer xo‘jaligini topshirib yuborgan Xo‘jayorov bu yil klasterda ishchi bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda suv tanqisligi sabab qilgan harajatiga kuyib qolayotgan fermerlar oz emas. Ayniqsa, ekologik halokat hududi hisoblangan Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi vaziyat Surxondaryodan ancha ayanchli. Amudaryo quyi qismida joylashgan bu hududlar qurg‘oqchilik ortidan sho‘rlanish va cho‘llanishga yuz tutgan.

Agar Amudaryo suvi yanada kamayadigan bo‘lsa, bu hududlarda halokatli fojia kelib chiqishi mumkin.

Mutaxassislarga ko‘ra, Qo‘shtepa kanali Amudaryo portlari taqdirini ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Amudaryodagi eng katta port bo‘lgan Termiz bandargohi yiliga 2 mln. tonnadan ortiq yukni qabul qilish — jo‘natish quvvatiga ega. Yangi kanal qurilishi Amudaryo suvi kamayishiga sabab bo‘lgan taqdirda, bu port faoliyati to‘xtashi mumkin. Shu bois biznesi Amudaryo portlari bilan bog‘liq bir guruh o‘zbek tadbirkorlari Qo‘shtepa kanali oqibatlaridan xavotir bildirib, Amudaryoning xalqaro statusini aniqlashni talab qilib chiqishgan.

Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston suv, transport va tashqi ishlar vazirliklari mahalliy va halqaro tashkilotlar bilan birgalikda Afg‘onistonga Amudaryodan suv olish limiti o‘rnatish va daryoning xalqaro maqomini aniqlash masalasini o‘rganmoqda. Hujjat joriy yilning 25-mart kuni imzolangan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG