Линклар

Шошилинч хабар
28 май 2022, Тошкент вақти: 02:43

Toqayev: Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi


Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev.

Nur-Sulton, “dunyoning aksar mamlakatlari kabi” Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi, deb yozdi Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 4-mart kuni AQShning National Interest jurnalida e’lon qilingan “Yevroosiyodagi beqarorlik Qozog‘iston taraqqiyotini susaytirmaydi” nomli maqolasida.

“Qozog‘iston va Rossiya dunyoda eng uzun quruqlik chegaralariga ega davlatlar o‘laroq ikki tomonlama hamkorlikda xos aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ayni chog‘da bizda Ukraina bilan ham do‘stona munosabatlarning chuqur an’analari shakllangan. Va biz, dunyoning aksar mamlakatlari kabi, uning hududiy butligini hurmat qilamiz”, deyiladi maqolada.

Toqayev maqolada Rossiyaning Ukrainaga bosqinini “urush” deb ataydi. Rossiyada hukumat “maxsus harbiy amaliyot” o‘tkazilayotganini iddao qilib, Ukrainada yuz berayotgan voqealarga nisbatan “urush” kalimasini qo‘llashni taqiqlab qo‘ygan.

Toqayev, shuningdek, “mojaro BMT Nizomiga muvofiq tezda va odilona bartaraf etilishi”dan umidvorligini bildirar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni susaytirmasdan, ularni o‘zaro muloqot va murosaga chaqirganini ta’kidlaydi. “Qozog‘iston o‘zining xalqaro vositachi rolini davom ettirishga tayyor va qodir”, deydi Toqayev.

Ikki yil muqaddam Toqayev Deutsche Welle jurnalistiga bergan intervyusida shunday degan edi: “Biz Qrimda ro‘y bergan voqealarni anneksiya demaymiz. Biz bo‘lgan ishni “bo‘ldi” deymiz. “Anneksiya” – Qrimga nisbatan qo‘llash uchun o‘ta og‘ir so‘z”.

Prezidentning bunday pozitsiyasi mamlakat ichida ham, xorijda ham jiddiy tanqidga uchradi. Rasmiy Kiyev Toqayevning so‘zlarini “juda og‘ir botadigan so‘zlar” deb atab, ular ikki tomonlama munosabatlar prinsiplariga tersligini urg‘uladi.

Rossiya Ukrainaga hujum qilgan ilk kunlarda harbiy bosqinchilikka izoh berishdan qochgan Qozog‘iston rahbariyati so‘nggi paytlarda o‘z pozitsiyasini loaqal xalqaro auditoriyaga ochiqlashga urinmoqda. O‘tgan haftada Toqayev ma’muriyati rahbarining birinchi muovini Timur Suleymenov ham, Bryusselga safari chog‘ida EURACTIV news nashriga intervyu berarkan, “Qozog‘iston Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi”ni, mamlakat Qrim anneksiyasini ham, Ukraina sharqidagi “DXR” va “LXR” bo‘lginchi tuzilmalar mustaqilligini ham “tan olmagani va tan olmoqchi emas”ligini aytgan edi.

Shuningdek, Suleymenov Qozog‘iston Rossiya yetakchilik qiladigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi bo‘lsa-da, Ukrainaga qo‘shin kiritgani munosabati bilan G‘arb mamlakatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga “chap berish”da Moskvaga yordam bermasligini ma’lum qildi.

Moskvaning eski ittifoqchisi va KXShT a’zosi bo‘lmish Nur-Sulton qo‘shnisining bosqinchiligini qoralab chiqmadi. Mamlakat BMTning Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketish talab qilingan ikki rezolyutsiyasiga ovoz berishda betaraf qoldi. Qozog‘iston TIV rahbari Muxtor Tleuberdi esa 5-aprel kuni Ozodlikning qozoq xizmati savoliga javoban “betaraflik ham pozitsiya”ligini aytdi va buni “milliy manfaatlar taqazosi” bilan izohladi.

Toqayevning National Interest jurnalida chop etilgan maqolasining katta qismi 16-mart kuni parlamentda taqdim etilgan o‘zgarishlar rejasiga bag‘ishlangan. U Qozog‘istonda “tizim, o‘tmishda bo‘lganidek, ma’lum bir guruhga emas, balki barchaga xizmat qilishi lozim”ligini ta’kidlarkan, salafi Nursulton Nazarboyev davrida davlat boshqaruvida kamchiliklar bo‘lgani sababli mamlakat boyliklari “tor doiradagi odamlar” qo‘lida to‘planganiga shama qilgan.

Toqayev maqolasida mamlakatda eng muhim organlar – prezident ma’muriyati, parlament, mahalliy ma’muriyatlar, shuningdek sud va huquqni muhofaza qilish idoralari “puxta isloh qilinishi” daragini bergan, shuningdek, “qiynoqlarga mutlaqo toqatsiz tizim” yaratilishini va’da qilgan.

Toqayev Qozog‘istonda siyosiy hokimiyat “qayta muvozanatga solinib”, “superprezidentlik” boshqaruv modelidan “mo‘’tadil prezidentlik” modeliga o‘tish kutilayotganini bildirgan. Bundan tashqari, Qozog‘iston rahbari, o‘z ta’biricha, parlamentni kuchaytirish maqsadida qabul qilish ko‘zda tutilgan konstitutsiyaviy qonunlar haqida ma’lumot bergan.

Tanqidchilarga ko‘ra, Toqayev boshlagan islohotlar “yuzaki” bo‘lib, tizimning avtokratik tabiatini o‘zgartirmaydi.

XS
SM
MD
LG