Germaniya kansleri Olaf Sholsning Markaziy Osiyoga safari doirasida 15-sentyabr kuni Samarqand shahrida prezident Shavkat Mirziyoyev va kansler Olaf Shols qo‘shma deklaratsiyani qabul qilishgan.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda qo‘shma deklaratsiyadan tashqari yana qator ikki tomonlama hujjatlar imzolangan bo‘lib, ular orasida Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Veterinariya va chorvachilik sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya, “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida suv resurslaridan barqaror foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo deklaratsiya, O‘ta muhim minerallar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya, Transport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Parij bitimi doirasida iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum kabi hujjatlar bor.
“Bundan tashqari, 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan Texnologik sheriklik va sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilindi, shuningdek, O‘zbekiston va Germaniyaning yetakchi korxonalari darajasida bir qator bitim va shartnomalar tuzildi”, deyilgan xabarnomada.
GFR federal kansleri Olaf Shols 15-sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan.
Prezident Mirziyoyev germaniyalik mehmonni Registon maydonida kutib olgan. Shundan so‘ng Samarqandning Kongress markazida Olaf Sholsni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgan.
Marosimdan so‘ng Kongress markazida Mirziyoyev va Sholsning tor doirada va delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari o‘tkazilgan.
Muzokaralar davomida ko‘p qirrali ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Samarqandda o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya sammitiga Sanoat va texnologiyalar bo‘yicha strategik sheriklik dasturi tayyorlangani, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati qariyb 9 milliard yevro bo‘lgan hamkorlik loyihalari ishlab chiqilayotgani, ular “yashil” energetika, kimyo sanoati, o‘ta muhim xomashyoni o‘zlashtirish, mashinasozlik, to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olishi qayd etilgan.
Shuningdek, muzokaralarda transport va logistika, samarali quruqlik va havo yo‘laklarini rivojlantirish, transport xarajatlarini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Mirziyoyev Lufthansa aviakompaniyasining O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarini qayta yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etgan.
Tashrif davomida O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida shaffof va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan urg‘ulangan.
Germaniyaning dual ta’lim tizimini O‘zbekiston hududlarida keng joriy etishga qiziqish bildirilgan. Yetakchi universitetlar o‘rtasida ta’lim va ilmiy aloqalarni rivojlantirish uchun ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan.
O‘zbekiston tomoni qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, Germaniya oliy ta’lim muassasalarining fakultetlari va filiallarini ochish uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyorligini bildirgan.
“Tashrif doirasida Boshqaruv kadrlarini tayyorlash qo‘shma maktabi ishga tushirilishi qayd etildi”, deyilgan prezident matbuot xizmati xabarnomasida.
Germaniya kanslerining Markaziy Osiyoga tashrifi arafasida Human Rights Watch xalqaro inson haqlari tashkiloti Olaf Sholsni mintaqa liderlari bilan bo‘lajak uchrashuvlarda mintaqadagi inson huquqlari muammosiga alohida e’tibor qaratishga chaqirgan edi. Kansler O‘zbekiston prezidenti bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida bu muammoni muhokama qilib-qilmagani ma’lum emas. Samarqandga tashrif ortidan Olaf Shols 16-17-sentyabr kunlari Ostonada bo‘lib, Germaniya – Markaziy Osiyo rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etishi kutilmoqda.