Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2026, Тошкент вақти: 04:15

Tolibonning "yashil inqilob"i. Qo‘shtepa kanalidan suv sizishi xavotirlarni kuchaytirmoqda

Qo‘shtepa kanali.
Qo‘shtepa kanali.

Afg‘oniston shimolida Tolibon qurayotgan kanaldan suvning sirli tarzda chiqishi kanal qurilishidan xavotirlarni kuchaytirmoqda, deb yozadi “Eurasianet” internet nashri. Kobuldagi Tolibon hukumati millionlab afg‘onlarning oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilaydi degan vaj bilan loyihani davom ettirishga jiddiy ahd qilgan. Biroq qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlarida ko‘pchilik Qo‘shtepa kanalini ekologiyaga tahdid deb biladi.

Kanal qurilishi 2022-yil bahorida boshlangan edi. Loyihaning ikkinchi bosqichi fevral oyi oxirida boshlandi, dedi Tolibon rasmiylari. Qurilish tugallangach, Qo‘shtepa Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarini sug‘orish uchun Amudaryodan suv oladi. TOLOnews Qutbudin Yoqubiy ismli iqtisodchiga tayanib xabar berishicha, loyiha “yashil inqilob”ga olib keladi, bu esa ko‘plab ish o‘rinlari yaratilishini rag‘batlantiradi.

Butun xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonda iqtisodiy barqarorlik mustahkamlanishini olqishlaydi. Biroq Qo‘shtepa Afg‘oniston qo‘shnilari orasida ishonchdan ko‘ra ko‘proq tashvish uyg‘otadi. Ko‘pchilik qurilish sifati haqida yelka qisib sukut saqlamoqda. 2023-yil noyabrida kanalning qurib bitkazilgan qismidan katta miqdorda suv sizib chiqayotgani aks etgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ularning qo‘rquvini yanada kuchaytirdi. Sizish sababi bahsli masala bo‘lib qolmoqda.

Bu baxtsiz hodisami? Muhandislikdagi uquvsizlikmi? Sabotajmi? Yoki boshqa narsami? Mavjud dalillar aniq xulosa uchun yetarli emas. Anig‘i shuki, kanalning taxminan 30 metr uzunlikdagi qismida teshik paydo bo‘lib, suvning sezilarli darajada yo‘qolishiga olib kelgan.

“Chegara bilmas daryolar” mintaqaviy ekologik guruhi xabar qilishidan oldin, bir oydan ko‘proq vaqt davomida kanaldan suv oqqan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahliliga asoslanib, guruh suvning to‘kilishini kanal loyihasidagi konstruktiv nuqsonlar bilan izohladi. Ma’lum qilinishicha, kanalning 100 kilometrlik birinchi bosqichi noyabr oyi boshida suv oqimi boshlanishidan bir necha hafta oldin Amudaryo suvi bilan to‘la boshlagan.

“[Kanal] devorlari suv oqimi bosimiga bardosh bera olmadi va kanaldan oqib chiqayotgan katta hajmdagi suv butun atrofga tarqaldi”, deyiladi monitoring guruhi bayonotida.

Ayni paytda, Tolibon rasmiylari bu kanalning 75 kilometrlik qismidagi yerosti suvlari darajasini boshqarish uchun qilingan nazorat ostida bo‘lgan hodisa ekanini aytdi. Ko‘pgina mustaqil ekspertlar Tolibonning tushuntirishlariga shubha bilan qaramoqda.

O‘zbek rasmiylari esa o‘zaro qarama-qarshi, notayin baholarni e’lon qilib, masalani chalkashtirishda davom etdi, deydi “Eurasianet”. Toshkentdagi «O‘zbekkosmos» davlat agentligi 2022-yilda kanal qurilishi boshlanganidan beri sun’iy yo‘ldosh orqali olib borilgan “muntazam kuzatuvlar” natijasida qazish ishlari olib borilayotgan hududlarda yerosti suvlari ko‘tarilayotgani aniqlangani” haqida bayonot berdi.

