Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:55

Toshkentda diniy kitoblar sotiladigan yagona do‘kon qayta ochildi


"Kitoblar dunyosi" savdo majmuasi Toshkentda diniy adabiyotlar sotiladigan yagona do‘kon hisoblanadi.
"Kitoblar dunyosi" savdo majmuasi Toshkentda diniy adabiyotlar sotiladigan yagona do‘kon hisoblanadi.
20ga yaqin do‘konni jam qilgan “Kitoblar dunyosi” savdo majmuasi bir necha kun muqaddam ish boshladi.

"Kitoblar dunyosi" savdo majmuasi faoliyatini yurgizgan Toshkentdagi sobiq “Flinta books” kompaniyasi xodimidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, majmua bir necha kun muqaddam ishga tushgan.
- Bir haftacha bo‘lib qoldi, hamma kitob do‘konlari ishlayapti. Diniy qo‘mita bergan ro‘yxat asosida diniy kitoblar ham sotilyapti. Borib bemalol ko‘rishingiz mumkin, dedi kompaniya xodimi.
Ushbu majmua shu yil 23 martda yopilgani haqida avval xabar bergan edik.
O‘shanda savdo majmuasida joylashgan 20ga yaqin do‘konga reyd uyushtirilgan va tekshiruvdan so‘ng majmua yopib qo‘yilgan edi.
Voqea guvohlari O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiylaridan iborat guruh bu yerda O‘zbekistonda nashri to‘xtatilgan, ammo mustaqil ravishda yashirincha chop etilgan bir necha diniy adabiyot qidirilganini aytgan edi.
Hozirga kelib nomi o‘zgargan, sobiq “Flinta books” kompaniyasi xodimi buni tasdiqladi va o‘sha reyd chog‘ida topilgan kontrafakt mahsulotlar to‘liq musodara qilinganini aytdi.
- Ular kontrafakt kitoblar edida. Kserokopiya, balo-badtarlarini olib kelib sotishganda. Bunaqa kitoblar musodara qilindi, uni o‘zicha olib kelib sotganlarga jarima solindi. Ishdan bo‘shatildi. Keyin do‘konlar ochildi, shu, - deydi sobiq “Flinta books” kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.
Xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha reyddan keyin kompaniya “Flinta books” deyilgan nomni o‘zgartirib, yangidan ish boshlagan. Ammo, xodim bu boradagi tafsilotlarga to‘xtalishdan bosh tortdi.
Shundan so‘ng ushbu majmuada yaqinlaridan biri kitob sotuvchisi bo‘lib ishlaydigan, ammo shaxsiga oid ma‘lumotlarni oshkor qilmasligimizni so‘ragan Toshkentdagi yana bir manbaga bog‘landik.
- Do‘konlar ochilgani bor gap. Shu bir oydan ortiqroq do‘konlar yopiq turdi. Keyin, nalogoviylar shekilli, do‘konchilardan qanchadir summada pul talab qilibdi va bersanglar, do‘konni ochamiz, deyishibdi. Ular rozi bo‘libdi va shu bilan do‘konni ochishibdi. Lekin, hali ko‘pchilik do‘kondorlar pulni yig‘ib berisholmagan, menimcha. Ammo ishlab turishibdi, deydi Toshkentdagi manbalardan biri.
Shuningdek, ruxsat etilgan diniy adabiyotlar ro‘yxati bilan qiziqqanimizda sobiq “Flinta books” kompaniyasining o‘zini tanishtirmagan xodimi bu ro‘yxatni bizga bera olmasligini aytdi.
- Biz idoraga murojaat qilganmiz va ular bizga nomerlab, o‘z nomimizga bu ro‘yxatni bergan. Agar sizga kerak bo‘lsa, o‘zingiz borib olishingiz kerak idoradan.
Ozodlik: Siz o‘zingizda bor ro‘yxatdan bir nusxa bera olamaysizmi bizga?
- Yo‘q, bera olmayman. Bu bizning nomimizga nomerlab berilgan. Sizga bera olmayman, deydi suhbatdoshimiz.
Unga ko‘ra, bu rasman taqiqlanmagan, ammo shunda ham suhbatdosh uni oshkor qilishga jur‘at qilmadi.
Toshkentda diniy adabiyotlarga xaridor bo‘lgan dindorlar esa bu ro‘yxatdan xabardor bo‘lishni istaydi. Biroq, shu kunlarda respublika hududida qaysi diniy adabiyotlar va qancha adabiyot taqiqlangani haqidagi ma‘lumot keng jamoatchilikka qorong‘uligicha qolmoqda.
XS
SM
MD
LG