Толибоннинг "ҳалокатли канали". Ўзбекистон нега жим?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:42 0:00

Shu bilan birga, «O‘zbekkosmos» 4-noyabr kuni kanal devorida 30 metrlik teshik paydo bo‘lganini tasdiqladi. 5-noyabr kuni suv toshqini maydoni 19,5 kvadrat kilometrni tashkil etdi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 13-dekabr holatida 30,3 kvadrat kilometr maydon suv ostida qolgan. “Suvning [oqimini] to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘rilmadi”, deyiladi bayonotda.

Biroq suv kanaldan sizib chiqqanini tan olgan O‘zbekiston kosmik agentligi sizib chiqayotgan suv Amudaryodan chiqmagan bo‘lishini ham taxmin qildi, vaholanki, avvalgi bayonotda oktyabr oyida kanalda suv oqimi paydo bo‘lgani aytilgan edi. Oxir oqibat, «O‘zbekkosmos»ning chigal voqealar xronikasi Tolibon versiyasi bilan uyg‘unlashib qoldi.

“Yuqori aniqlikdagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlilidan ma’lum bo‘ldiki, kanal qirg‘oqlarida oqib chiqayotgan suv yo‘lini to‘sish uchun maqsadli qazish ishlari olib borilganining vizual belgilari (maxsus jihozlardan foydalanish, qazilgan tuproq hajmining ko‘rinishi va boshqalar) aniqlandi", deyiladi bayonotda va yakunda “Chegara bilmas daryolar” tashkilotining voqea haqidagi versiyasi “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi” deb qo‘yib qo‘yilgan.

Qo‘shtepa kanali qurilishini 2028-yilga yakunlash rejalashtirilgan. Agar u to‘liq quvvat bilan ishlasa, kanal 285 kilometrga cho‘ziladi, eni 100 metrga yaqin, chuqurligi 8,5 metrgacha yetadi. Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, u Amudaryodan keladigan suvning 20 foizga yaqinini boshqa joyga yo‘naltiradi.

Uzoq vaqtdan buyon Markaziy Osiyo hukumatlari bu loyiha mintaqaning rivojlanmagan suv resurslarini boshqarish tizimiga me’yordan ortiq yuk bo‘lishidan xavotirda. Masalan, kanalning ochilishi O‘zbekistonning suvni ko‘p talab qiladigan paxta sanoatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kanal Qozog‘istonning Orol dengizini tiklash harakatlariga ham muammo tug‘diradi.

Qo‘shtepa bilan bog‘liq xavotirlar kuchaymoqda. Markaziy Osiyo tahliliy hisobotlar byurosi tomonidan e’lon qilingan baholash qurilish sifatiga nisbatan “jiddiy shubhalar” uyg‘otdi. "Qo‘llanilgan qurilish usullari juda oddiy ko‘rinadi, oddiy «qazish» usuli, kanal tubi va qirg‘oqlari yetarli darajada mustahkamlanmagan yoki qoplamasi yo‘q", deyiladi hisobotda. "Ushbu usul jiddiy xavf tug‘diradi, chunki quruq, qumli tuproqqa singib ketishi tufayli sezilarli darajada suv yo‘qotilishi mumkin."

O‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orol dengiziga bag‘ishlangan mintaqaviy yig‘ilishda so‘zlagan nutqida “Markaziy Osiyoda suv tanqisligi muammosi keskin va tuzatib bo‘lmas holga kelgani va kelajakda yanada og‘irlashishini” aytgan edi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shtepa qurilishi tugallanishi “Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini tubdan o‘zgartirishi mumkin”. Uning nutqi Afg‘onistonni “suv taqsimoti bo‘yicha mintaqaviy muloqot”ga jalb qilishga chaqirish bilan yakunlandi.

Озодлик фильми: Тошкент Толибон билан Қўштепа борасида келиша олмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:35:33 0:00

O‘zbekistonning 2023-yil oxiridagi suv yo‘qotilishiga nisbatan sukut saqlashi Mirziyoyevning suvdan foydalanish muammolarini hal qilishga «Tolibon»ni jalb qilish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Turli OAV xabarlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi Qo‘shtepa masalasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun 2023-yil oxirida Afg‘onistonga borish niyatida bo‘lgan. O‘shandan beri ikki tomonlama muzokaralar natijalari haqida hech qanday ma’lumot berilmagan, deb yozmoqda Eurasianet nashri.

This item is part of
XS
SM
MD
LG